Biriktiruv munosabatli bog`langan qo`shma gap. Bunday bog`langan qo`shma gap tarkibidagi sodda gap o`zaro va, hamda bog`lovchisi, ham, -u(-yu), -da yuklamasi yordamida bog`lanadi va bir paytda yoki ketma-ket ro`y bergan voqea-hodisani ifodalaydi: 1. Mashg`ulot tugadi va hamma o`z uyiga tarqaldi. 2.Bahor keldi va o`z sepini yoya boshladi. 3.Qattiq izg`irin ko`tarildi-da, hech kimni uydan chiqarmay qo`ydi. 4.Odam qo`li tegdi-yu, tashlandiq yerlarni obod qildi. Gapni yuklama bog`lasa,undan keyin vergul qo’yiladi. Zidlov munosabatli bog`langan qo`shma gap. Bunday gap tarkibidagi sodda gap o`zaro ammo, lekin, biroq bog`lovchsi, -u(-yu) yuklamasi yordamida bog`lanadi: Yurtimning bu kuni chiroyli, lekin ertasi, indini yana chiroyliroq, baxtliroq bo`ladi. Havo ochildi-yu, harorat sezilmaydi. Ba`zan zidlik mazmunini kuchaytirish uchun zidlov bog`lovchisi va -u(-yu) yuklamasi birga ishlatiladi: Kechasi qor yog`di-yu, lekin kunduzi darrov to`xtadi. Bunday qo`shma gapda zidlov bog’lovchisidan oldin, yuklamadan esa keyin vergul qo’yiladi. Ayiruv munosabatli bog’langan qo’shma gap. Bunday gapdagi sodda gap o’zaro goh...goh, yo...yo, yoki...yoki, ba`zan...ba`zan, dam...dam, yoxud...yoxud ayiruv bog’lovchisi yordamida bog’lanadi. Ayiruv bog’lovchili bog’langan qo’shma gap voqea-hodisaning galma-gal bo’lishini yoki undan biri bo’lishini ifodalaydi: