Bozor iqtisodiyotida firma faoliyatining asosiy xususiyatlari.
2.1. Bozor munosabatlari va iqtisodiy raqobat Tovarlar va xizmatlarga talab uzluksiz bo`lgani tufayli ularni ishlab chiqarish ham uzluksiz ravishda doimo takrorlanib turadi. Takror ishlab chiqarishning umumiy jarayonini iqtisodiy resurslar, tovarlar va xizmatlar hamda daromadlarning doiraviy aylanishi ko`rinishida tasavvur qilish mumkin. Biroq bu aylanish turli iqtisodiy tizimlarda turlicha kechadi.
Xususiy mulkchilikka asoslangan bozor iqtisodiyoti tizimida bunday doiraviy aylanish korxona va firmalar bilan uy xo`jaligi o`rtasida amalga oshadi. Uy xo`jaliklari ishlab chiqarish uchun zarur bo`lgan barcha iqtisodiy resurslarni bozorga etkazib beradi. Korxona va firmalar bu resurslarni sotib olib, turli xil tovarlar va xizmatlarga aylantiradilar va ularni bozorga etkazib beradilar.
1.1-rasm. Iqtisodiy resurslar, tovar va xizmatlar hamda daromadlarning xususiy mulkka asoslangan iqtisodiy tizimdagi doiraviy aylanishi
Ko`rinib turibdiki, resurslar, tovarlar, xizmatlar va daromadlarning doiraviy aylanishida faqat ikki tomon: bir tomonda korxona va firmalar, ikkinchi tomonda uy xo`jaligi qatnashadi. Barcha moddiy, mehnat va pul oqimlari harakati davlat tomonidan qat`iy rejalashtirilmaydi, ya`ni korxona va firmalar iqtisodiy resurslarni qancha miqdorda, qaysi baholarda sotib olishni va ishlab chiqargan tovarlar va xizmatlarni qanday baholarda sotishni o`zi erkin belgilaydi. Bu, ya`ni erkinlik, bozor iqtisodiyoti tizimining asosiy va eng muhim belgisidir.
Iqtisodiy faoliyat erkinligining asosi - ishlab chiqarish omillari yoki yaratilgan tovarlarning tasarruf etilish ixtiyoriyligi va mulkdorlarning mustaqillikka egaligidir. Ishlab chiqaruvchi yoki iste`molchi o`z tovarini yoki pulini o`zi bilganicha ishlatadi, o`z ixtiyoriga ko`ra o`ziga ma`qul bo`lgan ish bilan shug`ullanadi. Xo`jalik yurituvchilar faoliyati bir-biridan ajragan bo`ladi. Chunki ular, birinchidan, mustaqil mulk egalaridir, ikkinchidan, mehnat taqsimoti asosida ixtisoslashib, har xil ish bilan shug`ullanadilar.
Bozor iqtisodiyoti tizimida xo`jalik yuritish shakllaridan qaysi birini tanlash, o`z mol-mulkini qanday ishlatish ham kishilarning o`z ixtiyoriga bog`liq. Tadbirkorlik qilish yoki yollanib ishlash, o`z pulini sanoatga, dehqonchilikka, tijoratga, bank ishiga yoki boshqa yo`nalishga sarflash odamlarning o`z ixtiyorida bo`ladi.
Bozor iqtisodiyotining muhim va asosiy belgisi iqtisodiy xilma-xillik, ya`ni mulk shakllari va xo`jalik yuritish usullarining turli-tuman bo`lishidir. Turli shakllardagi mulklar erkin, yonma-yon, hech bir chegaralanmagan holda rivojlanadi. Xo`jalik yuritish usullari ham har xil bo`ladi. Masalan, yakka tartibda, jamoaga birikkan holda, sherikchilik yoxud hissadorlik asosida, o`z mablag`iga yoki qarzga olingan mablag`ga tayanib xo`jalik yuritish, er va boshqa vositalarni ijaraga olish va ishlatish kabilar.
Bozor iqtisodiyotini tashkil etuvchi tadbirkorlar ko`pchilikdan iborat bo`lib, tarqoq holda foyda-zararni o`z zimmasiga olib ish yuritadi. Lekin ularning faoliyati qanchalik tarqoq bo`lmasin, baribir bozor orqali bir-biriga bog`lanadi.
Bozor iqtisodiyoti erkin bo`lganligidan har qanday iqtisodiy monopolizmni, ya`ni korxona, tashkilot yoxud davlatning, umuman iqtisodiyotda yoki uning biror sohasida tanho hukmronlik qilishini inkor etadi. Bu ham bozor iqtisodiyotining belgilaridan biridir.
Bozor iqtisodiyotining yana bir belgisi narxlarning liberallashuvi, ya`ni narx-navoning erkin tashkil topishidir. Tovarlar narxini davlat yuqoridan belgilamaydi. Narx ayrim ishlab chiqaruvchi yoki iste`molchi taziyqi ostida shakllanmaydi. U bozordagi talab va taklifga qarab, xaridor bilan sotuvchining savdolashuvi va kelishuviga asosan yuzaga keladi. Shu tarzda shakllangan narxlar bozor munosabatlarining asosini tashkil qiladi.
Narx pul bilan o`lchanadi. Bozor iqtisodiyoti pulsiz bo`lishi mumkin emas. Pul iqtisodiy munosabatlarning asosiy vositasi bo`lib, iqtisodiyotda o`ta muhim rol o`ynaydi. Pul munosabatlari bozor iqtisodiyotining ajralmas qismi hisoblanadi.
Bozor iqtisodiyoti va uning iqtisodiy mexanizmida raqobat asosiy o`rin tutadi. Raqobat iqtisodiy munosabatlar ishtirokchilarining o`zgalarnikidan alohidalashgan manfaatini bildiradi. Lekin bu manfaat yo`lida kurash qoidalariga rioya qilish shart hisoblanadi. Manfaatlarni yuzaga chiqarishning birdan-bir yo`li raqobatbardosh va jamiyat uchun zarur bo`lgan tovarlarni ishlab chiqarishdir. Raqobat moddiy va mehnat resurslarini kam sarflagan holda ularni samarali ishlatib, ko`proq va sifatliroq tovar ishlab chiqarishga undaydi. Shuning uchun ham raqobat bozor iqtisodiyotini harakatga keltiruvchi vositadir. Shu bilan birgalikda, u iqtisodiyotni tartibga soluvchi va nazorat qiluvchi kuch ham hisoblanadi.
Xulosa qilib aytish mumkinki, bozor iqtisodiyoti mulkchilik shakllari va xo`jalik yuritish usullarining xilma-xilligi, erkin iqtisodiy faoliyat va sog`lom raqobatga asoslangan tizimdir.
Bozor iqtisodiyotining o`ziga xos ijtimoiy adolat qoidalari bor. Iqtisodiyotdagi resurslar, ishlab chiqarilgan tovarlar va xizmatlarni taqsimlash va shunga mos ravishda daromadga ega bo`lib, yuqori farovonlik darajasiga intilish adolat hisoblanadi. Ammo adolat tamoyili hammani bir xil qilish emas, balki jamiyatni tabaqalashuvini bildiradi. Iqtisodiy sub`ektlar o`z mehnatiga, uning samaradorligiga, ishbilarmonligiga va mulkiga qarab bir-biridan farqlanadi. Shu sababli ularning daromadi, turmush darajasi va jamiyatdagi mavqei bir xil bo`lmaydi. Tabaqalanish boylarga havas qilib, ularday bo`lishga intilishni hosil qiladi. Bozor iqtisodiyoti shunday iqtisodiy munosabatlarki, ular ishlab chiqarish faoliyatini rag`batlantiruvchi kuchni yuzaga keltiradi. Bozor regulyatorlari moddiy, mehnat va moliya resurslarini kerakli tovarlar va xizmatlarni ishlab chiqarish tomon buradi. U behuda mehnat sarfini tan olmaydi, aksincha, unga yo`l qo`yganlarni iqtisodiy jihatdan jazolaydi, ya`ni ular zarar ko`radi.
