Tа’lim vаzirligi


-MAVZU. IQTISODIY ISLOHOTLAR, XUSUSIY MULKCHILIKNING SHAKLLANISHI. O‘ZBEKISTONDA BOZORO MUNOSABATLARINING RIVOJLANISHI



Yüklə 1,19 Mb.
səhifə7/15
tarix21.10.2023
ölçüsü1,19 Mb.
#158658
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   15
O\'ZBEKISTONNING ENG YANGI TARIXI DARSLIK 2022 1

6-MAVZU. IQTISODIY ISLOHOTLAR, XUSUSIY MULKCHILIKNING SHAKLLANISHI. O‘ZBEKISTONDA BOZORO MUNOSABATLARINING RIVOJLANISHI.
Reja:

  1. Bozor iqtisodiga o‘tishning asosiy tamoyillari. O‘zbekistonning o‘ziga xos ijtimoiy-iqtisodiy yangilanish yo‘lini tanlashi.

  2. Bozor iqtisodiyotiga o‘tilishi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning rivojlantirilishi, mamlakatimizdagi iqtisodiy o‘sish.

  3. O‘zbekiston iqtisodiyotida qishloq xo‘jaligining o‘rni. Аgrar islohotlar.

  4. O‘zbekiston xalq xo‘jaligining yangi istiqbollari.

1. Bozor iqtisodiga o‘tishning asosiy tamoyillari. O‘zbekistonning o‘ziga xos ijtimoiy-iqtisodiy yangilanish yo‘lini tanlashi.
Butun dunyodagi rivojlangan davlatlar iqtisodining asosini bozor iqtisodiyoti tashkil etadi. Bozor iqtisodiyoti tovar-pul munosabatlariga asoslangan va ularga xos iqtisodiy qonunlar asosida ishlaydigan iqtisoddir. Bozor iqtisodiyoti qadim zamonlardan boshlab ming yillar davomida shakllanib, takomillashib kelmoqda. Iqtisodiy taraqqiyotda bozor munosabatlari ikki xil shaklda namoyon bo‘ldi. Birinchisi, tartibsiz, stixiyali faoliyat yurituvchi bozor iqtisodiyoti bo‘lib, bunda ishlab chiqaruvchilar va isteʼmolchilar tarqoq, o‘zibo‘larchilik asosida, maqsadi va harakati oldindan kelishilmagan holda faoliyat yuritadilar. Ikkinchisi, davlat, iqtisodiy qonunlar va iqtisodiy vositalar bilan tartibga solinadigan, boshqariladigan bozor iqtisodiyotidir.
Uning quyidagi xususiyatlari mavjud:

  • tovar ishlab chiqaruvchilar iqtisodiy erkin bo‘ladi;

  • kishilar mulk egasi bo‘ladi, o‘zi ishlab chiqargan mahsulot egasi bo‘lib, uning o‘zi xohlaganicha sotishi va sotmay turishi mumkin;

  • tovar oldi-sotdisi sotuvchi bilan xaridorning erkin va ixtiyoriy munosabatiga asoslanadi;

  • tovar ishlab chiqaruvchilar bozorda erkin raqobatda bo‘ladilar;

  • bozorda ishlab chiqaruvchi emas, isteʼmolchi o‘z shartini qo‘yadi, chunki pul uning qo‘lida bo‘ladi;

  • bozorda nimaga talab oshsa, shu narsani ishlab chiqarish foydali bo‘ladi;

  • jamiyat aʼzolari o‘z daromadiga ko‘ra tabaqalanadi.

Jahon tarixi tajribasi guvohlik beradiki, insoniyat birdaniga tartibga solinuvchi bozor iqtisodiyotini yaratolmagan, necha ming yillar davomida stixiyali bozor iqtisodiyoti sharoitida yashab, vaqti-vaqti bilan iqtisodiy larzalarni, chuqur iqtisodiy inqirozlarni boshidan kechirgan. XX asrda jahon sivilizatsiyasi insoniyat manfaatlari yo‘lida yanada jadal taraqqiy etdi. Bu jarayon iqtisodiy tafakkurga ijobiy taʼsir etib, tartibga solinuvchi bozor iqtisodiyoti g‘oyasini keltirib chiqardi. Unga amal qilgan davlatlarda iqtisodiyot jadal o‘sa boshladi, aholi turmushi, farovonligi yaxshilanib bordi. Shu tariqa dunyoda tartibga solinadigan bozor munosabatlari iqtisodiyotning yetakchi shakliga aylanib bordi.
Sovet hukmronligi davrida esa hokimiyat tepasida turgan kommunistlar mulkni yoppasiga davlat ixtiyoriga olish, resurslarni markazlashtirilgan tarzda maʼmuriy-buyruqbozlik, rejalashtirish asosida boshqarish va taqsimlash yo‘li bilan ijtimoiy adolatni qaror toptirish va xalq farovonligini oshirishga urinib ko‘rdi. 74 yil davom etgan bu sinov o‘zini oqlamadi, ijtimoiy adolat ham qaror topmadi, xalq uchun farovon turmush ham yaratilmadi va oxir-oqibatda maʼmuriy buyruqbozlik asosida boshqariladigan o‘ta siyosiylashgan, mafkuralashgan iqtisodiyot tanazzulga uchradi.
Mustaqillik yillarida O‘zbekiston iqtisodiyotidagi yangilanish, tub o‘zgarishlarni o‘rganishga kirishar ekanmiz, avvalo, mustabid sovet tuzumidan bizga qanday iqtisodiyot meros bo‘lib qolganini tushunib, chuqur anglab yetishimiz lozim. O‘zbekiston qaramlik davrida o‘z tabiiy boyliklariga, yer-suv, o‘rmon va boshqa resurslariga o‘zi egalik qila olmasdi, iqtisodiy taraqqiyot yo‘lini o‘zi belgilay olmasdi. Respublika hududida qurilgan va faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar markazga, uning manfaatlariga bo‘ysundirilgan edi. O‘zbekiston rahbariyati, xalqi o‘z hududida qancha mahsulot ishlab chiqarilayotganini, ular qayerda realizatsiya qilinayotganini va qancha daromad keltirayotganidan bexabar edi.
Mustaqillikni qo‘lga kiritgan O‘zbekiston moliya-kredit, bank siyosati yuritishda qaram edi, o‘zining milliy valyutasiga, valyuta jamg‘armasiga ega emasdi. Sovet davlatidan zaif xom ashyo yetishtirishga yo‘naltirilgan, yaʼni arzon xom ashyo va strategik mineral resurslar tayyorlanadigan iqtisodiyot meros bo‘lib qolgan edi. Respublika iqtisodiyotida boy mineral xom ashyo resurslaridan ayovsiz, nazoratsiz foydalanish hukmronlik qilardi. Umri tugagan sovet tuzumidan iqtisodiy boshqaruvning maʼmuriy-buyruqbozlik usuli, “Qayta qurish” davrida batamom barbod bo‘lgan iqtisodiyot, izdan chiqqan moliyaviy narx-navo tizimi, tushkunlik holatidagi ijtimoiy-iqtisodiy muhit meros bo‘lib qolgan edi. Respublika korxonalari Sovet Ittifoqi bo‘yicha boshqa korxonalar bilan uzviy bog‘langani sababli, endi ular o‘rtasidagi aloqalar uzilib, xo‘jalik yuritish murakkablashib qolgan edi. O‘zbekiston yoqilg‘i va oziqovqat ham masalasida markazga qaram edi.
Ekin ekiladigan yerlarning paxta maydonlariga aylantirilishi, paxta yakka hokimligining o‘rnatilishi natijasida O‘zbekiston un, go‘sht, sut mahsulotlari va boshqa eng muhim oziq-ovqat mollari, xalq isteʼmoli tovarlari, tayyor mahsulotlarni chetdan keltirishga mahkum etilgan edi. Paxta, oltin, rangli metallar, strategik ahamiyatga ega bo‘lgan boshqa materiallar tashib ketilar, ularni sotishdan keladigan daromad O‘zbekiston xazinasiga tushmas edi. Hatto o‘ziga qarashli bo‘lgan mablag‘ni markazdan dotatsiya sifatida so‘rab olishga majbur edi. Аholi turmush darajasi bo‘yicha nochorlik va yetishmovchilik Ittifoq miqyosida eng oxirgi o‘rinlardan birida edi.
Ittifoqdan mustaqil bo‘lgan Rossiya, Ukraina va Belorussiyadan farqli o‘laroq, O‘zbekiston aholisining deyarli uchdan ikki qismi qo‘l uchida tirikchilik qilardi. Sovet tuzumidan o‘tkir ijtimoiy, ekologik muammolar meros bo‘lib qolgan edi. Аholi yerning nihoyat darajada sho‘rlanishi, havoning va suv zahiralarining ifloslanganligi, radioaktiv ifloslanish, Orol dengizining qurib borishi oqibatida juda katta ekologik xavfga duch kelib qolgan edi.
Iqtisodiy mustaqillikning imkoniyatlari. Iqtisodiy mustaqillik xalqimizni o‘z yeri, yer osti boyliklari, suv, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy zahiralarga to‘la egalik qilish huquqini berdi. O‘z hududimizdagi barcha mulk, korxonalar O‘zbekiston tasarrufiga olindi, mustaqil iqtisodiy siyosat yuritish, iqtisodiy taraqqiyot yo‘lini o‘zi belgilash erkinligi qo‘lga kiritildi. Iqtisodiy mustaqillik mamlakatimizga mustaqil moliya-kredit, bank siyosatini yuritish, o‘z davlat byudjetini yaratish va unga to‘la egalik qilish, milliy valyuta, oltin zahirasi va valyuta jamg‘armasini tashkil etish va ulardan xalqimiz farovonligi, yurtimiz obodonligi yo‘lida mustaqil foydalanish imkoniyatini yaratdi. Iqtisodiy mustaqillik tufayli ishlab chiqarish munosabatlarini maʼmuriy buyruqbozlik, markaziy rejalashtiruvchi mexanizmdan erkin bozor iqtisodiyoti sharoitlariga o‘tkazish, jahon xo‘jaligi aloqalari tizimiga kirish imkoniyati bo‘ldi. Davlat mustaqilligi qo‘lga kiritilgach, O‘zbekiston umumbashariy, jahon sivilizatsiyasining katta yo‘liga tushib oldi.
Mustaqillikning dastlabki yillarida O‘zbekiston bozor munosabatlarini shakllantirish, milliy anʼanalarga asoslangan o‘z taraqqiyot yo‘lini tanlab oldi. Chunki turli mamlakatlardagi bozor iqtisodiyoti, u xoh Аmerika yoki Germaniyada bo‘lsin, xoh Yaponiya yoki Janubiy Koreyada bo‘lsin, baribir umumiy qonunlar bo‘yicha rivojlanib borgani holda har biri o‘zining o‘ziga xos xususiyatlariga ham ega bo‘lgan. Bu xususiyatlar xo‘jalikning tuzilishi va shart-sharoitlari, tabiati va iqlimi, milliy rasm-rusumlari, anʼanalari va milliy xarakteri orqali belgilanadi. O‘zbekistonda bozor munosabatlariga o‘tishning o‘ziga xos yo‘li ishlab chiqildi.
Bu yo‘lning asosiy qoidalari Birinchi Prezident Islom Karimovning “O‘zbekiston – bozor munosabatlariga o‘tishning o‘ziga xos yo‘li” nomli asarida, Respublika parlamentida qilgan maʼruza va nutqlarida, mamlakat parlamenti qabul qilgan qonunlarda bayon etib berilgan. Bu yo‘lga, birinchidan, xalqaro tajriba asos qilib olindi. Ikkinchidan, respublikamiz xo‘jalik imkoniyatlari, shart-sharoitlari, eski tuzumdan meros bo‘lib qolgan muammolar hisobga olindi. Davlat qurilishi dasturining va O‘zbekiston iqtisodini isloh etishning butun o‘zagini mamlakatning Birinchi Prezidenti I.А.Karimov tomonidan ishlab chiqilgan besh asosiy tamoyil tashkil etdi. Ushbu tamoyil asosini quyidagilar tashkil etadi:
Birinchidan, iqtisodiyotni mafkuradan batamom holi qilish. Iqtisodiyot siyosatdan ustun turmog‘i lozim. Аynan iqtisodiyot, uni yanada rivojlantirish muammolari davlat siyosatining asosiy mazmuniga aylandi.
Ikkinchidan, davlatning o‘zi eski tuzumdan yangi tuzumga o‘tish davrida bosh islohotchisi bo‘lishi zarur. Davlat butun xalqning manfaatlarini ko‘zlab, islohotlar jarayonining tashabbuskori bo‘lishi, iqtisodiy taraqqiyotning yetakchi yo‘nalishlarini belgilashi, iqtisodiyotda, ijtimoiy sohada va suveren davlatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida tub o‘zgarishlarni amalga oshirish siyosatini ishlab chiqishi va izchil ro‘yobga chiqarishi kerak.
Uchinchidan, Qonunning ustuvorligi, yangilanish va taraqqiyot jarayoni qonunlarga asoslanmog‘i zarur. Iqtisodiy o‘zgarishlar amaliy kuchga ega bo‘lgan qonunga tayangandagina sezilarli natija berishi mumkin.
To‘rtinchidan, bozor iqtisodiyotiga o‘tishda kuchli ijtimoiy siyosatni amalga oshirish, davlatning aholining ijtimoiy nochor guruhlarini qo‘llabquvvatlash borasida masʼul bo‘lishidir. Iqtisodiy islohotlarning barcha bosqichlarida demografiya sohasidagi real ahvolni, aholini mavjud turmush darajasini hisobga olgan holda odamlarni ijtimoiy himoyalash sohasida kuchli chora-tadbirlarni oldindan amalga oshirish kerak. Ijtimoiy himoyalash mexanizmi mavjud bo‘lganidagina ijtimoiy-siyosiy barqarorlikni saqlash mumkin.
Beshinchidan, islohotlarni, bozor munosabatlarini shakllantirishni puxta o‘ylab, bosqichma-bosqich amalga oshirish lozim. “Bu yo‘l va andoza iqtisodiyoti bozor munosabatlari asosiga qurilgan rivojlangan mamlakatlarning ko‘p asrlik tajribasiga, shuningdek, O‘zbekiston xalqining milliy-tarixiy merosi, turmush tarzi, anʼanalari va ruhiyati xususiyatlariga tayanishi lozim”.
Ushbu beshta tamoyilning har biri demokratik va iqtisodiy o‘zgarishlarni muvaffaqiyatli isloh qilib borishda muhim ahamiyatga egadir. Shu bilan birga bozor iqtisodiyotiga bosqichma-bosqich o‘tish tamoyili alohida eʼtiborga loyiq. Bu yetakchi tamoyillardan biridir. Bu iqtisodiy islohotlarning butun ichki mantiqini, rivojlanib borishi va xarakterini belgilab beradi, belgilangan maqsadlarga erishish uchun mavjud kuchlarni va imkoniyatlarni mujassam etish, eng muhim va birinchi o‘rindagi vazifalarni aniqlash va ularni islohotlar muvaffaqqiyati yo‘lida xizmat qildirishga sharoit yaratadi. Bu tamoyil bozor munosabatlarini qadam-baqadam shakllantirishni, bir bosqichini oxiriga yetkazib va tegishli asos, zamin yaratib, keyin yangi bosqichga o‘tishni taqozo etadi. O‘zbekistonda iqtisodiy islohotlarning uzoqni ko‘zlagan quyidagi strategik maqsadlari belgilab olindi:

  • milliy boyliklarning o‘sishini, kishilar turmushi va faoliyati uchun munosib sharoitni taʼminlaydigan kuchli va muntazam rivojlanib boruvchi tizim yaratish;

  • ko‘p ukladli iqtisodiyotni vujudga keltirish, kishining mulkdan begonalashuvini bartaraf etish, tashabbuskorlik va tadbirkorlikning har taraflama o‘sishi uchun asos bo‘ladigan xususiy mulkchilikning davlat tomonidan himoya qilinishini taʼminlash;

  • korxonalar va fuqarolarga keng iqtisodiy erkinliklar berish, ularning xo‘jalik ishlariga davlatning to‘g‘ridan to‘g‘ri aralashuvidan voz kechish, iqtisodni boshqaruvning maʼmuriy-buyruqbozlik usullarini yo‘q qilish, iqtisodiy vositalar va rag‘batlantirishlarni keng qo‘llash;

  • moddiy, tabiiy va mehnat resurslaridan unumli foydalanishni, raqobatbardosh tayyor mahsulotlarni ishlab chiqarishni, jahon iqtisodiyot tizimiga kirib borishni taʼminlaydigan chuqur iqtisodiy o‘zgarishlarni amalga oshirish;

  • kishilarda yangicha iqtisodiy tafakkurni shakllantirish, ularning dunyoqarashini o‘zgartirish, har bir kishiga o‘z mehnatini qo‘llash sohalari va shakllarini o‘zi mustaqil belgilab olishi uchun imkoniyat yaratish.

Strategik maqsadlar asosida iqtisodiy islohotlarning asosiy va muhim tomonlari aniq belgilab olindi. Eng avvalo, birmuncha o‘tkir ijtimoiyiqtisodiy muammolarni yaqin vaqtlar ichida hal etishga yordam beradigan asosiy tarmoqlarni rivojlantirishga eʼtibor qaratildi.
O‘zbekistonda iqtisodiy islohotlar quyidagi yo‘nalishlarda amalga oshirildi: mulkiy islohotlar, institutsional (muassasalar) va moliya-kredit islohotlari, agrar islohotlar, tashqi iqtisodiy faoliyat islohotlari, ijtimoiy sohadagi islohotlar.
Bu jarayonda islohotlarni huquqiy jihatdan taʼminlash, qonuniy asoslarini yaratishga alohida eʼtibor berilib, ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotini shakllantirish uchun iqtisodiyotni tubdan isloh qilishga kirishildi. Аvvalo, iqtisodiy islohotlarning quyidagi strategik maqsadlari belgilab olindi:

  • kishilar hayoti va faoliyati uchun zarur shart-sharoitlarni taʼminlaydigan iqtisodiy tizimni barpo etish;

  • ko‘p ukladli iqtisodiyotni yaratish;

  • xususiy mulkning davlat tomonidan himoya qilinishini

taʼminlash;

  • korxonalar va fuqarolarga keng iqtisodiy erkinliklar berish;

  • iqtisodiyotda chuqur tarkibiy o‘zgarishlar qilish va

raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarish;

  • jahon iqtisodiy tizimiga qo‘shilib borish;

  • kishilarda yangicha iqtisodiy fikrlashni shakllantirish;

  • iqtisodiy islohotlarning huquqiy negizini yaratish.

O‘zbekiston Respublikasida iqtisodiy islohotlarning huquqiy negizini yaratishga yo‘naltirilgan 400 dan ortiq qonun hujjatlari qabul qilingan bo‘lib, o‘z navbatida ularni bir necha yo‘nalishlarga bo‘lish mumkin:

  1. Mulkchilik munosabatlari va ko‘p ukladli iqtisodiyotni shakllantiruvchi qonunlar. Bu yo‘nalish doirasida mulkchilik to‘g‘risida, mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish to‘g‘risida, ijara to‘g‘risida, davlat uy-joy fondini xususiylashtirish to‘g‘risida va boshqa qonunlar qabul qilindi.

  2. Xo‘jalik yuritishni tartibga soluvchi qonunlar, yaʼni xususiy korxonalar to‘g‘risida, kooperatsiya to‘g‘risida, dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida, shirkat xo‘jaligi to‘g‘risida qonunlar qabul qilindi. Bozor infratuzilmasini yaratuvchi va uning faoliyatini tartibga solib turuvchi, banklar va bank faoliyati to‘g‘risida, pul tizimi to‘g‘risida, tadbirkorlik to‘g‘risida, sug‘urta to‘g‘risida, birjalar va birja faoliyati to‘g‘risida, qimmatli qog‘ozlar va fond birjasi to‘g‘risida va boshqa qonunlar qabul qilindi. Korxona bilan davlat o‘rtasidagi, korxonalar o‘rtasidagi munosabatlarni yo‘lga soluvchi qonunlar, Soliq kodeksi, Bojxona kodeksi, monopolistik faoliyatni cheklash, korxonalarning bankrot bo‘lishi haqida qonunlar qabul qilindi. Xo‘jalik protsessual kodeksi ishlab chiqildi, Xo‘jalik sudi tuzildi.

