O‘SISH XILLARI. O‘simliklarning xayvonlardan eng muhim farqi shundaki, ular butun ontogenezi davomida o‘sadi. Oliy, ko‘p hujayrali o‘simliklarning o‘sishi hujayralarning bo‘linishi va o‘sishi, yangi organlar va to‘qimalar hosil bo‘lish jarayonlarining yig‘indisidan iborat. O‘simliklarning o‘sishi embrional to‘qimalarda — meristemada sodir bo‘ladi, chunki u yerda hamma hujayra bo‘linish xususiyatiga ega. Poya va ildizlarning bo‘yiga o‘sishini ta’minlovchi. meristema ularning ichki qismlarida joylashgan bo‘ladi Ildizlarning o‘sishi ularning uchida, 1 sm dan oshmaydigan juda kalta qismida sodir bo‘ladi. Bu qismi odatda, ildiz qini bilan muhofaza qilinadi. Poyalarning o‘suvchi qismi ildizga nisbatan ancha uzun, 2-ZO sm.gacha bo‘ladi. Poya va ildizlar butun ontogenezi davomida o‘sadi. Masalan, daraxtlar bir necha yuz va ming yillargacha ham o‘sadi.Poya, novda va ildizlarning o‘sishi apikal o‘sish deyiladi. CHunki bu apikal meristema (apeks- - o‘sish nuqtasi) hisobiga sodir bo‘ladi. O‘simliklarning eniga o‘sishi lateral (yon) meristema hisobiga sodir bo‘ladi. Bunga kambiy, peritsikl va ferrogen kiradi. Kambiy hujayralarining bo‘linishi va o‘sishi natijasida ksilema va floema elementlari paydo bo‘ladi. Ksilema elementlari floemaga nisbagan ancha ko‘p bo‘ladi. Aksariyat bir pallali o‘simliklarning bargida o‘sish xududi barglarning tubida joylashgan bo‘ladi va shu asosda o‘sa boshlaydi. Lekin ko‘pchilik ikki pallali o‘simliklar bargining o‘sishi bundan farq qiladi. Bu barglarning butun yuzasidagi hujayralar ma’lum davrgacha o‘sish qobiliyatiga ega bo‘ladilar. Barglarning o‘sishi doimiy xususiyatga ega emas, ya’ni ular tez vaqtda muayyan kattalikka etib, o‘sishdan to‘xtaydilar. SHunday qilib, morfogenez o‘simliklarning shakllanishi, embrional hujayralar (sitogenez), to‘qimalar (gistogenez) va organlar (organogenez)ning hosil bo‘lishi, o‘sish va rivojlanishni o‘z ichiga oladi.