Bozor iqtisodiyoti moslashuvchan tizimdir. U sharoit o`zgarishiga darhol javob beradi, nima etishsa, shuni darhol ishlab chiqarishni ta`minlaydi. Uning muhim tomonlaridan biri novatsiya (yangilik)ga moyilligidir. U fan-texnika, texnologiya yangiliklarini darhol qabul qiladi. Yangi tovarlarni ishlab chiqarishni, yangi texnologiya va boshqarish usullarini joriy etishni ta`minlaydi. Chunki bu raqobatda yutqazmaslik, yaxshi foyda ko`rish boylik va obro`-e`tibor orttirishning sharti bo`lib xizmat qiladi.
Yuqorida keltirilgan xususiyatlarning natijasi o`laroq bozor iqtisodiyoti tovarlar va xizmatlar to`kinligini yuzaga keltiradi.
Bozor iqtisodiyoti XVII asrning boshlaridan hozirgi vaqtga qadar bir qancha taraqqiyot bosqichlaridan o`tdi, desak xato bo`lmaydi. Binobarin, har bir bosqichda o`ziga xos iqtisodiy munosabatlar tizimi va bozor iqtisodiyotining turlari shakllandi.
1-chizma. Bozor iqtisodiyotining turlari
Bozor iqtisodiyoti taraqqiyotining ilk davriga xos bo`lgan iqtisodiy munosabatlar tizimini ayrim iqtisodchilar, jumladan, taniqli iqtisodchi-olim professor A.O`lmasov "asov yoki yovvoyi bozor iqtisodiyoti" deb atashadi.
Shu bilan birgalikda bozor iqtisodiyotining bu turini "mumtoz kapitalizm" deb atash ham uchrab turadi.
2. Bozor iqtisodiyoti tizimi mazkur turining keyingi ta`rifiga ko`proq moyillik bildirgan holda, uning quyidagi asosiy belgilarini ko`rsatib o`tamiz:
-iqtisodiy resurslarga yakka tartibdagi xususiy mulkchilikning hukmronligi va ularning ozchilik mulkdorlar tasarrufida to`planishi;
-erkin raqobat va sarmoyalarni iqtisodiyotning bir tarmog`idan ikkinchisiga ko`chib yurishi;
-iqtisodiyotning tartibsiz (stixiyali) rivojlanishi;
-bozor ishtirokchilari bo`lgan tadbirkorlarning bir-biridan mutlaqo ajralgan holda ish yuritishi;
-narx-navoning stixiyali shakllanishi;
-davlatning iqtisodiyotga aralashmasligi;
-stixiyali taraqqiyotning natijasi o`laroq iqtisodiy tanglik va tanazzullarning kelib chiqishi;
-aholi o`rtasidagi keskin tabaqalashuv: boylarning o`ta boy bo`lib ketishi va kambag`allarning o`ta qashshoqlashuvi.
Yuqorida ko`rsatib o`tilgan belgilar ichida xususiy mulkchilikning hukmronligi va davlatning iqtisodiyotga aralashmasligi mumtoz kapitalizmning asosiy belgilaridan bo`lib qolmay, balki uning samarali amal qilishiga to`sqinlik qiluvchi kamchiliklari hamdir. Aynan ana shu kamchiliklar tufayli u tobora "yovvoyilashib" boraveradi va pirovard natijada uning o`rnida madaniylashgan bozor iqtisodiyoti tizimi shakllanadi.
Madaniylashgan (tamaddunlashgan deb ham aytish mumkin) bozor iqtisodiyoti bozor munosabatlari va iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solishga asoslangan tizimdir. Uning xarakterli belgisi iqtisodiyotda davlat sektorining ham mavjudligi va jamiyat iqtisodiy faoliyatini tartibga solishda davlatning faol ishtirok etishidir.
Shu o`rinda jahonda mashhur iqtisodchi olim Adam Smitning 1776 yilda Angliyada chop etilgan "Xalqlar boyligining tabiati va sabablari to`g`risida tadqiqot" nomli kitobining markaziy g`oyasiga to`xtalib o`tamiz. Uning fikricha, davlat iqtisodiyotni xoli qo`ysa, ya`ni unga aralashmasa, iqtisodiyot yaxshiroq amal qiladi. Hozir biz talab va taklif deb yuritadigan iqtisodiy kuchlarni Adam Smit "ko`rinmas qo`l" deb atadi va uning fikricha, o`sha qo`lning o`zi iqtisodiyotni tartibga solib turadi.
Mazkur ta`limot mumtoz ma`nodagi bozor iqtisodiyoti uchun, uning ilk davri uchun asosli bo`lsa-da, vaqt o`tishi bilan eskira boshladi va zamonaviy taraqqiyot talablariga javob bera olmay qoldi.
Iqtisodiyotdagi beboshlik va tartibsizliklarni bartaraf qilish, raqobat kurashining g`ayriinsoniy usullariga barham berish, mustaqil tadbirkorlar o`rtasida madaniylashgan aloqalar o`rnatish, iqtisodiy tangliklar va tanazzullarning oldini olish uchun davlatning aralashuvi zarur bo`lib qoladi. Shunday qilib, XX asrning o`rtalariga kelib, bozor iqtisodiyotiga asoslangan davlatlarda madaniylashgan bozor iqtisodiyoti shakllana boshladi.
Mazkur iqtisodiy tizim sharoitida resurslar, tovarlar va daromadlarning uzluksiz harakati bozor orqali davlat aralashuvi bilan amalga oshiriladi. Bunda hukumat ishlab chiqaruvchilar va iste`molchilarning faoliyatini bevosita boshqarmaydi, balki resurslar va tovarlar bozorida o`zining qatnashuvi bilan ularning iqtisodiy faoliyatiga qulay shart-sharoitlar yaratadi. 2.3-rasmga diqqat-e`tibor bilan qarasangiz, madaniylashgan bozor iqtisodiyoti sharoitida resurslar, tovarlar, xizmatlar va daromadlarni ayirboshlashdan iborat bo`lgan iqtisodiy jarayonlar va ularni tartibga solishdagi davlatning o`rnini yaqqol tasavvur qilasiz.Madaniylashgan bozor iqtisodiyoti sharoitida davlat makroiqtisodiy darajada talab bilan taklif o`rtasidagi muvozanatni saqlash choralarini ko`radi va mamlakat miqyosidagi umumdavlat ijtimoiy-iqtisodiy masalalarini hal qiladi.
Endi bozor iqtisodiyotining yana bir turi – ijtimoiy yo`naltirilgan bozor iqtisodiyotini ko`rib chiqaylik. Xo`sh, u qanday tizim va madaniylashgan bozor iqtisodiyotidan nima bilan farq qiladi?
Dastlab shuni aytib o`tish lozimki, bozor iqtisodiyotining bu har ikki turi o`rtasida katta bir umumiylik bor. Bu umumiylik ularning bozor tizimi bo`la turib, bozor va nobozor munosabatlarning qorishmasidan iborat ekanidir. Shuning uchun ko`pincha bozor iqtisodiyotining bu ikki turi o`rtasidagi farqlar ko`zga tashlanavermaydi va amaliyotda ularga bitta tizim sifatida qarash va aralash iqtisodiyot deb atash keng tarqalgan.
