1-MAVZU. “O‘ZBEKISTONNING ENG YANGI TARIXI” O‘QUV FANINING PREDMETI, MAQSADI VA VAZIFALARI, NAZARIYMETODOLOGIK TAMOYILLARI. Reja:
O‘zbekistonning eng yangi tarixi fanining fan sifatida tutgan o‘rni. Uning o‘rganish obʼyekti va predmeti.
O‘zbekistonning eng yangi tarixi fanining metodologik, ilmiynazariy asoslari, usullari va tamoyillari.
O‘zbekistonning eng yangi tarixini davrlashtirish.
O‘zbekistonning eng yangi tarixini o‘rganishning ahamiyati.
1. O‘zbekistonning eng yangi tarixi fanining fan sifatida tutgan o‘rni.
Uning o‘rganish obʼyekti va predmeti.
Tarix fani ijtimoiy taraqqiyot va o‘tmishga oid turli xil voqelik hamda hodisalarning izchil rivojlanishi, ularning qachon, qayerda, qanday holatda yuz bergani, insoniyatning paydo bo‘lishi va uning tadrijiyevolyutsion rivojlanishi, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy jarayonlar hamda madaniy-maʼnaviy hayot jabhasi va boshqalarni o‘rganadi. Shuningdek, O‘zbekiston tarixi umumjahon-insoniyat tarixining ajralmas qismi hisoblanib, o‘z navbatida, ahamiyatga molik voqeliklarga juda boydir. O‘zbekiston tarixi fani mana shu voqeliklarni boshidan kechirgan qadim va yaqin ajdodlarimizning hayoti qanday bo‘lganini, jahon tarixi taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissalarini xolisona va haqqoniy tarzda o‘rganadi.
Taʼkidlash lozimki, tarixiy, milliy-madaniy, axloqiy va diniy qadriyatlarni o‘rganish, tiklash va yangi asoslarda rivojlantirish – yoshlar, taʼlim va tarbiya tizimidagi talabalarning dunyoqarashida milliy g‘urur hamda o‘zlikni anglash, ular ongi-shuurida vatanparvarlik, insonparvarlik g‘oyalarini yanada mustahkamlash bugungi davrning muhim talabi bo‘lib hisoblanadi. Аynan shuning uchun ham oliy taʼlim tizimida “O‘zbekistonning eng yangi tarixi” fanini har tomonlama chuqur o‘qitish maqsadida yangi avlod o‘quv dasturlari, o‘quv qo‘llanmalar va darsliklar yaratilib, bu boradagi ilmiy tadqiqotlar natijalari o‘quv jarayoniga joriy etilmoqda. 1991 yildan O‘zbekiston tarixida boshlangan yangi mustaqillik davrini o‘rganish, shu davrda ro‘y bergan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, iqtisodiy hayot, madaniy-maʼrifiy yangilanishlar masalasini o‘rganish – o‘sib kelayotgan avlod, yuksak maʼnaviyatli shaxsni tarbiyalashda, shubhasiz, katta ahamiyat kasb etadi.
Masala mohiyatining dolzarbligini hisobga olib, 2020-2021 o‘quv yilidan boshlab respublika Oliy o‘quv yurtlarida O‘zbekistonning eng yangi tarixi fanini o‘qitish jarayoni boshlandi. Shubhasiz yaqin o‘tmish tarixini xolisona va ilmiy jihatdan o‘rganish tarixchilar oldida turgan muhim vazifalardan biridir. Tarixiy haqiqatning to‘la ro‘yobga chiqishi, haqqoniy tarix yozilishida tarix fanining predmeti va obʼyektining to‘g‘ri belgilanishi muhim ahamiyatga egadir. Chunki O‘zbekistonning eng yangi tarixi fani uchun ham boshqa barcha fanlar qatori predmet va obʼyekt masalasi asosiy masala bo‘lib hisoblanadi. Zero, fanning o‘rganish predmeti va obʼyekti aniq bo‘lmasa, uning oldidagi vazifa noaniq bo‘lib, maqsadga erishish mushkul bo‘ladi. Bunday holat o‘quv jarayoni samaradorligiga ham salbiy taʼsir ko‘rsatadi.
O‘zbekistonning eng yangi tarixi fani boshqa ijtimoiy va tabiat fanlaridan farqli o‘laroq mustaqil fan hisoblanadi. Shuningdek, u barcha fanlar orasida alohida o‘z o‘rni va mavqeyiga ega. U barcha fanlar tarixini ham o‘z ichiga olgan holda ularning rivojiga katta taʼsir etadi. Bu uning o‘rganish predmeti va obʼyekti hamda vazifasida to‘la namoyon bo‘lmog‘i kerak. Tarix fani o‘z xususiyatiga ko‘ra, birinchidan, o‘zining butun diqqat eʼtiborini faqat yaqin o‘tmishga qaratadi, undan saboq beradi, xulosa chiqaradi, o‘tgan davrning hayot tarzi, ijtimoiy-siyosiy, madaniy-maʼrifiy, iqtisodiy jarayonlarini o‘rganadi.
Ikkinchidan, O‘zbekistonning eng yangi tarixi fani boshqa ijtimoiy fanlarga nisbatan ancha aniq fandir. U matematika usulidan ham keng foydalanadi. Tarixiy voqea va hodisalar qatʼiy aniqlikda, davriy ketmaketlik – xronologik asosda o‘rganiladi. Shuningdek, tarixiy voqea va hodisalar, hujjat va dalillarning haqiqiy va haqiqiy emasligi, ular qachon, qayerda, qanday tarixiy muhit va sharoitlarda tarixan voqeʼ bo‘lgani aniqlanadi. Va nihoyat, bo‘lib o‘tgan voqeliklarning aniq sabab va oqibatlari, shu bilan birga, ularning aniq shakl-shamoyillari va holati aniqlanadi.
Uchinchidan, O‘zbekistonning eng yangi tarixi fani mamlakatimiz yaqin o‘tmishidagi siyosiy-ijtimoiy, iqtisodiy hayotining ahvoli, holatini o‘rganadi, ulardan kelajak uchun saboq va xulosa chiqaradi. Mustaqillikka erishishidagi murakkab siyosiy ahvol tahlil etilgan holda istiqlolning qanchalik ulug‘ neʼmat ekanligi ko‘rsatib beriladi. Bu esa kelajak avlod uchun dasturilamal sifatida xizmat qiladi.
To‘rtinchidan, O‘zbekistonning eng yangi tarixi fani ko‘p qirralik va xilma-xillik xususiyatiga ega. U jamiyat taraqqiyotining va inqirozlarining faqat bir tomoninigina emas, balki jamiyatning hamma tomonlarini uzviy, o‘zaro bog‘liqlikda, bir butunlikda o‘rganadi. O‘zbekistonning eng yangi tarixi fani mamlakatning yaqin o‘tmishdagi voqeliklari, insoniyat hayoti, jamiyat taraqqiyotini tahlil qiladi. Uning o‘rganish predmetiga esa mana shu makondagi jamiki voqelik va jarayonlar, ulardagi umumiy aloqadorlik va yaxlit birlik hamda qonuniyatlar hodisasi va jarayonlar, umuman, xalq va insonning yaratuvchanlik faoliyati kiradi.
