6-MAVZU: Tabiatshunoslikni o’qitish tamoillari. Hozirgi zamon pedagogikasida o’qituvchining faoliyati hamda o’quvchilar bilish faoliyatining xarakteri konkret didaktik tamoillar bilan belgilanadi. Tabiatshunoslikni o’qitish fani quyidagi didaktik tamoillarga amal qiladi.
1. O’qitishda muntazamlilik va izchillilik tamoilli. Maktab tabiatshunoslik kursi – bu tabiatshunoslik fanining turli sohalarini qisqartirilgan bayoni emas, balki uning metodik tanlangan, muntazamlashtirilgan unsurlaridir. Materialni bunday berilishi shu bilan izohlanadiki, kichik yoshli maktab o’quvchilarining tabiat to’g’risidagi fan asoslarini faqat atrof olamning jism va hodisalarini aks ettiruvchi va ular o’rtasidagi bog’lanishlarni ochib beruvchi dastlab oddiy tabiiy obyektlar bilan, keyin esa murakkabrog’i bilan izchil tanishtirib borish jarayonida egallab olishlari mumkin. Bu bilan tabiatshunoslikni o’qitishda muntazamlilik tamoili amalga oshiriladi.
O’qitishning muntazamliligi ya’ni sistemaliligi bilimni bayon qilishda muayyan sistemada amal qilishdan tashqari amaliyot bilan bog’lanishning xilma-xil shakllarini amalga oshirilishi nazarda tutiladi. Jumladan:
1) nazariy tabiatshunoslik bilimlarini kuzatishlar va bilib olishga qaratilgan qiziqarli o’yinlar (bu boshlang’ich sinflardagi o’qitish uchun xarakterlidir);
2) atrofdagi hayot va qurulish amaliyoti (tabiatga va ishlab chiqarishga ekskursiyalar);
3) mehnat ta’limi va ijtimoiy foydali mehnat;
4) maktaboldi uchastkasidagi ish va unumli mehnat bilan bog’lanishni nazarda tutadi.
Tabiatshunoslik kurslarining izchilligi o’quvchilar uchun ularning yosh xususiyatlari, tayyorgarligi va rivojlanishi, shuningdek mazmunda vorislikka rioya qilish zaruratiga qarab o’quv materialining tushunarli bo’lishi bilan belgilanadi.
Chunonchi: 1) maktab tabiatshunoslik kursi jonsiz tabiatdagi o’simlik va hayvonlar hayotidagi, odamlar mehnatidagi mavsumiy o’zgarishlarni;
2) jonajon o’lka tabiatini, odam organizmi va uning salomatligini;
3) Vatanimiz tabiatini, undan foydalanish va uni muhofaza qilishni aks ettiruvchi materialni izchillik bilan o’rganishni talab qiladi. Bu mavzular biologiya, jug’rofiya, ekologiya, odam anatomiyasi, sanitariya va gigiyenasi bo’yicha oddiy (elementar) ma’lumotlarni beradi.
6-11 sinflarda biologiyani o’rganilishidan oldin 4 sinfda tabiatshunoslik kursi o’tiladi, u 1-4-sinflarda atrof olamning jism va hodisalari bilan tanishtirishga tayanadi. 5-6 sinflardagi botanika va 7-8-sinflardagi zoologiya dasturlari jonsiz tabiat to’g’risidagi boshlang’ich bilimlar asosida tuziladi.
O’quv materialini ilmiy va tushunarli bo’lish tamoilli.Uzoq vaqtlar boshlang’ich sinflarda tabiatshunoslikni mustaqil o’quv predmeti o’qitilishi yetarli darajada qadrlanmadi. U goho tabiiyot nomi bilan saqlanib keldi, goho predmetli darslar va izohli o’qish bilan almashtirildi. 60-yillardan boshlab tabiatshunoslik mustaqil predmet sifatida o’qitilmoqda. Hozirgi vaqtda maktab tabiatshunoslik kursining mazmuni zamonaviy fan taraqqiyoti darajasiga muvofiq keladi. Tabiatshunoslik dasturi o’lkashunoslik xususiyatlarini hisobga olgan holda tuzilgan, boshlang’ich maktabdagi tabiatshunoslik ta’limining mazmuni esa botanika, zoologiya, ekologiya, odam anatomiyasi va fiziologiyasi, jug’rofiya fanlarining hozirgi taraqqiyotiga muvofiq keltirilgan.
Tabiatshunoslikni o’qitishda ilmiylik tamoili hozirgi zamon fanida qat’iy qaror topgan tamoillarni o’quvchilarga o’zlashtirish uchun taklif qilinishini nazarda tutadi. Tabiatshunoslik bo’yicha ilmiy bilimlarning egallab olinishini ta’minlash uchun kichik yoshdagi maktab o’quvchilarining idrok qila olish imkoniyatlarini hisobga olgan holda eng muhim ilmiy ma’lumotlarni tanlab olish kerak. O’quvchilarning idrok qila olish imkoniyatlari jismoniy kuch va aqliy kuchlanish talab qiluvchi o’quv mavzulari va amaliy masalalarni izchillik bilan murakkablashib borish jarayonida kengayib boradi. Qiyinchilik xarakterini to’g’ri aniqlash o’quvchilarning idrok qilish imkoniyatlarini kengayib borishiga, o’quv materialini izchillik bilan murakkablashib borishiga yordam beruvchi eng optimal metodik variantni tanlab olishga imkon beradi. Bu o’quvchilarning aqliy taraqqiyotini asta sekin ko’tarilishiga va ilmiy bilimlarni chuqurroq o’zlashtirib olinishiga imkon beradi.
O’quv metarialining ilmiyliligi tushunarli bo’lish bilan uyg’unlashishi kerak, bunga uni o’quvchilarning aqliy va ruhiy rivojlanishiga, shuningdek ularning tayyorgarligiga moslashtirish bilan erishiladi. Tabiatshunoslik materiallari mazmunining tushunarliligi kichik yoshdagi maktab o’quvchilarida o’qishga qiziqish uyg’otadi, aqlga ozuqa beradi, mantiqiy fikrlashga, taqqoslash va xulosalar chiqarish, amaliy masalalarni yechishga majbur qiladi.