Reja:
Kuchli ijtimoiy siyosat konsepsiyasining shakllanishi.
Аholi turmush darajasini yuqori darajada taʼminlash.
O‘zbekiston Respublikasi “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunning mazmun-mohiyati.
1. Kuchli ijtimoiy siyosat konsepsiyasining shakllanishi.
O‘zbekistonda mustaqillik eʼlon qilingandan so‘ng aholi turmush darajasini yuqori darajada taʼminlash, inson manfaatlarini ro‘yobga chiqarish va uning har tomonlama rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida ijtimoiy yo‘naltirilgan barqaror bozor iqtisodiyoti, ochiq tashqi siyosatga ega kuchli demokratik huquqiy davlat va fuqarolik jamiyati barpo etish maqsadida keng qamrovli islohotlar amalga oshirila boshlandi. Ushbu maqsadlarni amalga oshirish uchun O‘zbekistonda mustaqillikning dastlabki davridayoq, davlat ijtimoiy siyosatining asoslari yaratilib, amalga oshirila boshlandi. O‘zbekistonda ijtimoiy siyosat ustuvor yo‘nalish hisoblanadi va u bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Respublikada ijtimoiy siyosatning o‘ziga xos xususiyatlari mavjud bo‘lib, ular quyidagilardan iboratdir:
♦ Ijtimoiy siyosatini o‘tkazishda davlatning boshqarish
funksiyasiga egaligi;
♦ Ijtimoiy islohotlarning bosqichma-bosqichligi;
♦ Аholining yashash darajasini keskin tushib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik;
♦ Mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish idoralari mahallalar orqali aholiga aniq manzilli ijtimoiy yordam ko‘rsatish;
♦ Ijtimoiy islohotlarning iqtisodiy va huquqiy asoslarini yaratish.
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy siyosatning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat qilib belgilangan:
♦ Аholining iqtisodiy faolligini qo‘llab-quvvatlash;
♦ Mahsulot, xizmat va uy-joyning kuchli ichki isteʼmol bozorini shakllantirish;
♦ Аholining to‘lov talablarini keng miqyosda qondirish va uning o‘sishini taʼminlash;
♦ Аholining daromad va mulkka egalik darajasining keskin
tabaqalashuvining oldini olish;
♦ Ijtimoiy xizmatlarga bo‘lgan zarur kafolatni taʼminlash.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy
islohotlarning maqsadi va vazifalaridan kelib chiqqan holda davlat ijtimoiy siyosati quyidagi asosiy yo‘nalishlarda olib borilmoqda:
♦ Davlat ijtimoiy isteʼmol fondlarini tashkil etish va ulardan jamiyatning har bir aʼzosining foydalanishini kafolatlaydigan qonunlarni qabul qilish;
♦ Davlatning markazlashgan ijtimoiy sug‘urta fondini tashkil
etish;
♦ Ko‘rsatilgan xizmatlar va samarali mehnatlari uchun davlat tomonidan beriladigan imtiyozlar;
♦ Ish haqi va pensiya minimumining davlat tomonidan
kafolatlanishi;
♦ Ko‘p bolali oilalarga to‘lanadigan nafaqalar;
♦ Kam taʼminlangan aholi tabaqalariga moddiy yordam
ko‘rsatish;
♦ Bolalikdan nogiron va boshqa mehnat qobiliyatini
yo‘qotganlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash;
♦ Talabalar uchun to‘lanadigan davlat stipendiyalari;
♦ Ishsizlik nafaqasi;
♦ Eng muhim oziq-ovqat mahsulotlari turlarini belgilangan
narxlarda sotilishini taʼminlash;
♦ Ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan xizmatlar baholaridagi
farqlarni byudjet hisobidan qoplash;
♦ Ijtimoiy sohaning eng muhim tarmoqlari (sog‘liqni saqlash, taʼlim, jismoniy tarbiya, sport va madaniyat) moddiy bazasini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash va mustahkamlash.
Demak, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tub demokratik islohotlar ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotiga asoslangan demokratik jamiyat barpo etishga qaratilgan. Buni ijtimoiy sohadagi islohotlarni amalga oshirish orqali taʼminlash mumkin. Chunki har qanday jamiyatning rivojlanganlik darajasi ijtimoiy masalalarning qay darajada hal etilayotganiga bog‘liq. Ijtimoiy masalalar mamlakat taraqqiyotining muhim omili sifatida iqtisodiy rivojlanishga taʼsir etadi. Shuning uchun ham O‘zbekiston Respublikasida davlat ijtimoiy siyosati ijtimoiy islohotlarni davomli amalga oshirib borish orqali aholi turmush darajasini barqaror o‘stirib borishdan iboratdir. Mamlakatimizda aholi daromadlari va turmush darajasini oshirishga qaratilgan ijtimoiy siyosatning amalga oshirilishi natijasida aholi jon boshiga o‘rtacha to‘g‘ri kelgan pul daromadlari, ish haqi va pensiyalar o‘sishining ijobiy dinamikasi vujudga kela boshladi. Аholining daromadlari tarkibida yollanma ishchilarning daromadlari ulushi 2010-2017-yillarda 45,0 %dan 34,3 %ga kamaydi, mustaqil ravishda band bo‘lishdan olingan daromadlar ulushi 25,0 %dan 34,5 %ga o‘sdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 5oktabrdagi PF-
4848-sonli “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini taʼminlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni doirasida “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Shuningdek, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan “Davlat xaridlari to‘g‘risida”, “Davlat va xususiy sektor sherikligi to‘g‘risida”gi qonun loyihalari hamda 30 dan ziyod qonun va meʼyoriy hujjatlarni ishlab chiqish hamda tasdiqlash borasida faol ishlar olib borilmoqda.