Shu o‘rinda taʼkidlash lozimki, butun bir xalqlar, elatlar, millatlar va davlatlarga taalluqli bo‘lgan murakkab ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy jarayonlar tarixda o‘z aksini topadi. Tadqiqotchilarning eʼtirof etishlaricha, inson har qanday tarixning predmeti hisoblanadi. Har bir voqea, hodisa inson (yoki uning bir guruhi – xalq) xatti-harakati, uning ko‘zlagan maʼlum maqsadga intilishi jarayonida sodir bo‘ladi. O‘zbekistonning eng yangi tarixi fanining o‘rganish makoni – obʼyekti mamlakatning eng yangi tarixi davri hisoblanadi. Mazkur davr respublika mustaqillikka erishganidan to shu bugungi kunga qadar bo‘lgan hayot tarzini qamrab oladi. Tarixiy obʼyekt (makon)ga nisbatan O‘zbekistonning eng yangi tarixi fanining maqsadi, vazifasi, yo‘nalishi va harakat (faoliyat) doirasi yoki chegarasi belgilanadi. Maʼlum bir maʼnoda obʼyekt bilan predmet bir-biriga juda yaqin tushuncha bo‘lsa-da, ular tarix fanida tutgan o‘rni va vazifasi bilan farqlanadi.
Obʼyekt aniq tarixiy davr, makon, zamon va geografik mintaqaviy chegaralar, maʼlum bir xalq, millat, mamlakat tarixi bilan bog‘liq bo‘lib, maʼlum hudud doirasidagi voqea va hodisalarning bir butun va yaxlitlikda o‘z ichiga oladi. Predmet esa mana shu bir butun obʼyekt ichidagi aniq siyosiy, tarixiy-madaniy, ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlardan iborat bo‘ladi.
O‘zbekistonning eng yangi tarixi fani fan sifatida ijtimoiy-siyosiy, umuminsoniy xarakterdagi fan bo‘lib, inson va millat o‘z o‘tmishini bilishi, o‘zligini anglashi hamda kelajagini belgilashida asosiy dasturilamal hisoblanadi. Shu bilan birga, u ijtimoiy-siyosiy hayot sohasidagi yagona fan ham emas. Jamiyat, umuman, insoniyat o‘tmishini o‘rganuvchi boshqa soha fanlari ham bor. Masalan, arxeologiya, etnologiya, geologiya, antropologiya, demografiya, madaniyat, iqtisodiyot va boshqa fanlar shular jumlasidandir. Аmmo boshqa fanlarning hammasi tabiat, jamiyat ham, avvalo, katta tarixda aks etadi. Soha tarixi fanlari ham tarix fanining o‘rganish obʼyekti va predmeti hisoblanadi.
Tarix fani boshqa, ayniqsa, ijtimoiy-gumanitar fanlar bilan mustahkam va uzviy aloqa birligida rivojlanadi. Shuning uchun ham tarixchilar falsafa, adabiyot, tilshunoslik, dinshunoslik va boshqa fanlarni bilmay turib, haqqoniy tarixni to‘la yoritib berolmaydilar.
Shuni ham aytish lozimki, tarix bilan boshqa ijtimoiy-gumanitar fanlarning o‘rganish obʼyekti bitta, yaʼni jamiyat hisoblanadi. Predmeti esa inson va tabiatdir. Shuning uchun ham boshqa fanlar tarix fani taraqqiyotiga, tarixiy haqiqatlarning ro‘yobga chiqishiga bevosita yordam beradi. Shuningdek, tarix fani ham boshqa soha fanlari rivojiga katta taʼsir etadi. Bundan tashqari tarix boshqa fanlarni, shuningdek, ijtimoiygumanitar fanlarning ham tarixidir. Chunki boshqa fanlarning hammasi ham tarix mahsulidir.
Muxtasar qilib aytganda, tarix fani, yaʼni Vatan tarixi – millat va Vatan kelajagining ravnaq topishida muhim ahamiyatga ega. Masalaning mohiyati shundaki, birinchidan, ijtimoiy-gumanitar fanlarning rivojlanishi har jihatdan tarix fanining naqadar haqqoniy bo‘lishiga bog‘liqdir. Chunki ular tarix bilan bevosita bog‘liq. Ikkinchidan, tarix falsafasi qanchalik to‘la va ravon tarzda yuzaga chiqsa, boshqa ijtimoiy-gumanitar fanlarning mazmun va mohiyati hamda taʼsirchanligi ham shuncha yuksak darajada bo‘ladi.
Tarix falsafasi deganda, tarix, yaʼni o‘tmish tajribasi va sabog‘idan to‘g‘ri xulosa chiqara olish tushuniladi. Boshqacha qilib aytganda, o‘tmishtarixga qarab, kelajakni his etish, ko‘ra bilish va to‘g‘ri belgilay olish ham tarix falsafasini anglashni bildiradi.
Tadqiqotchilarning eʼtirof etishlaricha, insonning shaxsiy manfaat va ehtiyojlari, qolaversa, uning qobiliyati, isteʼdodi, voqelikni teran idrok etishi tarix falsafasini anglab yetishda muhim ahamiyat kasb etadi. Аynan shu nuqtayi nazardan olib qaraganda, inson aql-idroki, uning tafakkur darajasi, hayotiy falsafasi, jamiyat taraqqiyoti yo‘lidagi barcha saʼyharakatlari hamda intilishlari maʼlum millat va jamiyat mentalitetini belgilab beradi. Mana shu mentalitet millat yoki xalqning umummadaniymaʼnaviy darajasi, aql-idroki va tafakkur maydonining salohiyatiga qarab o‘ziga xos mazmun-mohiyat kasb etadi. Tarix esa ana shu murakkab, ziddiyatli, shu bilan birga, qudratli ruhiyat va faoliyat orqali xotiraga aylanadi. Bu holat tarix falsafasini o‘zida ifoda etadi.
2. O‘zbekistonning eng yangi tarixi fanining metodologik, ilmiynazariy asoslari, usullari va tamoyillari.
Taʼkidlash lozimki, har qanday fan kabi O‘zbekistonning eng yangi tarixi fani ham o‘zining metodologik, ilmiy-nazariy asoslari va tamoyillariga ega fan hisoblanadi. Bular O‘zbekistonning eng yangi tarixi fanining asosini tashkil etib, uning rivojlanishi, jamiyat va millat manfaati yo‘lidagi nufuzining ortib borishi uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Muhimi, ilmiy-nazariy tamoyillar eng yangi tarixning haqqoniy yozilishi, tarixiy haqiqatni yuzaga chiqishiga xizmat qiladi.
Аgar tarix insoniyat yashab rivojlanishi uchun ijtimoiy zaruriyat va maʼnaviy-maʼrifiy ehtiyoj bo‘lsa, tarix fani esa bu ehtiyojlarni ro‘yobga chiqishi uchun masʼul bo‘lgan yuksak intellektual ilmiy-amaliy faoliyatdir.
Buning samarali bo‘lishi, yaʼni tarix fani rivojlanishida metodologik ilmiy g‘oya va nazariyalar, usul va uslubiy tamoyillarning ahamiyati benihoya kattadir. Chunki bular tarixning mazmun va mohiyati hamda falsafasini chuqurroq ochib berishga, shuningdek, tarix fanining maqsad va vazifasini to‘laroq ro‘yobga chiqishiga bevosita yordam beradi. Shuning uchun ham O‘zbekistonning eng yangi tarixi fanining metodologik ilmiy-nazariy asoslari, g‘oya va taʼlimotlari nimalardan iborat bo‘lishi muhim masala sanaladi.
Mutaxassislarning fikricha, tarix moziyni o‘rganish haqidagi fan bo‘lib, ilmiy atama sifatida ikki o‘zaro aloqadorlikdagi tushunchani ifodalaydi. Birinchidan, tarix jamiyat taraqqiyoti to‘g‘risidagi fan bo‘lib, uning mavzusi kishilik jamiyati o‘tmishining, uning turli-tuman sohalardagi taraqqiyoti va o‘zgarib borish jarayonini o‘rganadigan fandir. Ikkinchidan, tarix bu insoniyat to‘g‘risidagi fan bo‘lib, jamiyatning o‘tmishini tadqiqot yo‘li bilan aniqlab, o‘tmishda inson tomonidan yaratilgan, inson zakovatining natijalari bo‘lgan jarayonni tadqiq etish va bizgacha bo‘lgan davrni o‘rganib, kelajak avlodga yetkazadigan fandir.
Tarixshunoslikdan maʼlumki, tarixiy jarayonlar undagi qonuniyatlar bilan asoslanadi. Tarix fanining asosiy tayanch tushunchasini tarixiy asos va tarixiy manba, tarixiy makon va tarixiy zamon tashkil etadi. Soha mutaxassislarining eʼtirof etishlaricha, tarix fanini o‘rganishdagi eng dolzarb muammo – bu tarixiy voqelik va tarixiy manbalar bo‘lib, mana shu ikki muammoga tom maʼnoda ilmiy yondashish tarix fanining nazariyasi va metodologiyasini aniqlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Chunonchi, har bir fanda bo‘lganidek, tarix, jumladan, O‘zbekistonning eng yangi tarixi fanining ham o‘zining nazariyasi va metodologiyasi mavjud. Nazariya – bu ilmiy bilimlar yig‘indisi va boshqa fanlar bilan mavjud bo‘lgan aloqadorlikni bilish jarayonidir.
Tarixchilar, sohada izlanishlar olib borayotgan tadqiqotchilar butun insoniyat, millat, xalq va o‘rganish obʼyekti evolyutsiyasi, uning mazmunmohiyatini to‘g‘ri anglash, tahlil qila olishi lozim. Аgar tarix falsafasi tarixiy voqealiklar tahlilidan kelib chiqadigan haqiqat (xulosa)larning so‘zdagi aniq ifodasi bo‘lsa, tarix fani metodologiyasi mana shu tarixiy haqiqatlarning ro‘yobga chiqishi – tarix haqqoniy tarzda yozilishi uchun birdan-bir to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatuvchi dasturdir. Yuqoridagi mulohazalarni muxtasar qilib aytganda, metodologiya fanlar ichidagi fan hisoblanadi.
Аvvalo, metodologiya haqida to‘xtalsak, metodologiyaning lug‘aviy maʼnosi grekcha “Metodos” va “Logos” degan ikki so‘z birikmasidan iborat bo‘lib, metod, yaʼni usul – tadqiqot olib borish usuli (yo‘li), nazariya, taʼlimot, logiya esa fan deganidir. Demakki, metodologiya, yaʼni uslubiy ilmiy tadqiqot ishini olib borish yoki biror bir masalani ilmiy o‘rganishning eng qulay usullari, eng to‘g‘ri va mukammal g‘oyasi, nazariyasi va taʼlimotlari majmuidan iborat bir butun fandir. Boshqa maʼnoda esa metodologiya ilmiy bilish yoki maʼlum bir ilmiy faoliyatni tashkil etish va amalga oshirishda qo‘llaniladigan usullar haqidagi fandir. Demak, tarix fani metodologiyasi tarixni o‘rganuvchi va o‘qituvchilarni aniq maqsad sari to‘g‘ri yetaklaydi, yaʼni tarix haqqoniy yozilishi va o‘rganilishiga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadi.
Har qanday fanning metodologiyasi deganda metod (usul)lar majmui tushuniladi. O‘zbekistonning eng yangi tarixi fanini o‘qitish metodologiyasi deganda bu yo‘nalishdagi ilmiy bilimlarning tuzilishi va rivojlanishi, ularning natijalarini asoslash yo‘llarini amaliyotga tadbiq etilishi, mazkur fanga xos bo‘lgan ilmiy bilimlar mexanizmining samarali usullari tushuniladi. Tarix fani metodologiyasi deb tarix fanlari doirasidagi ilmiy bilimlarning tuzilish tamoyillariga, shakli va ilmiy jihatdan
O‘zbekistonning eng yangi tarixi fani doirasida qo‘llaniladigan taʼlimotga aytiladi. O‘zbekistonning eng yangi tarixi fanining fan sifatidagi nazariymetodologik asoslari o‘zida mazkur fanning qonuniyatlari va tamoyillarini, faqatgina shu fanga xos bo‘lgan qatʼiy tushunchalar majmui va bilish metodlarini o‘z ichiga oladi.
Tarix fanining rivoji, uning metodologiyasi rivojiga bog‘liq bo‘lganidek, tarix fani metodologiyasi yuksak darajada takomil topishi tarix fani qay darajada ekanligiga ham bog‘liq. Bu holdagi uzviy va ikki tomonlama bog‘liqlik har ikkala yo‘nalishning umumiy qonuniyatidir. Mana shu o‘zaro aloqadorlik qonuniyatini, mumtoz tarixshunoslik va hozirgi zamon sivilizatsion yondashuvlarga asoslangan holda O‘zbekistonning eng yangi tarixi fani metodologiyasini quyidagi ikki qismga bo‘lish tavsiya etiladi:
O‘zbekistonning eng yangi tarixi fanining metodologik ilmiynazariy, g‘oyaviy va falsafiy asoslari. Bunga quyidagilar kiradi:
Din bilan dunyoviylik o‘rtasidagi mo‘tadil munosabat;
Tarixning milliy, umuminsoniy, qaytarilmas hodisa hamda
qadriyat ekanligi;
Tarixga hozirgi zamon sivilizatsiyasi nuqtayi nazaridan turib, ilmiy va xolisona asnoda yondashish;
Tarixiy taraqqiyot asosini evolyutsion – tadrijiy yo‘l va
islohotchilik tashkil etadi deb bilish;
Tarixga milliy mentalitet nuqtayi nazaridan, o‘zgalar tarixiga hurmat ruhida murojaat etish;
Tarix, jamiyat va tabiat hamda insoniyat (barcha tarixiy voqelik va jarayonlar) dialektika hamda sinergetika qonuniyatlari asoslarida rivojlanishini anglash;
Tarix milliy va umuminsoniy xotira, millat va xalqlarning maʼnaviy o‘zagi, tani hamda g‘oyaviy-mafkuraviy muhofaza quroli ekanligini tushunish.
O‘zbekistonning eng yangi tarixi fanining ilmiy usul va tamoyillari quyidagilardan iborat:
Аyrimlikdan umumiylikka (induktsiya) va umumiylikdan
ayrim (juzʼiy)likka (deduktsiya);
Maʼlumki, sovet davridagi tarix fani o‘tmishni soxtalashtirdi, din ilmga zid, tarixiy taraqqiyotga to‘sqinlik qiladi degan dahriylikka amal qilindi. Sovet davlatida hukmron bo‘lgan kommunistik mafkura tarixiy o‘tmishga nisbatan bir tomonlama, sinfiy, partiyaviy yondashuvni rasmiy darajaga olib chiqqan edi. Tarixni xolisona o‘rganish zamonaviy dunyoda ustuvor darajada bo‘lmog‘i lozim. Shuning uchun ham u din bilan muʼtadil, mutanosiblik asosida o‘rganilmog‘i hozirgi davrda asosiy maʼnaviy mezonlardan biri bo‘lib turibdi. Bu esa yoshlarni turli xil din niqobi aslida dinga aloqasi bo‘lmagan turli noqonuniy guruhlarga adashib kirib qolishlarining oldini oladi, shuningdek, tariximizni xolisona haqqoniy yoritilishiga imkon beradi. Tarixiy o‘tmishni ilmiy va xolisona o‘rganish zamonaviy dunyoning asosiy mezoniga aylanmoqda.
Shu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan va jahon hamjamiyatining yuksak eʼtirofiga sazovor bo‘lgan ijtimoiy hayot bobida “Maʼrifat va diniy bag‘rikenglik” tamoyilini targ‘ib etish ulkan ahamiyat kasb etadi.
Qayd etish lozimki, tarixiy-tahliliylik tamoyili tariximizda qadimdan muarrixlar tomonidan qo‘llanib kelingan qulay usul hisoblanadi. Bu usul tarixiy voqea va hodisalarning nechog‘liq to‘g‘ri hamda noto‘g‘riligini aniqlashga, tarixni haqqoniy va to‘g‘ri yozilishiga yaqindan yordam beradi.
Har qanday fan kabi O‘zbekistonning eng yangi tarixi fani ham o‘zining metodologik ilmiy-nazariy asoslari va tamoyillariga ega. Bular O‘zbekistonning eng yangi tarixi fanining asosini tashkil etib, uning rivojlanishi, jamiyat va millat manfaati yo‘lidagi nufuzining ortib borishi uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Eng muhimi, ilmiy-nazariy tamoyillar Vatan tarixining haqqoniy yozilishi, tarixiy haqiqatning yuzaga chiqishiga xizmat qiladilar.
O‘zbekistonning eng yangi tarixi mazmun-mohiyatiga ko‘ra, ilmiy va amaliy ahamiyatga egadir. O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti
I.A.Karimovning 1996-yil 13-dekabrdagi Farmoniga ko‘ra –
O‘zbekistonning yangi tarixini tayyorlash va nashr qilish haqida qaror qabul qilindi. Shu asosda mustaqillik davri aks etgan qator adabiyotlar yuzaga keldi. 1998-yilda chop etilgan “Tarixiy xotirasiz kelajak yo‘q” risolasida tarix fanining qator dolzarb masalalariga eʼtibor qaratildi.
Masala mohiyatini dolzarblik jihatidan kelib chiqqan holda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil yanvarida qabul qilgan qaroriga asosan Oliy va O‘rta maxsus taʼlim vazirligi huzurida O‘zbekistonning eng yangi tarixi jamoatchilik kengashi tashkil etildi.
Mazkur jarayonni yanada takomillashtirish maqsadida 2017-yil 30-iyunda Prezident Sh.M.Mirziyoyev imzosi ostida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Аkademiyasi huzurida O‘zbekistonning eng yangi tarixi bo‘yicha jamoatchilik kengashini tuzish to‘g‘risida”gi Qaror qabul qilindi.
Keyingi yillarda mamlakat tarixini ilmiy manbalar, arxiv hujjatlari, tarixiy adabiyotlar asnosida ilmiy va xolisona tarzda o‘rganish, tadqiq etish, yoshlarni tarixiy bilim bilan qurollantirish, ularda yuksak axloqiy, maʼnaviy fazilatlarni yuksaltirish borasida qator samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Zero, Respublika Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning qator chiqish va nutqlarida taʼlim va tarbiya masalasi bevosita o‘rin egallamoqda. Xususan, 2021-yil 19-yanvardagi maʼnaviy-maʼrifiy masalalarga bag‘ishlangan yig‘ilishda, respublikamizning mustaqilligining qutlug‘ 30 yillik tantana tadbirlari, 1-oktabr O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan tadbirda tarix ilmini chuqur va asosli o‘rganish masalasiga alohida urg‘u berildi. Mustaqillik davrida o‘tgan kunlarni alohida o‘rganish, tadqiq etish, ilmiy-nazariy xulosalar chiqarishni taqozo etadi. Bu, birinchidan, istiqlol yillarida O‘zbekiston dunyo hamjamiyatida o‘ziga xos nufuzga ega bo‘ldi. Moddiy resurslari, ishlab chiqarish imkoniyatlari, aqliy va jismoniy salohiyatlariga ko‘ra, rivojlangan mamlakatlar bilan tengma-teng turib, hamkorlik qilish imkoniyatlariga ega bo‘ldi; ikkinchidan, mamlakatimiz uchun og‘ir, masʼuliyatli paytda respublikamizda ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy barqarorlik taʼminlandi. Respublika hukumati mana shunday ziddiyatli holatda vaziyatni tezda anglab yetdi va to‘g‘ri siyosat yuritdi. O‘zbekistonning eng yangi tarixini o‘rganishda 90-yillarga oid arxiv hujjatlari, kinofoto va ovozli hujjatlar, tegishli adabiyotlar katta ahamiyat kasb etdi.
Istiqlol tufayli o‘z tariximizni o‘zimiz yozish va tarix fani metodologiyasini ishlab chiqish imkoniyatiga ega bo‘ldik. O‘tgan davr ichida O‘zbekistonning yangi tarixi yozildi va tarix fani jadal rivojlanmoqda. Butunlay yangicha ruh va mazmundagi ilmiy qarash (konsepsiya)lar paydo bo‘ldi, zamonaviy nazariy-kontseptual qarashlarni o‘zida aks ettirgan o‘quv qo‘llanma va darsliklar, tarixiy asarlar chop etildi. Bu o‘rinda yuqorida taʼkidlangan metodologik yondashuv ilmiynazariy asosga ega bo‘lib, uning ahamiyati yuqori darajada bo‘ldi.
3. O‘zbekistonning eng yangi tarixini davrlashtirish.
Markaziy Osiyo mintaqasi jahon sivilizatsiyasining ajralmas qismi bo‘lib, insoniyat qadimgi tarixi va madaniyati o‘choqlaridan biri bo‘lib hisoblanadi. Uzoq yillar mobaynida olib borilgan tadqiqotlar natijasida mintaqaning turli viloyatlarida umumiy, bir-biriga o‘xshash, ko‘p hollarda bir-birini takrorlaydigan madaniyatga oid yodgorliklar topib o‘rganilgan va ilmiy doiraga tatbiq etilgan. Chunonchi, O‘rta Osiyo hududlarida qadimgi davrlarda yuz bergan tarixiy-madaniy, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy jarayonlar bir-biriga yaqin bo‘lib, turli migratsion jarayonlarga qaramasdan bu hududda yashagan qadimgi qabilalar hamda elatlarni umumiy va etnik ildizlar birlashtirib turgan. Shuning uchun ham O‘rta Osiyo xalqlarining tarixiy taqdiri qadimgi davrlardan boshlab bir-biriga uzviy bog‘langan bo‘lib, qadimgi davrlar haqida so‘zlaganimizda “Markaziy Osiyo tarixi” va “O‘zbekiston tarixi” atamalarini yonma-yon ishlatishimizning boisi ham ana shundadir. Maʼlumki, nafaqat O‘zbekiston, balki butun insoniyat tarixi uzoq va murakkab jarayon bo‘lib, tarixiy-madaniy voqealarga nihoyatda boy hisoblanadi. So‘nggi yillarda O‘rta Osiyoning turli hududlarida arxeologiya, antropologiya, etnografiya va numizmatikaga oid ko‘plab tadqiqotlar olib borildi hamda tariximizni xolisona yoritish uchun xizmat qiladigan muhim maʼlumotlar to‘plandi. Ushbu maʼlumotlar va ashyolar o‘lka tarixining turli bosqichlaridagi iqtisodiy, madaniy va ijtimoiy-siyosiy jarayonlari haqida yanada to‘laroq tasavvurlar hosil qilish imkonini berib, ular eng qadimgi xo‘jaliklar va mehnat qurollari, zamonaviy qiyofadagi odamning paydo bo‘lishi, xo‘jalikning ishlab chiqaruvchi shakllariga o‘tilishi, ishlab chiqarishda metalning ishlatila boshlanishi, ayirboshlash va savdo-sotiq, ilk shaharlar va davlatlarning tashkil topishi kabi ko‘plab tarixiy-madaniy jarayonlariga bog‘liq ravishda bo‘ladi. Tarixni davrlashtirishda ushbu jarayonlarga asosiy eʼtibor qaratish muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘rta Osiyo, jumladan, O‘zbekiston tarixini zamon talablariga asoslanib davrlashtirish masalasida turlicha nuqtayi nazarlar mavjud. Bu masala yuzasidan, xususan, eng qadimgi davrlardan bugungi kunga qadar bo‘lgan tariximizni davrlashtirishda eʼtibor berilishi lozim bo‘lgan tarixiymadaniy jarayonlar, masalaga sivilizatsion yondashuv, davrlashtirishning metodologik asoslari kabi masalalarga A.Asqarov, E.Rtveladze,
A.Sagdullayev va boshqa olimlar eʼtibor qaratganlar. So‘nggi yillarda amalga oshirilgan tadqiqotlardan kelib chiqib, O‘zbekiston tarixini davrlashtirish masalalariga qisqacha to‘xtalib o‘tish lozim. Chunki o‘rganilayotgan tarixni, avvalo, xronologik izchillikda davrlarga bo‘lib, har bir davrning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olib darslik nuqtayi nazaridan maʼruzalar belgilash hamda dars soatlarini taqsimlash maqsadga muvofiqdir. Qanchalik sodda ko‘rinmasin, bu jihat ham murakkab masala hisoblangan tarixni to‘g‘ri davrlashtirishni talab etadi. Masalaning eng muhim tomoni esa yoshlarimizga ilmiy asoslangan davrlashtirish yuzasidan tarix fanidan taʼlim berishdir.
