Soliq nazorati soliq to‘lovchilarni hisobga qo‘yishyo‘li bilan amalga oshiriladi.(77-modda) Davlat soliq xizmati organlari soliq to‘lovchilarning hisobini yuritadi. Soliq to‘lovchilarning hisobini yuritish ularni hisobga qo‘yish va ular to‘g‘risidagi hisob ma’lumotlarini yuritish orqali amalga oshiriladi.
Soliq to‘lovchi hisobga qo‘yilayotganda unga soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami beriladi hamda soliq to‘lovchi to‘g‘risidagi hisobga qo‘yish ma’lumotlari O‘zbekiston Respublikasi soliq to‘lovchilarining yagona reestriga kiritiladi.
O‘zbekiston Respublikasi soliq to‘lovchilarining yagona reestri O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan yuritiladi.
Davlat soliq xizmati organi tomonidan soliq to‘lovchiga berilgan identifikatsiya raqami berilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma yoki soliq to‘lovchi bir vaqtning o‘zida davlat soliq xizmati organlarida va davlat statistikasi organlarida hisobga qo‘yilgan holda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan taqdirda, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma soliq to‘lovchining hisobga qo‘yilganligini tasdiqlovchi hujjatdir.
Soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami (78-modda)muayyan soliq to‘lovchi hisobga qo‘yilganda unga beriladigan raqamdir.
Soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami muayyan soliq to‘lovchiga bir marta beriladi. Soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami o‘zgarmaydi va bekor qilinganidan keyin boshqa soliq to‘lovchiga berilmaydi.
(79-modda) Soliq to‘lovchi sifatida quyidagilar hisobga qo‘yiladi: yuridik shaxslar — O‘zbekiston Respublikasining rezidentlari o‘zlari joylashgan erdagi (pochta manzilidagi) davlat soliq xizmati organida;
yuridik shaxsning soliq majburiyatini mustaqil ravishda bajaradigan alohida bo‘linmalari — alohida bo‘linmaning joylashgan eridagi yoki faoliyatni amalga oshirayotgan joyidagi davlat soliq xizmati organida;
jismoniy shaxslar — O‘zbekiston Respublikasining rezidentlari jismoniy shaxsning yashash joyidagi davlat soliq xizmati organida;
yuridik shaxslar — O‘zbekiston Respublikasida faoliyatni doimiy muassasa orqali amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasining norezidentlari — doimiy muassasaning joylashgan eridagi va (yoki) faoliyatni amalga oshirayotgan joyidagi davlat soliq xizmati organida;
mol-mulk solig‘i va er solig‘i to‘lovchilar bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslar — O‘zbekiston Respublikasining norezidentlari — soliq solish ob’ekti joylashgan erdagi davlat soliq xizmati organida.
Soliq to‘lovchida u hisobga qo‘yilganidan keyin er solig‘i yoki suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq (jismoniy shaxslar uchun esa mol-mulk solig‘i ham) to‘lash bo‘yicha soliq majburiyati hisobga qo‘yilgan joydan tashqarida vujudga kelgan taqdirda, soliq to‘lovchi soliq solish ob’ekti joylashgan erdagi davlat soliq xizmati organida ob’ekt bo‘yicha hisobga turishi lozim.
Soliq tekshiruvi davlat soliq xizmati organlari tomonidan, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda esa, prokuratura organlari tomonidan amalga oshiriladigan soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining bajarilishini tekshirishdir.
Soliq tekshiruvi soliq to‘lovchining moliya-xo‘jalik faoliyati tekshiruvi (taftishi) va qisqa muddatli tekshiruv shaklida amalga oshiriladi.
Soliq to‘lovchining moliya-xo‘jalik faoliyati tekshiruvi (taftishi) soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish maqsadida soliq to‘lovchining buxgalteriya, moliya, statistika, bank hujjatlari hamda boshqa hujjatlarini o‘rganish va taqqoslashdan iboratdir.
Qisqa muddatli tekshiruv soliq to‘lovchining moliya-xo‘jalik faoliyatini tekshirish bilan bog‘liq bo‘lmagan, uning ayrim operatsiyalarining soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiqligi tekshiruvidir.
Soliq tekshiruvlari quyidagi turlarga bo‘linadi:
rejali soliq tekshiruvi;
rejadan tashqari soliq tekshiruvi;
muqobil tekshiruv.
Soliq to‘lovchi moliya-xo‘jalik faoliyatining rejali soliq tekshiruvi (taftishi) — tekshiruvlarni amalga oshirishning nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi maxsus vakolatli organ tomonidan tasdiqlangan muvofiqlashtirish rejasi asosida o‘tkaziladigan tekshiruvdir.
Soliq to‘lovchi moliya-xo‘jalik faoliyatining rejadan tashqari soliq tekshiruvi (taftishi) quyidagi hollarda o‘tkaziladigan tekshiruvdir:
yuridik shaxs tugatilayotganda;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlaridan kelib chiquvchi tekshiruvlarni o‘tkazish zarur bo‘lganda;
davlat soliq xizmati organiga soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlari soliq to‘lovchi tomonidan buzilganligi hollari haqida qo‘shimcha ma’lumotlar tushganda.
Muqobil tekshiruv — operatsiyalar birligi tufayli o‘zaro bog‘langan va turli soliq to‘lovchilarda bo‘lgan hujjatlarni taqqoslashdan iborat tekshiruvdir.
Muqobil tekshiruv uchinchi shaxslarga nisbatan, agar soliq tekshiruvlari o‘tkazilayotganda davlat soliq xizmati organida mazkur shaxslar bilan bog‘liq bo‘lgan, soliq to‘lovchi o‘tkazgan operatsiyalar soliq bo‘yicha hisobga olishda to‘g‘ri aks ettirilganligi haqida qo‘shimcha ma’lumot olish zaruriyati kelib chiqsa, o‘tkaziladi.
Qisqa muddatli tekshiruvlar rejadan tashqari soliq tekshiruvi tarzida o‘tkaziladi.