4.2. Statistikada grafiklar Grafiklar zamonaviy statistikaning ilmiy o’rganish qurollaridan biri hisoblanadi. Ingliz
iqtisodchisi U.Pleyf 1786 yilda chop qilgan «Tijorat va siyosiy atlas (Kommercheskiy i
politicheskiy atlas)» asarida birinchi bo’lib statistik ma’lumotlarni grafiklarda
tasvirlanishiga asos solgan olimlardandir.
Grafiklar o’quvchining diqqatini o’ziga tez jalb etish bilan birga ma’lumotlarni esda
saqlash va tasavvur qilishga zamin yaratadi. Ular ko’rish va tushunish qiyin bo’lgan ayrim
qonuniyatlarni aniqlashda va tasvirlashda muhim o’rin egallaydi. O’quvchi uchun grafik
tasvir orqali statistik ko’rsatkichlarni tushunish va o’rganish statistik jadvallardan ko’ra
ancha qulaydir: miqdoriy ko’rinishga nisbatan grafikda tasvir taassuroti yuqori bo’ladi;
statistik kuzatuv natijalari tezroq va osonroq tushuniladi hamda umumlashtiriladi; hodisa
va jaryonlarning o’zaro bog’liqligi va ularni vaqt bo’yicha o’zgarishi yaqqol ko’rinib
turadi; statistik-iqtisodiy qonuniyatlarni aniqlash va aniqlangan qonuniyatlarni ko’rish va
tekshirish imkoniyati tug’iladi.
Statistik grafiklar – bu raqamli miqdorlar va ularning nisbatini nuqta, chiziq, figura va
boshqa geometrik shaklda shartli tasvirlanishidir.
Statistik grafiklarni tuzishda va ifodalashda quyidagi talablarga rioya qilish lozim.
Statistik ko’rsatkichlarning mohiyatini, makon va zamonda o’zgarishini, shuningdek
boshqa belgilarini e’tiborga olgan holda ko’ra bilish, tasavvur qilish, tushunish, mavjud
qonuniyatlarni aniqlash qulay bo’lgan grafiklar yasalishi lozim. Yuqoridagi talablarni
bajarish uchun grafik tasvirda quyidagi asosiy elementlar qatnashadi: grafik obraz; grafik
maydon; grafik maydon o’lchov birliklari; masshtab; shkala; grafik talqin.
Grafik tasvir - bu statistik ma’lumotlar ifodalanadigan nuqta, chizik va figuralar
to’plamidan iborat geometrik belgilardir.
Grafik maydon – grafikni hosil qiluvchi geometrik belgilar joylashtiriladigan
maydondir. Grafik maydon o’z vazifasiga qarab aniq o’lchamlarga (formatga), ya’ni
kattalik va tomonlar nisbatiga ega bo’ladi.