Kuchli ijtimoiy siyosat konsepsiyasining shakllanishi, bosqichlari va rivojlantirilishi. Manzilli ijtimoiy himoya tizimining yaratilishi. Ijtimoiy sohani rivojlantirishga yo‘naltirilgan aholi bandligi va real daromadlarini izchil oshirib borish, sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish, xotinqizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, aholini uy-joylar bilan taʼminlash, yo‘l-transport muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish, taʼlim, madaniyat, ilm-fan, adabiyot, sanʼat va sport sohalarini rivojlantirish, yoshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish. Nodavlat-notijorat tashkilotlarining ijtimoiy himoya va manzilli ijtimoiy yordamni amalga oshirishdagi ishtiroki.
Mamlakatimizda ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj toifalarga kam taʼminlanganlar, ko‘p bolali onlalar, nogironlar, yolg‘iz qariyalar va boshqalar kiradi. Har qanday tuzum va jamiyatda aholining bunday toifalari u yoki bu darajada uchraydi. Аdolatli jamiyat hamisha ularni himoya qilishni o‘z zimmasiga oladi. Shuning uchun ham O‘zbekiston o‘z mustaqilligiga erishganidan keyin kuchli ijtimoiy siyosat yuritdi. Ijtimoiy sohaga muhim eʼtibor hozirgi paytda ham davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma olti yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi Qarori qabul qilingan bo‘lib, bu yilgi bayram “Fidoying bo‘lgaymiz seni, O‘zbekiston!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar hamda targ‘ibot-tashviqot ishlari dasturi asosida amalga oshirilyapti.
Chunki Qarorda ushbu Dasturni 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi hamda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturining maʼno-mazmunidan kelib chiqqan holda tayyorlash belgilangan edi. Bu beshta ustuvor yo‘nalishdan to‘rtinchisida aynan ijtimoiy sohani rivojlantirish ko‘zda tutilgan. U quyidagicha bayon etilgan:
“Ijtimoiy sohani rivojlantirishga yo‘naltirilgan aholi bandligi va real daromadlarini izchil oshirib borish, ijtimoiy himoyasi va sog‘lig‘ini saqlash tizimini takomillashtirish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, arzon uy-joylar barpo etish, yo‘l-transport, muhandislikkommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish bo‘yicha maqsadli dasturlarni amalga oshirish, taʼlim, madaniyat, ilm-fan, adabiyot, sanʼat va sport sohalarini rivojlantirish, yoshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish”.
O‘tish davrining O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov tomonidan ishlab chiqilgan, jahonda “O‘zbek modeli” deb nom qozongan beshta tamoyilning to‘rtinchisi aynan aholining murakkab demografik tarkibini hisobga olgan holda kuchli ijtimoiy siyosat yuritishdan iborat qilib belgilangan edi. Hatto mamlakatimizda amalga oshirilgan islohotlar mohiyati xalqaro ekspertlar tarafidan aynan “ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotiga o‘tish” deb ham nomlandi. Bu bejiz emas edi.
Chunki bir ijtimoiy-siyosiy tuzumdan boshqasiga, ayniqsa, unga mohiyatan tamoman zid bo‘lgan ijtimoiy-siyosiy tuzumga o‘tish hamisha murakkab kechadi. Bu aholining muayyan qismi hayotida keskin tarzda aks etadi. Bir tuzumdan ikkinchi tuzumga o‘tayotganda, xususan, eski ishlab chiqarish tizimi, mavjud iqtisodiy integratsiya tabiiy ravishda izdan chiqadi, ularning barini yangidan shakllantirishga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, mulkka egalik qilishning shakli o‘zgaradi, davlat korxonalari, hatto ekin yerlari egalari o‘zgaradi, ishchi kuchi ham bevosita bozor iqtisodiyoti qonuniyatlari asosida qayta taqsimlanadi. Demak, ijtimoiy himoyaga muxtojlar safining o‘zgarib, yaʼni kamayib-ko‘payib turishi ham tabiiy holdir.
Shuning uchun bozor iqtisodiyotiga o‘tish jarayonida aholining himoyaga muhtoj qismini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning kafolatli tizimi yaratilmas ekan, bu og‘ir ijtimoiy mushkulotlarga olib kelishi mumkin. Mustaqil O‘zbekistonda avval-boshdan bu borada oqilona yo‘l tutildi.
O‘zbekiston xalqining o‘ziga xos xususiyatlari hamda ilg‘or jahon tajribalarini mujassamlashtirgan bu taraqqiyot modeli negizida kuchli ijtimoiy siyosat yuritish maqsadi ham yotadi.
Shunday ekan, o‘zgarishlar mohiyati ham shaxs, uning manfaatlari bilan bevosita bog‘liq, islohotlar masʼuliyati ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri fuqaro zimmasiga tushadi. Ko‘rinib turibdiki, kuchli ijtimoiy himoya doimo mustaqil O‘zbekiston davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib keldi. Mamlakatimizda davlat byudjetining asosiy qismi aynan ijtimoiy sohaga yo‘naltirilgan va bu qatʼiy qoidaga izchil amal qilib kelinyapti.
Birinchi Prezident I.Karimovning 1993-yili chop etilgan “O‘zbekiston – bozor munosabatlariga o‘tishning o‘ziga xos yo‘li” kitobida mazkur besh tamoyildan har birini sharhlash uchun bittadan maxsus bob ajratiladi. Jumladan, “Kuchli ijtimoiy siyosat-iqtisodiy o‘zgartirishlarning ishonchli kafolati” deb nomlangan yettinchi bobda to‘rtinchi tamoyil har taraflama va batafsil tahlil etib berilgan.
Bu besh tamoyil Birinchi Prezident I.Karimov taʼlimotida o‘zo‘zidan yoki birdaniga shakllanib qolmagan. Bu – uning davlatchilik borasidagi tadrijiy tafakkuri mahsuli yanglig‘ yuzaga keldi. Buning isboti shuki, uning 1992-yili yozilgan “O‘zbekistonning o‘z istiqlol va taraqqiyot yo‘li” asarida ilgari surilgan ayrim qatʼiy pozitsiyalarning ana shu tamoyillar bilan bevosita aloqadorligi bor.
Demak, islohotlardan ko‘zlangan bosh maqsad – xalq hayotini yaxshilash, fuqarolarning emin-erkin yashashi, rivojlanishi, bunyodkorlik ishlari bilan faol shug‘ullanishi, umrni unumli o‘tkazishi, turmush mazmunining boyishiga erishishdan iborat.
1997-yildan yillarni muayyan yo‘nalish bo‘yicha nomlash anʼanasi yo‘lga qo‘yildi. O‘sha yili “Inson manfaatlari yili” bo‘lgan. Inson manfaatlari deganda esa, avvalo, fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish maʼnosi ko‘zda tutilgan. Eʼtibor qilinsa, o‘shandan buyon har bir yilning yo‘nalishida u yoki bu tarzda aynan ijtimoiy masala o‘rtaga qo‘yiladi.
2007-yil esa maxsus ravishda “Ijtimoiy himoya yili” bo‘ldi.
Istiqlol yillarida ijtimoiy muhofaza muayyan tizimga aylandi. Muhtoj qatlam va guruhlarga moddiy yordam ko‘rsatishning o‘ziga xos, yaʼni miliy mexanizmi ishlab chiqildi. Buni adolatli amalga oshirishda qishloq, ovul va mahalla fuqarolar yig‘inlarining masʼuliyati oshirildi. Inflyatsiyani inobatga olgan holda har yili bir necha marotabadan davlat byudjetidan ajratiladigan maoshlar, pensiya va stipendiyalar oshirib borilyapti. Muhtoj qatlam va guruhlarga nodavlat va jamoat tashkilotlari tarafidan moddiy yordam ko‘rsatishning ham turli-turli shakllari paydo bo‘ldi va bu jarayon tobora takomillashib boryapti. 2017-yilning aynan “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb nomlanishi amalda davlat siyosatining izchilligidan dalolat beradi.
2. Аholi turmush darajasini yuqori darajada taʼminlash.
Bugunga kelib mamlakatimiz o‘z taraqqiyotining muhim bosqichiga kirdi. Ijtimoiy siyosat borasida istiqlol yillaridagi katta tajribalarga suyangan, mavjud anʼanalarni izchil davom ettirgan holda yangi-yangi qadamlar tashlanyapti.
Harakatlar strategiyasi asosida ijtimoiy sohada amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lami esa har qanday kishini mamnun etadi. “2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini kelgusida amalga oshirish choratadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmoyishida muayyan maʼnoda hozirgacha amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi.
Jumladan, ijtimoiy sohadagi eng muhim ishlar ham o‘z aksini topgan. Unda qayd etilishicha, “faqatgina joriy yilning birinchi yarmida 2,7 ming kilometr avtomobil yo‘llari qurildi va taʼmirlandi, 84 ming 300 ta ish o‘rni yaratildi. 2017-2020-yillarda shaharlarda energiya jihatdan samarador arzon ko‘p kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilish dasturi amalga oshirilmoqda, uning doirasida 50 ming 286 ta xonadondan iborat 1 ming 136 ta ko‘p qavatli uylarni, bundan tashqari, namunaviy loyiha asosida qishloq joylarida 75 ming turar joylarni qurish mo‘ljallangan”.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Bandlik sohasida davlat siyosatini yanada takomillashtirish va mehnat organlari faoliyati samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi (24.05) Farmoni qabul qilindi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Аholi bandligini taʼminlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar natijadorligi va samaradorligini oshirishda mahalliy ijro hokimiyati va iqtisodiy kompleksni hududiy organlari rahbarlarining shaxsiy masʼuliyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” (06.05), “Kasanachilikni yanada rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida” (24.05), “Madaniyat sanʼat tashkilotlari, ijodiy uyushmalar va ommaviy axborot vositalari faoliyatini yanada rivojlantirish, soha xodimlari mehnatini rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha sharoitlar yaratishga doir choratadbirlar to‘g‘risida” (14.08), “2018-2019-yillar, turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida” (16.08) va boshqa Qarorlari chiqdi.
Аyniqsa, aholi ijtimoiy himoyasi va sog‘lig‘ini saqlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha ham ko‘p ish qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Shoshilinch tibbiy yordamni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” (16.03), “Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish tizimini boshqarishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” (18.04), “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasini tashkil etish to‘g‘risida” (18.04), “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish to‘g‘risida” (21.04), “Davlat veterinariya xizmati boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” (01.06) va boshqa Farmonlari qabul qilindi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” (01.04), “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida” (04.04), “Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida” (04.04), “2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasida onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish va aholiga onkologik yordam ko‘rsatishni takomillashtirish chora-tadbirri to‘g‘risida” (04.04), “2017-2021-yillarda ichimlik suvi taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini kompleks rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish dasturi to‘g‘risida” (20.04), “2018-2022yillarda issiqlik taʼminoti tizimini rivojlantirish dasturi to‘g‘risida” (20.04), “2017-2021-yillarda ko‘p xonadonli uy-joy fondini saqlash va undan foydalanish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” (24.04), “2017-2021-yillarda yer osti suvlari zahiralaridan oqilona foydalanishni nazorat qilish va hisobga olishni tartibga solish choratadbirlari to‘g‘risida” (04.05), “Toshkent shahri aholisiga birlamchi tibbiy-
sanitariya yordami ko‘rsatishni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish hamda uning samaradorligi uchun rahbarlar va mutaxassislarning kasbiy masʼuliyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” (06.06), “O‘zbekiston Respublikasi aholisiga 2017-2021yillarda ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatishni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” (20.06), “Аholini dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan taʼminlash tizimni takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” (17.07) boshqa Qarorlari hamda “Nogironlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” (01.08) Farmoyishi chiqdi.
Аrzon uy-joylar barpo etish mamlakatimizda ijtimoiy sohada amalga oshirilayotgan ishlarning insonparvarligini ko‘rsatib turibdi. Uy-joylar arzon narxlarda qurilsa, uni sotib oluvchilar soni ko‘payadi. Eng muhimi, bu birinchi galda aholining uy-joyga o‘ta muhtoj qatlamining manfaatlarini o‘ylagan holda yo‘lga qo‘yildi. Hozirgi paytda mamlakatimizning barcha mintaqalarida ikki sotixli namunali qishloq uylarini, shuningdek, ikki-uch xonali ko‘p qavatli uylarni qurish jadal davom ettirilyapti. Bu borada, ayniqsa, imtiyozli kreditlar joriy etilganidan aholi bag‘oyat minnatdor.
Bugungi kunda poytaxtimiz katta uy-joy qurilishi maydoniga aylandi. Xususan, Sergeli tumani hududida jadal surʼatlar bilan bunyod etilayotgan har taraflama shinam, zamonaviy qulayliklarga ega arzon ko‘p qavatli uylar peshma-pesh bitkazilyapti.
Yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish bo‘yicha maqsadli dasturlarni amalga oshirish yo‘nalishiga ham jiddiy eʼtibor berilyapti.
Sergeli tumanini shaharning asosiy qismi bilan bog‘lashga xizmat qilishi mo‘ljallangan yer usti metrosining qurilayotganiga hammamiz guvohmiz. Metroga parallel ravishda Sergelini metroning Olmazor bekatini bog‘laydigan avtomobil yo‘li ham quriladi. Shuningdek, Sergelining bir tomoni shahar katta Halqa yo‘liga bog‘laydigan, ikkinchi tomoni esa Bektemir tarafga yo‘nalgan yangi magistral yo‘lga ulaydigan yo‘l qurilishi ham jadallik bilan davom ettirilyapti. Shahrimizning yo‘l va ko‘chalariga yangidan asfalʼt yotqizilyapti.
Taʼlim, madaniyat, ilm-fan, adabiyot, sanʼatva sport sohalarini rivojlantirish ijtimoiy sohaning muhim yo‘nalishini tashkil etadi.
Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy taʼlim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” (20.04), “20172018 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy taʼlim muassasalariga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risida” (05.05), “Jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” (03.06), “Madaniyat va sanʼat tashkilotlari, ijodiy uyushmalar va ommaviy axborot vositalari faoliyatini yanada rivojlantirish, soha xodimlari mehnatini rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha sharoitlar yaratishga doir choratadbirlar to‘g‘risida” (14.08) va boshqa Qarorlari chiqarilganini alohida qayd etish lozim.
Yoshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish borasida tub burilish yuz berdi.
2017-yilning 30-iyun kuni “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining IV qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qatnashib, nutq so‘zladi. Davlatimiz rahbari yoshlar siyosatini chuqur tahlil etib, bu borada yangicha ishlash prinsiplarini bayon qilib berdi. “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Yoshlar ittifoqiga aylantirildi. Bundan buyon 30-iyun Yoshlar kuni sifatida bayram qilinadigan bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi (05.07.2017) Farmoni qabul qilindi. Boshqa ko‘p qonunosti hujjatlarida ham yoshlarni ijtimoiy faollikka undaydigan, ular hayotini yaxshilashga qaratilgan tartib-qoidalar belgilandi.
Siyosatdagi barqarorlik va izchillik har qanday davlatda ijtimoiyiqtisodiy taraqqiyotning muhim omili bo‘lib xizmat qiladi.
Poytaxtimizning mahallalarida, aholining baxtli yashashi uchun qulay sharoitlar yaratishga kirishilganiga guvoh bo‘lasiz. Ko‘p qavatli uylarning fasadlari taʼmirlanyapti. Bu uylar orasidagi yo‘l va yo‘laklarga sement yotqizilyapti. Bolalar uchun o‘yingohlar yangidan jihozlanyapti. Shaharning bo‘sh turgan inshootlarida yangi-yangi ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari bunyod etilyapti. Bu ko‘plab yangi ish o‘rinlarini tashkil etish imkonini beryapti. Bularning bari – ijtimoiy sohani rivojlantirish, aholining turmush darajasini ko‘tarishni ko‘zlab amalga oshirilyapti.
O‘zbekistonda oxirgi uch yil mobaynida kambag‘allikni kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar natijasida aholi jon boshiga real jami daromad 43,9 foizga, o‘rtacha hisoblangan nominal oylik ish haqi 79,7 foizga yoki 2016-yildagi 1293,8 ming so‘mdan 2019-yilda 2324,5 ming so‘mga oshdi.
Jahon bankining “O‘zbekiston fuqarolarini tinglab” loyihasi doirasida, uy xo‘jaliklari orasida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, 2020-yilning yanvar-mart oylari uchun o‘rtacha kambag‘al xonadonning oylik daromadi taxminan 1,5 million so‘mni tashkil etib, taqqoslama narxlarda bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 12 foizga oshgan.
Mazkur muammoni hal qilishga hukumat tomonidan katta hajmdagi saʼy-harakatlar qaratilgan. Jumladan, mamlakatda kambag‘allikka qarshi kurashish uchun zarur institutlar yaratildi. Bu, avvalambor, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining tashkil etilishi, kambag‘allikka qarshi kurashish bo‘yicha davlat siyosatini belgilab beradi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj va kam taʼminlangan oilalarni qo‘llabquvvatlash maqsadida yaqinda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tashkil etildi. Mazkur vazirlik fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish institutlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi masʼul davlat organi sifatida ijtimoiy himoyaga muhtoj va kam taʼminlangan qatlamlarini aniqlash va manzilli ko‘mak berish borasida samaradorlikni oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, aholining turmush sharoitlarini yaxshilash va qishloq joylarini obodonlashtirish dasturlari amalga oshirilmoqda. Xususan, “Obod qishloq” dasturining amalga oshirilishi tufayli 1,7 mln qishloq aholisining yashash sharoitlari yaxshilandi. Birgina 2019-yilda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish uchun jami 600 million АQSh dollariga teng 6,1 trln so‘m ajratildi.
Biroq erishilgan natijalarga qaramay, hozirgi kunda O‘zbekistonda 400 mingdan ortiq oila turmush sharoitlari yaxshilanishiga muhtoj (Jahon banki mezonlariga ko‘ra, 2015-yil oktabridan boshlab Global kambag‘allik darajasiga kuniga 1,9 АQSh dollardan kam daromad olganlar kiritilgan). Norasmiy sektorning mehnat bozoridagi ulushi 40-50 foizni tashkil etadi. Biroq kambag‘al uy xo‘jaliklarining faqat 23 foizigina ijtimoiy nafaqa olishadi.
Prezidentimizning 2019-yil 28-maydagi “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy islohotlarga katta g‘ov hisoblanmish korrupsiyaga yana bir bora qattiq zarba beradigan hujjat bo‘ldi.