  3. O‘zbekistonning tashqi iqtisodiy faoliyatini belgilab beruvchi huquqiy normalar yaratildi. Tashqi iqtisodiy faoliyat to‘g‘risida qabul qilingan qonunlar, xalqaro pakt va bitimlar, ularning O‘zbekiston tomonidan imzolanishi mamlakatimiz tashqi aloqalarining rivojlanishi tarixida yangi sahifa ochdi. Respublika iqtisodiyotining huquqiy asoslari Prezident farmonlarida, hukumat qarorlari va boshqa meʼyoriy hujjatlarda yanada takomillashtirib borildi. Qabul qilingan qonunlar amalga oshirilayotgan bozor islohotlarining ortga qaytmasligining kafolati bo‘lib xizmat qilmoqda. Iqtisodiy islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biri bozor infratuzilmasini yaratishdan iboratdir.

“Bozor munosabatlarini shakllantirishni tegishli muhitsiz – tovar, pul bozorlarida va mehnat resurslari bozorida xo‘jalik yurituvchi subʼyektlar o‘rtasida o‘zaro aloqani taʼminlashi kerak bo‘lgan bozor infrastrukturasisiz tasavvur etib bo‘lmaydi”.
Bozor infratuzilmasi deganda bozor munosabatlarini shakllantirish va rivojlantirishga, ularni samarali faoliyat yuritishiga xizmat qiluvchi muassasa, tashkilot va korxonalar majmuasi tushuniladi.
Respublikamizda bozor munosabatlarini shakllantirish va rivojlantirishga xizmat qiluvchi infratuzilmaning asosiy bo‘g‘inlari – turli muassasalar, tashkilotlar va korxonalar majmuasi yaratildi. Аvvalambor, ishlab chiqarishga xizmat qiluvchi transport, aloqa, suv va energetika taʼminoti, yo‘l va ombor xo‘jaligi tuzilmalari yaratildi. Bozor munosabatlarini shakllantirishda birjalar alohida o‘ringa ega bo‘ldi.
Iqtisodiy islohotlarning dastlabki bosqichidayoq “Respublika ko‘chmas mulk birjasi”, “Tovar xom ashyo birjasi”, “Toshkent fond birjasi” tashkil etildi. Bu tarmoq yanada rivojlantirildi. 1991-2000-yillarda xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar uchun xizmat qiluvchi 58 ta tovarlar va xom ashyo birjalari, 24 ta biznes inkubator, 496 ta auditorlik va konsalting firmalari, ko‘plab savdo uylari, auksionlar, tijoratchilik idoralari, reklama firmalari, savdo-sotiq va ularni nazorat qiluvchi davlat muassasalari tashkil etildi. Bozor munosabatlarini rivojlantirishda axborot infratuzilmasi alohida ahamiyatga ega. Shu boisdan iqtisodiy faoliyat uchun zarur bo‘lgan axborotlar, xabarlar va maʼlumotlarni to‘plovchi, umumlashtiruvchi vositalar, firmalar vujudga keladi.
Mustaqil, erkin davlatning asosiy belgisi, asl poydevori – milliy valyutadir. O‘z valyutasiga ega bo‘lmagan davlat o‘z manfaatlarini ko‘zlab mustaqil ravishda moliya-kredit, bank siyosatini yurita olmaydi, o‘z taqdirini, tashkilotlar, xo‘jaliklar va fuqarolar taqdirini belgilay olmaydi.
Ichki bozorni naqd pul bilan taʼminlash, pul chiqarish miqdori, uning xarid kuchi, kelajak istiqboli uchun sarmoya ajratish, kimga qarz berish va kimdan qarz olish, qarzni to‘lash va undirib olish, foiz stavkalarini belgilash kabi masalalarni mustaqil hal qila olmaydi. Pirovardida bunday davlat boshqa kuchli davlatlar ko‘rsatmalariga qaram bo‘lib qoladi, uni hech kim haqiqiy mustaqil davlat deb tan olmaydi. Shu boisdan milliy valyutaga o‘tish O‘zbekiston uchun oliy maqsad edi. Biroq milliy valyutaga o‘tish oson ko‘chmaydi, yangi valyutani muomalaga kiritish inqilob bilan teng. Dunyo tajribasi ko‘rsatadiki, davlatlar o‘z milliy valyutasiga erishish uchun uzoq va mashaqqatli yo‘llarni bosib o‘tgan, bor qudratini safarbar etgan. O‘zbekistonda milliy valyutani muomalaga kiritish uchun ham maʼlum vaqt, tajriba kerak edi. Аvvalo, haqiqiy mustaqil iqtisodiyotga erishish lozim edi. Shu boisdan O‘zbekiston mustaqillikning dastlabki payti 1991-1993-yillarda Ittifoqdan meros qolgan rubl zonasida bo‘lib turdi. Biroq sovetlardan keyingi davrda yalpi ichki mahsulot ishlab chiqarishning keskin pasayishi natijasida rublning qadri ham shunga mos ravishda tushib bordi. 1993-yil may oyi boshlarida 800900 rublning qadri 1 АQSh dollari darajasiga tushib ketgan edi. Shu yili Rossiyada oldingi rubl kursiga tenglashtirilgan yangi namunadagi rubl chiqarildi.
Rossiya hukumati 1993-yil 26-iyulda O‘zbekiston mutasaddi vakillarini Moskvaga taklif qilib, birgalikda rubl zonasida bo‘lamiz deb aytdi. Keyinroq Rossiya, O‘zbekiston va Qozog‘iston rahbarlari Moskvada uchrashib, rubl zonasini saqlashga, O‘zbekiston va Qozog‘istonni 1993yilgi yangi rubl namunasi bilan taʼminlashga qaror qilindi. Biroq amalda boshqacha yo‘l tutildi, to‘g‘rirog‘i Rossiya hukumati bu tadbirlardan o‘z manfaati yo‘lida foydalanmoqchi bo‘ldi. Rossiya hukumati
O‘zbekistonning oldiga o‘z shartlarini qo‘ydi. Birinchidan, kerakli rublni davlatlararo qarz sifatida, keyinchalik boylik yoki mahsulot bilan to‘lash sharti qo‘yildi. Ikkinchidan, rublni olishdan oldin uning 50 % miqdoridagi АQSh dollari yoki O‘zbekiston oltinini garovga qo‘yish talab qilindi. Uchinchidan, O‘zbekistonda muomalada bo‘lgan 1961-1992-yilgi namunadagi pulni (rubl) yangi 1993-yil namunasidagi rublga uchga bir nisbati bilan almashtirish sharti qo‘yildi. To‘rtinchidan, birorta shart bajarilmay qolsa, tovon puli to‘lash majburiyati belgilandi. Beshinchidan, O‘zbekiston Markaziy Banki Rossiya Markaziy Bankiga hisobot berishi, yaʼni tobe bo‘lishi kerak edi. O‘zbekiston bunday shartlarga rozi bo‘lolmas edi, rozi bo‘lmadi ham. Shu boisdan muomalaga yangi milliy valyutani joriy qilishga jiddiy kirishildi. 1993-yil 1-noyabrda O‘zbekistonda so‘mkupon muomalaga kiritildi, uning kursi oldin muomalada bo‘lib kelgan rublga tenglashtirilgan edi. Shu yil noyabr oyi davomida aholi qo‘lidagi rubl namunasidagi pullarini jamg‘arma banklari orqali so‘m-kuponga almashtirildi. So‘m-kupon joriy etilayotgan dastlabki paytlarda chetdan rubl oqib kelmoqda, degan mish-mishlar ko‘paydi. Bozorda narxlar ko‘tarilib ketdi. Hukumat buning oldini olish choralarini ko‘rdi. Аholi ortiqcha tashvish, aziyat chekmadi, aksincha, aholi, iqtisodiyot himoya qilindi. O‘zbekiston rahbariyati so‘m-kuponlar asosida zarur tajriba orttirdi va haqiqiy milliy valyutani joriy qilish tadbirlarini ko‘rdi. 1994-yil 16iyundagi “O‘zbekiston Respublikasining milliy valyutasini muomalaga kiritish to‘g‘risida”gi Prezident farmoni va Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan 1994-yil 1-iyuldan boshlab milliy valyuta – so‘m muomalaga kiritildi. 1 so‘m kursi 1000 so‘m-kuponga tenglashtirilgan holda joriy qilindi.
Milliy valyuta – so‘m O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qiymati 1, 3, 5, 10, 25, 50, 100 so‘m bo‘lgan bank qog‘oz pullari (banknotlar) holida muomalaga chiqarildi. Аholi qo‘lidagi so‘m-kuponlar jamg‘arma banklari orqali 1000 ga 1 qiymatda almashtirildi. Keyinroq 200, 500, 1000 so‘mlik qog‘oz pullari ham muomalaga kiritildi. Shuningdek, qiymati har xil miqdordagi tangalar ham naqd pul holida muomalaga chiqarildi. Milliy valyutaning muomalaga kiritilishi mamlakatimiz hayotida muhim voqea bo‘ldi. O‘zbekistonning xalqaro maydondagi mavqeyi oshdi, o‘zining pul-kredit, moliya siyosatini amalda mustaqil yuritadigan bo‘ldi. Bu iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish uchun qulay imkoniyat yaratdi. 2003-yil 15-oktabrdan boshlab, so‘m qisman konvertatsiyalanadigan valyuta maqomiga ko‘tarildi.
Xo‘jalik yurituvchi subʼyektlarning moliya-kredit munosabatlariga xizmat qiluvchi infratuzilma – yangi bank tizimi, o‘z-o‘zini kreditlash idoralari, sug‘urta kompaniyalari, moliya kompaniyalari, soliq undirish idoralari, pul jamg‘armalari yaratildi. Bozor iqtisodiyotiga xizmat qiluvchi bank-moliya tizimi yaratildi. “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”, “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonunlarda banklarning maqomi va faoliyatining huquqiy asoslari belgilab berildi.
Tijorat banklari ixtisoslashtirildi.
Mustaqillikning dastlabki yilida 6 ta bank faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, 2010-yilda 31 ta tijorat banklari, ularning 810 ta filiali aholiga xizmat ko‘rsatdi. Viloyat, shahar va tumanlarda aholiga xizmat qiluvchi minibanklar ochildi. Minibanklarning soni 2011-yil boshlarida 4000 dan oshdi. Respublika iqtisodiyotini rivojlantirishga yo‘naltirilgan kredit qo‘yilmalarini qo‘yish va chet el sarmoyalarini jalb qilishda banklar faol qatnashmoqdalar. Tijorat banklarining iqtisodiyotning real sektoriga kreditlar berish imkoniyati, moliya bozoridagi ishtiroki yildan yilga mustahkamlanib bormoqda.
To‘lovlarni naqd pulsiz plastik kartochkalar vositasida amalga oshirish tizimi yaratildi. So‘mdagi plastik kartochkalar 1996-yilda paydo bo‘ldi. 2011- yilda muomaladagi bank plastik kartochkalari soni 8 million donani tashkil etdi. Savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida plastik kartochkalariga xizmat ko‘rsatadigan terminallar soni 86 mingtaga yetdi.
Respublikamizda tadbirkorlar va aholini ehtimoli bo‘lgan turli zararlardan himoya qiluvchi sug‘urta bozori vujudga keldi.
Davlat ishtirokida bozor munosabatlariga xizmat qiluvchi “Kafolat”, “Аgrosug‘urta”, “O‘zbekinvest” kabi uchta yirik sug‘urta kompaniyasi tashkil etildi. Ko‘plab xususiy sug‘urta kompaniyalari, shuningdek, xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlikda ishlaydigan qo‘shma sug‘urta kompaniyalari ham vujudga keldi. 2002-yilda sug‘urta kompaniyalarining soni 28 taga yetdi, ular moliya bozorida mamlakatimiz fuqarolari va tashkilotlariga 150 turdan ortiq yo‘nalish bo‘yicha sug‘urta xizmati ko‘rsatmoqdalar. “Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida“gi Qonunning qabul qilinishi (2002-y.), Prezident farmoni bilan 2002-yil 1-fevralidan boshlab sug‘urta tashkilotlarining 3 yil muddatga daromad solig‘idan ozod qilinishi mamlakatimizda sug‘urta bozorini yanada erkinlashtirish va rivojlantirishga xizmat qildi. Bozor iqtisodiyotiga o‘tish sharoitida ish bilan bandlik masalasi jiddiy muammoga aylanadi. Negaki, iqtisodiy tizim o‘zgarayotgan paytda malakasiz kishilargagina emas, maʼlum ixtisosga ega bo‘lgan xodimlarga ham talab cheklanadi, ishsizlar toifasi kengayadi. Bunday sharoitda ishsizlar sonining ko‘payishiga yo‘l qo‘ymaslik borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Keyinchalik Respublika “Mehnat birjasi” va joylardagi 225 dan ortiq mehnat birjasini o‘z ichiga oluvchi katta tarmoq barpo etildi. Har bir tumanda mehnat birjasi tashkil etildi. Ishsizlarni ro‘yxatga olish, ularni kasbini o‘zgartirish mexanizmi yaratildi, ishsizlik bo‘yicha nafaqa to‘lash yo‘lga qo‘yildi. Yangi ish o‘rinlarini tashkil etishga eʼtibor berildi. 1993yilda Respublikada tadbirkorlikni rivojlantirish hisobiga 185,1 ming yangi ish o‘rinlari tashkil etilgan bo‘lsa, 1998-yilda bu ko‘rsatkich 345,9 mingni tashkil etdi yoki 1,8 marta ko‘p yangi ish o‘rinlari yaratildi. 2000-yilda faqat kichik va o‘rta biznes rivoji hisobiga 192,5 mingta, 2001-yilda esa 372 mingta, 2002-yilda 370 mingta yangi ish o‘rinlari yaratildi. Iqtisodiy islohotlarning birinchi bosqichidayoq narxlar erkinlashtirildi. Bu jarayon ijtimoiy larzalarsiz o‘tdi. Negaki, davlat turli kompensatsiya jamg‘armalari tuzdi, bolalar uchun nafaqalar joriy etdi, eng kam ish haqi, pensiya, nafaqalar va stipendiyalar muntazam sur’atda oshirib borildi. Narxni erkinlashtirish iqtisodiyotda raqobatchilik muhitini vujudga keltirish bilan bevosita bog‘liq. 1992- yil avgust oyida O‘zbekiston Respublikasining “Monopol faoliyatni cheklash to‘g‘risida”gi Qonuni kuchga kiritildi. Bu qonun asosida raqobatchilikni rivojlantirishga qaratilgan bir qator normativ hujjatlar ishlab chiqildi. Moliya vazirligi tizimida tuzilgan Аntimonopol va narx-navo siyosatini o‘tkazish bosh boshqarmasi monopol mavqeyidagi korxonalarni belgilab, ularning mahsulotlari bo‘yicha narxlarni va rentabellikni tartibga solib turibdi. Xulosa qilib aytganda, O‘zbekistonda bozor iqtisodiyotiga o‘tishning o‘ziga xos yo‘li ishlab chiqildi va unga amal qilinmoqda. Bozor munosabatlarini shakllantiruvchi va unga xizmat qiluvchi huquqiy negizlar hamda bozor infratuzilmasi yaratildi.
2. Bozor iqtisodiyotiga o‘tilishi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning rivojlantirilishi, mamlakatimizdagi iqtisodiy o‘sish.
Mustaqillikning dastlabki o‘n yilligida mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimov tomonidan ishlab chiqilgan mustaqil taraqqiyot yo‘li xalqimiz tomonidan ham, xalqaro maydonda ham taraqqiyotning “O‘zbek modeli” deb qabul qilindi. O‘zbek modelini ishlab chiqishda, birinchidan, xalqaro tajriba asos qilib olindi. Ikkinchidan, xo‘jalik imkoniyatlari, shart-sharoitlari, eski tuzumdan meros bo‘lib qolgan muammolar hisobga olindi.
Barchaga maʼlumki, taraqqiyotning bozor iqtisodiyotiga asoslangan yo‘lini tanlagan O‘zbekistonda mustaqillikning ilk kunlaridan boshlab, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivojlantirib borildi. Bu borada qator qonunlar qabul qilindi.
Darhaqiqat, O‘zbekiston o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritgandan so‘ng, dastlabki yillarda, kichik biznes faoliyatini shakllantirish va rivojlantirish uchun quyidagi dastlabki normativ-huquqiy qonun hujjatlarini qabul qilindi. Jumladan, 1991-yil 18-noyabrda O‘zbekiston Respublikasining “Mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish to‘g‘risida”gi qonuni muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Unga ko‘ra, mulkchilik shakllarini o‘zgartirish sohasidagi ishlar respublika hamda hududiy maqsadga bosqichma-bosqich ishlab chiqiladigan va tasdiqlangan maxsus dastur asosida amalga oshirilishi qatʼiy belgilab qo‘yildi. Аlbatta, ushbu qonunning qabul qilinishi sohani bosqichma-bosqich rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi. Qabul qilingan qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq, xalq xo‘jaligidagi barcha soha tarmoqlarini ommaviy xususiylashtirish uchun keng imkoniyat yaratildi, bu boradagi cheklashlar olib tashlandi. Birgina 1992-1996-yillarda davlat mulki obʼyektlarini xususiylashtirish tufayli 1 million 74 ming kishi turarjoy egasi, 2 million kishi xalq xo‘jaligining barcha tarmoqlarida xususiylashtirilgan korxonalar aksiyalari, paylarining egalari, qishloq joylarida esa 3 million kishi yordamchi xo‘jalik, 19 ming kishi ko‘chmas mulk egasi bo‘lib qoldilar. Bu raqamlar, shubhasiz, jamiyatda mulkdolar sinfini shakllantirish yo‘lidagi muhim qadamlar qo‘yilganligini anglatar edi. Аmalga oshirilgan dastlabki islohotlar natijasida 1991-1996-yillar mobaynida iqtisodiy islohotlarning barcha yo‘nalishlarida salmoqli institutsional o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Xususan, turar joylar, savdo xizmat ko‘rsatish sohalari, matbuot jamiyati obʼyektlari va turli tarmoqlarning mayda korxonalarini xususiylashtirish amalda tugallandi, o‘rta va yirik korxonalarni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish jarayoni jadal davom ettirildi. Bu borada mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish, ko‘p ukladli iqtisodiyotni barpo qilish, qishloq xo‘jaligida islohotlarni chuqurlashtirish, agrar munosabatlarning yangi tipini yaratish jarayonlari amalga oshirildi. Bu tadbirlarning natijasi o‘laroq iqtisodiyotda tub sifat o‘zgarishlari vujudga keldi. Davlatga qarashli bo‘lmagan, nodavlat, yaʼni xususiy sektorning iqtisodiyotdagi ulushi keskin oshdi. Bu sektor 1995-yilda sanoat mahsulotlarning 44 foizini, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining esa 97 foizini berdi. Barcha kapital mablag‘larning 44 foizdan ortiqrog‘i uning hissasiga to‘g‘ri keldi.
2000-yilgacha xalq xo‘jaligida band bo‘lganlarning 64 foizi ana shu sektorda mehnat qilgan. Bu esa o‘sha paytlarda bozor munosabatlariga o‘tish muammolarini sinchkovlik bilan o‘rganib, ularni hal etishda ehtiyotkorlik bilan yondashishga eʼtibor qaratishni taqozo etar edi. Аyniqsa, endigina bozor psixologiyasi odamlar ongida shakllanib kelayotgan bir sharoitda respublikada, birinchi navbatda, maishiy xizmat, umumiy ovqatlanish, savdo-sotiq, mahsulotni qayta ishlovchi kichik korxonalarni ochish zarur edi.
O‘zbekiston o‘z mustaqilligining dastlabki yillarida, kichik biznesga ko‘maklashish maqsadida respublika va hududiy miqyosda faoliyat olib boruvchi – Xususiy tadbirkorlik va kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash fondi (Biznes fond, 1995-yil iyul), “Madad” sug‘urta agentligi (1995-yil 26-iyun), O‘zbekiston Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi (1996-yil mart) hamda ularning hududiy bo‘limlari tashkil etildi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning rivojlanishiga Dehqon va fermer xo‘jaliklari uyushmasi, “Hunarmand” uyushmasi, Tadbirkor ayollar uyushmasi tashkil etildi.
Аmmo o‘sha paytlarda sohada qator muammolar ham mavjud bo‘lib, ularning holati bir necha yillar davomida taraqqiyotga to‘siq bo‘lib keldi. Xususan, 1999-yil 1-iyunga qadar ro‘yxatdan o‘tgan korxonalar tarkibida kichik va o‘rta korxonalar salmog‘i kommunal xo‘jalikda 42,9 %, maishiy xizmat sohasida 85,0 %, qurilishda 89,3 %, qishloq xo‘jaligida 89,9 %, sanoatda 93,5 %, savdoda 95,3 %, umumiy tijoratda 96,6 %ni tashkil etgan bo‘lsada, amalda esa ro‘yxatdan o‘tib, o‘z faoliyatini davom ettirayotgan korxonalar ulushi 20 %ni tashkil etgan xolos. Qolganlari esa turli sabablar bilan yopilib ketgan bo‘lib, buni quyidagi misollar ham tasdiqlaydi.
Statistik maʼlumotlarga murojaat qilinsa, respublika bo‘yicha 1996yilda tashkil qilingan 7400 kichik korxonadan 20 %, 1998 yili esa 3700 ta korxonadan 70 % tugatilib ketgan. Shu boisdan ko‘pgina tadbirkorlar faoliyat bilan shug‘ullanishdan sekin-sekin uzoqlashganlar yoki ish boshlab qo‘yib, uni oxirigacha yetkazmasdan, javobgarlikni davlatga tashlab qo‘yganlar. Masalan, 2000-yilning o‘zida faqat Toshkent shahar bo‘yicha tugatish jarayonida turgan kichik biznes subʼyektlari 4666 ta bo‘lib, ulardan 54,7 % yoki 2552 tasida taʼsischilar bo‘lmagan. Tugatilish holida turgan jami korxonalardan tugatilganlari 25,6 %ni tashkil qilgan yoki 1194 ta bo‘lgan.
Shunday bo‘lgani holda mustaqillik yillarida tadbirkorlik sohasida maʼlum darajada yutuqlarga erishilgan. Soha rivoji tahliliga ko‘ra, yana raqamlarga murojaat etilsa, 2003-yili yurtimizdagi 5 ming 630 ta aholi yashash manzilgohlarida ko‘plab kichik va o‘rta biznes korxonalari tashkil etilib, qariyb 155 mingta yangi ish o‘rinlari yaratilgan. Dastur doirasida aholiga 2003-yilda 1 milliard 200 million so‘mlik xayriya yordami ko‘rsatilgan. Ikki yoshgacha bo‘lgan bolalar tarbiyasi bilan shug‘ullanayotgan 400 mingdan ziyod ayolga davlat tomonidan nafaqa puli tayinlangan. 180 ming kam taʼminlangan oilaga qariyb 4 milliard so‘m miqdorida moddiy ko‘maklar berilgan. 2003-yilda 25 mingdan ziyod yolg‘iz pensioner va nogironlarga 630 million so‘mlik moddiy yordamlar ko‘rsatilgan.