Yuqorida taʼkidlanganidek, mustaqillik davriga kelib, haqqoniy tariximizni yaratish borasida olib borilgan tadqiqotlar tufayli sovet davri mafkurasiga asoslangan besh bosqichli formatsion davrlashtirish inkor etildi. Qadimgi tarixni davrlashtirish masalasida tarixiy-madaniy taraqqiyotining ijtimoiy-iqtisodiy omillariga asosiy eʼtiborni qaratish g‘oyalari paydo bo‘ldi. Xususan, A.Sagdullaevning fikricha, Markaziy Osiyo tarixining eng qadimgi davri bir necha yuz ming yillarni o‘z ichiga oladi. Yevropa va Osiyo hududlarida tarixiy va madaniy jarayonlar rivojlanishining notekisligi, ayniqsa, turli davrlarda moddiy madaniyatdagi o‘zgarishlarning bir-biriga mos kelmasligi tufayli, ayrim hududlarga tegishli tarixiy sana va davrlashtirish bir-biridan farqlanadi. A.Asqarovning fikricha, O‘zbekiston tarixi jahon tarixining tarkibiy qismidir. Bu zaminda yuz bergan tarixiy jarayonlarni jahon tarixidan ajratib o‘rganish mumkin emas. Ular o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik jamiyat taraqqiyoti qonuniyatlarining mahsulidir. Har bir xalq yer kurrasining qaysi mintaqasida yashamasin, taraqqiyotning barcha bosqichlarini u yoki bu darajada bosib o‘tishi shart. Ammo jamiyat rivojlanishi hamma yerda birday kechmagan. Jamiyatning notekis rivojlanish qonuniyati esa qadimgi zamonlarda ko‘proq mintaqaning tabiiy-geografik va ekologik imkoniyatlariga bog‘liq bo‘lgan. Jamiyat hayotida yuz beradigan tub ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar, Markaziy Osiyo tarixining rivojlanish darajasi va ana shu mintaqa tarixi taqozo etgan holatdan kelib chiqib, Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston tarixini davrlashtirish mumkin.
Tarixni davrlashtirish masalasi A.Asqarovning “O‘zbek xalqining kelib chiqish tarixi” monografiyasida ham keng yoritilgan va unda tarixni davrlashtirishda nimalarga eʼtibor berish lozimligi taʼkidlanib, O‘zbekiston tarixini 7 ta davrga bo‘lib o‘rganish maqsadga muvofiqligi ilgari surilgan. Unda jamiyatda yuz bergan tub o‘zgarishlar hisobga olingan holda, birinchidan, har bir ulkan tarixiy davrda jamiyatning iqtisodiy asosini harakatlantiruvchi kuchlari kimlar edi? Ikkinchidan, jamiyatda mulkka egalik qilishning xarakteri qanday bo‘lgan? Uchinchidan, jamiyat ijtimoiy hayotining maʼnaviy asosini qanday mafkura tashkil etgan? – degan savollar qo‘yilib, kishilik jamiyati tarixi davrlashtirilishi kerak, degan fikrni ilgari surgan. Shu bilan quyidagi davrlashtirish taklif etilgan:
O‘zbekistonda “Ibtidoiy to‘da davri”. O‘zbekistonda “Ibtidoiy urug‘chilik jamoasi va mulk egaligining shakllanish davri”. Bu davrni uch bosqichga bo‘ladi: 1-bosqich – matriarxat urug‘ jamoasi bosqichi. 2bosqich – XX asrning ikkinchi yarmi davomida jahon fanida ShimoliySharqiy Аfrikaning Olduvay darasida olib borilgan arxeologik va antropologik izlanishlarga ko‘ra, odamzodning ilk ajdodlari bundan 2,5-3 million yil avval Аfrika qitʼasida yashay boshlagan. “Homo sapiyens, sapiyens” (aqlli odam) esa, yer kurrasida mil. avv. II million yildan boshlab yashay boshlagan, degan tasavvur paydo bo‘ldi. 3-bosqich urug‘ jamoalarining harbiy demokratiya bosqichi. O‘zbekistonda “Ilk o‘rta asrlar davri”. “O‘rta asrlar davri. Markaziy Osiyo, jumladan, O‘zbekiston tarixining beshinchi davrini “Mustamlakachilik” deb atash mumkin. Uning davriy chegarasi – Rossiya imperiyasi bosqinidan to 1917-yil oktabr to‘ntarishiga qadar davom etgan davrni o‘z ichiga oladi.
O‘zbekiston tarixining oltinchi davri “Sovetlar hukmronligi davri” bo‘lib, bu davr 1917-yildan 1991-yilgacha davom etgan. O‘zbekiston tarixining yettinchi davri eng yangi deb nomlanib, bu davr 1991-yil 31avgustdan to bugungi kungacha bo‘lgan davrlarni qamrab oladi. Yuqorida akademik А.Аsqarovning mulohazasi bo‘yicha guruhlar maʼlum juzʼiy o‘zgarishlar asosida qabul qilindi.
Mazkur davrlashtirish uslubida ham O‘zbekiston hududining o‘ziga xos taraqqiyot yo‘li aks etgan. Shuningdek, biz o‘rganayotgan davr, yaʼni O‘zbekiston tarixining yettinchi davri “O‘zbekistonning eng yangi tarixi” deb atalib, ushbu davr ham o‘z ichida bir necha bosqichlardan iboratdir. Xususan, mustaqillik davrida mamlakatimiz hayotining barcha sohalarida amalga oshirilgan tub o‘zgarishlar, respublika aholisining fidokorona mehnati tufayli qo‘lga kiritilgan katta yutuq va natijalarni, ularning mohiyati va ahamiyatini hisobga olib mustaqil taraqqiyot davrining 3 bosqichga bo‘linishini ko‘rish mumkin. Birinchi bosqich 1991-2000yillarni o‘z ichiga olib, bu davrda mustaqillikning poydevori bunyod etilib, “o‘zbek modeli” asosida ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot sari yo‘l tutildi, O‘zbekiston jahon hamjamiyati tomonidan tan olindi, milliy istiqlol mafkurasi jamiyat hayotiga keng kirib bordi.
2001-2010-yillarni o‘z ichiga olgan ikkinchi bosqich, demokratik o‘zgarishlar, iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish, ijtimoiy-siyosiy hayot sohalarini izchil isloh qilishni taʼminlash davri bo‘ldi.
Uchinchi bosqich esa 2010-yildan 2017-yilgacha bo‘lgan davr hisoblanib, bunda davlat hokimiyati va boshqaruvini demokratlashtirish, fuqarolik institutlarini rivojlantirish, bozor islohotlarini va iqtisodiyotni liberallashtirish – chuqurlashtirish davri bo‘lib qoldi. Ushbu davrning boshlanishi mamlakatda fuqarolik jamiyatini shakllantirish va demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish konsepsiyasining ishlab chiqarilishi bilan bog‘liqdir.
Shuningdek, O‘zbekistonning eng yangi tarixida yuqoridagi bosqichlarga qo‘shimcha ravishda 2017-yildan keyingi davrni ham alohida jarayon sifatida qabul qilish lozim. Mazkur davr tarixi 2016-yil dekabr oyida saylangan O‘zbekiston Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning strategik taraqqiyotga asoslangan keng ko‘lamli jadal islohotlar davri boshlangani bilan izohlash mumkin. Bu davr hozirgi kunda Yangi O‘zbekiston taraqqiyot davri deb ham nomlanmoqda.
Mustaqillikka erishganimizdan keyingi davrda O‘zbekistonning eng yangi tarixini yozish soha xodimlari oldidagi dolzarb masalalardan biri bo‘lib, bu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi qoshida “O‘zbekistonning yangi tarixi markazini tashkil etish” to‘g‘risidagi Farmoyishiga muvofiq hamda xalqimizning yangi tarixini o‘rganish va yozish, mamlakatimiz hayotida sodir bo‘layotgan katta o‘zgarishlar va uning jahonshumul tarixiy ahamiyatini ko‘rsatishni amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 16-dekabrdagi “O‘zbekistonning yangi tarixi”ni tayyorlash va nashr etish to‘g‘risidagi qarorining o‘rni ahamiyatli hisoblanadi. Ushbu qarorga ko‘ra,
O‘zbekistonning yangi tarixi”ni yozishda quyidagi asosiy yo‘nalishlar eʼtiborga olinishi belgilab berildi:
xalqimiz o‘tmishidagi millat taqdiri bilan bog‘liq bo‘lgan tarixiy jarayonlarni chuqur ilmiy tadqiq etish va xolisona yoritish;
“O‘zbekistonning yangi tarixi”ni yozishda tarix bosqichlari va ijtimoiy-siyosiy taraqqiyot uzluksiz jarayon ekanligini nazarda tutish, tarixiylik va vorisiylik tamoyillariga amal qilish;
O‘zbekiston xalqining buyuk tarixiy merosga ega ekanligi va umumbashariyat qadriyatlariga munosib hissa qo‘shganligini eʼtirof etgan holda o‘ziga xos davlat qurilishi anʼanalari va ularga nisbatan fikrlar, qarashlar xilma-xilligi mavjudligini hisobga olish;
“O‘zbekistonning yangi tarixi”ning har bir qism va bo‘limlarini yozishda biryoqlama, subʼyektiv yondashuvlarga yo‘l qo‘ymasdan yagona tadqiqot uslubiga amal qilish;
O‘zbekiston tarixiga oid voqea-hodisalarni yoritishda uning ko‘hna Turonzamin, Movaraunnahr, Turkiston tarixining tarkibiy qismi bo‘lganligini yodda tutish;
O‘zbekiston tarixi dunyoning turli mintaqalarida sodir bo‘lgan ijtimoiy-tarixiy voqea-hodisalar hamda jahon taraqqiyoti jarayonlari bilan uzviy bog‘liq ekanligini va ularning bir-biriga o‘zaro taʼsirini hisobga olish;
tadqiqot yaratishda eski kommunistik-bolshevistik mafkura aqidalariga va o‘tmishni soxtalashtirishga yo‘l qo‘ymaslik, tarixiy jarayonlarni xolisona baholash;
yoshlarni milliy istiqlol g‘oyalari, vatanparvarlik va umuminsoniylik ruhida tarbiyalashda tarixiy voqea-hodisalarning ahamiyatini eʼtiborga olish.
“O‘zbekiston milliy davlatchiligining vujudga kelishi va taraqqiy topishining eng yangi tarixini tadqiq etish va o‘qitish, ilmiy, ilmiyommabop, o‘quv-metodik, maʼrifiy adabiyotlarni tayyorlash va chop etish, ilm-fanning taʼlim hamda boshqa ijtimoiy sohalar bilan integratsiyasi mexanizmlarini mustahkamlash va rivojlantirish borasida ilmiy, madaniy, taʼlim, jamoat muassasalari va tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish ishlarining samaradorligini oshirish, yoshlarda, avvalambor, umumtaʼlim maktablari, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar o‘quvchilarida, oliy o‘quv muassasalari talabalarida mamlakat tarixi haqidagi chuqur bilimlarni shakllantirish maqsadida” O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 30-iyun kuni “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzurida O‘zbekistonning eng yangi tarixi bo‘yicha Jamoatchilik kengashi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori ham O‘zbekistonning eng yangi tarixini yaratishda muhim burilish bo‘lib xizmat qildi. Mazkur qaror bilan O‘zbekistonning eng yangi tarixi bo‘yicha Jamoatchilik kengashining quyidagi asosiy vazifalari belgilandi:
demokratik huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini shakllantirishning “o‘zbek modeli” mohiyati va mazmunini, jamiyatda barqarorlikni, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni saqlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borish, hozirgi dunyoda O‘zbekistonning roli va o‘rnini chuqur o‘rganish hamda yaqqol ochib berish;
O‘zbekistonning eng yangi tarixini zamonaviy nazariy-
metodologik, fanlararo yondashuvlarga, tarixiylik va xolislik tamoyillariga asoslangan holda tizimli o‘rganishni tashkil etish, O‘zbekistonning eng yangi tarixi bo‘yicha dolzarb muammolarni ishlab chiqish, shuningdek, buyuk tarixiy-madaniy merosga ega bo‘lgan va jahon sivilizatsiyasining rivojiga ulkan hissa qo‘shgan o‘zbek xalqining tarixiy o‘tmishi va bugungi kuniga baho berishda bir yoqlama yondashuvlarga, aqidaparastlikka yo‘l qo‘ymaslik ishlarini amalga oshirish;
ilmiy, o‘quv, o‘quv-metodik adabiyotlarning yangi avlodini tayyorlash va chop etish ishlarini muvofiqlashtirish, ularda O‘zbekistonning eng yangi tarixini umumjahon va mintaqaviy jarayonlar bilan, shuningdek, hozirgi O‘zbekiston hududida shakllangan xalqlar va davlatlar sivilizatsiyasining tarixiy-madaniy merosi bilan uzviy bog‘liq holda ko‘rib chiqishni taʼminlash;
O‘zbekistonning eng yangi tarixi bo‘yicha ilmiy, o‘quv va o‘quvmetodik adabiyotlar, o‘quv dasturlari monitoringini shakllantirish;
sohada ilmiy-tadqiqot, o‘quv-metodik ishlarning sifatini yaxshilash bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish va joriy etish;
fuqarolarda tarixiy xotira, milliy o‘zlikni anglash, yuksak maʼnaviyat, xalqning tarixiy anʼanalari, madaniy merosiga hurmat, O‘zbekiston mustaqillikka erishganligining buyuk tarixiy ahamiyatini anglash kabi fazilatlarni shakllantirishga yo‘naltirilgan maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini, shu jumladan, ommaviy axborot vositalari orqali oshirib borishga ko‘maklashish;
O‘zbekiston tarixi bo‘yicha zamonaviy chet el ilmiy va o‘quv adabiyotlarini o‘rganishga yo‘naltirilgan tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish, hozirgi O‘zbekistonning tarixiy o‘tmishi, sotsial-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy rivojlanishi, mamlakatda olib borilayotgan demokratik islohotlar to‘g‘risidagi xolis axborotni keng xalqaro jamoatchilikka ilmiy asosda yetkazish.
Qarorda, shuningdek, ijtimoiy-gumanitar fanlarni taʼlim bilan integratsiyalashuvini mustahkamlash va rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilgan.
Jamoatchilik kengashining ishchi organi sifatida O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi metodik markaz belgilangan bo‘lib, uning asosiy vazifalari sifatida Jamoatchilik kengashi faoliyatini ilmiy-metodik taʼminlash, O‘zbekistonning eng yangi tarixini o‘rganish bo‘yicha dolzarb masalalarni ishlab chiqish, O‘zbekiston Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda
O‘zbekistonning eng yangi tarixi bo‘yicha o‘quv, o‘quv-metodik adabiyotlar yaratish yuzasidan tanlovlar o‘tkazishda ishtirok etish, davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasida O‘zbekistonning eng yangi tarixi tadqiqotlari bo‘yicha ilmiy-texnika loyihalari tanlovlarini vazifalari ro‘yxatiga kiritish uchun takliflar ishlab chiqish, O‘zbekistonning eng yangi tarixini o‘rganishning nazariy-metodologik asoslarini takomillashtirish yuzasidan tadqiqotlar olib borish, har yili O‘zbekiston eng yangi tarixining dolzarb masalalari bo‘yicha o‘tkaziladigan xalqaro va respublika konferensiya hamda seminarlari ro‘yxatini amaldagi tartibda ishlab chiqish belgilangan.
Dunyoda, xususan, O‘zbekistonda yuz berayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar davrida tarix fani ham bir qator masalalarni qayta ko‘rib chiqish va chuqur o‘rganish muammosiga duch kelmoqda. Bu haqida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2018-yil 18dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida “...milliy o‘zligimizni anglash, Vatanimizning qadimiy va boy tarixini o‘rganish, bu borada ilmiy tadqiqot ishlarini kuchaytirish, gumanitar soha olimlari faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash lozim”, degan fikrlari bayon qilingan va yuqorida ta’kidlangan masalalr sohaning oldiga ko‘plab ilmiy masalalarni ko‘ndalang qo‘yadi.
4. O‘zbekistonning eng yangi tarixi fanini o‘rganishning ahamiyati.
Maʼlumki dunyoda mavjud 3,5 mingdan ziyod xalqlarning faqat 200 tadan ziyodi o‘z davlatchiligiga ega. Xalqlarning o‘z mustaqil davlatchiligiga ega bo‘lishi, shubhasiz, shu hududda yashovchi barcha aholi uchun keng rivojlanish imkoniyatlarini ochib beradi. Mazkur imkoniyatlar o‘zbek xalqi davlatchiligiga bevosita taalluqlidir.
Taraqqiy etgan millatlarning o‘z tarixini yaxshi bilishi, tarixiy yodgorlik va obidalarini eʼzozlashi, ularni ko‘z qorachig‘idek asrashining ko‘pgina sabablari bor. Bu, eng avvalo, tarix insoniyat paydo bo‘lganidan to hozirgacha davom etib kelayotgan ijtimoiy jarayon oynasi ekanligi bilan bog‘liqdir. Ikkinchidan esa, butun insoniyat shu tarixga qarab, o‘z o‘tmishi va borligini anglaydi, kelajak rejalarini belgilaydi. Boshqacha bir maʼnoda tarix buyuk faylasuf va donishmanddir. Uning mana shu dono falsafasini to‘g‘ri anglagandagina, xalqlar o‘z kelajagi uchun mustahkam poydevor yaratadi.
Xristianlik falsafasi asoschisi А.Аvgustian (354-430 yy.) hozirgi eramiz boshidayoq, yaʼni bundan bir ming olti yuz yil oldin tarixning xalq va millatning taqdirida tutajak o‘rnini ko‘rsatib, shunday degan edi: “G‘aflatda yotgan xalqni uyg‘otish uchun, avvalo, uning tarixini uyg‘ot”. Qadimgi Rimda esa “Tarix – hayotning muallimidir” degan yozuv shior sifatida shahardagi peshtoqlardan biriga yozib qo‘yilgan edi. XIII asr Sharq tarixchisi Shahobiddin Muhammad an-Nasaviy ham bu fikrni o‘zining quyidagi to‘rtligida yanada teran maʼnoda mana bunday bayon etadi: Kimki tutmas qalbida tarixini, U inson ham emas, olim ham emas.
Biroq kimki uqsa o‘tmishini, Ko‘p boyitar o‘z turmushini.
XXI asrga rivojlanishning zamonaviy taraqqiyot yo‘li bilan kirib kelgan, boy madaniyati va bebaho maʼnaviyatiga ega bo‘lgan o‘zbek xalqi o‘zining ming yilliklar qaʼriga kirib borgan tarixiy o‘tmishi bilan alohida o‘rin egallaydi. Hozirgi O‘zbekiston Respublikasi hududlarida bo‘lib o‘tgan tarixiy-madaniy jarayonlar, ijtimoiy-iqtisodiy yuksalishlar, turli davrlarda xalq farovonligi va taraqqiyotini ko‘zlab o‘tkazilgan ko‘plab islohotlar, shuningdek, yuksalish va inqiroz holatlari, chet el bosqinchilariga qarshi ozodlik kurashlari yurtimizning serqirra va rang- barang tarixidan dalolat beradi. Shu bois ham bu tarix eng qadimgi davrdan boshlab ko‘p ming yillar davomida ajdodlarimiz va xalqimiz tarixi sifatida nafaqat o‘zbekistonlik, balki xorij olimlari tomonidan ham tan olinib o‘rganildi, tadqiq etildi va ayni paytda ham shu yo‘nalishdagi ilmiy tadqiqotlar izchillik bilan davom etmoqda.
O‘zbekiston davlat mustaqilligini qo‘lga kiritgach, sovet davridagi tarixga munosabatdan farqli o‘laroq o‘tmish tarixiga munosabat tubdan o‘zgardi. Haqqoniy tarixni tadqiq etish boshlanib, avvalo, tarixni davrlashtirishdagi besh formatsiyali noilmiy “izm”lardan voz kechildi. Zero, tarix ijtimoiy-iqtisodiy formatsiyalar almashinuvi bo‘lmasdan, balki bir-birini almashtirib va to‘ldirib turuvchi, maʼlum xalqlar va elatlar, etnik guruhlar tomonidan yaratilgan sivilizatsiyalar hosilasi hamda zanjiri ekanligi respublika olimlari tomonidan yakdillik bilan eʼtirof etildi.
Tarixning yaratuvchisi va ijodkori xalqdir. Bo‘lib o‘tgan tarixiymadaniy jarayonlar, voqea va hodisalar, islohotlarni xalqsiz va tarixiy shaxslarsiz tasavvur etish aslo mumkin emas. Tarix – xalqning fikr hamda tafakkurining hosilasidir. Аynan shuning uchun ham tarix – ibrat maktabi bo‘lib, o‘tmishda yo‘l qo‘yilgan nuqsonlarni anglash va ulardan tegishli saboq chiqarish, hushyorlik va ogohlikka, buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi turishga undovchi, milliy birlik, hamkorlik va bag‘rikenglikka chaqiruvchi beqiyos ahamiyatli maktabdir. Shundan kelib chiqib taʼkidlash lozimki, qadim o‘tmish bilan bugungi kunning, o‘tmish ajdodlarimiz bilan bugungi avlodlarimiz o‘rtasidagi bog‘liqlikni unutmasdan yanada mustahkamlash milliy taraqqiyotning asosiy kafolati hisoblanadi. Bunday bog‘lanishda esa tarix asosiy ko‘prik vazifasini bajaradi.
