Bugungi kunda dunyoning turli mintaqalarida hukm surayotgan notinch vaziyatlarga barham berish, tinchlik, o'zaro kelishuv va boshqa omillarga erishish borasida muzokaralar, bitimlar olib borilayotgan bir paytda bizning yurtimizda hukm surayotgan tinchlikni bardavom saqlash, xalqimizning yanada farovon hayot kechirishi, yoshlarimizning bilimli, ma'nan yetuk, jismonan barkamol bo'lib o'sishlari uchun qilinayotgan ishlar tahsinga sazovordir. Bugun dunyoning ko'pgina yurtlarida, ayniqsa, yaqin sharq, arab davlatlaridagi notinchlik bizlarga ulkan mas'uliyat yuklab, yanada ogoh va hushyor bo'lishni, beparvo bo'lmaslikni talab etadi. Tinchlik - ogohlik uchun kurash bir kunlik, bir yillik yoki mavsumiy narsa emas, balki har bir fuqaroning kundalik vazifasi bo'lishi kerak. Tinchlik uchun kurashmoq, avvalo, Yaratganning amri, Payg'ambarining buyrug'i, vijdon va qonun oldidagi har bir kishining burchidir. Dinimiz manbalarida “Tinchlik uchun yoppasiga kirishing” va “Har biringiz mas'ulsiz, har bir mas'ul shaxs o'z qo'li ostidagilaridan so'ralur” deb marhamat qilingan. Demak, oila boshlig'i o'z oilasidan, korxona va tashkilot, qo'yingki, har bir rahbar o'z qo'l ostidagi kishilardan Yaratgan huzurida ham, qonun oldida ham mas'ul deganidir.
Demak, har bir fuqaro ushbu ne'matni omonat bilib, qo'lidan kelgan har bir xayrli ishni qilishi talab qilinadi. Payg'ambarimiz (alayhissalom): “Sizlardan kim bir munkar ishni ko'rsa, qo'li bilan qaytarsin, bunga qodir bo'lmasa, tili bilan qaytarsin, bunga ham qodir bo'lmasa, shu yomon ishni bo'lishini qalbi bilan yomon ko'rsin, lekin bu iymoni zaif kishining ishidir”, deb marhamat qilganlar.
Beparvo bo'lish, loqayd bo'lishga hech kimning haqi yo'q. Beparvo yoki loqayd inson dushmandan ham xatarli ekani hammaga ma'lum.
Bugun bizning oldimizda turgan asosiy vazifalar nimalardan iborat? Biz nima qilsak, nimaga e'tibor qaratsak, farovon turmushimiz yanada osoyishta va kelajagi bundan-da buyuk bo'ladi?
Birinchidan: Muhtaram yurtboshimiz Yuksak ma'naviyat – yengilmas kuch asarlarida “...bugungi zamonda mafkura poligonlari yadro poligonlaridan ham ko'proq kuchga ega”, deb ta'kidlaydilar. Bu degani bugun insonlarning ongini, qalbini egallash borasida fikriy kurash bo'lmoqda. Qalbi, ongi egallangan kishi manqurtga aylanadi va nima buyurilsa, shuni qiladi. Buning misolini jahon ayvonida bo'layotgan hodisalardan ko'rib turibmiz. Manqurtga aylantirilgan shaxs har qanday yovuz ishlarga tayyorligini namoyon qilmoqda. Payg'ambarimiz (alayhissalom):“Ogoh bo'lingkim! Albatta, jasadda bir parcha go'sht bordir. Qachon u solih bo'lsa, jasadning hammasi solih bo'lur. Qachon u buzuq bo'lsa, jasadning hammasi buzuq bo'lur. Ogoh bo'lingkim! O'sha narsa qalbdir”, deb marhamat qilganlar. Demak, har bir ota-ona, murabbiy, o'qituvchi yosh avlodni ongini, ularning qalbini to'g'ri bo'lishi, uni yomon aqidalar egallab olmasligi choralarini har kuni ko'rib borishi kerak. Chunki, insonlar ongida paydo bo'lgan g'oya – ular qilmishlarining ibtidosidir.
Ikkinchidan: Barchamizga ayonki, inson qalbiga yo'l avvalo ta'lim-tarbiyadan boshlanadi. Qachonki farzandlarimizga to'g'ri ta'lim-tarbiya berar ekanmiz, ularni ilm olish, hunar egallash, kasb o'rganish, sen shu Vatanga, uning kelajagi uchun keraksan, degan ezgu g'oyani singdira olsak, uning ongida bo'shliq yoki bo'lmag'ur g'oyalar paydo bo'lmaydi. Bugun dunyodagi urush bo'layotgan mintaqalarda yoshlar ta'lim-tarbiyadan mutlaqo uzilgan. Bu holat shu yurtning ertasi bugunidan ayanchli bo'lishi mumkinligini ko'satadi. Shu sabab yurtimizda yoshlarga qaratilgan e'tibor, davlat siyosati darajasiga ko'tarilgan. Shuni unutmasligimiz kerakki, agar odob bo'lmasa, ta'limda ham ko'zlangan natijaga erishib bo'lmaydi. Qush parvoz qilishi uchun uning ikki qanoti sog'lom bo'lishi kerak bo'lganidek, ta'limda ham tarbiya masalasi ana shunday muhim oling hisoblanadi. Bu borada muhtaram Yurtboshimizning “Ta'limni tarbiyadan, tarbiyani esa ta'limdan ajratib bo'lmaydi. Bu sharqona qarash, sharqona hayot falsafasi”, degan so'zlarini eslash o'rinli, albatta. Muqaddas islom dinining asosini odob tashkil qiladi, desak mubolag'a bo'lmaydi. Odob, tarbiya ana shunday muhim narsa ekanligini yoshlarga o'rgatmoq darkor. Albatta, bu borada avval biz – kattalar ibrat bo'lishimiz kerak.
