9-MAVZU: Tabiatshunoslikda sinfdan tashqari ishlar va uning turlari. Darsdan tashqari ishlar – uy ishlariga qaraganda murakkabroqdir. Ularni amalga oshirish uchun tegishli o’simliklar, maxsus asboblar va boshqa jihozlar talab qilinadi. Darsdan tashqari ishlarga: tirik tabiat burchagidagi, o’quv tajriba maydonchasidagi va tabiatda yozgi topshiriqlar bo’yicha bajariladigan ishlar kiradi. Bu ishlar o’quvchilarning o’qituvchi rahbarligida ularning bilishga qiziqishlarini uyg’otish va shuningdek maktab dasturini kengaytirish hamda to’ldirish maqsadida amalga oshiriladigan darsdan chetdagi ko’pchilik faoliyat shakli bo’lgan sinfdan tashqari ishlar nomini oladi.
Tabiatshunoslik kabinetlarida va tirik tabiat burchagida o’tkaziladigan ishlar uchun o’quvchilarga topshiriqlarni darslarda kursning barcha mavzulari uchun o’quv yili davomida berib boriladi. Tabiatshunoslik fanlarining o’qitilishida o’quvchilar bilan olib boriladigan sinfdan tashqari mashg’ulotlarning majburiy bo’lmagan ko’ngilli shakllari, indiviudal ishlar, sinfdan tashqari, yosh tabiatshunoslar to’garagining ishi, ommaviy kechalar, ijtimoiy foydali ishlar keng qo’llaniladi. Sinfdan tashqari ish o’quv materiali asosida va unga bog’liq holda uyushtiriladi. Biroq uning mazmuni darsni takrorlamaydi. Dastur doirasi bilan cheklanmaydi, ammo uni to’ldiradi va tabiat to’g’risidagi fanning qizig’arli va kerakli tomonlarini ochib beradi.
Tabiatshunoslik bo’yicha sinfdan tashqari ishlar darslarda olingan bilimlarni kengaytirish, chuqurlashtirish va konkretlashtirish,tabiatni o’rganishga qiziqish uyg’otish, o’quvchilar faolligi va mustaqilligini rivojlantirish, bu vaqtni tashkillash imkoniyatini beradi. Sinfdan tashqari tabiatshunoslik ishlari tarbiyaviy ahamiyatga ham ega, chunki o’quvchilarning xulq-atvoriga ta’sir ko’rsatadi. Ular moddiy dunyoga qarashni va mehnat madaniyatini shakllantiradi, bilishga qiziqishni va mustaqil kuzatish ko’nikmalarini rivojlantiradi, jamoatchilik hissini va tabiatga muhabbatni tarbiyalaydi. Tabiatshunoslik bo’yicha yo’lga qo’yilgan sinfdan tashqari ishlar o’quvchi shaxsini har tomonlama rivojlantirish vositalaridan biridir.
Uzoq muddatli tajribalar qo’yish, gerbariy va kolleksiyalar uchun material yig’ish, model, maket va boshqa ko’rgazmali qurollar tayyorlash, jonli tabiat burchagi va o’quv-tajriba maydonchasidagi ishlar kabi sinfdan tashqari, ishlarning shakllari tabiatni o’rganishni hayot bilan bog’lash va o’quvchilarni politexnik tayyorgarlik uchun ahamiyatli bo’lgan amaliy o’quv va ko’nikmalar bilan qurollantirish imkoniyatini beradi.
Bolalarning kuzatishlari va o’qituvchining tushuntirishlari bilan olib boriladigan qishloq xo’jaligi bo’yicha amaliy ishlari tabiatni boshqarish, uni inson manfaati uchun o’zgartirish to’g’risidagi ta’limot asoslarini tushunib olishlariga yordam beradi. Bolalarning ijtimoiy-foydali faoliyatlari ularni mehnatga o’rgatadi va vatanparvarlik tarbiyasiga ko’maklashadi. Sinfdan tashqari mashg’ulotlarning barcha turlari bir-biriga bog’liq bo’lishi, biri ikkinchisini to’ldirishi kerak. O’simlik va hayvonlar bilan ishlashga darslarda vujudga kelgan qiziqish sinfdan tashqari mashg’ulotlarda rivojlanishi mumkin, ayniqsa tabiatshunoslik bilan qiziqqan o’quvchilar esa yosh tabiatshunoslar to’garagiga birlashtirilishi mumkin. O’quvchilarda tabiiy obyektlarni kolleksiyalashtirishga moyillikni, hayvonlarga muhabbatni payqagan o’qituvchi ularning qiziqishlariga qarab mashg’ulotlar topishi, tabiat to’g’risidagi fanni chuqurroq o’rganish istagini rivojlantirish zarur.
Sinfdan tashqari ishlarning mazmuni. Tabiatshunoslik bo’yicha sinfdan tashqari ishlarga tabiatni o’rganish va muhofaza qilish, o’simliklarni o’stirish, hayvonlarni parvarish qilish bilan bog’liq bo’lgan xilma-xil mashg’ulotlar kiradi. Bu mashg’ulotlar darslarni takrorlamasligi va faqat darslarda olingan bilimlarga asoslanishi kerak. Bolalar e’tiborini tabiat, shuningdek maktab jonli burchagi va o’quv-tajriba uchastkasidagi kuzatishlariga qaratmoq; ko’cha va maktabni ko’kalamzorlashtirish bo’yicha, qushlarni muhofaza qilish va qishloq xo’jaligi zararkunandalariga qarshi kurash bo’yicha ijtimoiy-foydali mehnatni tashkil qilmoq lozim. Tabiatdagi amaliy ishlar kuzatishlar va tegishli kitoblar o’qish bilan birga olib borilishi kerak.
Sinfdan tashqari ishning jadal borishi uchun uni tashkil etish shakllarini puxta o’ylab chiqish zarur. Sinfdan tashqari ishlarni uch guruhga bo’lish mumkin.
I-guruhga ko’plab o’quvchilarni qamrab oluvchi ommaviy ishlar, tadbirlar;
II-guruhga – cheklangan o’quvchilar doirasida olib boriladigan to’garak ishlari;
III-guruhga tabiatni o’rganishga qiziqqan ayrim o’quvchilar bilan olib boriladigan ishlar kiradi.
Ommaviy mashg’ulotlar kinofilmlarni namoyish qilishni, tabiatga ekskursiya va poxodlar o’tkazishni, ertaliklar, o’quvchilar ishlarining ko’rgazmasini tashkil qilishni, shuningdek kompaniyalar (hosil kuni, bog’ haftaligini, daraxtlar o’tqazish haftaligi, qushlar kuni va boshqalar) o’tkazishni nazarda tutadi.
Guruh mashg’ulotlarga yosh jug’rofiyachilar, yosh tabiatshunoslar, klub ishlari kiradi.
Individual mashg’ulotlar devoriy gazetalar, albomlar chiqarishni; jonli tabiat burchagi va maktab oldi o’quv-tajriba uchastkasidagi, tabiatdagi ishlarni; darsdan tashqari o’qish va axborot burchagi uchun tabiatshunoslik mazmunidagi materiallar tanlashni, tabiat to’g’risidagi «Yosh tabiatshunos» jurnallariga, bolalar ilmiy-ommabop kitoblarga obzor berishni o’z ichiga oladi.