34
2.1. BUXORO-SAMARQAND BASTAKORLIK
MAKTABI
Buxoro-Samarqand bastakorlik maktabi o‘zbek xalqining
mumtoz musiqa merosining eng mukammal janri bo‘lgan maqomlar
yaratilishida asosiy zamin bo‘lgan. Buxoro maqomlari ta’sirida
o‘zbek mumtoz musiqa ijodiyotining boshqa vohalarda shakllanishi
va
rivojlanishi, turli janrlarga ta’siri va mumtozlik kasb etishini
alohida qayd etish lozimdir.
XIX asrning ikkinchi yarmida Buxoroning musiqa ijodiyoti va
ijrochiligi amaliyotida Mirzo Hidoyat, Mullaboy, Abdurahmonbek,
Abdulxayr Mahmud, Mirbobo, Mirvose’
kabi musiqa bilimdonlari
faoliyat olib borganlari xususida manbalarda ma’lumotlar zikr
etilgan.
Qayd etish joizki, maqom san’ati Markaziy Osiyo miqyosida
aynan Buxoroda shakllangan. Uning shakllanish jarayoni bir
qator o‘ziga xos xususiyatlar doirasida qaror topgan.
Mukammal
asarlar turkumi yetuklik va mohirlik bilan ijro etilgan ijrolar
bir qator chig‘iriqlardan o‘tgandan so‘ng meros shaklida tarkib
topadi. Asarlarning tarkib topishida ijrochilik an’analarining
ta’siri beqiyosdir. Ijrochilik musiqiy merosning shakllanishida
bitmas-tuganmas ilhom manbayi
sifatida muhim ahamiyat va
katta manba bo‘lib kelgan. Chunki bir-biridan o‘rnak, rang olib va
boshqa xususiyat va sifatlaridan bahramand bo‘lib, «O‘xshatish»,
«Savt», «Nazira», ilhomlanish, qayta ishlash, moslashtirish kabi
ijod uslublari orqali maqomlar va mumtoz musiqa namunalarining
shakllanishida alohida o‘rin kasb etib kelgan.
XIX asr ikkinchi yarmi – XX asrning
boshlarida yashab ijod
etgan va ustozona musiqasining bilimdoni sifatida tarixga nomi
bitilgan san’atkor, maqomdon hofiz Ota Jalol Nosirov Buxoro
bastakorlik maktabining yorqin namoyandalaridan biridir.