"Ijtimoiy yo`nalishdagi bozor iqtisodiyoti" tushunchasi ilk bor Germaniyada paydo bo`lgan va u erda uning asosiy tamoyillari ishlab chiqilgan. Bundan mazkur tushuncha shu mamlakatgagina xos degan ma`no kelib chiqmaydi, albatta. Ijtimoiy yo`naltirilgan bozor iqtisodiyoti bozor munosabatlariga asoslangan barcha mamlakatlarda kuzatiluvchi hodisa bo`lib, unga jamiyat taraqqiyotining tabiiy mahsuli deb qarash mumkin.
Ijtimoiy yo`naltirilgan bozor iqtisodiyoti ham iqtisodiy, ham ijtimoiy maqsadlarga yo`naltirilgan bo`lib, birinchidan, mamlakat iqtisodiyotining tashkiliy tuzilishini tartibga solib turadi. Buning uchun davlat mulkchilik huquqi, pul va valyuta tartibotini, raqobat qoidalari va tashqi iqtisodiy faoliyat tartib - qoidalarini belgilab beradi. Ikkinchidan, davlat fuqarolar va aholining alohida qatlamlari ijtimoiy ahvolini belgilovchi mezonlar qabul qiladi. Shu maqsadda mehnat va unga haq to`lash, mulkchilik va turar-joy masalalari, ekologiya va hokazolarga oid tartib- qoidalarni ishlab chiqadi va ularning bajarilishini nazorat qiladi.
Ijtimoiy yo`naltirilgan bozor iqtisodiyotining milliy xususiyatlardan kelib chiquvchi turli modellari mavjud bo`lib, ularning asosiylari nemis, shved, golland va yapon modellaridir. Keyingi yillarda jahon amaliyotiga shiddat bilan kirib kelgan yana bir model borki, uni "o`zbek modeli" deb yuritiladi. Biz bu haqda 3-bobda batafsil to`xtalamiz. Bozor iqtisodiyotiga xos bo`lgan belgilardan biri - iqtisodiy raqobatning mavjudligidir. Bozor munosabatlarining ishtirokchilari - tovar ishlab chiqaruvchilar1 va iste`molchilar o`zlarining iqtisodiy manfaatlariga egadirlar. Bu manfaatlarni yaxshiroq va oqilona qondirish yo`lidagi ularning barcha xatti-harakatlari va intilishlari raqobat kurashi tarzida namoyon bo`ladi. Tovar ishlab chiqaruvchilar (tadbirkorlar) o`z tovarlarini yuqoriroq narxda sotib, ko`proq foyda olish uchun kurashadilar, iste`molchilar kamroq xarajat qilgan holda o`z manfaatlarini ko`proq qondirishga intiladilar.
Bozor iqtisodiyoti erkin tadbirkorlikka asoslangan tizim bo`lgani uchun eng kuchli raqobat kurashi tovar ishlab chiqaruvchilar o`rtasida bo`lishi tabiiy hol. Chunki har bir tadbirkor o`z mablag`ini ko`proq va tezroq foyda olishi mumkin bo`lgan sohaga kiritishga, ishlab chiqargan tovarini bozorda ko`proq va yuqoriroq bahoda sotishga harakat qiladi. Natijada ham xomashyo bozorida, ham tayyor maxsulotlar bozorida tovar ishlab chiqaruvchilar o`rtasida raqobat kurashi paydo bo`ladi. Raqobat kurashining 2 xil turi - tarmoqichra va tarmoqlararo raqobat mavjud bo`lib, ularning birinchisi bir xil tovarlar ishlab chiqarish bilan band bo`lgan tadbirkorlar raqobatidir. Tarmoqlararo raqobat esa turli xil tovarlarni ishlab chiqaruvchilar o`rtasidagi kurashda namoyon bo`ladi. Endi raqobat kurashining bu ikki turi xususida batafsilroq to`xtalib o`tamiz.
