Mexanik aralashtirish «suyuqlik - suyuqlik», «gaz - suyuqlik» va «gaz-suyuqlik - qattiq jism» sistemali gidromexanik, issiqlik va massa, hamda biokimyoviy jarayonlarni intensivlash turli xil aralashtirish moslama (aralashtirgich) lar yordamida amalga oshiriladi. Aralashtirgich, aylanuvchi o`qga o`rnatilgan, turli xil parraklardan tarkib topgan moslama.
Kimyo va oziq - ovqat sanoatlarida qo`llaniladigan hamma aralashtirish moslamalarini 2 guruhga ajratsa bo`ladi: birinchi guruhga parrakli, turbinali va propellerli; ikkinchi guruhga - maxsus - vintli, shnekli, lentali, romli, yakorli, pichoqli va boshqa moslamalar kiradi. Birinchi guruh suyuqliklar uchun bo`lsa, ikkinchichi esa - plastik va sochiluvchan materiallarni aralashtirish uchun xizmat qiladi.
Ishchi organining aylanish chastotasiga qarab aralashtirish moslamalari sekin va tez yurar guruhlarga bo`linadi.
Parrakli, lentali, yakorli va shnekli aralashtirgichlar sekin yurar moslamalar qatoriga kiradi (3.51a,b-rasm). Ularning aylanma chastotasi 30...90 min-1, qovushoq muhitlarda parrak uchidagi aylanma tezligi - 2...3 m/s.
Parrakli aralashtirgichlar afzalliklari: moslama sodda va narxi qimmat emas.
Kamchiliklari - aylanish o`qi bo`ylab suyuqlik oqimi kichik bo`ladi, natijada aralashtirgich hajmida suyuqlik to`liq aralashmaydi. ¤q bo`ylab suyuqlik oqimi harakatini jadallashtirish uchun parraklar og`ish burchagi 30o ga teng bo`lishi kerak.
Yakorli aralashtirgichlar qurilma tubining shakliga mos bo`ladi. Bu turdagi moslamalar qovushoq va o`ta qovushoq suyuqliklarni aralashtirish uchun ishlatiladi. Yakorli moslamalar ishlash davrida qurilma devori va tubini yopishib qolgan iflosliklardan tozalash qobiliyatiga ega.
Shnekli aralashtirgichlar vintsimon shaklli bo`lib, qovushoq suyuqliklarni qorishtirish uchun mo`ljallangan.
Propeller va turbinali aralashtirgichlar tez yurar moslamalar qatoriga kiradi. Ularning aylanish chastotasi 100...3000 min-1, aylanma tezligi 3...20 m/s.
Propellerli aralashtirgichlar 2 yoki 3 parrakli qilib yasaladi (3.51v-rasm). Ushbu moslamalarga nasos effekti xos bo`ladi va suyuqlikning intensiv stirkulyastiyasini hosil qilish uchun ishlatiladi. Qovushoqligi 2 Pa.s bo`lgan suyuqliklarni aralashtirish uchun qo`llash mumkin.
Turbinali aralashtirgichlar turbina g`ildiraklari shaklida bo`lib, parraklari yassi, qiya va egri chiziqli bo`lishi mumkin (3.51g,d,e-rasm). Ular ochiq va yopiq turli bo`ladi. Turbina g`ildiragining ishlash prinstipi markazdan qochma kuchlar ta’siriga asoslangan. Yopiq aralashtirgich ikkita diskdan iborat bo`lib, suyuqlik o`tishi uchun teshigi bor. Ham radial, ham turbina o`qi bo`ylab oqimlar hosil qilish uchun qiya parrakli, turbinali aralashtirgichlardan foydalaniladi. Turbinali moslamalar qurilmaning butun hajmida suyuqlikni intensiv aralashtiradi. Suyuqlikning aylana bo`ylab harakatini kamaytirish va qurilmada o`rama hosil bo`lishini bartaraf qilish uchun stilindrsimon qaytaruvchi to`siqlar o`rnatiladi.
Turbinali aralashtirgichlar qovushoqligi 500 Pa.s gacha bo`lgan suyuqliklarni va dag`al suspenziyalarni aralashtirish uchun qo`llaniladi.
Qopqoqli qobiq, uzatma va aralashtirgichlardan tashkil topgan tipik qorishtirgich 3.52-rasmda ko`rsatilgan.
Ishchi g`ildirak 200...2000 ayl/min chastota bilan aylanma harakatlanadi. Turbina g`ildiragi markazdan qochma kuch ta’sirida suyuqlikka tegishli energiya beradi. Suyuqlik aralashtirgich markaziy teshigidan kirib, u erda markazdan qochma kuch ta’sirida tezlanish olgan holda radial yo`nalishida chiqib ketadi. Turbinada suyuqlik vertikal yo`nalishdan gorizontalga o`tadi va undan katta tezlikda chiqib ketadi. Bu turdagi qurilmaning samaradorligi yuqori.
Turbinali aralashtirgich diametri qurilma qobig`i diametrining 0,15...0,35 ulushini tashkil etadi. Bu qurilmalar qovushoqligi 1...700 Pa.s ga teng suyuqliklarni aralashtirish uchun mo`ljallangan.