Model ko’rgazmali qurol sifatida. Tabiatshunoslik darslarida modellar ko’rinishidagi hajmli tasvirlar ham keng qo’llaniladi. Model – bu narsa yoki qurilmaning barcha tafsilotlarini takrorlovchi, ularga o’xshash hajmli tasvirdir. Modellarning idrokiy ahamiyati g’oyat katta, chunki ular sathli rasmlardan farq qilib, o’rganilayotgan narsa to’g’risida fazoviy tasavvur beradi.
Tabiatshunoslik bo’yicha dastur materialini o’zlashtirib olinishi uchun zarur bo’lgan modellarni ikki guruhga ajratish mumkin. Birinchi guruhga yer yuzasi shakllarining: tog’, tepalik, daryo vodiylari, daryo va ularning irmoqlari, o’pirilish, jarlarning jug’rofiy modellari kiradi. Bu modellar, agar tasviri ifodalangan predmet ekskursiyada o’rganilgan bo’lsa, alohida ahamiyat kasb etadi. Ikkinchi guruhga har xil qurilma va inshootlar: shaxta, domna pechi, suv va shamol harakatlantiruvchilari kabilarning modellari kiradi.
Tabiatshunoslik bo’yicha mashg’ulotlarda qumdan, plastilindan yoki loydan yasalgan modellar qo’llaniladi, ular bolalarda hajmli hamda fazoviy tasavvurlar hosil qilishga yordam beradi. Bu ayniqsa, agar obyektni tabiiy holda ko’rsatish mumkin bo’lmagan taqdirda muhimdir. Modellar tabiatda qurilganlar to’g’risidagi tasavvurlarni mustahkamlash vositasi bo’lab ham xizmat qilishi mumkin.
Modellashtirish bo’yicha mashg’ulotlarni sinf yoki jug’rofiya maydonchasidagi tabiatshunoslik va texnika mehnati darslarida o’tkazish mumkin. Modellashtirishdan ilgari o’zlashtirilganlarni mustahkamlash va yangi material bilan tanishtirish, shuningdek ekskursiyada olingan bilimlarni mustahkamlash uchun foydalanish mumkin. Chunonchi, bolalarga ekskursiyada kuzatilgan yer yuzasining o’sha shakllarini plastilin bilan (qog’oz yoki kartonga) yopishtirish topshirig’ini berish bo’ladi. O’qituvchi plastilin bilan tepalikni ifodalab uning pasti va uchini, yotiq va tik yonbag’irliklarini yoki tekislikni ko’rsatishni; jarlik, daryo va uning qismlari, dengiz modellarini tayyorlashni taklif qilish mumkin. Uy vazifasi sifatida joyning relyefini yopishtirish va qog’oz yoki kartonlardan qilingan o’simlik va hayvon modellarini maketda joylashtirishni taklif qilsa bo’ladi. Maketning qismlari texnika mehnati darslarida bajarilishi mumkin.
4-sinfda «O’lkamiz tabiatining xilma-xilligi» mavzusini o’rganishda o’quvchilar qumtepa, dasht, cho’llarning o’simlik va hayvonlari bilan maket hamda modellarini, o’rganilgan tabiiy zonalardan istaganining flora va faunasi applikasiyalarini tayyorlashlari mumkin. Bunday ishlar o’quvchilarning predmetga bo’lgan qiziqishlarini oshiradi, ular tafakkurini faollashtiradi, o’rganilayotgan hodisani ko’rgazmali ravishda tasavvur qilishga, binobarin, bilimlarni ishonchli ravishda mustahkamlashga yordam beradi.
Shunday qilib tabiatshunoslik darslarida o’qitish vositalaridan samarali foydalanish katta ahamiyatga ega bo’lib, o’quvchilarning mustaqil fikrlash va ishlash qobiliyatlarini yanada rivojlantiradi.
Tabiatshunoslikni o’qitishning moddiy bazasi. Ma’lumki tabiatshunoslik darslarini qiziqarli, ongli, ta’sirchan o’tkazish uchun maktab tabiatshunoslik kabinetlari katta ahamiyatga ega.
Tabiatshunoslikni o’qitish tirik o’simlik va hayvonlar ustida ko’rgazmali va amaliy metodlarni qo’llanish asosida mashg’ulotlar o’tkazishga imkon beradigan moddiy bazani tashkil etishni talab qiladi. Tabiatshunoslik xonasida jonli va jonsiz tabiat bo’yicha kerakli jihozlar mavjud bo’lishi kerak. Probirka, lampa, termometr, har xil hajmdagi o’lchagich idishlar, tasviriy sxematik ekrani ko’rgazmalar, texnik vositalar (diafilm, diapozitivlar, grammplastinkalar (qushlarni ovozi yozilgan) stendlar, tablisalar, tabiiy karta, globus, devoriy gazetalar va hokazo.
Tabiatshunoslik xonasini jihozlash, qurollar saqlash sistemasini uyushtirish, darslarda o’qituvchiga yordam berish bularning hammasi o’quvchilarda tashkiliy o’quv va mehnat madaniyatini tarbiyalash vositasi hisoblanadi.
Tabiatshunoslikni o’qitishning moddiy bazasini asosan quyidagilar tashkil etadi:
1. Tabiatshunoslik darslarini jihozlash.
2. Jonli tabiat burchagi.
3. O’lkashunoslik burchagi.
4. Jug’rofiya maydonchasi.
Endi har bir qismning o’ziga xos xususiyatlariga e’tiborni qaratmoqchimiz. Ularning tarkibiy qismlarini nimalar tashkil qiladi, ular bilan qanday ishlash kerak kabi savollarni ko’rib chiqamiz.