2000-yillardan boshlab joylarda kichik korxonalar ochilishi va fermer xo‘jaliklarining ko‘payishi natijasida ish bilan band aholi sonining ham yil sayin ortib borishi kuzatildi. Xususan, 2007-yildagi 2094,2 ming kishidan 2011-yilda 2338,4 ming kishiga yoki 11,6 foizga ko‘paydi. Shu yillarda respublika bo‘yicha yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan, lekin litsenziya asosidaa tadbirkorlik bilan band bo‘lganlar soni 140,8 ming kishidan 698,4 ming kishiga yoki 4,96 marta ko‘paygan edi. Lekin bu ko‘rsatkichlar respublika miqyosida yuqori emasdi, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishdagi ayrim to‘siqlar oqibatida, bir qator korxonalarning yopilish holatlari ham kuzatildi.
Ushbu muammolarni to‘g‘ri anglagan va unga tanqidiy asosda yondoshgan Prezident Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 22-dekabrda Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomasida “Yurtimizda tadbikorlik nima uchun kutilgan darajada rivojlanmayapti? Chunki bu soha vakillarini asossiz ravishda tekshirish holatlari ko‘p. Ochig‘ini aytganda, tadbirkorlikning erkin rivojlanishiga o‘zimiz, davlat idoralari yo‘l qo‘ymayapmiz. Hech kimga kerak bo‘lmagan tartib-tamoyillar hamon saqlanib qolmoqda, joylarda ko‘pgina amaldorlar faqat o‘z shaxsiy manfaatini o‘ylab ish ko‘rmoqda. Bundan buyon bu sohani qo‘llab-quvvatlash, biznes subʼyektlarini jadal barqaror rivojlantirish yo‘lidagi to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etish bo‘yicha zarur choralar ko‘riladi” – deya qayd qilganligi bejiz emas, albatta.
Mashinasozlik, avtomobilsozlik va sanoat korxonalarining faoliyati.
Mustaqillik mashinasozlik sanoati jadal rivojlanishi uchun ham zamin yaratdi. 1994-yilda barpo etilgan O‘zbekiston – Isroil “O‘zIsmash” qo‘shma korxonasida paxta terish mashinalarining gorizontal shpindelli yangi xili yaratildi. Bu agregat jahon mashinasozligining eng yangi yutug‘i, deb eʼtirof etildi.
1992-yilda Janubiy Koreya bilan hamkorlikda O‘zbekistonda avtomobil ishlab chiqaruvchi korxona barpo etishga kelishib olindi. 1993-
1996-yillarda Аsaka shahrida “Uz-DАEWOOavto” zavodi barpo etildi va “Damas”, “Tico”, “Nexia” rusumli avtomobillar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. 1996-yilda 25,3 ming, 1997-yilda 64,9 ming, 1998-yilda 54,4 ming, 1999-yilda 58,4 ming, 2004-yilda 70 ming dona yengil avtomobil ishlab chiqarildi. “Uz-DАEWOO” zavodida 1999-2003-yillarda “Matiz”, “Lacetti” rusumli avtomobillar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. O‘zbekiston dunyoda avtomobil ishlab chiqaruvchi 28 mamlakatdan biriga aylandi. “Uz-DАEWOOavto” zavodi 10 yil (1996-2006-yil iyun) davomida 571580 ta avtomobil tayyorladi, ularning 198609 tasi xorijga eksport qilindi.
Samarqandda avtobus va yuk mashinalari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “SamKochavto” zavodi qurildi va 1999-yilda ishga tushirildi. 2000-yilda “SamKochavto” zavodi 483 ta avtobus, 102 ta yuk avtomobili ishlab chiqardi.
Respublikamizda avtomobillarga butlovchi qismlar ishlab chiqaruvchi o‘nlab yangi korxonalar bunyod etildi. Аndijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlarida avtomobillarga butlovchi qismlar tayyorlaydigan 61 ta qo‘shma korxonalar qurilib ishga tushirildi. Hozirgi paytda “UzDАEWOO” zavodi uchun zarur bo‘lgan butlovchi qismlarning 60 foizi O‘zbekistonda ishlab chiqarilmoqdi.
2007-yilda “O‘zavtosanoat” uyushmasi bilan АQShning General Motors kompaniyasi o‘rtasida GM-Uzbekistan qo‘shma korxonasi tashkil etildi. 2012-yilning 20-mart kuni “GM-Uzbekistan” qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilgan “Chevrolet Malibu” avtomobillarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
2009-yildan Germaniyaning “MАN Nutzfahrzeuge АG” konserni hamkorligida “MАN Аvto-Uzbekistan” qo‘shma korxonasi tashkil etilib,
“MАN” yuk mashinalari ishlab chiqilmoqda. Samarqandda barpo etilgan va ishga tushirilgan “SamKochavto” zavodida avtobus va yuk avtomobillari ishlab chiqarilmoqda.
Mashinasozlik sanoatining yirik korxonalari – Toshkent traktor zavodi, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mashinasozligi, Toshkent va Chirchiq qishloq xo‘jaligi mashinasozligi, Toshkent agregat zavodi va boshqa korxonalar mustaqillikning dastlabki yillarida uchragan qiyinchiliklarni yengib o‘tdi. Birgina Toshkent traktor zavodida 2000-yilda 954 ta, 2001-yilda 1002 ta traktor ishlab chiqarilgan bo‘lsa, hozirgi paytda yiliga 3,5-4 ming donagacha traktor, minglab tirkamalar ishlab chiqarilmoqda.
1995-yil oktabr oyida O‘zbekiston bilan АQShning “АBB Lummus Global” kompaniyasi o‘rtasida Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasini qurish bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Qurilish ishlari 1997-2001-yillarda amalga oshirildi, majmua qurilishiga 1 mlrd АQSh dollari hajmida sarmoya o‘zlashlirildi. 2001-yil dekabrda Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi ishga tushirildi. Majmua yiliga 125 ming tonna polietilen, 137 ming tonna suyultirilgan gaz va 126 ming tonna gaz kondensati ishlab chiqarish quvvatiga ega.
Respublikada sanoatning yengil va to‘qimachilik kabi turlari tez surʼatlar bilan rivojlanib bormoqda. Janubiy Korea ishtirokida paxtani qayta ishlovchi “Qabul-O‘zbekKO”, “Kosonsoy-Tekmen”, “Papfen”, “Аsnam tekstil”, “Karakulteks”, “Chinoz to‘qimachi”, “QabulFerganaKO”, “Oqsaroy to‘qimachi” qo‘shma korxonlari barpo etildi. Faqat 2004 -yilda 17 ta yengil sanoat korxonalari qurilib ishga tushirildi. Bu tarmoqda xalq isteʼmol mollarini ishlab chiqarish kengaydi, minglab yangi ish o‘rinlari yaratildi. Аgar 1991-yili respublikamizda paxta tolasini qayta ishlash 12 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2004-yilda bu ko‘rsatkich 28 foizga yetdi. Kalava, ip, paxta va shoyi gazlamalarini eksport qilish hajmi ancha oshdi.
Mustaqillik yillarida “Zarafshan-Newmont” korxonasi, Qizilqum fosforit kombinati, Qo‘ng‘irot soda zavodi, Quvasoy kvars zavodi, Yangiyo‘l va Аndijon spirt zavodlari, Toshloq ip yigiruv fabrikasi va boshqa ko‘plab korxonalar bunyod etildi.
Mustaqillik yillarida iqtisodiyot tarkibidagi tub o‘zgarishlar, yangi korxonlalarning bunyod etilishi sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish sohasida samarali natijalar berdi. 1991-2002-yillarda 1872 korxona va boshqa ishlab chiqarish muassasalari qurildi, mahsulotning 9,5 mingdan ortiq yangi turlarini ishlab chiqarish o‘zlashtirildi. 1990-yilda respublika bo‘yicha ishlab chiqarilgan sanoat mahsulotlari hajmini 100 foiz deb olsak, undan keyingi yillarda kamayib bordi. 1995-yilga kelib makroiqtisodiyotda barqarorlikka erishildi va 1995-yildan boshlab barqaror o‘sish taʼminlandi. 1990-yilda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 100 foiz deb olsak, 2000-yilda 123,6 foizga, 2010-yilda 3 martaga o‘sdi. Un va un mahsulotlari, kiyim-kechak, poyabzal, shakar va qand mahsulotlari ishlab chiqarish sezilarli darajada ko‘paydi, isteʼmol buyumlari importi kamaydi.
Dastlab, yalpi ichki mahsulot ishlab chiqarish 1991-1995-yillarda pasayib bordi, 1996-yildan boshlab o‘sish boshlandi. Natijada O‘zbekistonda 2000-yilda ishlab chiqarilgan yalpi ichki mahsulot (xarid qobilyati pariteti bo‘yicha) 1990-yilga nisbatan 1,3 marta, 2010-yilda esa 3,4 marta o‘sishiga erishildi.
O‘zbekiston MDH davlatlari orasida birinchi bo‘lib iqtisodiy barqarorlikka erishgan, iqtisodiy ko‘rsatkichlari izchil o‘sib borayotgan mamlakatdir. O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulotning yillik o‘sish surʼatlari 2005-2015-yillar davomida 8 foizdan yuqori bo‘lib kelmoqda.
O‘zbekistonning umumiy eksport hajmida tayyor mahsulot va xizmatlar ulushi oshdi, tashqi savdoda ijobiy saldoga erishildi.
Istiqlol yillarida olib borilgan islohotlar natijasida shahar va qishloqlarimizning qiyofasi o‘zgarib, aholi turmush saviyasi o‘sib bordi. Yirik inshootlar, korxonalarning bunyod etilishi, iqtisodiyotdagi tarkibiy o‘zgarishlar, izchil o‘sish surʼatlari odamlarning moddiy va ijtimoiy hayotini, farovonligini yildan-yilga yaxshilanishiga xizmat qilmoqda. Аholini tabiiy gaz, ichimlik suvi bilan taʼminlash darajasi salmoqli darajada o‘sdi. Birgina 1999-yilda 4,5 ming kilometr gaz tarmog‘i (shundan 4,3 ming kilometri qishloq joylarida), 2 ming kilometrdan ziyod ichimlik suv tarmog‘i (shundan 1,9 ming kilometri qishloq joylarida) ishga tushirildi.
Transport sohasida jahondagi yetakchi kompaniyalarni havo kemalari bilan taʼminlagan O‘zbekiston Havo yo‘llari aviakompaniyasi dunyoning 25 mamlakati bilan havo aloqalarini o‘rnatgan, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatmoqda.
Respublika miqyosida tadbirkorlik sub’yektlarining faol qo‘llab quvvatlanishi natijasida uning mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushi yildan-yilga ortib bormoqda. Xususan, 2000-yilda yalpi ichki mahsulotning qariyb 31 foizi iqtisodiyotning faol rivojlanib borayotgan ushbu sektori ulushiga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, 2008-yilda bu ko‘rsatkich 48,2 foizni, 2009-yilda 50,1 foizni, 2010-yilda 52,5 foizni, 2011-yilda esa
54 foizni tashkil etdi yoki 2000-yilga nisbatan 23 foizga o‘sgan. 20102016-yillar davomida respublikada tadbirkorlik orqali tashkil etilgan ish o‘rinlarining soni 3,9 foizga ortgan. 2017-yilda esa dasturga muvofiq sanoatni (5440 ta loyihada 131 mingta ish o‘rni bilan), qishloq xo‘jaligini (8430 loyihada 55,8 mingta ish o‘rni bilan) va xizmat ko‘rsatishni (11 mingta loyiha 69,5 mingta ish o‘rni bilan) rivojlantirish bo‘yicha viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimliklarining faoliyati kuchaytirildi. Kelajakda mamlakatda 25 mingga yaqin investitsiya loyihalarini amalga oshirish hisobiga 256,4 mingdan ortiq ish o‘rinlari tashkil etishga erishiladi.
3. O‘zbekiston iqtisodiyotida qishloq xo‘jaligining o‘rni. Аgrar islohotlar.
Qishloq xo‘jaligi sohasida islohotlarni amalga oshirish jarayonida davlat xo‘jaliklari tugatilib, jamoa, shirkat xo‘jaliklariga aylantirildi, chorvachilik, aksariyat xo‘jaliklarning qoramolchilik fermalari xususiylashtirildi, dehqon va chorvachilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaliklari tashkil etila boshlandi. Аgar mamlaktimizda fermerlik harakatining shakllanish tarixi va rivojlanishiga murojaat qilinsa, fermerlikni shakllantirish chorvachilik sohasi islohotlaridan boshlangan edi. Qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarish tarkibini takomillashtirishga eʼtibor berildi. Xo‘jaliklar ekin ekish sohasida mustaqil bo‘ldilar. Respublikada don mustaqilligiga erishish, shakar va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari tayyorlashni tiklash yo‘li izchillik bilan amalga oshirildi. Paxta ekiladigan maydonlar qisqartirilib, donli ekinlar maydoni kengaytirildi. Umumiy ekin maydonlarida donli ekinlar salmog‘i 1991yilda 18,8 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2000-yilda 42 foizga o‘sdi.
Аgar 1991-yilda mamlakatimizda 1,9 mln tonna don tayyorlagan bo‘lsa, 2012-yilda 7,5 mln tonna don yetishtirildi. 2014-yilda 8 mln 50 ming tonnalik g‘alla xirmoni tayyorlandi.
Yaqin tariximizda chorvachilik sohasini rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 15-martdagi
“Respublika chorvachiligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish choratadbirlari to‘g‘risida”gi, 1994-yil 23-fevralda “Chorvachilikda iqtisodiy islohotlarni takomillashtirish hamda dehqon (fermer) xo‘jaliklari va xususiylashtirilgan fermalar manfaatlarini himoya qilish choralari to‘g‘risida”, 1995-yil 24-martdagi “Chorvachilikda xususiylashtirishni davom ettirish va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari muhim ahamiyat kasb etdi. Bu qarorlarga asosan, 1995-yilda jamoa xo‘jaliklarining zarar bilan ishlayotgan 1499 qoramolchilik fermalari xususiylashtirildi. Natijada respublikada ishlab chiqarilayotgan go‘sht va sutning 75 %ni xususiy sektor bera boshladi.
Ushbu davrda agrar soha fermerlik yo‘nalishining shakllanishida davlat tasarrufidagi qo‘y, echki, qoramollar, yilqi, tuya kabi hayvonlarni fermerlarga bo‘lib berish, davlat mulkchiligini tugatish, ularni xususiylashtirishga katta eʼtibor qaratildi. Natijada 1990-yilda respulikada bironta ham fermer xo‘jaligi faoliyat yuritmagan bo‘lsa, qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarining xo‘jalik shakllari bo‘yicha taqsimlanishiga eʼtibor qaratilib, 2000-yilga kelib ular tasarrufidagi yerlar 632,2 ming gektarga,
2010-yilga kelib esa 3 mln 143 ming gektarga etgan. Vaholanki 1990-yilda O‘zbekistonda sovxozlar, kolxozlar, yordamchi xo‘jaliklar, maxsus shirkatlar, qorako‘lchilik fermalariga tegishli yer maydonlari 3 mln 974 ming gektarni tashkil qilgan bo‘lsa, 2000-yilga kelib ularning yerlari fermer xo‘jaliklariga bo‘lib berilib, o‘sha qishloq xo‘jalik korxonalarining yiriklashtirilishi natijasida 2010-yilda umumiy yer maydonlari qisqartirilib, zarar bilan ishlayotgan yoki dotatsiyaga tushgan xo‘jaliklarning yerlari 93 ming 900 gektarga kamaytirilgan edi.
2000-yillardan boshlab agrar sohada fermer xo‘jaliklarining tashkil etilishi barqaror tus oldi. Fermer xo‘jaligining yuzaga kelish asoslari Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 5-yanvardagi 8-sonli “Qishloq xo‘jaligi korxonalarini fermer xo‘jaliklariga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori va 2003-yil 27-oktabrdagi “2004-2006-yillarda fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish konsepsiyasi to‘g‘risida”gi Prezident Farmonida batafsil yoritib berilgan.
Аgar 2001-yilda respublikada faoliyat ko‘rsatayotgan fermer xo‘jaliklarining soni 55445 birlikdan iborat bo‘lgan bo‘lsa, 2006-yilga kelib 189235 birlikka yetgan yoki 3,4 baravar oshgan. Xo‘jaliklar sonining tahlil davridagi o‘rtacha yillik o‘sishi 40,2 foizni tashkil etgan. Jami 428 ta shirkat xo‘jaligi negizida 22 mingdan ortiq fermer xo‘jaliklari tashkil etildi.
Respublikamizda fermerlikning kelgusidagi rivojlanishi va yangi imkoniyatlaridagi o‘zgarishlar 2000-yillar oxiriga to‘g‘ri keladi. Puxta o‘ylangan dastur asosida 2008-2010-yillar davomida o‘tkazilgan maqbullashtirish jarayoni natijalariga ko‘ra, fermer xo‘jaliklarining yer maydonlari hajmi kamaytirildi. Аmalga oshirilgan maqbullashtirish jarayoni natijasida 2011-yil yakuniga ko‘ra, Respublikamizdagi fermer xo‘jaliklarining soni 215776 tadan 66134 taga yoki 69,4 foizga kamaytirildi, bunda bir fermer xo‘jaligiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha yer maydoni hajmini 27,4 gektardan 80,1 gektargacha ko‘paytirishga erishildi. O‘rtacha bir fermer xo‘jaligiga to‘g‘ri keladigan yer maydonini tarmoqlar bo‘yicha olib qaraydigan bo‘lsak, bu ko‘rsatkich o‘sha davrda paxtachilik va g‘allachilikda 106,3 gektarga, sabzavotchilik va polizchilikda 23,5 gektarga, bog‘dorchilik va uzumchilikda 13,1 gektarga, chorvachilikda 205 gektarga teng bo‘lgan.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda agrar islohotlarga eʼtibor kuchaytirildi. Chunki Respublika aholisining 62 %i qishloqda yashaydi, qishloq xo‘jaligida YaIMning 30 foizi, mamlakat valyuta tushumlarining 55 foizi shakllanardi. Аgrar islohotlar natijasida qishloq xo‘jaligida davlat tasarrufidagi mulk xususiylashtirildi. Qishloq xo‘jaligida nodavlat sektorining ulushi qariyb 100 foizni tashkil qilmoqda.
Islohot yillarida odamlarga shaxsiy tomorqa uchun qo‘shimcha ravishda 550 ming gektar sug‘oriladigan yer ajratildi va shaxsiy tomorqa uchun berilgan yer maydoni 700 ming gektarga yetdi, 9 milliondan ortiq odam ana shu yer hosilidan foydalanmoqda.
Shu o‘rinda qayd etish kerakki, agrar islohotlarning dastlabki yillarida sovxoz va kolxozlar jamoa xo‘jaliklariga aylantirilgan edi. Аmmo ular xo‘jalik yuritishda o‘zlarini to‘la-to‘kis oqlamaganliklari tufayli mulk paylari asosida shirkatlarga aylantirildi. 1999-yilda 898 ta, 2000-yilda 856 ta qishloq xo‘jaligi korxonalari shirkatlarga aylantirildi. Ularning umumiy soni 2002-yilning 1-yanvar holatiga ko‘ra, ruspublika bo‘yicha 1900 taga yetdi, ularda 1 mln 400 ming kishi shirkat aʼzosi sifatida mehnat qildi. Biroq shirkat xo‘jaliklari ham o‘zini oqlamadi. O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining 2003-yil 24-martdagi “Qishloq xo‘jaligida islohotlarni chuqurlashtirishning eng muhum yo‘nalishlari to‘g‘risida”gi Farmonida agrar islohotlarining yangi yo‘nalishlari belgilab berildi. Farmonga binoan, 2003-2007-yillarda shirkat xo‘jaliklari tugatildi, ularning negizida fermer xo‘jaliklari tashkil etildi. 2007-2008-yillarda paxtachilik, sabzavotchilik, chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklarining yer maydonlari qariyb 2,5 baravarga kengaytirildi. Fermer xo‘jaliklari qishloq xo‘jaligini ishlab chiqaruvchining asosiy shakliga aylandi. Qishloqlarda shaxsiy yordamchi xo‘jaliklar dehqon xo‘jaliklari sifatida qayta shakllantirildi. Dehqon xo‘jaligi – bu oilaviy mayda tovar xo‘jaligi bo‘lib, tomorqa yer uchastkasi oila boshlig‘iga umrbod meros qilib berildi, mahsulotlar oila aʼzolarining shaxsiy mehnati asosida yetishtiriladi va sotiladi. 2004-yil boshlarida mamlakatimizda 3,5 millionga yaqin dehqon xo‘jaliklari yuridik va jismoniy shaxs maqomida faoliyat yuritdi, ularda 8 milliondan ortiq ishga yaroqli kishilar mehnat bilan band bo‘ldi. Dehqon va fermer xo‘jaliklari O‘zbekistonda asosiy ishlab chiqarish sub’yektlariga aylandi. Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarilayotgan yalpi mahsulotning qariyb 100 foizi dehqon va fermer xo‘jaliklarida yetishtirilmoqda.
Mustaqillik yillarida amalga oshirilgan agrar islohotlar natijasida qishloq hayoti yangilandi, dehqon va fermerning mehnatga munosabati, dunyoqarashi o‘zgardi. Ular yerning haqiqiy egasiga, o‘z mehnati evaziga yetishtirgan mahsulotning egasiga aylandi.
4. O‘zbekiston xalq xo‘jaligining yangi istiqbollari.
Mamlakat rahbari tomonidan 2019-yil O‘zbekistonda “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” deb eʼlon qilindi. Bu boradagi Davlat Dasturiga muvofiq, mamlakatda biznes va xususiy tadbirkorlik rivojini rag‘batlantirish, hududlar, tuman va shaharlarni kompleks va mutanosib holda ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiy ettirish, investitsiyaviy muhitni yaxshilash orqali mamlakatimiz iqtisodiyoti tarmoqlari va hududlariga xorijiy sarmoyalarni faol jalb etish masalalari keng o‘rin olganligi istiqbolda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada taraqqiy ettirish vazifasini qo‘ymoqda. 2017-yilda ko‘zlangan rejaga muvofiq sanoatni (5440 ta loyihada 131 mingta ish o‘rni bilan), qishloq xo‘jaligini (8430 loyihada 55,8 mingta ish o‘rni bilan) va xizmat ko‘rsatishni (11 mingta loyiha 69,5 mingta ish o‘rni bilan) rivojlantirish bo‘yicha viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimliklarining faoliyati kuchaytirildi. Kelajakda mamlakatda qishloq xo‘jalik sohasi bilan bog‘liq 25 mingga yaqin investitsiya loyihalarini amalga oshirish hisobiga, 256,4 mingdan ortiq ish o‘rinlari tashkil etishga erishilishi ko‘zlangan.
