8-MAVZU: Tabiatshunoslikni o’qitishning vositalari va moddiy bazasi. . Ma’lumki, tabiatshunoslik darslarini tashkil etilishi eng avvalo unda o’quv qurollari vositalaridan samarali foydalanishga bog’liq. Tabiatshunoslikni o’qitish vositalariga quyidagilar kiradi:
Tabiatshunoslik darsliklari va ular bilan ishlash.
Ko’rgazmali qurollar (tabiiy jismlar va suratlar).
Plan, xarita, globuslar.
Ekran vositalari.
Modellar va modellashtirish bo’yicha mashg’ulotlar.
Sinf taxtasida o’qituvchining rasm chizishi.
Tabiatshunoslik darsliklari va ular blan ishlash. Darslik o’quv jarayonidagi zarur zveno bo’lib, darsda o’zlashtirilgan bilimlarni mustahkamlash va kengaytirishni ta’minlovchi muhim vositadir.
Tabiatshunoslik darsliklari ta’lim beruvchilik, rivojlantiruvchilik haqida tarbiyalovchilik ahamiyatiga ega. Ular O’zbekiston tabiatining mavsumiy xususiyatlarini hisobga bo’lgan holda tuzilgan. Chunonchi kalendar bo’yicha 1 sentyabrdan kuz boshlanadi. Ammo O’zbekistonda sentyabrda hali yozdagidek issiq bo’ladi. Shunga ko’ra birinchi darslar yozgi kuzatishlarga yakun yasashga bag’ishlanadi, buning uchun darsliklarda yozdagi tabiatda olib borilgan kuzatishlarni aks ettiruvchi mavzular qarab chiqiladi. Bu ishga O’zbekistonning barcha viloyatlarida, hatto sentyabr boshlanishida kuz belgilari seziladigan tog’li joylarda o’rni ajaratiladi. Shuning uchun tabiatshunoslikni o’rganishni yozgi kuzatishlarni: yarim kunda quyosh balandligi, yoz oxirida kun va tunning uzunligi, kechqurunning iliqligi, tunning salqinligi; mevalarning mo’lligi, ularning yetilish muddatlari; g’o’za maysalarining paydo bo’lishi, ularning gullashi va meva hosil qilishi; yozda hayvonlar hayoti; yoz davrida odamlarning mehnat faoliyati va hokazolarni sistemalashtirishdan boshlanadi.
«Atrofimizdagi olam» (1-2 sinflar)va «Tabiatshunoslik» (3-4 sinflar) darsliklari maqolalarining mazmuni deyarli o’lkashunoslik tamoili bo’yicha tuzilgan. Bu atrof tabiatni unda kuzatiladigan har xil obyekt va hodisalar hamda odamlar mehnat faoliyati o’rtasidagi o’zaro aloqalar bilan bog’liq holda o’rganish imkoniyatini beradi.
Darslik bilan ishlashda quyidagi uslublardan foydalaniladi: matn (tekst) bilan ishlash; savol va topshiriqlar bilan ishlash; darslikdagi rasmlar bilan ishlash.
Yangi mavzuni tushuntirish va olingan bilimlarni mustahkamlashda ish darslik matni bilan o’tkaziladi. U shunday tarzda boradi: mavzu bo’yicha kirish suhbati, o’quvchining maqolani to’liq yoki qismlari bo’yicha o’qishi, o’qilganlar mazmuni bo’yicha suhbat, o’qituvchining tushuntirishi, yangi atama va nomlarni (o’qituvchining doskaga, o’quvchilarning daftarlariga) yozishlari. O’qituvchi ishga rahbarlik qila turib, unga barcha o’quvchilarni jalb qiladi, ularning javoblarini qiziqarli ma’lumotlar bilan chuqurlashtiradi va to’ldiradi; tablisa, surat, diapozitiv, diafilmlar namoyish qiladi. Shu asosda o’quvchilarda konkret tasavvurlar hosil qilinadi, ular tushunchani shakllantirish uchun asos bo’lib xizmat qiladi.
Darslik ustida mustaqil ishlashni chuqurlashtirish uchun o’qituvchining oldindan tayyorlagan topshiriqlari masalan, ta’rif yoki tushunchalarni topish; savolga javob berish; matnda bayon qilingan tabiat hodisalarini tushuntirish bo’yicha ayrim matnlar o’qitiladi. Alohida e’tibor lug’at ishlariga ajratilishi zarur. Shu maqsadda tushunish qiyin bo’lgan so’zlar doskaga yoziladi, orfogrammasi ta’kidlanadi, yoniga tushuntiruvchi so’z qayd qilinadi. O’quv materialini fahmlagan holda esda qoldirish uchun har bir darsda o’quvchilarning tabiatshunoslik lug’atini boyitish bo’yicha ish olib borish ham foydalidir.
