2.Mamlakatimizda soliqlar va soliqqa tortish jarayonlarida kuzatilayotgan o’zgarishlarning amaldagi holati tahlili Ta’kidlash lozimki, mamlakatimizda olib borilayotgan oqilona soliq siyosati natijasida ilgari faqat fiskal vazifalarni bajargan davlat soliq xizmati organlari bugungi kunda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlangan ko’p funktsiyali davlat boshqaruvi organiga aylantirildi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yaratilgan "Elektron hukumat" tizimi tarkibiga kiruvchi Davlat soliq qo’mitasining "My.soliq.uz" rasmiy sayti soliq ma’murchiligini takomillashtirishda aholining yanada faol qatnashishini va davlat soliq xizmati organlari faoliyatining shaffofligini ta’minlashda qulay sharoitlar yaratishga xizmat qilmoqda.
2018 yilda soliq tizimidagi o’zgarishlar:
Qisqacha aytiladigan bo’lsa, o’zgarishlar mohiyati quyidagicha. Beshta asosiy masala hal etilmoqda:
-mehnatga nisbatan soliq kamaytirilmoqda-ular ayni paytda juda katta va iqtisodiyotning «xufyona» olib borish uchun asosiy sabab bo’lib turibdi;
-soliqqa tortishning umum o’rnatilgan va soddalashtirilgan rejimlari o’rtasidagi soliq yuklamasiga oid keskin farq yo’qqa chiqarilmoqda-ushbu farq korxonalarni yiriklashmaslikka majburlaydi, ishlab chiqarish miqyoslarini kengaytirishni qiyinlashtiradi hamda biznesni noraqobatbardosh bo’lishi va «xufyona» ishlashga mahkum qiladi;
-mehnatning jamoaviy taqsimotini o’ldiruvchi va qo’shilgan qiymatning uzun zanjiri hosil bo’lishiga monelik qiluvchi, shu yo’l bilan iqtisodiyotimizning jahon xo’jaligida xomashyo quyrug’i bo’lib kelishida muhim ahamiyat kasb etgan tushumdan soliqlarni qo’llash sohalarini qisqartirish(bu esa umumiy rejimdagi korxonalar uchun davlat maqsadli fondlariga 3,2 foiz ajratma va soddalashtirilgan rejimdagi korxonalar uchun yagona soliq to’lovi degani) yoki bekor qilish;
-ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlarini noraqobatbardosh, iqtisodiyotimizni esa investitsiyalar uchun jozibasiz qilib kelgan iqtisodiyotga umumiy soliq yuklamasining qisqartirilishi (bu so’nggi yillarda turli yashirin soliqqa tortish shakllari hisobga olinmasa, YaIMning 30–35 foizini tashkil etib kelgan);
-ayni paytda o’ta samarasiz bo’lib turgan va biznes yuritish xarajatlarini keskin oshirishga xizmat qilayotgan soliq ma’muriyatchiligining takomillashtirilishi.
