I BO'LIM
Rim fuqarolik huquqi asoslari fani predmeti
1-§. Rim fuqarolik huquqi predmeti.
2-§. Rim huquqining eksplutasiyaga asoslangan davlatlar huquqi rivojlanishidagi
roli.
3-§. Rim fuqarolik huquqi asoslarini o'rganishning O'zbekiston yuristlari uchun
ahamiyati.
I bo'lim yuzasidan nazorat savollari
1-§. Rim fuqarolik huquqi predmeti
[1]
Rim huquqi insoniyat tarixida huquqlar resepti sifatida asosiy o'rinlardan
birini egallab, jahonda o'zining aniq, teran va bebaho fikr-mulohazalari, huquq
ijodkorligining manbai sifatida, huquqiy madaniyatning eng yuqori cho'qqisiga
intilgan holda, huquqiy yodgorlik xazinasi, merosi sifatida tan olinib, fuqarolik
huquqining poydevorini tashkil etgan.
Rim quldorlik tuzumining dastlabki patriarxal, arxaik tizimiga asoslanib,
o'zining kichkinagina xo'jaligini, milliy manfaatini ifodalaydigan jamoa asosida
jahon hududiga sezilmaydigan, payqab olinishi murakkab bo'lgan davlat sifatida
vujudga kelgan.
Lekin kichkinagina civitas Roma Rim davlati doimiy ravishda rivojlanib,
taraqqiy etib, o'ziga yaqin bo'lgan hududlarni qo'shib olib, mustahkam Italiya
davlatini vujudga keltirdi va O'rta yer dengizigacha bo'lgan masofaga cho'zilgan,
o'sha vaqtdagi butun madaniy jahonni egallagan davlatga aylandi. Ya'ni Rim jahon
sinonimi deb tan olindi[1].
Ayniqsa, Rim davlati fuqarolik huquqiy munosabatlarini rivojlantirishda,
quldorlik jamiyatining huquqiy ta'limotlari va qonunchiligini ishlab chiqishda o'z
o'rni bilan nihoyatda beqiyosdir.
Rim davlati vujudga kelishidan avval jahon siyosiy sahnasida O'rta yer
dengizi havzalarida Misr, Gresiya, Karfagen, Finikiya davlatlarida halqaro savdo
munosabatlari keng darajada olib borilar edi. Bu munosabatlar esa o'z navbatida
Rim davlatini ham o'ziga tortgan. Lekin o'sha paytdagi Rimning milliy odat,
an'analarga asoslangan arxaik huquqi bu munosabatlarga javob bera olmas edi.
Rim davlati esa butun jahonga ta'sir eta oladigan, xalq chaqiriqlariga javob bera
oladigan universal huquqning vujudga kelishini kutardi.
U mavjud xalqaro munosabatlarga ham aniqlik, teranlik va mustahkamlik
bag'ishladi hamda shundan buyon antik davlatlarning umumiy huquqiga aylandi.
Rim fuqarolik xususiy huquqi asoslari Rim davlatining fuqarolik bilan
bog'liq bo'lgan barcha munosabatlarini o'rganibgina qolmay, balki alohida
shaxslarning, fuqarolarning mulkiy munosabatlari, mulk bilan bog'liq shaxsiy
nomulkiy xarakterdagi hamda umuman mulk bilan bog'liq bo'lmagan «boshqa
shaxslarga o'tkazib va berib bo'lmaydigan» shaxsiy va oilaviy huquqiy
munosabatlarni tartibga soluvchi fandir.
Qadimgi Rim jamiyatida fundamental huquq sohasi sifatida dastlab
fuqarolik huquqi vujudga kelgan. Dastlab barcha sodir etilgan harakat,
munosabatlar, odat normalari, an'analar, ajdodlar marosimlari, din orqali tartibga
solingan edi. Keyinchalik bu normalar jamiyat rivoji natijasida astasekin yozma
ravishdagi munosabatlarga o'ta boshlagan.
Shu asosda vujudga kelgan yozma ravishdagi munosabatlar dastlab fuqarolik
huquqiy munosabatlarini keltirib chiqardi. Ularning harakat doirasi nihoyatda
keng bo'lgan. Barcha harakatlar, hatto jinoyat elementlari bilan bog'liq bo'lgan
munosabatlar ham, dastlab fuqarolik huquqiy normalari bilan tartibga solinib,
fuqarolik huquqining rivojlanishi uchun mustaqil asos va zamin tayyorlagan.