O’quvchilarni matnga e’tibor bilan munosabatda bo’lishiga o’rgatish uchun har bir darsda ularga matndagi nimalar tushunarli emasligini so’rab borish kerak. Dastlabki darslarda o’qituvchining o’zi o’quvchilar uchun qiyin bo’lgan so’z yoki jumlalarni tanlaydi va ularning ahamiyatini tushuntirishni taklif qiladi. Kelgusi darslarda bu so’zlarni vaqt-vaqti bilan takrorlash ma’qul. O’quvchilar asta-sekin tushunarli bo’lmagan so’zlarni mustaqillik topib, ularning ahamiyatini aniqlay boshlaydilar.
Darsliklardagi har bir mavzuga o’quv materiali bilan mustaqil ishlash ko’nikmalarini shakllantiruvchi, o’quvchilarning fikrlash faoliyatlarini rag’batlantiruvchi va yo’naltiruvchi savollar hamda topshiriqlar beriladi. Savol va topshiriqlar quyidagi guruhlarga bo’linadi:
1. Bilimlarni mustahkamlash uchun (O’zbekstonda qanday g’alla o’simliklari o’stiriladi? G’alla poyasi nima deb ataladi? G’allaning mevasi nima? Tarvuz, oshqovoq, ya’ni poliz ekinlarining mevasi boshqa o’simliklar mevsidan nima bilan farqlanadi? Sizning joyingizda qaysi qushlar zararkunanda hasharotlarni qiradi? Yirtqich qushlar qanday foyda keltiradi?)
2. Mantiqiy tafakkurni rivojlantirish uchun (Nima uchun o’simliklar barglarini to’kadi? Nima uchun barglarning kuzgi rangi xira bo’ladi? O’simliklarni ko’paytirish nimaga kerak? Nima uchun qushlar issiq o’lkalarga uchib ketadilar? Nima uchun haydash vaqtida dalada zag’chalar ko’p bo’ladi? Nima uchun kuz oylari asta-sekin sovish boshlaydi? Nima uchun ba’zi hayvonlar qishki uyquga ketadilar?).
3. Kuzatish yordamida olingan bilimlarni qo’llanish uchun (G’o’za barglari g’alla o’simliklari barglaridan nima bilan farqlanadi? G’alla o’simliklar poyasini nima deb ataladi? G’o’za mevasini nima deb ataladi? Ko’sak-mevalar qanday rangga ega? Ular nima bilan to’lgan? Urug’lari nima bilan qoplangan? G’o’za urug’ini tolalardan tozalang va oq qog’oz orasiga olib ezing. Qog’ozda nima qoldi? Har xil g’alla o’simliklari mevalarini qarab chiqing. Donlari bir-biridan nima bilan farqlanadi?).
4. Tabiatshunoslik tushunchalarining solishtirma xarakteristikasi uchun (Plan xaritadan nima bilan farqlanadi? Qushlarning bahordagi hayoti ularning boshqa fasllardagi hayotidan nima bilan farqlanadi? G’alla o’simliklarining mevalarini qarab chiqing. Ularning o’lchamini taqqoslang. Ular bir-biridan nima bilan farqlanadi?).
Darslikdagi tasvirlarga katta didaktik rol ajratiladi. Ular maqolalar mazmuni bilan chambarchas bog’liq va o’rganiladigan materialni bilib olish manbai bo’lib xizmat qiladi, shunga ko’ra bolalarni har bir rasmni diqqat bilan ko’rishga va sinchiklab poyoniga yetishga o’rgatish kerak. Darslikdagi har bir rasmni o’quvchilar tahlil qila olishlari kerak. Bu ish matnni o’rganish bilan bir vaqtda boradi. Ba’zan matnni o’rganishdan keyin o’tkaziladi, ayrim hollarda esa matnni o’rganish oldidan bo’ladi. Barcha tasvirlar darslik matniga muvofiq keladi, ularning mazmunini tushuntiradi, aniqlaydi va to’ldiradi.
Rasmlarga berilgan savol va topshiriqlar ham g’oyat muhimdir, chunki ular o’quvchilarning bilish faoliyatlarini yo’naltiradi va sinfda hamda uyda tasvirlar ustida mustaqil ishlashga yordam beradi.