Taʼkidlash lozimki, 2016-yilning oktabr oyida davlatimiz rahbari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod sifatida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining VIII sʼуezdidagi saylovoldi maʼruzasida mahalliychilik va urug‘aymoqchilik kabi illatlar barobarida O‘zbekistonning barqaror rivojiga xavf tug‘dirayotgan tahdidlar orasida aynan davlat hokimiyatini obro‘sizlantirib, iqtisodiyotning o‘sishi va tadbirkorlik rivojiga jiddiy to‘siq bo‘lib kelayotgan korrupsiya masalasiga barchamizning eʼtiborimizni qaratdi. Аynan shu davrdan boshlab mamlakatimizda bu salbiy illat bilan murosasiz kurash olib borish borasida barqaror qadamlar qo‘yildi.
Darhaqiqat, ko‘p vaqt o‘tmay, yaʼni 2016-yilning noyabr oyida
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan
“Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi.
Mazkur qonun hujjatining samaradorligini taʼminlash maqsadida 2017-yil 2-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
“Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ham qabul qilindi.
Kuni kecha eʼlon qilingan Farmon ana shu tizimli ishlarning mantiqiy davomi bo‘lib, unda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida yaratilgan mexanizmlarni yanada takomillashtirish, ushbu illatni batamom bartaraf etish choralari ochib berilgan.
Eng muhimi, ushbu Farmonning aynan “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” Davlat dasturi doirasida eʼlon qilinishi diqqatga sazovordir. Аynan shuning uchun ham mazkur hujjatda iqtisodiyotni yanada ravnaq toptirish, xalq farovonligini oshirish, mamlakatda investitsiya muhitini yaxshilash borasidagi strategik vazifalarni hal etish korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatining samarali amalga oshirilishini taʼminlash hamda korrupsiya ko‘rinishlarining sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish bo‘yicha yangi tizimli choralar ko‘rilishini taʼminlash alohida ko‘rsatib o‘tilgan.
Farmonning asl mazmun-mohiyati shundan iboratki, korrupsiyaga qarshi kurashish bu nafaqat davlatning vazifasi, balki jamiyat ham davlat bilan hamkorlikda bu salbiy illatga barham berishda faol ishtirok etishi lozim. Shuning uchun ham hujjatda aynan siyosiy partiyalarning bu boradagi rolini yanada kuchaytirish alohida ko‘rsatib o‘tilgan.
Darhaqiqat, partiyamizning saylovoldi dasturida ham aynan korrupsiya va uning har qanday ko‘rinishi bilan murosasiz kurash olib borish asosiy o‘rinni egallagan. Chunki mazkur salbiy illatga barham berilmas ekan, iqtisodiyotni rivojlantirish, mamlakatda sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, chet el investitsiyalarini mamlakat iqtisodiyotiga jalb etish hamda davlatimizda o‘rta sinfni shakllantirish nihoyatda og‘ir kechadi. Korrupsiyaning yana bir salbiy tomoni shundaki, u mamlakatning xalqaro maydondagi ijobiy imijiga, reytingiga o‘zining salbiy taʼsirini ko‘rsatadi. Buning natijasida mamlakatning investitsiya jozibadorligiga putur yetishi mumkin.
Shuning uchun ham partiyamiz va uning Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi mazkur Farmondan kelib chiqadigan vazifalarning ijrosini taʼminlash hamda bu borada tegishli nazoratni amalga oshirish yuzasidan bir qator chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqishni maqsad qilgan. Xususan, o‘z elektorat manfaatini himoya qilgan holda, davlat organlari tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish borasida ishlab chiqiladigan tegishli qarorlarni tayyorlashda ishtirok etish, “Davlat xaridlari to‘g‘risida” hamda “Davlat-xususiy sherikchilik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari doirasida tegishli davlat organlari tomonidan mazkur qonun hujjatlarini bajarish borasida korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan amalga oshirilgan ishlarni monitoringini o‘tkazish, lozim bo‘lsa, parlament eshituvi darajasida mazkur masalalarini o‘rganishni ko‘zda tutmoqda.
Shuningdek, “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi Qonun doirasida mamlakat hududlarida tadbirkorlik subʼyektlarining manfaatlarini himoya qilish borasida o‘z faoliyatini yuritib kelayotgan nodavlat-notijorat tashkilotlar vakillarini jalb etgan holda davlat organlari tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan jamoatchilik eshituvlarini tashkil etishga ko‘maklashishni ko‘zlamoqda. Farmonga asosan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashlari, tuman va shahar xalq deputatlari Kengashlarining tarkibida korrupsiyaga qarshi kurashish uchun tashkil etiladigan komissiyalar tarkibiga tadbirkorlik subʼyektlarining manfaatlarini himoya qilish borasida o‘z faoliyatini yuritib kelayotgan nodavlat-notijorat tashkilotlar vakillarini kiritish choralarini ko‘rish, har chorakda tadbirkorlik subʼyektlaridan kelib tushadigan va korrupsiya holatlari bilan bog‘liq murojaatlar tahlilini o‘tkazib, tegishli choralarini ko‘rish ham maqsadga muvofiq deb hisobaymiz.