Tarmoq ichra raqobat o`z mohiyatiga ko`ra iqtisodiy taraqqiyotning juda muhim omili bo`lib xizmat qiladi. Bir xil ehtiyojni qondirishga mo`ljallangan tovarlarni ishlab chiqaruvchilar o`rtasidagi raqobatda "sendan men o`taman" tarzida kurash ketadi. Masalan, odamlarning nonga bo`lgan talab-ehtiyojlarini qondiruvchi tadbirkor-novvoy yoki "Doka-non" firmasi o`z mahsulotlarini ko`proq sotib, ko`proq foyda olish uchun, avvalambor, nonning sifatini oshirishga harakat qiladi. Biroq, o`z-o`zidan ma`lumki, nonning sifati yaxshi bo`lishi bilan uning sotuvi ko`payib qolmaydi. Uning narxi ham xaridor uchun ma`qul bo`lishi kerak. Shuning uchun tadbirkor yoki firma yopilayotgan nonning narxini tushirish uchun o`z xarajatlarini kamaytirish yo`llarini izlaydi.
Shunday qilib, tarmoqichra raqobat tadbirkorlardan bir vaqtning o`zida ikkita muhim vazifa bilan shug`ullanishni taqazo etadi. Ularning birinchisi mahsulot ishlab chiqarishni ko`paytirish bo`lsa, ikkinchisi ishlab chiqarishga yangi texnika va texnologiyani joriy qilish, mehnat va ishlab chiqarishni tashkil etishni takomillashtira borishdir. Kam hajmda va sifatsiz mahsulot ishlab chiqaruvchi tadbirkorlar tez orada bankrotlikka uchraydi, ya`ni sinadi.
Tarmoqlararo raqobat ham bozor iqtisodiyoti sharoitida shiddatli kechadi. Sarmoya egalari o`z mablag`larini biron-bir soha yoki tarmoqqa yo`naltirishdan oldin u erdagi foyda me`yori bilan qiziqadi. Tabiiyki, qaysi tarmoqda uning sarmoyasi ko`proq foyda keltirsa, u o`z mablag`ini aynan shu tarmoqqa kiritadi.
Bozor iqtisodiyotiga asoslangan mamlakatlar xo`jalik amaliyotida shunday hollar ham sodir bo`ladiki, tadbirkorlar o`zi faoliyat ko`rsatayotgan tarmoqdan voz kechib, mutlaqo boshqa tarmoqda ish yurita boshlaydilar. Buning sababi oldin sarmoya kiritilgan tarmoqda foyda me`yorining tushib ketgani va ko`proq foyda olish mumkin bo`lgan boshqa tarmoqning mavjudligidir. Masalan, muzlatgich ishlab chiqaruvchi firma yuqorida ko`rsatilgan holat tufayli konditsioner ishlab chiqarishga, televizor ishlab chiqarayotgan firma kompьyuterlar ishlab chiqarishga qayta ixtisoslashuvi mumkin.
Bozor iqtisodiyoti sharoitida ro`y beruvchi raqobat kurashini mukammal, nomukammal va monopolistik raqobatlarga ajratish mumkin.
Mukammal raqobat deganda bir xil tovarlar va xizmatlar taklif qilinadigan bozordagi raqobat tushuniladi. Masalan, televizorlar bozori, kompьyuterlar bozori, un yoki sut mahsulotlari bozori va hokazo.
Raqobatning bu turi quyidagi belgilarga ega:
-bozordagi tadbirkorlarning erkinligi, ya`ni istagan paytda bozorga o`z mahsuloti bilan kira olishi va undan chiqib keta olishi;
-hech kimning bozorda hukmronlik qila olmasligi va boshqalarga taziyq o`tkazmasligi;
-tovar ishlab chiqaruvchilarning halol va madaniylashgan usullar bilan raqobatlashuvi.
Nomukammal raqobat esa ayrim tovar ishlab chiqaruvchilarning hukmronlik qilishi natijasida boshqalarning iqtisodiy erkinligi cheklangan bozordagi raqobatdir. Bunday sharoitda bozorga hamma ham o`z mahsuloti bilan erkin kira olavermaydi. Shuning uchun raqobat kurashi tor doiradagi tadbirkorlar va firmalar o`rtasida sodir bo`ladi. Masalan, Germaniya Federativ Respublikasining avtomobil bozoridagi raqobatni olaylik. Bu erda raqobat kurashi "Mersedes Bents", "Folksvagen", BMV hamda "Opel" avtogigantlari orasida boradi.
