Pedagogik ilmiy-tadqiqot metodlari shaxsni tarbiyalash, unga muayyan yo’nalishlarda chuqur, puxta ilmiy bilimlarni berish tamoyillari, ob’ektiv va sub’ektiv omillarini aniqlovchi pedagogik jarayonning ichki mohiyati, aloqa va qonuniyatlarini maxsus tekshirish va bilish usullaridir.
Ayni vaqtda O’zbekiston Respublikasida pedagogik yo’nalishda olib borilayotgan ilmiy izlanishlar dialektik yondashuvga asoslanadi. Pedagogik hodisa, voqelik va ularning qonuniyatlarilarni aniqlashga bunday yondashuv pedagogik hodisa va jarayonlarning umumiy aloqasi, ularning izchil, uzluksiz rivojlanishi, bolaning fiziologik rivoji uning psixologik, intellektual jihatdan takomilashtirib borishini ta’minlashi, qarama-qarshiliklarning shaxs kamolotini ta’minlashdagi o’rni va roli, shuningdek, dialektika kategoriyalarining ahamiyatini e’tirof etadi.
Pedagogik ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish murakkab, muayyan muddatni taqozo etuvchi, izchillik, uzluksizlik, tizimlilik hamda aniq maqsad kabi xususiyatlarga ega bo’lgan jarayon bo’lib, uning samarali bo’lishi uchun bir qator shartlarga rioya etish zarur. Ular quyidagilardir:
muammoning dolzarbligi va mavzuning aniq belgilanganligi;
ilmiy farazlarning to’g’ri shakllantirilganligi;
vazifalarning tadqiqot maqsadi asosida to’g’ri belgilanganligi;
tadqiqot metodlar tizimiga nisbatan ob’ektiv yondashuv;
tajriba-sinov ishlari jarayoniga jalb etiluvchi respondentlarning yosh, psixologik va shaxsiy xususiyatlari, shuningdek, shaxs rivojlanishi qonuniyatlarining to’g’ri hisobga olinganligi;
tadqiqot natijalarini oldindan tashhislash va uning natijalarini bashoratlash;
tadqiqot natijalarining kafolatlanganligi.
Zamonaviy sharoitda pedagogik yo’nalishda tadqiqotlarni olib borishda quyidagi metodlardan foydalanilmoqda:
Pedagogik kuzatish metodi.
Suhbat metodi.
Anketa metodi.
Intervyu metodi.
Ta’lim muassasasi hujjatlarini tahlil qilish metodi.
Test metodi.
Pedagogik tahlil metodi.
Bolalar ijodini o’rganish metodi.
Pedagogik tajriba metodi.
Matematik-statistik metod.