Ta’lim metodlarini tanlash. Pedagogika fanida o’qituvchilarning amaliy tajribasini o’rganish va umumlashtirish asoida ta’lim metodlarini tanlashga o’quv-tarbiya jarayoni kechayotgan shart-sharoitlar va aniq holatlarga bog’liq muayyan yondashuvlar vujudga keladi. Ta’lim metodlarini tanlashda quyidagi holatlar inobatga olinishi lozim: zamonaviy didaktikaning yetakchi g’oyalari, ta’lim, tarbiya va rivojlantirishning umumiy maqsadlari; o’rganilayotgan fan mazmuni va metodlari, mavzularining o’ziga xosligi; xususiy fanlar metodikasining o’ziga xosligi va umumdidaktik metodlarni saralashga qo’yiluvchi talablarning o’zaro aloqadorligi; muayyan dars materialining maqsadi, vazifalari va mazmuni; u yoki bu mavzuni o’rganishga ajratilgan vaqt; o’quvchilarning yosh xususiyati, bilish imkoniyatlari, darajasi; o’quvchilarning darsga tayyorgarlik darajasi; o’quv muassasalari, auditoriyalarning moddiy ta’minlanganlik darajasi, jihozlar, ko’rsatmali qurollar, texnik vositalarning mavjudligi; o’qituvchining imkoniyatlari, nazariy va amaliy jihatdan kasbiy tayyorgarlik darjasi, pedagogik mahorati, shaxsiy sifatlari; o’quv muassasalarida fanlararo hamkorlikning o’rnatilganligi. O’qituvchi bu holatlarni inobatga olib, u yoki bu ketma-ketlikda og’zaki, ko’rgazmali yoki amaliy metodlarni, reproduktiv yoki mustaqil ishlarni boshqarish metodlarini nazorat va o’z-o’zini nazorat metodlarini tanlash borasida aniq yechimlar qabul qiladi.
Ta’lim olganlikni tashxis etish. Tashxis – bu didaktik jarayon kechadigan barcha sharoitlarni oydinlashtirish, uning natijalarini belgilash sanaladi. Tashxissiz didaktik jarayonni samarali boshqarish, mavjud sharoit uchun optimal natijalarga erishish mumkin emas.
O’quvchilar bilimni tashxislash orqali erishilgan natijalar va ta’lim olganlik darajasi o’rtasida farq aniqlanadi. Didaktik tashxisning maqsadi o’quv jarayonida kechadigan barcha jihatlarni uning mahsuli bilan bog’liq holda, o’z vaqtida aniqlash, baholash va tahlil qilishdan iborat.
Ta’limni baholash yoki tekshirish faqat natijalarni qayd etadi, biroq ularning kelib chiqishini izohlamaydi. Tashxis natijalarini ularga erishish yo’llari va vositalari, usullari bilan aloqadorlikda baholaydi, ta’lim samarasini ta’minlovchi jarayon va bosqichlarini aniqlaydi. Tashxis quyidagi nazorat shakllarini o’z ichiga oladi:
O’quvchilarning BKMni nazorat qilish, baholash tashxislashning zaruriy tarkibiy qismlari sanaladi.