«Sotsial» termini sotsiologiyada ikki ma'noda, keng va tor doirada ishlatiladi. Keng ma'nosida «sotsial» tushunchasi «ijtimoiy» tushunchasiga sinonimdir. Tor ma'noda esa, jamiyat hayotining ma'lum sohalaridagi ijtimoiy munosabatlarni aniqlash uchun xizmat qiladi. Ba'zi bir sotsiologlar sotsial munosabatlar masalasini tadqiq etishib sotsial munosabatlarni 3 nuqtai nazardan tahlil qilish kerak degan fikrga kelganlar, keng ma'noda, torroq ma'noda va tor ma'noda.
Keng ma'noda sotsial munosabatlar deganda, jamiyatdagi kishilarning hamma munosabatlari tushuniladi. Torroq manoda sotsial munosabatlar deganda jamiyat sotsial sub'ektlari, ya'ni ma'lum sotsial guruhlar o‘rtasidagi munosabatlar ijtimoiy munosabatlarning «parchasi» sifatida tahlil qilinadi. Tor ma'noda esa u iqtisodiy va siyosiy munosabatlar bilan bir qatorda ko‘riladi.
«Sotsial» tushunchasi turlicha izohlanishdan kelib chiqib, sotsial rypyhlarga har qanday kishilar birligi (sotsial yoki ijtimoiy guruh; hamma ijtimoiy munosabatlarni ifodalovchilari (ijtimoiy munosabatlar sub'ekti); aniq sotsial, sinfiy, urug‘-qabilaviy va oilaviy munosabatlar (sotsial munosabatlar) sub'ekti sifatida qarash kerak).
Guruh tushunchasi haqida gapirishdan oldin, bir qancha farklarni ko‘rib chiqamiz. Bu masalani sotsial to‘plam tushunchasidan boshlaymiz.
Tashqi kuzatuvchilar tomonidan ko‘rsatilgan qandaydir umumiy belgilarga ega bo‘lgan kishilar yig’indisi sotsial to’plam deb ataladi. Masalan, biz kishilar to‘plamidan qora tanli kishilar to‘plamini, ko‘k ko‘zli kishilar to‘plamini ajratib ko‘rsatishimiz mumkin. Bu jismoniy belgilarga asoslanib, to‘plamlarga ajratish hisoblanadi. Bu bilan ko‘pincha antropologiya fani shug’ullanadi, to‘plamni u yoki bu kasb bilan shug‘ullanuvchi kishilar ham tashkil etishadi. Aynan bir kasb bilan shug‘ullanadigan kishilar kasbiy (professional) kategoriyalar deb ataladi. Yoshiga qarab ajratiladigan kishilar to‘plami yoki kategoriyalari deyiladi. Jinsiga qarab kishilar 2 ta jins to‘plamiga, ya'ni erkaklar va ayol kategoriyalariga ajratiladi. Aniq belgiga asoslanib ajratiladigan har qanday to‘plam sotsial kategoriyani tashkil etadi. Sotsial kategoriyalar hech qanday ichki aloqalar bilan birlashmaydi. Bir kategoriyaga kiradigan, masalan, kasbiy (professional), yosh, jins, mulk, daromadi va boshqa kategoriyalarga mansub kishilyar qandaydir umum belgilarga egalar. Ana shu asosga ko‘ra, sotsial kategoriyalar ichki aloqa va shaxsiy institutlariga ega bo‘lishlari mumkin. Sotsial kategoriyalar biror bir sotsial aloqada bo‘lgan taqdirlaridagina, ular sotsial birlikka aylanishlari mumkin.
«Sotsial guruh» tushunchasiga yaqin bo‘lgan tushuncha — sotsial birlik» tushunchasidir.Zamonaviy jamiyatshunoslik fanida bu tushunchalar sinonim sifatida ishlatiladi. Lekin bunday tushunish to‘g‘ri emas. «Sotsial birlik» tushunchasi kishilarning hamma birliklarini o‘ziga qamrab oladigan keng hajmdagi tushunchadir. «Sotsial birlik» so‘zi umumiylikni bildiradi. U ko‘pgina kishilarni birlashtiradigan jarayonlarni aks ettiradi. Real hayotda sotsial birlik «platforma»ga ega bo‘ladi. Bu «platforma» negizida birlikka kiradigan individlarning umumiy tomonlari, sifatlari va xususiyatlarini birlashishi amalga oshadi. Uning asosida kelib chiqish birligi (qon-qarindoshlikka asoslangan birlik, oila, urug‘), xudud birligi, til va xudud birligi (etnik birlik) va boshqalar yotadi.
Shunday ekan, sotsial birlik — bu tabiiy-sotsial asoslar bilan (qon-qarindoshlik, xudud, til va boshqa) bir sotsial guruhlarning ko‘rinishidir. Birliklar sotsial guruhlarning bir turi sifatida sotsial struktura elementlari hisoblanadi.
Guruh — bu xatti-harakatlari rasmiy va norasmiy institutlar tomonidan boshqariladigan, ma'lum norma va qadriyatlarga ega bo‘lgan, boshqa birliklardan o‘zining xususiyatlari bilan farq qiladigan, bir-birlari bilan ijtimoiy munosabatlar sistemasi bilan bog‘langan kishilar yig‘indisidan iborat bo‘lgan sotsial birlikdir.
Guruhga xarakterli xususiyatlar quyidagilar: guruh soni, ichki tashkilot, ya'ni institutlar, nazorat shakllari; faoliyat namunalari; norma va qadriyatlar; farq qiladigan xususiyatlari.
Guruh soni deyilganda, mavjud birlikni hajm jihatdan tashkil etadigan a'zolar yig‘indisi tushuniladi, hozirgi kungacha sotsiologiyada a'zolar soni qancha bo‘lishi kerakligi haqida aniq bir to‘plamga kelingani yo‘q. Bu to‘g‘risida guruh turlari haqida so‘z ketganda, gapirib o‘tiladi.
Guruh o‘zining sonini a'zolari sonini chegaralashi yoki chegaramasligi mumkin. Mana shu asosga ko‘ra guruhlarni «berk» guruhlar, ya'ni yangi a'zolarni qabul qilishda aniq mezon qo‘yadigan guruhlar; chegaralangan guruhlar, ya'ni guruh a'zoligiga qabul qilish mezoni ham talabchanlik bilan qabul qilinadigan guruhlar; va nihoyat xohlagan kishi kirishi mumkin bo‘lgan ochiq guruhlar va bu guruhlarda a'zolarga nisbatan aniq talablar, qo‘yilmaydi, ko‘pincha guruhlar a'zo qabul qilish va a'zolarni guruhdan chiqishi uchun aniq talab qo‘yadi. Buning natijasida guruhning bir xilligi va uning ta'sir doirasi ta'minlanadi.
Guruhning paydo bo‘lishi uchun ichki tashkilot, ya'ni institutlar, nazorat shakllari, faoliyat namunalari bo‘lishi kerak. Shuning uchun ham o‘z shaxsiy tashkilotiga ega bo‘lmagan, faqatgina kontaktlar (aloqalarga) asoslangan erkin sotsial birliklar guruh deb atalmaydi.
Guruh o‘zining shaxsiy norma va qadriyatlariga, ya'ni birlashish markaziga ega bo‘lishi kerak. Bularga g‘oyalar, ramzlar, shiorlar, maqsadlar, moddiy predmetlar va boshqalarni kiritish mumkin. Bular guruhda kishilarni guruhga mansublik va birlashish xissini uyg‘otish va rivojlantirish uchun zarur.
Bu qadriyatlar asosida guruhda «biz» so‘zi bilan ifodalanadigan birlik xissi paydo bo‘ladi. Bu xis kishilarni birlashtiradigan psixik (ruhiy) aloqa bo‘lib hisoblanadi.
Nihoyat, guruh o‘zining shaxsiy farq qiladigan xususiyatlariga ega bo‘lishi kerak. Bular yordamida guruh boshqa sotsial birliklardan farq qiladi. Bunday xususiyatlar bo‘lib, bir xududda yashash, alohida ritual harakatlar, til, mafkura va boshqalar hisoblanadi.
Bu 4 shart juda ko‘p guruhlarni ta'riflash uchun qo‘l keladi. Lekin guruhlarni tasniflash (klassifikatsiya qilish) vaqtida bu to‘g‘rida to‘xtalib o‘tamiz. Chunki bu shartlar nisbiy xarakterga ega. Bular ko‘pgina guruhlarni qanoatlantirsa ham, ba'zi guruhlarni tahlil qilish vaqtida to‘g‘ri kelmasligi mumkin.