O`z tabiatiga ko`ra nomukammal raqobatga yaqin turgan va hatto uning bir ko`rinishi bo`lgan raqobat ham borki, uni monopolistik raqobat deyiladi. Raqobat kurashining bu turiga xos bo`lgan xususiyat shundan iboratki, u yoki bu tovarlar (xizmatlar) bozorida bittagina firma tanho hukmronlik qiladi. Masalan, Asaka shahrida joylashgan O`zbekiston-Koreya avtomobil qo`shma korxonasi mamlakatimizdagi engil avtomobillar bozorida tanho hukmronlik qiladi va hozircha u bilan bellasha oladigan raqobatchi yo`q. Biroq ushbu korxonaning raqobatchisi yo`q ekan, u kim bilan raqobatlashadi, degan savolning tug`ilishi tabiiy. To`g`ri, mamlakat ichida u bilan raqobatlashadigan avtokorxona yo`q. Ammo, jahondagi 30 ga yaqin mamlakatda engil avtomobillar ishlab chiqaruvchi firmalar mavjud. O`zbekiston avtomobillar bozorida ular ham qatnashishi mumkin. Shuning uchun Asakadagi zavod, birinchidan, mamlakatlararo, ya`ni xalqaro raqobatda qatnashadi va shu tufayli ishlab chiqarayotgan avtomobillarining raqobatbardoshliligini oshirish uchun kurashadi. Ikkinchidan, u avtomobil tayyorlash uchun zarur bo`lgan butlovchi mahsulotlar bozori hamda mehnat bozoridagi raqobat kurashida qatnashadi.
XULOSA Xulosa qilib aytganda raqobat kurashi iqtisodiy faoliyatning barcha sohalari: ishlab chiqarish, ayirboshlash va iste`molda mavjud bo`lib, har qanday kurashda bo`lgani kabi bu erda ham kuchlilar engib chiqadi va kuchsizlar engilaveradi. Kurash maydoniga yangi-yangi xo`jalik sub`ektlari kirib kelaveradi. Raqobatning iqtisodiy faoliyat samaradorligini oshirishga, jamiyat taraqqiyotini tezlashtirishga bo`lgan ijobiy ta`siri mana shunda namoyon bo`ladi. Shunday qilib, raqobatni bozor iqtisodiyotining tabiatiga mos tushuvchi tamoyil, deb aytish mumkin.
Biroq ijtimoiy yo`naltirilgan bozor iqtisodiyoti sharoitida erkin raqobatga qarama-qarshi turuvchi, uning tabiatiga zid bo`lgan yakka hukmronlik (monopoliya) omili mavjuddir. Monopoliya deganda, iqtisodiy faoliyatning biron-bir turi bilan shug`ullanish huquqi yoki imkoniyatini ayrim xo`jalik sub`ektiga berish tushuniladi. Monopoliyaning o`rnatilishi bozor munosabatlarining samarali amal qilishiga putur etkazadi, raqobatning iqtisodiy taraqqiyotga ijobiy ta`sirini susaytiradi. Monopoliya o`z tabiatiga ko`ra ishlab chiqarishda turg`unlikning kelib chiqishiga sabab bo`ladi, hukmron mavqeiga tayanib, xarajatlarni kamaytirmagan holda foyda ko`rishi va bozorda o`z hukmronligini o`tkazishi mumkin.Yuqorida keltirilgan sabablarga ko`ra bozor iqtisodiyoti monopoliya bilan chiqisha olmaydi. Shuning uchun bozor munosabatlariga asoslangan mamlakatlarda monopoliyaga qarshi siyosat davlat iqtisodiy siyosatining muhim yo`nalishi hisoblanadi.