2.O‘simliklar fiziologiyasi fanini boshqa fanlar bilan aloqasi. O‘simliklar fiziologiyasi botanika fanlari qatoriga kirishi bilan birga, hayvonlar fiziologiyasi, biokimyo, biofizika, molekulyar biologiya, mikrobiologiya, kimyo, fizika kabi fanlar bilan ham chambarchas bog‘liqdir, ularning yutuqlaridan foydalanadi, o‘z navbatida ularga ta’sir etadi. Keyingi yillarda kimyo va fizika fanlarining zamonaviy usullari: xromotografiya nishonli atomlar, elektron mikroskopiya, elektroforez, differensial sentrifugalash, spektrofotometriya, rentgen tuzilma taxlili va boshqalardan foydalanish natijasida fiziologiya fanida juda katta yutuqlarga erishildi. Bu usullarni qo‘llash tufayli o‘simlik hujayrasining murakkab tuzilishi, hujayra organoidlarining tuzilmasi va fiziologik funksiyalari, hujayraning moddalarni o‘zlashtirish va ajratib chiqarish jarayonida membranalarning ahamiyati va boshqalar birmuncha puxta o‘rganildi. Ayniqsa, o‘simliklar tanasida quvvatini to‘plash va sarflash xaqidagi tushunchalar kengaydi. Chunki yorug‘likning elektromagnit energiyasini organik moddalar tarkibidagi erkin kimyoviy quvvatga aylantirish va to‘plash yashil o‘simliklarninig eng muhim tasnifiy xususiyatidir. Bu xususiyati bilan yashil o‘simliklar tabiatdagi barcha boshqa tirik organizmlardan farq qilishi va yer yuzida hayotning barqarorligini ta’minlaydi. S.P.Kostichev (1872-1931) yashil barg bir necha yilga ishlashni to‘xtatsa, Yer yuzidagi barcha jonzot, jumladan, insoniyat ham nobud bo‘ladi”, degan edi. Hozirgi vaqtda biologiyaning turli sohalari orasida o‘simliklar fiziologiyasi alohida o‘rin tutadi. Yangi-yangi navlar yaratishda, ularning hosildorligini oshirishda, hosil sifatini yaxshilash va saqlashda mazkur fanning ahamiyati yildan-yilga ortib bormoqda.