III – MAVZU Jаmiyat vа ijtimоiy tizim Reja: 1. Jamiyat va ijtimoiylik tushunchasi hamda sharq mutafakkirlarining jamiyat to`g`risidagi qarashlari
2.Jamiyatning (yo`nalishlari) mеxanistik, organistik va boshqa tarzlarda ta'riflanishini
3. Hоzirgi kun jаmiyatining ko`rinishlаri va jamiyatning tuzilishi
I. Jamiyat va ijtimoiylik tushunchasi hamda sharq mutafakkirlarining jamiyat to`g`risidagi qarashlari
Jamiyat – kishilar hayotiy faoliyatining tarixiy rivojlanish shakli bo’lib,
o’z tuzilishi jihatidan murakkab tizimni tashkil qiladi. Bizning hozirda yashab turgan jamiyatimiz sotsial tizimining muayyan konkret shakli sifatida, uning funktsional va rivojlanish qonuniyatini, har bir bo’lakchalarning o’ziga xos tomonlarini, o’zaro munosabatlarini ilmiy jihatdan o’rganib, to’g’ri boshqarish muhim ahamiyatga egadir.
Chunki o’z vaqtida keyingi oqibati o’ylanmagan, oldindan sotsiologik asosda tahlil qilinmagan va oldi olinmagan nuqsonlar jamiyat taraqqiyotida salbiy asoratlar qoldiradi.
Sotsiologiya tarixda jamiyat – o’z ijtimoiy ehtiyojlarini qondiruvchi kishilar birligi sifatida tushunilgan. Shu bilan birga, jamiyat ayrim ijtimoiy birligina emas, balki ijtimoiy munosabatlar majmuasi hamdir.
Sotsiologiya jamiyat to’g’risidagi ta`limot bo’lib , ijtimoiy tizimlar rivojlanishi va funktsional qonuniyatlar, harakatlantiruvchi kuchlarni o’rganuvchi fan hamdir. U turli ijtimoiy hodisalar, jamiyat va tabiat o’rtasidagi aloqadorlikni, shuningdek, shaxs kishilarning ijtimoiy xulqi, uning elementlari va rivojlanish qonuniyatlarini o’rganadi.
Jamiyat – bu kishilar birgalikdagi faoliyatining tashkiliy shakllari turli darajalaridan iboratdir.Bu faoliyat doirasida turli-tuman jamiyat va uning a`zolari, ularga mansub bo’lgan birliklarning har biri uchun umumiy bo’lgan ehtiyojlari qondiriladi. Aniqroq qilib aytganda, jamiyat – bu o’z-o’zicha etarlilik bo’lib, o’z a`zolari turmush sharoiti uchun barcha zarur jarayonlarni yo’lga qo’yadi, amalga oshiradi. Bu «o’z-o’zicha etarlilik»ni jamiyat bilan uning bir qismi bo’lgan siyosiy partiya nisbatini aniqlash misolida yaqqol ko’rish mumkin. Masalan, Xitoy Xalq Respublikasidagi hukumron partiyaning a`zolari soni allaqchon 100 million kishidan oshib ketgan. Lekin bu partiya jamiyat ichida mavjud. Umumiy soni mingdan ham ko’p bo’lmagan yovvoyilar qabilasi haqiqiy, to’laqonli jamiyat bo’la oladi. Gap shundaki, etnos tarixan birinchi o’z-o’zicha etarli ishtimoiy guruh bo’lgan. Etnos a`zolari birgalikdagi xatti-harakatlari bilan zarur hayot sharoitlarini yaratadilar.
So’z turkumlaridan ot bo’lgan «sotsium» va «jamiyat» so’zdaridan «sotsial» va «ijtimoiy» sifatlar yasaladi. Binobarin ularni sinonim sifatida ishlatish to’g’ri bo’lmaydi. Chunki bu tushunchalar anglatadigan ma`nolar, garchand yaqin bo’lsada, lekin aynan emas. «Sotsium» tushunchasi «jamiyat» tushunchasidan keng. «Jamiyat» tushunchasi «sotsium» ifodalaydigan voqelikni konkretlashtirib aks ettiradi, uning mavjudlik usulini ko’rsatadi. YUqorida aytilganidek, «jamiyat» tushunchasida sotsiumni tashkil etgan birliklarning turli darajalardagi ifodasi aks etadi. Ushbu hol ot va sifat ko’rinishidagi «jamiyat», «ijtimoiy» so’zlarni aniq ishlatish, o’rnida qo’llash zarurligini ko’rsatadi.
«Jamoa» va «jamiyat» atamalari anglatgan ma`nolariga ko’ra yaqindir. Har ikki so’z arabcha «jam`a»dan yasalgan bo’lib, kishilarning turli darajada va maqomda olingan umumiyligini anglatadi. Agar «jamiyat» deyilganda keng ma`noda oldingi paragraflarda ko’rsatib o’tilganidek, kishilarning birgalikdagi manfaatlari va kelishuvi asosida, maqsadga muvofiq oqilona tashkil etilgan, birgalikdagi faoliyati ifodasi tushunilsa, «jamoa» tushunchasida umumiy kelib chiqish, til, taqdir va qarashlar bilan bog’liqlik o’z aksini topadi.17 Oila, xalq va hokazolar ayni shunday jamoalardir. Har qanday jamoa ham jamiyat bo’lavermaydi. Lekin istalgan jamiyat jamoa hisoblanadi. Ayniqsa, jamiyat murakkab jamoa bo’lib, o’z-o’zidan mavjudlik va rivojlanish xususiyatlariga egadir.