Buning uchun quyidagilar nazarda tutilmoqda:
*Fuqarolarning oylik maoshlaridan ushlanadigan byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasiga 8 foizlik sug’urta badallarining bekor qilinishi;
*Maksimal stavkasi 22,5 foiz bo’lgan progressiv shkala o’rniga daromad solig’ining 12 foizlik tekis shkalasini joriy etish;
*Yagona ijtimoiy to’lov stavkasini soddalashtirilgan rejim uchun 15 foiz, umumiy rejim uchun 25 foizdan — 12 foizgacha kamaytirish (byudjet tashkilotlari va davlat korxonalaridan tashqari — ular uchun stavka 25 foiz miqdorida belgilangan);
*Umumiy rejimdagi korxonalar uchun davlat maqsadli fondlariga majburiy o’tkazmalarni bekor qilish (tushumdan 3,2 foiz);
*Yuridik shaxslar uchun foyda solig’i stavkasini 14 foizdan 12 foizga kamaytirish (tijorat banklari uchun — 22 foizdan 20 foizga, boz ustiga, ular uchun ma’lum bir rentabellik darajasidan o’tilgach to’lanadigan haddan ziyod foyda uchun soliq bekor qilinadi);
*Dividendlar uchun soliq stavkasi 10 foizdan 5 foizgacha pasaytiriladi;
*Yuridik shaxslarning mulk solig’i stavkasi 5 foizdan 2 foizgacha pasaytiriladi va uni to’lash majburiyati joriy etiladi, shuningdek, beistisno tarzda barcha yuridik shaxslar tomonidan suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq joriy etiladi;
*Xarid qilingan asosiy vositalar, qurilishi tugallanmagan ob’ektlar va nomoddiy aktivlar bo’yicha qo’shilgan qiymat solig’i (QQS) summasi hisobga o’tkazish huquqining taqdim etilishi (ular ayni paytda unga qo’shiladi va QQSga bo’lgan soliq yuklamasining kamayishiga sabab bo’lmoqda);
*Yiliga 1 milliard so’mdan ortiq aylanma (tushum)ga ega bo’lgan va belgilangan chegaraga bir yil mobaynida erishgan korxonalarni umumo’rnatilgan soliq to’lashga o’tkazish (2017 yil yakunlariga ko’ra bunday korxonalar kichik biznes sub’ektlarining 10 foizini tashkil etadi);
*Yiliga 1 milliard so’mgacha aylanma (tushum)ga ega bo’lgan soliq to’lovchilar uchun QQS va foydadan soliq to’lash o’rniga aylanmadan 4 foiz stavkalik (hozirgi 5 foizlik yagona soliq to’lovi o’rniga) soliq to’lash imkoniyatining o’rnatilishi;
Bu holda:
-QQSning hozir amal qilayotgan 20 foizlik stavkasi saqlanib qoladi va 2019 yil yakunlariga ko’ra stavka miqdori kamaytiriladi;
-Yagona yer solig’i to’lovchilar uchun soliqqa tortish tartibi saqlanib qoladi;
-Soliq ma’muriyatchiligini tubdan takomillashtirish bo’yicha choralar dasturi ishlab chiqilishi kerak;
-Soliq hisobotdorligini soddalashtirish va uni dasturiy mahsulotlar bilan integratsiyasini ta’minlash bo’yicha; avtomatik buxgalterlik hisobi yuritish bo’yicha; soliq to’lovchilar va davlat soliq xizmati xodimlarining malakasini oshirish bo’yicha; hisoblangan oylik ish haqini personallashtirilgan hisobini yuritish tartibini joriy etish bo’yicha choralar ishlab chiqilishi kerak;
-2018 yilning 1 noyabrigacha bo’lgan muddatda samarasiz soliq va bojxona imtiyozlarini bekor qilish bo’yicha takliflar ishlab chiqilishi kerak;
-2018 yilning 1 dekabrigacha bo’lgan muddatda yangi tahrirdagi Soliq kodeksi loyihasi ishlab chiqilishi kerak.
Nimalarni amalga oshirishning iloji bo’lmadi?
Nazarimda, rejalashtirilayotgan o’zgarishlar - mamlakatimizda qulay biznes iqlimini yaratish uchun ulkan qadamdir. Soliqqa tortishning yangi moduli sobiq ittifoqning aksariyat sobiq respublikalaridagi soliq tizimlaridan ko’ra jozibaliroq.
Yanada ko’prog’ini istaganimiz esa boshqa masala. Garchi tasdiqlangan kontseptsiyada uning dastlabki loyihasidagi ko’plab printsipial qoidalar saqlanib qolingan bo’lsada, dastlabki versiyadan ikkita muhim punktni muhokamalar va ma’qullovlar asnosida saqlab qolishning iloji bo’lmadi.
1.QQSni 20 foizdan 12 foizga tushirish nazarda tutilayotgan edi. Baribir 20 foiz darajasida qoldirishga qaror qilishibdi (2019 yildan keyin qisqartirish sharti bilan). Tushunishimcha, ba’zi soliq turlarining bekor qilinishi va soliq stavkalarining qisqartirilishi ortidan byudjetga tushumlarning qisqarishidan byudjetni himoyalash istagi yuqori bo’lgan ko’rinadi.