Uchinchidan: Bugun dunyoda bo'layotgan voqea-hodisalarni aniq misollar bilan tushuntirish lozim. Yaxshi bilan yomon, tinchlik bilan notinchlik o'rtasidagi farqni farzandlarimiz bilishlari kerak. Alloh taolo bergan ne'matlari orasida ikkisi borki uni boshqalari bilan taqqoslab bo'lmasligini uqtirish lozim. Bu - tinchlik va sog'liq. “Ikki ne'mat bor ularning qadriga kamdan kam inson yetadi: ular – tinchlik va sog'lik”, deya ta'kidlanadi hadislarda. Tinchlik bo'lmasa, taraqqiyot, ta'lim, tarbiya bo'lmaydi, xotirjamlik yo'qoladi. Har bir insonning hayoti, umri xavf ostida qoladi.
Birgina ikkinchi jahon urushini esga olsak. Bu urushda yurtimizdan 1,5 million kishi bevosita janglarda ishtirok etgan. 500 mingga yaqin yurtdoshlarimiz urushda halok bo'lgan. Bularning aksari 17-25 atrofidagi yoshlar bo'lgan. Buning oqibati nimaga olib keldi? Oqibati - qanchadan qancha yosh oilalar shu sabab barbod bo'ldi, go'daklar yetim qoldi. Umuman olganda, urush qanday ko'rinishda bo'lmasin, inson uchun xatarlidir. Yurtimizning bugungi qiyofasi, ulkan bunyodkorlik ishlari, insonlar chehrasidagi ertangi kunga bo'lgan ishonch - bularning hammasiga tinchlik sabab desak, aslo mubolag'a bo'lmaydi.
To'rtinchidan: Keyingi paytlarda yer silkinishi, ob-havoning keskin isib ketishi va boshqa tabiiy ofatlarga nisbatan befarq bo'lmaslik. Bu narsalarning zararlari urush oqibatlaridan kam bo'lmasligi ayni haqiqat. Turli davlatlardagi qurolli qarama-qarshilik yoki tabiiy ofatlar natijasida 462 mln.ga yaqin maktab yoshidagi bola nochor tarzda umr kechirmoqda. Ushbu ma'lumotlarni BMT bolalar fondi (Unicef) bergan. "Maktab yoshidagi har to'rtta bolaning bittasi – 462 mln. nafar bola – gumanitar inqiroz sharoitida yashamoqda", - deyiladi Unicef bergan ma'lumotda. Fondning qayd etishicha, 3 yoshdan 18 yoshgacha bo'lgan 75 mln. bola ta'lim olishga muhtoj. Unicef ma'lumotiga ko'ra, maktabga qatnayotgan 37 mln. bola qurolli qarama-qarshiliklar va tabiiy ofatlar tufayli maktabga bora olishmayapti. Raqamlarga e'tibor qaratiladigan bo'lsa, ayni kunlarda Suriyada 6000 maktab ushbu ofatlar tufayli berkitilgan. Nigeriya shimoli-sharqi va Kamerunda harakatlanayotgan “Boko Haram” terrorchilik guruhi hujumlari oqibatida 1800 ta maktab ishlamay qo'ygan. (Manba: “kun.uz” 4.05.2016 y)
Bu raqamlarda keltirilgan har bir yosh baxtli hayot kechirishga, to'laqonli ilm olishga, hamma qatori tinch, farovon yashash huquqiga ega bo'lgan yoshlardir. Bu illatlarning barchasi bir mintaqa yoki bir yurtga xos emas, balki uning oqibatlari, zararlari butun dunyoga o'zining ta'sirini o'tkazmasdan qolmaydi. Shu bois, unga qarshi kurash ham ommaviy bo'lmasa, ko'zlangan natijaga erishib bo'lmaydi. So'zimizning isboti uchun quyidagi hadisni yaxshilab o'rganmog'imiz lozim bo'ladi.
No''mon ibn Bashir (roziyallohu anhu)dan, u kishi Payg'ambarimiz (alayhissalom)dan rivoyat qiladilar:
“Allohning haddi – chegarasida turganlar va undan chiqqanlarning misoli xuddi bir kemadan qur'a orqali joy olgan kishilarga o'xshaydi. Ularning ba'zisi kemaning yuqorisidan, ba'zisi pastidan joy oldilar. Pastdagilar suvga hojatlari tushsa, yuqoridagilarning oldidan o'tar edilar. Ular:
“Yuqoridagilarga ozor bermasligimiz uchun o'z ulushimizdan bir joyni teshib olsak, qandoq bo'larkan”, dedilar. Agar ularni istaklari ila qo'yib qo'ysalar, hammalari halok bulurlar. Agar ularning qo'llaridan tutsalar, ular ham, boshqalar ham – hammalari najot topurlar” (Imom Buxoriy rivoyat qilgan).
Demak, yurt tinchligini ko'ra olmaydigan niyati buzuq kishilar, tabiatdagi jonli yoki jonsiz narsalarga nisbatan keskin munosabatda bo'layotganlar, tinch va farovon hayotimizning qadriga yetmasdan noshukur bo'lganlar - hayot kemamizni tagidan teshib, g'arq etishga harakat qilayotgan johillardir.
Ha, o'zini, oilasini, yaqinlarini, butun insoniyatni va kelajak avlodlarni o'ylagan har bir shaxs doimo sergak va ogoh bo'lishi zarurdir.