4.TURLI EKOLOGIK GURUH O`SIMLIKLARIDA SUV ALMASHINUVINING XUSUSIYATLARI
Yer yuzida yashaydigan barcha o‘simliklar suvga bo‘lgan munosabatiga
ko‘ra asosan ikki guruhga ajratiladi: 1. Suvda yashaydigan o‘simliklar.
2. Quruqlikda yashaydigan o‘simliklar.
GIDROFITLAR. Suvda yashovchi o‘simliklar gidrofitlar deb ataladi. Ular suv o‘simliklari xisoblanib, butunlay yoki bir qismi suvga botib yashaydi. Bu guruhga barcha suv o‘tlari (suv ayiqtovoni, nilfiya, lotos, elodeya, ryaska, valisneriya, g‘ichchak va boshqalar) kiradi. Suv o‘simliklarining yashash muhiti suv bo‘lganligi uchun ham o‘ziga xos xususiyatlari—oshiqcha suvning tanaga kirishdan saklanishga moslashganligidir. Suv o‘simliklari suzib yuruvchi sathining katta bo‘lishi, mexanik to‘qimalarining sust rivojlanganligi, vegetativ organlarining shilimshiq bo‘lishi, koplag‘ich to‘qimalarining sust rivojlanganligi, suzuvchi barglarining ustki tomonida ko‘plab og‘izchalar joylanishi, barg mezofili ustunsimon va bulutsimon to‘qimalarga ajralmaganligi, ildiz tizimining juda kuchsiz rivojlanganligi, ko‘proq vegetativ yo‘l bilan ko‘payishi va boshqalar bilan ajralib turadilar.Suv qatlamlarida va ostida yashovchi o‘simliklarda og‘izchalar bo‘lmaydi. Ularga fotosintez uchun zarur bo‘lgan (qizil) yorug‘lik nurlarining hammasi etib bormaydi. SHuning uchun ham ularning xloroplastlarida xlorofillar bilan birgalikda, to‘lkin uzunligi qisqa 500-600 nm.ga teng bo‘lgan nurlarni qabul qiluvchi qo‘shimcha pigmentlar—fikobilin (fikoeritrin va fikotsianinlar) ham bo‘ladi.
Suv o‘simliklarining to‘qimalarida juda ko‘p hujayralararo bo‘shliqlar bo‘lib, ular gazlar bilan to‘liq va yaxshi aerenximani hosil qiladi. Bunday o‘simliklar o‘z gavdasini suvda yaxshi saqlaydi. SHuning uchun ham mexanik to‘qimalari yaxshi rivojlanmagan. O‘tkazuvchi naylari ham kam rivojlangan yoki butunlay bo‘lmaydi. Tanadagi epidermis qavati juda yupqa bo‘lib, kutikula bo‘lmaydi, bo‘lsa ham juda yupqa bo‘lib, suv o‘tkazishga qarshilik qilmaydi. Osmotik bosim va hujayralarning so‘rish kuchi 1-2 atm.ga teng bo‘ladi. Metabolitik jarayonlar uchun zarur suvni butun gavdasi orqali shimib oladi. Bu o‘simliklar suvdan chiqarib olinsa, bir necha minut ichida hamma suvni yo‘qotadi va nobud bo‘ladi. Quruqlikda yashaydigan o‘simliklar namlik sharoitiga moslanishiga ko‘ra uchta ekologik guruhga ajratiladi -gigrofitlar, mezofitlar va kserofitlar.
Dostları ilə paylaş: |