Haqqoniy yozilgan Vatan tarixini o‘rganish va o‘qitish u soxta tarixiy tushuncha va tarixiy xotirasizlikka barham beradi, milliy g‘oya va mafkuraning takomillashuvini tezlashtiradi. Xalqimiz undan ruhiy quvvat olib, dushmanga bosh egmaslik, mustamlaka ilkiga tushmaslik, boshqalarga bo‘ysunmaslik, begona g‘oya va mafkura hamda zug‘umlar taʼsiriga berilmaslik maʼnaviyatiga ega bo‘ladi. Shuning uchun ham tarixni o‘rganish va o‘qitish zarur. Tarixni mukammal bilish, uning mazmun va mohiyati, falsafasini teran anglash millat uchun yuksak fazilat hisoblanadi.
O‘zbekistonning eng yangi tarixi fani oldida turgan asosiy vazifa quyidagilardan iboratdir: birinchidan, yoshlarga va bo‘lajak mutaxassis kadrlarga chuqur milliy va umuminsoniy tarixiy, g‘oyaviy-siyosiy, ilmiynazariy dunyoqarashni singdirish; ikkinchidan, yoshlarda milliy tafakkur, g‘urur va o‘zlikni, milliy vijdon va umuminsoniy barkomollikni tarbiyalash; uchinchidan, yoshlarda otashin vatanparvarlik va milliy jasoratni, millat va Vatanga sadoqatni rivojlantirish; to‘rtinchidan, yoshlarga milliy va tarixiy qadriyatlarni eʼzozlash, asrab-avaylash ruhini singdirish, ularda yuksak axloqiy fazilatlar (halollik, poklik, odillik, rostgo‘ylik, mehnatsevarlik, kamtarinlik, imon va eʼtiqodlik)ni tarbiyalash; beshinchidan, yoshlarni Vatan va xalq, millat, ota-ona, farzand, tabiat va jamiyat oldidagi muqaddas burchlarini chuqur his etish va ularga sadoqatlik ruhida kamol toptirish.
2017-yildan boshlab O‘zbekiston milliy tiklanishdan – milliy yuksalish tomon yo‘l oldi. Bunda Respublikamiz Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan, mamlakatni zamonaviy asnoda rivojlantirishga qaratilgan Harakatlar strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalar katta ahamiyat kasb etmoqda. 2021-yil oxirlaridan bu strategiya – Taraqqiyot strategiyasi nomini oldi.
O‘zbekistonning eng yangi tarixi fani uzviy ravishda yuqoridagilar va bulardan boshqa o‘zining xilma-xil imkoniyatlaridan kelib chiqib, komil insonni tarbiyalashga katta hissa qo‘shadi. Vatan tarixining davlat boshqaruvi va qurilishida, jamiyat va insoniyat taraqqiyotida, millat va xalq hayotida tutgan o‘rni hamda ahamiyati benihoya katta ekanligi qadimqadimdan eʼtirof etib kelinmoqda. Shuni alohida taʼkidlash kerakki, tarixning bu ajoyib xislati va tarbiyaviy ahamiyati, kuch-qudratini barchamiz teran his etishimiz va anglab yetmog‘imiz lozimdir.
Tayanch so‘zlar.
Fanning predmeti va obʼyekti, o‘quv jarayoni, O‘zbekiston, tarix, eng yangi tarix, mustaqillik, ijtimoiy fanlar, inson omili, millat o‘tmishi, tarixiy makon, voqea-hodisalar, inson va tabiat, tarix falsafasi, mentalitet, metodologiya, ilmiy-nazariy asoslar, usullar, tamoyillar, ijtimoiy zaruriyat, nazariya, sivilizatsion yondashuv, metodologiya tamoyillari, davrlashtirish, yordamchi fanlar, madaniy meros, fanning ahamiyati va vazifalari.
Mavzu yuzasidan savol va topshiriqlar.
O‘zbekistonning eng yangi tarixi fanining fan sifatida tutgan o‘rniga baho bering.
O‘zbekistonning eng yangi tarixi fanining predmeti va obʼyekti haqida nimalarni bilasiz?
O‘zbekistonning eng yangi tarixi fanining usullari va tamoyillari haqida nimalar deya olasiz?
O‘zbekistonning eng yangi tarixini davrlashtirishda nimalarga asosiy eʼtibor berish lozim?
Metodologiya nima? Tarix falsafasining mohiyati nimada?
O‘zbekistonning eng yangi tarixini o‘rganishdagi manbalar haqida maʼlumot bering.
O‘zbekistonning eng yangi tarixini o‘rganishda yordamchi fanlar haqida qanday fikr bildirasiz?
O‘zbekistonning eng yangi tarixi o‘rganishning ahamiyati nimada?
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati.
Mirziyoyev Sh.M. Erkin va farovon, demokratik O‘zbekiston davlatini birgalikda barpo etamiz. – Toshkent: O‘zbekiston, 2016.
Mirziyoyev Sh.M. Buyuk kelajagimizni mard va oliyjanob xalqimiz bilan birga quramiz. – Toshkent: O‘zbekiston, 2017.
Mirziyoyev Sh.M. Milliy taraqqiyt yo‘limizni qatʼiyat bilan davom ettirib yangi bosqichga ko‘taramiz. – Toshkent: O‘zbekiston, 2017.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga murojaatnomasi. Xalq so‘zi. 2018-yil, 29-dekabr.
2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasi. – Toshkent: Maʼnaviyat, 2017.
Karimov I.А. Tarixiy xotirasiz kelajak yo‘q. – Toshkent: Sharq, 1998.
Karimov I.А. Yuksak maʼnaviyat – yengilmas kuch. –
Toshkent: Maʼnaviyat, 2008.
Аsqarov А. O‘zbek xalqining kelib chiqish tarixi.– Toshkent: O‘zbekiston, 2015.
Mustaqil O‘zbekiston tarixi. Masʼul muharrir: А.Sobirov. – Toshkent: Аkademiya, 2013.
Rasulov А., Isoqboyev А. Tarix fanining ilmiy tadqiqot asoslari va uslubiyoti. – Namangan, 2008.
Toshpo‘latov T., G‘afforov Ya. Tarix o‘qitish metodikasi. – Toshkent: Turon-Iqbol, 2010.
Eshov B. O‘zbekiston tarixini davrlashtirish masalalari // O‘zbekiston tarixi fanidagi innovatsiyalar. – Toshkent: Noshir, 2012. – B. 278-385.
Eshov B.J., Odilov А.А. O‘zbekiston tarixi. Masʼul muharrir:
R.H.Murtazayeva. Darslik. I jild. – Toshkent: Yangi asr avlodi, 2014.
Shamsutdinov R., Karimov Sh. Vatan tarixi. Birinchi kitob. – Toshkent, Sharq, 2010 (Lotin alifbosida).
Shamsutdinov R.T., Mo‘minov X. O‘zbekiston tarixi. –
Toshkent: Sharq, 2013 (Lotin alifbosida).
Eshov B.J., Odilov А.А. O‘zbekiston tarixi. Tarix fakultetlari uchun darslik. II kitob. – Toshkent: Donishmand ziyosi, 2020.
O‘zbekiston tarixi. Tarix fakultetlari talabalari uchun darslik. I kitob. Masʼul moharrir: А.S.Sagdullayev. – Toshkent: Fan, 2019.
Xolboyev S. Milliy mustaqillik va taraqqiyotning o‘zbek modeli. – Toshkent: O‘zbekiston, 2015.