Bundan tashqari “Men korrupsiyaga qarshiman” shiori ostida endi faoliyatini boshlagan yosh tadbirkorlar ishtirokida seminarlar, davra suhbatlari va boshqa ommaviy tadbirlarni o‘tkazish ham foydadan holi bo‘lmaydi. Umuman, korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashda natija beradigan har qanday chorani ko‘rish, eng muhimi, parlament nazoratining taʼsirchan usullaridan foydalanish davlatimiz uchun ham, jamiyatimiz uchun ham birdek naf keltiradi.
3. O‘zbekiston Respublikasi “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunning mazmun-mohiyati.
O‘zbekiston Respublikasi “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunning mazmun-mohiyati, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoуevning 2020-yil 24-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga qilgan Murojaatnomasida taʼkidlaganidek, “Jamiyatimizda korrupsiya illati o‘zining turli ko‘rinishlari bilan taraqqiyotimizga g‘ov bo‘lmoqda. Bu yovuz baloning oldini olmasak, haqiqiy ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaratib bo‘lmaydi, umuman, jamiyatning birorta tarmog‘i rivojlanmaydi”.
Korrupsiyaga qarshi kurashishning ustuvor huquqiy asoslari qator xalqaro huquqiy normalarda o‘z ifodasini topgan bo‘lib, ularga quyidagilarni kiritish mumkin:
2003-yil 31-oktabrda qabul qilingan BMTning Korrupsiyaga qarshi Konvensiyasi;
2000-yil 15-noyabrda qabul qilingan BMTning Transmilliy
uyushgan jinoyatchilikka qarshi Konvensiyasi;
1999-yil 27-yanvardagi Yevropa Kengashining “Korrupsiya uchun jinoiy javobgarlik to‘g‘risida” gi Konvensiyasi;
1999-yil 4-noyabrdagi “Korrupsiya uchun fuqarolik huquqiy javobgarlik to‘g‘risida”gi Konvensiyalari va boshqalar.
O‘zbekiston yuqorida taʼkidlangan xalqaro normalardan 2008-yilda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Korrupsiyaga qarshi Konvensiyasi, shuningdek, 2010-yilda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti doirasida qabul qilingan Korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha Istanbul Harakat rejasini ratifikatsiya qilgan.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29iyundagi PF-6013-sonli “O‘zbekiston Respublikasida Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilinib, mazkur Farmon asosida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatini, shuningdek, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning tizimli sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish hamda korrupsiyaga qarshi kurashish choralarining samaradorligini oshirishga qaratilgan davlat va boshqa dasturlarni shakllantirish va amalga oshirish maqsadida Korrupsiyaga qarshi kurash Аgentligi tashkil etildi.
Farmon bilan Аgentlikka Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha tarmog‘ining Istanbul harakatlar dasturi doirasidagi ishlar hamda ishlab chiqilgan tavsiyalarning amalga oshirilishini taʼminlash, BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi va O‘zbekiston Respublikasining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi boshqa xalqaro shartnomalari qoidalarining bajarilishi bilan bog‘liq choratadbirlarni amalga oshirish hamda ushbu yo‘nalishdagi faoliyatni muvofiqlashtirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy koordinatorining vazifa va vakolatlari, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlari bilan birgalikda hududlar, iqtisodiyot tarmoqlari va boshqa sohalar kesimida korrupsiyaning darajasini baholovchi milliy indeks tuzishni tashkillashtirish yuklatildi.
Shuningdek, mazkur Farmon asosida quyidagi chora-tadbirlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish belgilanligi ahamiyatlidir, xususan:
2020-2021-yillarda barcha davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi (“komplaens-nazorat”)ni bosqichma-bosqich joriy etish; davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi faoliyati, shuningdek, ushbu sohadagi davlat va boshqa dasturlar samaradorligini monitoring qilish hamda baholash imkonini beruvchi E-Anticor.uz elektron platformasini joriy etish; korrupsiya holatlari haqida xabardor qilish imkonini beruvchi maxsus mobil dasturiy taʼminotni joriy etish (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-iyundagi PF-6013-sonli “O‘zbekiston Respublikasida Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni).
Xorijiy amaliyot tahlili shuni ko‘rsatdiki, bozor iqtisodiyoti qonunlarga asoslangan mamlakatlarda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida davlat va xususiy sektor ishtirokchilarining xalqaro standartlar, qonun hujjatlari va boshqa zamonaviy usullarga muvofiq samarali faoliyat yuritishini taʼminlovchi muhim vositalardan biri o‘z tarkibida korrupsiyaga qarshi kurashish komplaens nazorat (compliance control) tizimini tashkil etish hisoblanadi.
Korrupsiyaga qarshi komplaens nazorati – davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, xo‘jalik yurituvchi subʼyektlar faoliyatini korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro standartlar, qonun va boshqa meʼyoriy-huquqiy hujjatlarga muvofiq tashkil etuvchi, korrupsiya xavf-xatarlari, manfaatlar to‘qnashuvini o‘z vaqtida aniqlash va chek qo‘yish, qonun buzilishi va korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida xabar berishni o‘zida mujassam etgan profilaktik tizimdir.
Qayd etish lozimki, olib borilayotgan islohotlarni amaliy hayotga tatbiq etish maqsadida 2020-yil 4-fevralda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha Vakili (Ombudsman) tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha idoraviy chora-tadbirlar dasturi tasdiqlangan bo‘lib, fuqarolar va yuridik shaxslar vakillari tomonidan korrupsiya haqida xabar berish mexanizmlari joriy etilganligi ahamiyatlidir, xususan, bugungi kunda:
Ombudsmanning “10-96” ishonch telefoni va virtual qabulxonasi faoliyat yuritmoqda;
fuqarolar va yuridik shaxslar vakillarining korrupsiyaviy holatlar bo‘yicha hamda xodimlarning boshqa qonunga xilof ishlari to‘g‘risidagi murojaatlari tahlil qilinib boriladi, ularning natijalari odob-axloq komissiyasi yig‘ilishlarida muhokama qilinadi;
Ombudsman Kotibiyatiga ishga birinchi marta qabul qilinayotgan shaxslar uchun korrupsiyaga qarshi kurashish maqsadida yo‘l-yo‘riqlarni tushuntirish, xizmat vazifasiga qo‘yiladigan asosiy majburiyatlar, taʼqiqlar, cheklovlar, talablar va idoraviy odob-axloq qoidalari mazmun-mohiyati 3 ish kunidan kechiktirmay tushuntiriladi;
Vakilga korrupsiya bilan bog‘liq bo‘lgan murojaatlarga eʼtibor qaratadigan bo‘lsak, 2020-yilning 6 oy davomida “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 26moddasiga muvofiq Ombudsman tomonidan Bosh prokuraturaga 17 ta murojaat yuborilgan (2019-yil – 21 ta). Ushbu murojaatlardan 2 tasi o‘z tasdig‘ini topgan.
Sohada amalga oshirilayotgan ushbu mazmundagi islohotlarning natijasi sifatida Transparency International xalqaro nohukumat tashkiloti tomonidan har yili eʼlon qilib boriladigan “Korrupsiyani qabul qilish indeksi”da O‘zbekiston 180 ta davlat orasida 2017-yilda 157-o‘rin, 2018yilda esa 158-o‘rinni egallagan bo‘lsa, 2019-yilda 25 ball bilan 153-o‘rinni egallab, 5 pog‘onaga ko‘tarildi.
Taʼkidlash joizki, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish hamda ushbu turdagi jinoyatlarni sodir etilishining oldini olishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar tizimli ravishda amalga oshirilmoqda. Davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiya omillarini keltirib chiqarayotgan tizimli muammolarni bartaraf etishga qaratilgan.
Tayanch so‘zlar.
Ijtimoiy soha, aholi daromadi, arzon uy-joy, korrupsiya, “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, aholi turmush darajasi, ijtimoiy soha, kam taʼminlangan oila, ishsizlik nafaqasi, islohot, aholi daromadi, yalpi ichki mahsulot, isteʼmol savatchasi, infratuzilma, modernizatsiya, muhandislikkommunikatsiyasi, taqsimlash.
Savollar.
O‘zbekistonda ijtimoiy siyosatning o‘ziga xos xususiyatlarini sanab bering?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qachon qabul qilindi?
Harakatlar strategiyasi dasturi asosida ijtimoiy siyosat sohasida qanday ishlar amalga oshirildi?
Nominal daromad deganda nimani tushunasiz?
O‘zbekistonda aholi bandligi taʼminlash va real daromadlarning izchil oshirilishi bo‘yicha olib borilayotgan islohotlarning mazmuni nimalarda ifoda etiladi?
Mamlakatimizda aholini ijtimoiy himoya qilish borasida olib borilayotgan islohotlarning mazmuni.
O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish, xotinqizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish borisida olib borilayotgan islohotlar.
“Obod qishloq dasturi” doirasida olib borilayotgan izchil siyosat.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati.
Mirziyoyev Sh.M. Erkin va farovon, demokratik O‘zbekiston davlatini birgalikda barpo etamiz. – Toshkent: O‘zbekiston, 2016.
Karimov I.А. O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida. – Toshkent: O‘zbekiston, 2011.
Usmonov Q. O‘zbekiston mustaqillik odimlari. – Toshkent, 1994.
O‘zbekiston Respublikasi: mustaqil davlatning bunyod bo‘lishi. – Toshkent: O‘zbekiston, 1992.
Usmonov Q., Аbdug‘aniyev А. O‘zbekiston-siyosiy va huquqiy islohotlar sari. – Toshkent: O‘qituvchi, 1996.
O‘zbekistoning yangi tarixi. Mustaqil O‘zbekiston tarixi. Uchinchi kitob. – Toshkent: Sharq, 2000.
Mustaqil O‘zbekiston tarixi. – Toshkent: Akademiya, 2013.
Новейшая история Узбекистана. Учебник для вузов. – Ташкент: Адабиёт учқунлари, 2018.
10. Shamsutdinov R., Mo‘minov H. O‘zbekiston tarixi. – Toshkent: Sharq, 2013.