Bundan ikki ming yil ilgari quldorlik tuzumi asosida qadimgi Rim
jamiyatida buyuk Rim fuqarolik huquqi vujudga kelgan bo'lib, u ikki qismga, ya'ni
ommaviy (publichnoye) va xususiy (chastnoye) huquqlarga bo'lingan. Bu huquq
milodiy I-III asrlar, prinsipiat, Rim sinfiy huquqiy davri III va VI asrlar o'rtasidagi
mutlaq monarxiya davrining mulkiy, shaxsiy nomulkiy xarakterga ega bo'lgan
munosabatlarini hamda oilaviy huquqiy munosabatlarini o'rganadi.
Mashhur qadimgi Rim tarixchisi Tit Liviy (miloddan avvalgi 59 - milodning
17 yy.) Rimdagi mavjud bo'lgan odat normalaridan kelib chiqqan yozma qonun
XII Jadval qonunlarini «ommaviy va xususiy huquqning ham manbasidir», deb
haqqoniy ta'riflaydi.
XII Jadval qonunlari miloddan avvalgi 451-450 yillarda vujudga kelgan va
barcha mavjud og'zaki odat normalarini yozma holatga keltirib, mujassamlashtirib
qonunga aylantirgan. Ana shu qonun Rim fuqarolik huquqi rivojida eng birinchi
asoslardan biri bo'lgan.
Rim davlatida ommaviy (ius rublicum) huquq deganda, davlat manfaatlari,
erki, huquqiy holatini himoya qiladigan, statusi bilan bog'liq munosabatlarni
tartibga soluvchi huquqiy normalardan tashkil topgan munosabatlar tushunilgan.
Rim davlatining mashhur yuristlaridan biri Ulpian ommaviy va xususiy
huquqning bir biridan farqini belgilashda o'z tushunchasini quyidagicha
ifodalaydi:
«Ommaviy huquq bu davlatning huquqiy holati (statusi) bilan
belgilanadigan, xususiy huquq esa alohida shaxslarning manfaati, foydasi bilan
bog'liq harakatlardan tashkil topgan[1]».
Bu ta'rifdan ko'rinib turibdiki, ommaviy huquq haqiqatdan ham davlat
manfaatini ko'zlovchi, uni himoya qiluvchi huquqiy normalardan iboratdir. Rim
fuqarolik huquqida ius (yus) so'zi turlicha ya'ni «huquq», «huquqdorlik»,
«vakolat», «huquq normalari» kabi tushunchalarda, mazmunda ishlatib kelingan.
Ommaviy huquqda esa, «huquq normalari» sifatida qo'llanilib, u davlatni idora
etish, davlat organlari tizimi, ularning vakolati, kompetensiyalari, mansabdor
shaxslar tushunchasi, muassasalar, davlat irodasini, erkini amalga oshiruvchi
hujjatlar va barcha fuqarolar uchun majburiy va bajarishi shart bo'lgan hamda
shaxslarning kelishish asosida o'zgartirilishi mumkin bo'lmagan huquqiy normalar
yig'indisiga tushunilgan.
Shuning uchun, ommaviy huquq davlat statusi bilan bog'liq bo'lganligidan
kelib chiqib, xususiy huquq esa alohida fuqarolarning erki, irodasi va manfaati
bilan bog'liq huquqiy munosabatlarni tartibga solishligini e'tiborga olib, biz Rim
davlatining xususiy huquqi (ius civili) ni o'rganamiz.
Xususiy huquq prinsipiat davrida qisman bo'lsa-da alohida shaxslarning erki,
irodasi, manfaatini ko'zlar ekan, u eng avvalo, huquq sub'yektlariga ixtiyoriylik,
mustaqillik, xohish-irodasini e'tiborga olish, fuqaroning o'z huquqini himoya
qilishligi, qilmaslikni o'zi hal etishligini, da'vo qilish yoki rad etish, merosni
qabul qilish, yoki undan voz kechish kabi va boshqa munosabatlarga kirishni o'z
ixtiyori, erki asosida amalga oshirgan.
Rim davlatida xususan fuqarolik huquqida ius civili (fuqarolik huquqi) keng
qamrovli tushunchalardan iborat bo'lgan.
Ius civili deganda, ba'zan pretorlar huquqiga qarama qarshi qo'yilgan,
ko'pchilik holatlarda esa shu davlatdagi barcha huquqiy normalarning yig'indisi
yoki davlat qonuni deb ham tushunilgan, hatto iqtisodda hukmron bo'lgan sinf o'z
erki, manfaatini amalga oshirishda bu tushunchalardan o'z maqsadlari yo'lida
foydalangan.
Lotin tilida fuqarolik civilis (sivilis) degan tushunchani bergan, lekin ius
civili qadimgi Rim quldorlik davlatida asosan fuqarolik huquqini anglatgan bo'lsa
ham, lekin hozirgi zamon fuqarolik huquqida to'liq bu tushunchani anglatmaydi.
Rim quldorchilik davlatida ius civili asosida birinchidan, qadimgi Rim davlatining
milliy huquqi tushunilib, ular faqat kviritlarga qo'llanilgan. Shuning uchun ba'zan
uni «kviritlar huquqi» deb ham atashadi. Xuddi shu holatda bu huquq, ya'ni
kviritlar huquqi sifatida xalqlar huquqi ius gentium (yus gensium)ga qarama qarshi
qo'yiladi. Chunki, xalqlar huquqi butun Rim davlatidagi istiqomat qilib turgan
barcha insonlarga qo'llanilgan.
Xalqlar huquqi peregrinlar va Rim fuqarolari hamda boshqa fuqarolarga,
fuqaroligi bo'lmagan shaxslarga ham qo'llanilganligi uchun uni fuqarolik
huquqining ma'lum bir turi deb tan olingan.
Ushbu munosabatlardan kelib chiqib, Rimda uchta huquqiy tizim vujudga
kelgan, ya'ni sivil huquqlari, xalqlar huquqlari va pretorlar huquqlari hamda
hozirgi zamon tushunchasiga va talablariga asosan bu uchchala tizimning yig'indisi
ius rrivatum (yus privatum), ya'ni xususiy huquqni keltirib chiqargan.
Rim xususiy huquqining asosiy maqsadi, quldorlar erki, manfaatini ko'zlab,
qullarning ob'yekt ekanligini va ular mehnatidan foylalanish uchun qonunlarni
istagancha talqin etish, mulkdorlarning manfaatlarini himoya qilishdan iborat
bo'lgan. Lekin Rimda yashab turgan barcha fuqarolar ham ozod bo'lib, Rim
fuqarosi sifatida tan olingan. Rim jamoasiga kiritilmagan shaxslarning barchasi
dushman sifatida ko'rilgan va ularga «hostis» (xostis - dushman degan ma'noda)
qarashgan.
Haqiqatdan ham, Rim fuqarolik huquqi yaxshilik, ezgulik, adolat va qonuniylik
tamoyillariga asoslanar ekan, ular uchun quldorlar, qullar va shu hududda
yashab turgan barcha insonlar hamda aholi teng huquqga va burchga ega
bo'lganlar. Bunga misol qilib, imperator Yustinian Digestida «To'g'ri yashamoq,
boshqa odamga zarar keltirmaslik, har kimga o'ziga tegishli bo'lgan narsani
bermoq» degan mazmundan shu narsa kelib chiqadiki, Rim huquqining asosini
yaxshilik, adolat va qonuniylik tashkil etgan. Lekin birovning mehnatiga
asoslangan har bir jamiyat o'zining iqtisodda hukmron bo'lgan sinflarning erkini,
manfaatini ko'zlaydi va bu manfaatlarni qonunlar asosida mustahkamlaydi va
Rim davlati ham bundan mustasno bo'lmagan.
Rim fuqarolik xususiy huquqi asosan mulk huquqi, boshqa shaxslarning
mulkiga bo'lgan huquqlarni, ashyoga bo'lgan huquq, shartnomalar va majburiyatlar
haqidagi ta'limotlarni, oilaviy huquqiy va meros (vorislik) huquqiy
munosabatlarini o'rganadi.
Bulardan tashqari, fuqarolik xususiy huquqlarini himoya qilish institutini,
ya'ni da'volar haqidagi ta'limotlarni o'rganadi.
Dostları ilə paylaş: |