YUVENIL BOSQICH. Bu o‘simliklarning yoshlik bosqichi hisoblanadi. Urug‘larning unishidan boshlab to o‘simliklarda reproduktiv organlar hosil qilish qobiliyatining paydo bo‘lishigacha davom etadi. YUvenil bosqichda o‘simliklarning vegetativ organlari (poya, novdalar, ildiz tizimi va barglar) to‘la shakllanadi. O‘simliklar asosan vegetativ massa to‘plash bilan tavsiflanadi. Bu bosqichda o‘simliklarda jinsiy ko‘payish qobiliyati bo‘lmaydi.
Urug‘larning unish jarayonlari yuqorida ko‘rsatilgan edi. Urug‘ murtagidan o‘sib chiqqan ildizchalarda fitogormonlarning (gibberellii, sitokininlar) sintezi boshlanadi. Sintezlangan fitogormonlarning bir qismi poyaga o‘tkazila boshlanadi. Natijada yosh ildizlar tuproqdan oziqlana boshlaydilar. Fitogormonlar bilan ta’minlangan gipokotilning (asosan ikki pallalilarning urug‘ida) yoki mezokotilning (g‘allalarda) cho‘zilishi natijasida poya o‘sadi. yer ustigacha chiqqan, etiollangan poyachada epikotil (birinchi haqiqiy bo‘g‘im oralig‘i) va barglarning o‘sishi jadallashadi. Yosh o‘simliklar xlorofillning hosil bo‘lishi natijasida yashil rangga kiradi va avtotrof oziqlanishga o‘tadi. O‘simliklarning atmosferadan va tuproqdan oziqlanishi va o‘sish jarayonlarining faollanishi natijasida o‘simliklar to‘la shakllanadi va vegetativ massa ko‘p miqdorda to‘planadi.
Yuvenil davrning davomi o‘simlik turlariga bog‘liq. Bu odatda bir necha haftadan (bir yillik o‘simliklar) to o‘nlab yillargacha (daraxtlar) davom etishi mumkin. Bu davrda o‘simliklarning ildiz hosil qilish qobiliyati kuchli bo‘ladi va undan bog‘dorchilikda foydalaniladi. Chunki qalamchalarda auksinlarning miqdori ko‘p bo‘ladi. Bu davrning oxiriga kelib, o‘simliklarda reproduktiv organlar hosil qilish qobiliyati vujudga keldi.