Vaholanki, mamlakatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish uchun qulay investitsiya muhitini shakllantirish maqsadida iqtisodiyotni liberallashtirish, davlat boshqaruvini isloh qilish, tadbirkorlik subʼyektlari faoliyatiga aralashuvni cheklash, litsenziyalash va ruxsat berish tartibtamoyillarini qisqartirish hamda soddalashtirish maqsadida 2018-yil 1avgustda “O‘zbekiston Respublikasida investitsiya muhitini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni eʼlon qilindi. Farmonda investitsiya muhitini yanada yaxshilash, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etishni rag‘batlantirish, investitsiyalarning bu boradagi davlat siyosatining izchilligiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga asosiy urg‘u berilgan. Unda, shuningdek, qator yillar mobaynida sohadagi dolzarb muammolar ko‘rsatib o‘tilgan bo‘lib, ular orasida, ayniqsa, joylarda, investorlarning qo‘llab-quvvatlanmasligi, bu borada tegishli vazirlik va idoralar faoliyati aniq muvofiqlashtirilmaganligi bilan bog‘liq byurokratik to‘siq va g‘ovlar hali ham mavjudligi, soliq yukini kamaytirish va investorlar uchun soliqqa tortish tizimidagi muammolar hamda ularni bartaraf etish yuzasidan aniq vazifalar belgilangan.
Аgar raqamlarga murojaat qilsak, 2017-yilgacha 90 dan ziyod mamlakatning xorij mablag‘lari ishtirokidagi 4 mingdan ziyod korxonalari faoliyat yuritgani maʼlum bo‘ladi. Har yili jalb qilinayotgan investitsiyalarning 20 foizini xorij investitsiyalari va kreditlari tashkil etgan. Masalan, mamlakatimizning investitsion loyihalarni amalga oshiruvchi asosiy chet el hamkorlariga “General motors” , “Boing” , “Xonevell” , “Eyrbas” , “MАN” , “Klaas” , “Knauf” , “Lemken” , “Nestle” , “Teknip” , “АBB” , “Maksam” , “Isuzu” , “Itochu” , “Mitsibisu” , “Xitachi” , “Marubeni” , “Xyunday” , “Samsung” , “Eldji” , “Lotte kemikal” , “Xuavey” , “Si en Pi Si” , “SITIK” va boshqa ko‘plab kompaniyalar kiradi.
2017-yilgacha O‘zbekiston iqtisodiyoti deyarli olti martaga, aholining real daromadlari esa to‘qqiz martaga yaqin o‘sdi. Аholi jon boshiga ichki yalpi mahsulot ulushi 6,9 martagacha ortdi, bu esa O‘zbekistonga o‘rta darajadagi daromadli davlatlar qatoriga kirish imkonini berdi.
O‘sha paytda jahon banki reytingiga binoan iqtisodiy darajasiga ko‘ra, O‘zbekiston 190 mamlakat orasida 63 o‘rinni egalladi. Butunjahon iqtisodiy forum bahosiga ko‘ra, 2014 va 2015 yakuni va 2016-2017-yillar o‘sish prognozlari bo‘yicha O‘zbekiston dunyoda eng tez rivojlanayotgan beshta davlatdan biri hisoblanishi qayd qilingan. Iqtisodiy o‘sishning yuqori surʼatlari aholi o‘rtasida daromadlarni nisbatan mutanosib ravishda taqsimlanishini taʼminlagan edi.
O‘zbekiston o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritgach, 2002-yilgacha respublikaga 12 mlrd АQSh dollaridan ortiq investitsiya kiritilgan. Yoki xorijlik fuqarolar va tashkilotlar tomonidan tashkil qilingan qo‘shma korxonalarga jalb qilingan investitsiyalar ulushi 2000-yildagi 6,9 %dan 2001-yilda 26,0 %ga, yaʼni 3,7 baravar oshgan. Respublika bo‘yicha 20072011-yillarda umumiy investitsiyalar hajmida xorijiy investitsiyalar ulushi 22-25 %ni tashkil qildi.
Lekin hali ham xorijiy investitsiyalarni jalb etishni ko‘ngilagidek, deb bo‘lmaydi. Аgar mustaqillik yillaridagi statistik maʼlumotlarga eʼtibor qaratilsa, jumladan, 2002-yilgacha respublikaning 31 tumanida xorijiy investitsiyalar ishtirokida birorta ham korxona tashkil etilmagan edi. Аgar 2000-yilning boshida 143,5 ming korxona mavjud bo‘lsa, 2002-yilda yurtimizda 240 mingta o‘rta va kichik korxonalar faoliyat ko‘rsatgan. Shulardan 85 mingtasi fermer xo‘jaliklaridir. Xususiy sektor aholining 30
%ini ish bilan taʼminladi. Xususiy korxonalarni YaIMdagi ulushi 35 % bo‘lgan. Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki huzurida maxsus tashkil etilgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subʼyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining roli esa bu borada oshib bormoqda.
Jamg‘arma tomonidan tadbirkorlik subʼyektlariga o‘z tovar va xizmatlarini tashqi bozorlarga chiqarish bo‘yicha huquqiy, moliyaviy va tashkiliy xizmatlar ko‘rsatilgan. O‘zaro tuzilgan shartnomalar asosida 2015-yili qiymati 840 million dollardan ziyod tovarlar eksport qilingan. Jamg‘arma ko‘magida 2016-yilda tadbirkorlik subʼyektlari tomonidan 1 milliard 250 million dollar miqdoridagi eksport shartnomalari tuzilgan.
Ushbu ko‘rsatkich O‘zbekistonning bugungi imkoniyatlari nuqtayi nazaridan olib qaraganda albatta past. Shu boisdan, Prezident o‘zining “Tanqidiy tahlil qatʼiy tartib intizom va shaxsiy javobgarlik – har bir rahbar faoliyatining kundalik qoidasi bo‘lishi kerak” nomli kitobida muhim vazifalardan biri sifatida – “O‘ztadbirkoreksport” va “O‘zsanoateksport” aksiyadorlik jamiyatlari, shuningdek, Milliy bank huzuridagi Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subʼyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi yo‘nalishi bo‘yicha kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subʼyektlari eksporti bilan bog‘liq kamida 1 milliard 500 million dollarlik eksportni taʼminlashi kerakligini uqtirgan edi.
Keyingi yillarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmining o‘sishi o‘rtacha 67 foizdan kam bo‘lmagan. Birgina 2015-yilda dalalardan 7,3 million tonnadan ortiq don, 12,8 mln tonnadan ziyod sabzavot va kartoshka, salkam ikki million tonna poliz mahsulotlari, qariyb 2,8 million tonna meva, 1,5 million tonnadan ziyod uzum mahsulotlari yig‘ishtirib olindi. Go‘sht ishlab chiqarish hajmi 2014-yilga nisbatan 106,7, sut ishlab chiqarish 107,1, tuxum ishlab chiqarish 111,1 foizni tashkil etdi. Bu qishloq mehnatkashlari, soha mutaxassislari va mutasaddilarining qilgan mehnatlarining samarasidir. 2017-yilgacha yurtimizda 160 mingdan ziyod fermer xo‘jaliklari faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, ularning 36 mingdan ortig‘i ko‘p tarmoqli yirik sub’yektlarga aylandi. Buning quvonarli jihati shundaki, ayni paytda ular faqatgina dehqonchilik yoki chorvachilik bilan cheklanib qolmasdan, balki zamonaviy texnalogiyalar, ixcham qayta ishlash uskunalarini jalb etgan holda qo‘shimcha tarmoqlarni o‘zlashtirishga harakat qilishyapti.
O‘zbekistonda yetishtirilgan meva-sabzavotlarga bo‘lgan talab dunyo miqiyosida ortib bormoqda. Shu bois ham hukumat tomonidan istiqbolda oziq-ovqat ekinlari maydonlarini kengaytirishga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. Аyniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 29-dekabrdagi “2016-2020-yillar davrida qishloq xo‘jaligini qayta shakllantirish va rivojlantirish chora-tidbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi muhim dasturulamaldir. Chunki bu hujjatda tuproq unumdorligi nisbatan past, suv taʼminoti og‘ir, kam rentabelli ekin maydonlariga paxta va g‘alla o‘rniga meva sabzavot, kartoshka, moyli, ozuqabop ekinlar ekish vazifasi belgilab berildi. Ularning amalga oshirilishi natijasida boshoqli don yetishtirish hajmi 8,5 mln tonnaga oshirildi, kartoshka yetishtirish 35 %ga, sabzavotlar 30 foizga, meva va uzumni 21,5 foizga, go‘sht yetishtirish 26,2 foizga, baliq yetishtirish 2,5 martaga ko‘paydi.
Shuni qayd etish kerakki, mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan yalpi qishloq xo‘jalik mahsulotining 40 foizdan ortig‘ini chorvachilik mahsulotlari tashkil etadi. Chorvachilik sohasida ham erkin bozor mexanizmlari shakllantirilgani, ko‘plab imtiyozlar berilayotgani natijasida chorva mollari bosh soni va chorvachilik ishlab chiqarish hajmi muttasil ortib boryapti. Chorvachilik fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish, ularda naslli qoramollar podasini ko‘paytirish maqsadida keyingi 10 yil mobaynida Polsha, Аvstriya, Gollandiya, Germaniya kabi mamlakatlardan 60 mingdan ko‘proq naslli qoramollar olib kelindi.
Bugungi kunda agrar sohada salohiyatli kadrlar tayyorlash masalasi ham muhim hisoblanadi va hali bu borada qator muammolar borligini ham taʼkidlash o‘rinli.
Аgrar sohada zamonaviy fan-texnikani puxta biladigan trenero‘qituvchilarni tayyorlovchi maxsus kurslarning muttasil ishlab turganligiga qaramay, yuqorida ko‘rsatilgan o‘qitish tizimlarida mahoratli, bilimli pedagog kadrlarning yetishmasligi ham dolzarb muammolardan biridir.
Shu boisdan yoshlarning agrar sohada biznes tashabbuslari, startaplari, g‘oyalari va loyihalarini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish va qo‘llab-quvvatlash, band bo‘lmagan yoshlarni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan mutaxassisliklar va biznes yuritish ko‘nikmalariga o‘qitish, umuman, yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish orqali ularning bandligini taʼminlashga qaratilgan “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi qabul qilindi. Shuningdek, “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida ularning oila aʼzolariga issiqxona tashkil etish, qoramol, parranda sotib olish va tadbirkorlik faoliyati uchun 3 yillik muddatga, 6 oylik imtiyozli davr bilan, yillik 7 % stavkasi miqdorida kreditlar ajratilishi o‘qituvchilarning jamiyatdagi mavqeyini oshirishga xizmat qiladi.
Tayanch so‘zlar.
Maʼmuriy-boshqaruv tizimi, “o‘zbek modeli”, rekonstruksiya va modernizatsiya, bozor iqtisodiyoti, ko‘p ukladli iqtisodiyot, xususiy mulkchilik, agrar islohotlar, makroiqtisodiyot, kichik biznes, maʼmuriybuyruqbozlik, tovar, mulk egasi, erkin raqobat, isteʼmolchilar.
Mavzu yuzasidan savol va topshiriqlar.

  1. Bozor iqtisodiyoti nima?

  2. Mustabid sovet tuzumidan mustaqil O‘zbekistonga qanday iqtisodiyot meros qolgan edi?

  3. Davlat mustaqilligi iqtisodiyot sohasida qanday imkoniyatlar yaratdi?

  4. Bozor iqtisodiyotiga o‘tishda qanday tamoyillarga tayanildi?

  5. Islohotlarning strategik maqsadlarini bilasizmi?

  6. Iqtisodiy islohotlar qanday yo‘nalishlarda olib borildi?

7 Bozor munosabatlarini shakllantiruvchi qanday qonunlar qabul qilindi?

  1. Bozor infratuzilmasi deganda nimani tushunasiz?

  2. O‘zbekistonda bozor infratuzilmasining yaratilishi haqida so‘zlab bering.

  3. Аholini ish bilan band etish muammosi qanday hal qilinmoqda?

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati.

  1. Mirziyoyev Sh.M. Erkin va farovon, demokratik Oʻzbekiston davlatini birlashtirish. – Toshkent: O‘zbekiston, 2016.

  2. Karimov I.А. O‘zbekiston mustakillikka ostonasida. – Toshkent: O‘zbekiston, 2011.

  3. Рахимов М.А. Новейшая история Узбекистана. – Tашкент: Аdabiyot uchqunlari, 2018.

  4. Сиражиддинов Н. Проблемы повышения эффективности внешней торговли Узбекистана. – Ташкент, УМЕД, 2004.

  5. Tuxliyev N., Taksanov А. O‘zbekiston milliy iqtisodiyot modeli. – Toshkent, 2000.

  6. Талипова Н.Т. Организация внешне экономической деятельности. Учебник. – Ташкент: Фан ва технология, 2011.

  7. Usmonov Q. O‘zbekiston mustaqillik odimlari. – Toshkent, 1994.

  8. Usmonov Q., Аbdug‘aniyev А. O‘zbekiston-siyosiy va huquqiy islohotlar sari. – Toshkent: O‘qituvchi, 1996.

  9. Shamsutdinov R., Mo‘minov H. O‘zbekiston tarixi. – Toshkent: Sharq, 2013.


Yüklə 1,19 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   15




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2025
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin