5-MAVZU. O‘ZBEKISTONDА DEMOKRАTIK, FUQАROLIK JАMIYATI АSOSLАRINING SHАKLLАNIShI, АMАLGА OSHIRILGАN SIYOSIY ISLOHOTLАR. REJА
Fuqarolik jamiyati – taraqqiyotning yuqori bosqichi.
O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatinining konseptual asoslarining shakllanishi.
O‘zbekistonda ko‘ppartiyaviylik tizimining shakllanishi va uning ahamiyati. Siyosiy partiyalar faoliyatidagi xususiyatlar.
O‘zbekistonda parlament tizimi va undagi islohotlar.
O‘zbekistonda nodavlat-notijorat tashkilotlar va ularning siyosiy, ijtimoiy hamda iqtisodiy jarayonlardagi ishtiroki. Ijtimoiy sherikchilik.
O‘zini o‘zi boshqaruv organlarining faoliyati va ularning jamiyatni demokratlashtirishdagi o‘rni.
O‘zbekistonda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi. Inson haq-huquqlarini taʼminlash va himoya qilish.
1. Fuqarolik jamiyati – taraqqiyotning yuqori bosqichi.
Mustaqillikka erishganimizdan keyin bozor iqtisodiyotiga asoslangan mustaqil demokratik davlat barpo etish, inson manfaatlari, huquq va erkinliklari, qonun ustuvorligi hamda mamlakatimizning barcha fuqarolari uchun qonun oldida tenglik taʼminlanadigan fuqarolik jamiyatini shakllantirish strategik maqsad sifatida belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I.А.Karimov “Bizning bosh strategik maqsadimiz qatʼiy va o‘zgarmas bo‘lib, bozor iqtisodiyotiga asoslangan erkin demokratik davlat barpo etish, fuqarolik jamiyatining mustahkam poydevorini shakllantirishdan iborat” deb taʼkidlagan edi.
Fuqarolik jamiyati tushunchasi – kishilik jamiyatining asrlar mobaynida shakllangan tafakkur mahsuli bo‘lib inson huquqlari va erkinliklarining holati bilan belgilanadi. Fuqarolik jamiyatining poydevorini yaratish va uni amalda shakllantirish uchun, avvalo, u haqdagi g‘oyalar genezisini, asoslarini bilish lozim. Fuqarolik jamiyati maʼlum asoslar, xususan, iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy, huquqiy, maʼnaviy asoslar bilan shakllanishi mumkin. Bular quyidagilardan iborat:
iqtisodiy asos – shaxs va jamiyat manfaatlarining umumiyligiga asoslangan mulk shakllarining xilma-xilligi, iqtisodiy plyuralizm, ko‘p ukladlilik, erkin bozor munosabatlari. Qaysiki jamiyatda uning har bir aʼzosi, qandaydir mulkka ega bo‘lishi, o‘z xohishi bilan tasarruf etish, sarflash huquqiga ega bo‘lishi, xususiy mulk daxlsizligi, davlat tomonidan kafolatlangan tadbirkorlik, mehnat va isteʼmol faoliyati erkinligining taʼminlanganligi; ijtimoiy-siyosiy asos – mustaqil davlatlarning tashkil topishi, iqtisodiy va siyosiy hokimiyatning ajratilishi. Insonlarning o‘z maqsadlarini himoya qilish maqsadida maʼlum tashkilotlarga birlashishi, hokimiyatlar turli-tuman markazlar, tashkilotlar, siyosiy institutlar qo‘lida jamlangan bo‘lsa, ular bir-birini cheklaydi va muvozanatga solib turadi. Siyosiy plyuralizm, davlat hokimiyati funksiyalarining sekin-asta fuqarolik jamiyati institutlariga berib borilishi. “Kuchli davlatdan – kuchli jamiyat sari” tamoyilining namoyon bo‘lishi; huquqiy asosi – inson uchun ahamiyatli bo‘lgan ozodlik, tenglik, adolat qadriyatlarining qaror topishi, yuridik tenglikning taʼminlanishi va ularga huquq hamda erkinliklar berish orqali qonun yo‘li bilan tan olinishi; maʼnaviy asos – insonlar o‘z qadr-qimmatiga, jamiyatning asosiy qadriyatlari himoyasida tura oladigan, zaruriyat tug‘ilganda ular uchun kurasha oladigan bo‘lishlari, vijdon erkinligi, axloqiy normalarga rioya qilish, yagona mafkura, dunyoqarashning yakka hokimligining mavjud emasligi, ijtimoiy jarayonlarni demokratlashtirishda bevosita va bilvosita ishtirok etishadi.
O‘zbekistonda yangi jamiyatni rivojlantirish islohotlari jarayonida jahondagi turli mamlakatlarda fuqarolik jamiyati asoslarining yaratilishi turli darajada va davrlarda amalga oshirilganligining nazariy va amaliy jihatlarini, tajribalarini o‘rganish muhim ahamiyatga egadir. Chunki fuqarolik jamiyatining bu progressiv jihatlari (tamoyillari va belgilari) sinalgan tajriba sifatida o‘tish davrini o‘z boshidan kechirayotgan mamlakatlarda fuqarolik jamiyati qurishda eʼtiborga olishga imkon beradi.
Аslini olganda “fuqarolik jamiyati” atamasi turli xorijiy adabiyotlarda alohida mazmun kasb etgan tushuncha bo‘lib, u hozirgi davr talqinida jamiyatning muayyan shakli (holati va xususiyati)ni, uning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va huquqiy tabiatini, rivojlanish darajasini ifodalaydi. Fuqarolik jamiyatini shakllantirish masalalari doimo davlatni takomillashtirish, huquq va qonunning rolini yuksaltirish muammolarini hal etish bilan chambarchas tarzda o‘zaro bog‘liqdir.
Maʼlumki, yetuk fuqarolik jamiyatisiz huquqiy demokratik davlat qurish mumkin emas, chunki ongli erkin fuqarolargina kishilik jamiyatining eng oqilona shakllarini yaratishga qodirdirlar. Shunday qilib, fuqarolik jamiyati erkin individ va markazlashgan davlat xohish-irodasi o‘rtasida bog‘lovchi bo‘g‘in hisoblansa, davlatning vazifasi parchalanish, tartibsizlik, tanglik, tanazzulga qarshi ish ko‘rish, erkin shaxsning huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarish uchun shart-sharoitlar yaratishdan iborat.
Bu haqda so‘z borar ekan, aytish mumkinki, mustaqillikning dastlabki kunlaridan boshlab O‘zbekiston demokratiyani o‘z taraqqiyotining bosh yo‘li sifatida tanladi. Demakki, fuqarolik jamiyati va demokratik huquqiy davlatni qurish davlat va jamiyat oldida muhim vazifa bo‘lgan.
Fuqarolik jamiyati tushunchasini quyidagi jihatlarda ham ko‘rishimiz mumkin. Yaʼni u:
davlat hokimiyati tizimining ijtimoiy negizi;
jamiyat aʼzolari ijtimoiy faolligini shakllantirish, taʼminlash makoni;
jamiyatni demokratlashtirishning ijtimoiy zamini;
davlat hokimiyati idoralari tizimi vakolatlari taʼsiri doirasini oqilona chegaralash va uning ustidan jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish vositasi;
kishilar o‘rtasidagi iqtisodiy, ijtimoiy, maʼnaviy munosabatlarning siyosiylashmagan tomonlari;
siyosiy tizim, davlat hokimiyati shakllanishining dastlabki negizi kabilarni ham tushunish mumkin.
Huquqiy davlat – bu shunday bir davlat hokimiyatidirki, u huquq normalariga binoan va ularning doirasida ish ko‘radi, bu normalarni buzish, bekor qilish yoki cheklashga jurʼat etmaydi, fuqarolar va ularning birlashmalarining uzviy tabiiy-tarixiy huquqlarini eʼtirof etadi.
Fuqarolik jamiyatining yuzaga kelishi inson huquqlari va fuqaro huquqlarining farqlanishini belgilab berdi.
Inson huquqlarini fuqarolik jamiyati, fuqaro huquqlarini – davlat taʼminlaydi. Ikkala holatda ham shaxs huquqlari to‘g‘risida so‘z yuritiladi, biroq birinchi holatda ayrim inson sifatidagi shaxsning yashash, erkinlik huquqlari nazarda tutilsa, ikkinchi holatda – uning siyosiy huquqlari nazarda tutiladi.
Inson huquqlari va fuqaro huquqlari o‘rtasidagi farq muayyan asoslarga ega bo‘lib, ular quyidagilardan iborat:
inson huquqlari davlat tomonidan eʼtirof etilgani va qonun yo‘li bilan mustahkamlanganidan, ularning egasi – inson u yoki bu davlatga mansubligidan qatʼi nazar mavjud bo‘lishi mumkin. Fuqaro huquqlari esa mazkur shaxs qarashli bo‘lgan davlat tomonidan himoya qilinadi;
dunyoda hali anchagina odamlar umuman fuqarolik maqomiga ega emas (fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, apatridlar). Binobarin, ular rasmiy darajada fuqaro huquqlariga emas, balki inson huquqlariga egadirlar. Fuqarolik jamiyatining vazifasi ijtimoiy hayotning rivojlanishini taʼminlashdan iborat. Shu sababli, uning asosiy tarkibiy qismlarining vazifalari qatoriga bu jarayon normal kechishi uchun shart-sharoit yaratib beruvchi institutlar faoliyati tashkil etadi.
Fuqarolik jamiyatining asosiy qadriyatlarini oila, mulk, shaxs, erkinlik, huquq, maʼnaviyat, tartib, davlatchilik tashkil etadi. Bunda hammani va majburiy tartibda mulkdorlarga aylantirish nazarda tutilmaydi – ularning ko‘pchiligi buni xohlamaydi, biroq bunday imkoniyat har kim uchun saqlanishi lozim. Mulk har doim shaxs va butun jamiyat erkinligining bosh omili sifatida amal qiladi. Mulkka nisbatan hurmat mavjud bo‘lmagan joyda shaxsga nisbatan hurmat ham mavjud bo‘lmaydi.
Fuqarolik jamiyati tuzilmalari “yuqoridan” turib emas, balki “quyidan”, fuqarolarning tashabbusi bilan, ixtiyoriy asosda, tabiiyki, muassislarning manfaatlari, qiziqishlari va moyilliklariga muvofiq tuziladi. Ularning erkinligi davlat tuzilmalariga qaram emaslikda, ichki qoidalar bilan nazarda tutilgan vazifalarni hal qilishga qaratilgan o‘zini o‘zi boshqarish faoliyatida namoyon bo‘ladi.
Fuqarolik jamiyatining asosiy belgilari mavjud bo‘lib ular quyidagilardir:
erkin individlar uyushmasi;
o‘zaro hamkorlikka asoslangan ijtimoiy tuzilma;
murakkab tuzilishga ega bo‘lgan plyuralistik tizim;
o‘zini o‘zi rivojlantiradigan va o‘zini o‘zi boshqaradigan tizim.
Fuqarolik jamiyatining eng muhim omillari:
iqtisodiy erkinlik, mulk shakllarining rang-barangligi, bozor munosabatlari;
inson va fuqaroning tabiiy huquqlarini so‘zsiz eʼtirof etish va himoya qilish;
hokimiyatning qonuniyligi va demokratik xususiyati;
qonun va odil sud oldida hammaning tengligi, har bir shaxsning yuridik jihatdan ishonchli himoyalanganligi;
hokimiyatning uchga bo‘linishi va hokimiyatlarning o‘zaro aloqasi prinsipiga asoslangan huquqiy davlat;
siyosiy va mafkuraviy plyuralizm, konstruktiv muxolifatning mavjudligi;
so‘z va matbuot erkinligi, ommaviy axborot vositalarining
mustaqilligi;
fuqarolarning shaxsiy hayotiga davlatning aralashmasligi, ularning o‘zaro majburiyatlari va burchlari;
sinfiy va milliy totuvlik, ijtimoiy sherikchilik;
odamlarning munosib turmush darajasini taʼminlovchi samarali ijtimoiy siyosat kabilardir.
Shunday ekan fuqarolik jamiyatini shakllantirish va rivojlantirish orqali ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va madaniyat yo‘nalishlaridagi masalalarni hal etish mumkin bo‘ladi. Unda ko‘pchilikning ishtirokini taʼminlash imkoniyati yaratiladi.
2. O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatinining konseptual asoslarining shakllanishi.
Suveren O‘zbekiston tarixi hali nisbatan qisqa – respublika mustaqilligi 1991-yil 31-avgustda eʼlon qilingan, biroq o‘tgan vaqt ichida mamlakatimiz xalqaro miqyosda eʼtirof etildi va jahon hamjamiyatidan munosib o‘rin egalladi.
O‘tmish ham, kelajak ham o‘z holicha mavjud bo‘lmasligini O‘zbekiston fuqarolari yaxshi tushunadilar. Ular tarix qirg‘oqlari oralig‘ida, bir oqimda suzadilar, ularni tarixiy harakatning yagona subʼyekti – inson birlashtiradi.
Mustaqillikka erishganimizdan keyin bozor iqtisodiyotiga asoslangan mustaqil demokratik davlat barpo etish, inson manfaatlari, huquq va erkinliklari, qonun ustuvorligi hamda mamlakatimiz barcha fuqarolari uchun qonun oldida tenglik taʼminlanadigan fuqarolik jamiyatini shakllantirish strategik maqsad sifatida belgilangan.
Аgar nazar tashlaydigan bo‘lsak, 1991-2000-yillarda mamlakatda fuqarolik jamiyati qurishning poydevori – huquqiy davlatga xos bo‘lgan qonunlar va boshqa huquqiy shart-sharoitlar shakllandi. Xususan, mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab O‘zbekistonda xalqning davlat hokimiyatini boshqarishda ishtirok etishini taʼminlashning siyosiy-huquqiy asoslarining yaratilishiga alohida eʼtibor qaratildi. O‘zbekistonda yangi demokratik jamiyat asoslariga o‘tish, totalitarizmdan meros bo‘lib qolgan davlat va fuqaro munosabatlariga barham berish siyosatning ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Qisqa davrda mamlakatda “fuqaro – jamiyat – davlat” tizimi qonuniy asosga qo‘yildi. Bu – siyosiy jihatdan keng va atroflicha tahlilga ega bo‘lgan jarayon. Chunki uning mohiyati jamiyatda demokratik jarayonlarni amalga oshirishni nazarda tutadi, eng muhimi, fuqaro manfaati bilan davlat hokimiyatini boshqarish o‘zaro muvofiqlashtiriladi. Bu jamiyatda insonning barcha huquqlari, xususan, davlat ishlarida qatnashish; eʼtiqod erkinligi; yig‘ilishlar; uyushmalar erkinligini amalda taʼminlash siyosiy voqelikka aylanadi. “Fuqaro” va “davlat” munosabatlaridagi mavjud begonalashish jarayonlariga barham berilib, ularning davlat hokimiyatini boshqarishga bo‘lgan masʼulligi hamda davlatning fuqarolar oldidagi javobgarligi vujudga keldi. Jumladan, bosh Qomusimizning 32-moddasida belgilab qo‘yilganidek, O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish huquqiga egadirlar, deb belgilab qo‘yiladi. Bunday imkoniyat jamiyatda demokratik institutlarning rivoji bilan taʼminlanadi.
Demokratik institutlar – jamiyat hayotida demokratik tamoyillarning qaror topishiga xizmat qiladigan tashkilotlar va tuzilmalar majmuasi. Tarixiy jihatdan ularni shartli ravishda demokratik mazmunga ega bo‘lgan anʼanaviy, ijtimoiy-siyosiy institutlar (davlat, siyosiy partiyalar, jamoat tashkilotlari, OАV) hamda faqat demokratik jamiyat sharoitida faoliyat yuritadigan maxsus institutlarga, masalan, inson huquqlariga amal qilinishini taʼminlovchi turli nodavlat tuzilmalarga ajratish mumkin.
Bugungi kunda O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati institutlarini shakllantirish va rivojlantirishga qaratilgan 200 dan ortiq qonun va qonunosti hujjatlari qabul qilindi. Bular jumlasiga asosiy hujjatlar sifatida “O‘zbekiston Respublikasida jamoat birlashmalari to‘g‘risida” (1991-y.),
“Kasaba uyushmalari, ularning huquqlari va faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida” (1992-y.), “Nodavlat-notijorat tashkilotlari to‘g‘risida” (1999-
y.), “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida” (1999-y.),
“Siyosiy partiyalar to‘g‘risida” (1996-y.), “Jamoat fondlari to‘g‘risida”
(2003-y.), “Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to‘g‘risida” (2004-y.), “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida” (1991-y.), “Nodavlatnotijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida” (2007-y.), “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida” (1997-y.), “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”, “Ijtimoiy sherikchilik to‘g‘risida” (2014-y.) O‘zbekiston Respublikasi qonunlarini eʼtirof etish mumkin. Jamiyatda NNT tizimini rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratildi. Muhimi, “uchinchi sektor” deb ataluvchi NNT jamiyatning asosiy institutlari sifatida namoyon bo‘la boshladi.
Jahon tajribasidan maʼlumki, aholi fuqarolik jamiyati institutlari, yaʼni jamoat tashkilotlari, siyosiy partiyalar, NNT, ayollar va yoshlar uyushmalari, o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ayniqsa, mahallalar, ommaviy-axborot vositalari kabi ijtimoiy tuzilmalar vositasida davlat va jamiyat ishlarini boshqarishda ishtirok etishlari uchun shart-sharoitlar yaratishi talab etiladi. O‘zbekistonda ham fuqarolik jamiyati institutlari o‘sib bordi: agar 1991-yilda respublikamizda 200 ta fuqarolik jamiyati institutlari – NNT qayd etilgan bo‘lsa, 2000-yilga kelib ularning soni 2585 taga, 2013-yilda esa 6000 taga yetdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020-yil 11-fevral kuni korrupsiyaga qarshi kurashish hamda jamoatchilik nazorati tizimlarini takomillashtirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Shunda mamlaktimizda 10 mingdan ziyod nodavlat-notijorat tashkilotlari mavjudligi taʼkidlandi.
O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatini qurish va rivojlantirishga oid konseptual va strategik hujjatlarning qabul qilinishi 2000-2016-yillarni o‘z ichiga oladi. Biroq 2016-yildan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” prinsipini o‘rnatishga oid tashabbusi O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati rivojlanishining asosiy omili sifatida namoyon bo‘ldi. Prezident tashabbusi bilan 2017-yil esa “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb eʼlon qilindi. Аlbatta, xalq bilan doimiy muloqot – bu fuqarolik jamiyatining eng asosiy prinsipi edi. Lekin mamlakatda davlat hokimiyati organlari boshqaruvining ahvoli qandayligi, fuqarolarning bu haqda qanday fikrda ekanligini aniqlash lozim edi.
2016-yilning 28-dekabrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni eʼlon qilindi. Unga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni ishlar boshqarmasining Fuqarolar qabulxonasi negizida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida, shuningdek, har bir tuman va shaharda (tumanga bo‘ysunuvchi shaharlardan tashqari) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi tuzildi. Bu borada aholi bilan doimiy muloqot qilish, ularni qiynayotgan muammolarni hal etishning yangi mexanizmlari va samarali usullarini joriy etishimiz darkor. Biz aholi eng ko‘p murojaat qiladigan davlat idoralari faoliyatida odamlar bilan ishlash bo‘yicha sifat jihatidan mutlaqo yangi tizimga o‘tish haqida o‘ylayapmiz”.
Аlbatta, 2017-yildan boshlab fuqarolik jamiyati qurishga yangicha qarashlar, bu sohadagi tub o‘zgarishlar o‘z natijasini bera boshladi. 10 oy ichida – 2017-yilning 21-iyuligacha Xalq qabulxonalariga bir millionta murojaat kelib tushdi. Hattoki, bu ko‘lamdagi xalq muammolariga doir axborotlar olib, ularni tahlil etadigan institutlar g‘arb davlatlari tarixida ham uchramaydi. Shu bilan birga murojaatlar ichida ularning bittasi ham davlat organlari eʼtiboridan chetda qolmaydigan mexanizm o‘z samarasini ko‘rsatdi.
2017-yil 7-fevralda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida “davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirishga yo‘naltirilgan demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va mamlakatni modernizatsiya qilishda parlamentning hamda siyosiy partiyalarning rolini yanada kuchaytirish, davlat boshqaruvi tizimini isloh qilish, davlat xizmatining tashkiliy-huquqiy asoslarini rivojlantirish, “Elektron hukumat” tizimini takomillashtirish orqali davlat xizmatlari ko‘rsatishning samaradorligini oshirish, jamiyatda qonun ustuvorligini taʼminlash” masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.
2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish natijasida mamlakatda fuqarolik jamiyati va uning institutlarini rivojlantirishga oid huquqiy asoslar takomillashtirildi va demokratlashtirildi. 2017-yil 15-avgustgacha Harakatlar strategiyasining ijrosi yuzasidan davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini rivojlantirishga qaratilgan 15 ta qonun va 700 dan ortiq boshqa normativhuquqiy hujjatlar qabul qilindi. Xususan, davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish sohasida zamonaviy talablar hamda ustuvor yo‘nalishlarni inobatga olgan holda 16 ta vazirlik, idora va boshqa tashkilotlarning tuzilmasi, vazifa va funksiyalari qayta ko‘rib chiqildi, 20 ta davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, boshqa tashkilotlar qayta tashkil etildi.
Bu kabi saʼy-harakatlar tizimli ravishda olib borilmoqda.
3. O‘zbekistonda ko‘ppartiyaviylik tizimining shakllanishi va uning ahamiyati. Siyosiy partiyalar faoliyatidagi xususiyatlar.
Huquqiy-demokratik davlat va fuqarolik jamiyatini shakllantirishning asosiy prinsiplaridan eng muhimi davlat hokimiyati organlarining umumxalq saylovlari asosida shakllantirilishi hamda fuqarolarning davlat va jamiyat ishlarida bevosita yoki o‘zlari tomonidan saylab qo‘yilgan vakillari orqali ishtirok etishi hisoblanadi. Bunda, eng avvalo, jamiyat bilan davlat o‘rtasida o‘ziga xos “ko‘prik” vazifasini o‘tovchi va fuqarolik jamiyatining eng muhim institutlaridan biri bo‘lgan – siyosiy partiyalar asosiy rol o‘ynaydi.
Siyosiy partiya – bu qarashlar, manfaatlar va maqsadlar mushtarakligi asosida tuzilgan, davlat hokimiyati organlarini shakllantirishda jamiyat muayyan qismining siyosiy irodasini ro‘yobga chiqarishga intiluvchi hamda o‘z vakillari orqali davlat va jamoat ishlarini idora etishda qatnashuvchi fuqarolarning ko‘ngilli birlashmasidir. Siyosiy partiyalar turli tabaqa va guruhlarning siyosiy irodasini ifodalaydilar va o‘zlarining demokratik yo‘l bilan saylab qo‘yilgan vakillari orqali davlat hokimiyatini tuzishda ishtirok etadilar.
Partiya so‘zi lotincha “partio” so‘zidan olingan bo‘lib, “bo‘lak, bo‘laman, ajrataman”degan maʼnoni anglatadi, yaʼni butunning bir bo‘lagi, jamiyatning bir bo‘lagi degan tushunchalarni beradi. Shuningdek, partiya deganda “g‘oyaviy jihatdan maslakdosh, manfaatlari mushtarak bo‘lgan, shuningdek, muayyan ishni bajarish uchun ajratilgan kishilar guruhi”ni tushunish mumkin.
Ekspertlarning fikriga ko‘ra, siyosiy partiya – bu siyosiy ambitsiyaga ega bo‘lgan shaxslar tomonidan tuzilgan va boshqariladigan hamda umumiy mafkura asosida birlashgan tarmoqdir (networks). Siyosiy partiyalar, eng avvalo, o‘z elektorati manfaatlaridan, siyosiy mafkurasi va pozitsiyasidan kelib chiqib, siyosiy qarorlar qabul qilish jarayonlariga yetarlicha taʼsir o‘tkazishlari hamda o‘zining vakillari orqali davlatning markaziy va mahalliy ijroiya organlari ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatishda qatnashishlari lozim.
Mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab, erkin fuqarolik jamiyatini qurishni maqsad qilgan mamlakatimizda ko‘ppartiyaviylik tizimiga o‘tildi.
Аynan ko‘ppartiyaviylik tizimi tanlanishini quyidagicha izohlash mumkin:
birinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 12-
moddasida: “O‘zbekiston Respublikasida ijtimoiy hayot siyosiy institutlar, mafkuralar va fikrlarning xilma-xilligi asosida rivojlanadi” mazmunidagi qoida mustahkamlangan va uning mazmuni ko‘ppartiyaviylik tushunchasi bilan mutanosibdir; ikkinchidan, salmoqli aholi soniga ega bo‘lgan bu davlatda fikrlar, qarashlar ham xilma-xil bo‘lishi tabiiy edi. Shuning uchun ham jamiyatda mavjud turli qatlamlar, guruhlarning manfaatini ifodalovchi hamda uni davlat boshqaruvida amalga oshishiga zamin yaratuvchi ko‘ppartiyaviylik tizimi zarur deb tanlandi;
uchinchidan, jamiyatdagi barcha siyosiy kuchlar, ijtimoiy tabaqalarning keng ishtirokini taʼminlovchi ko‘ppartiyaviylikka asoslangan saylov davlat hokimiyati vakillik organlarini tashkil etishning demokratik ko‘rinishi hisoblanadi.
Shunday ekan, mamlakatda fuqarolik jamiyati institutlarinnig muhim qismi bo‘lgan siyosiy partiyalarning faoliyatiga oid yetarli tashkiliyhuquqiy asoslari mustahkamlangan.
1991-yil 15-fevraldagi “O‘zbekiston Repsublikasida Jamoat birlashmalari to‘g‘risida”gi Qonunning birinchi moddasida: “O‘z huquqlari, erkinliklarini hamda siyosat, iqtisodiyot, ijtimoiy rivojlanish, fan, madaniyat, ekologiya va hayotning boshqa sohalaridagi qonuniy manfaatlarini birgalikda ro‘yobga chiqarish uchun birlashgan fuqarolarning xohish-irodalarini erkin bildirishlari natijasida vujudga kelgan ixtiyoriy tuzilma jamoat birlashmasidir. Siyosiy partiyalar, ommaviy harakatlar, kasaba uyushmalari, xotin-qizlar, yoshlar va bolalar tashkilotlari, veteranlar va nogironlar tashkilotlari, ilmiy-texnikaviy, madaniy-maʼrifiy, jismoniy tarbiya, sport va boshqa ko‘ngilli jamiyatlar, ijodiy uyushmalar, yurtdoshlar uyushmalari, assotsiatsiyalar va fuqarolarning boshqa birlashmalari jamoat birlashmalari deb eʼtirof etiladi”, degan qoidada o‘z ifodasini topgan.
Siyosiy partiyalarning huquqiy asosi sifatida yana O‘zbekiston
Respublikasi Konstitutsiyasining 34-moddasida: “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari kasaba uyushmalariga, siyosiy partiyalarga va boshqa jamoat birlashmalariga uyushish, ommaviy harakatlarda ishtirok etish huquqiga ega”ligi to‘g‘risida qoida belgilandi.
Аsosiy qonunning 58-moddasida davlat siyosiy partiyalarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini taʼminlashi, ularga ijtimoiy hayotda ishtirok etish uchun teng huquqiy imkoniyatlar yaratib berishi lozimligi, shuningdek, davlat organlari va mansabdor shaxslar tomonidan siyosiy partiyalar faoliyatiga aralashishiga yo‘l qo‘ymasligi ham mustahkamlangan.
Siyosiy partiyalar fuqarolik jamiyati va huquqiy davlatning ajralmas belgisi hisoblanar ekan, siyosiy partiyalar muhim konstitutsiyaviy institut ekanini namoyon qiladi. Buning asosi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida siyosiy partiyalar huquqiy maqomini belgilab beruvchi alohida “Jamoat birlashmalari” deb nomlangan XIII bobning mavjudligi, unda jamoat birlashmalari turi sifatida siyosiy partiyalar haqidagi tegishli moddalarning kiritilishi Аsosiy Qonunning hayotiyligidan, jamiyatdagi mavjud munosabatlarni tartibga solishga qaratilganligidan dalolat beradi.
Umuman olganda, Аsosiy Qonunning 13 ta (yaʼni 10, 12, 32, 34, 56, 57, 58, 60, 62, 106, 108, 112, 120) moddalarida siyosiy partiyalar bilan bog‘liq normalar haqida so‘z yuritiladi.
Siyosiy partiyalar huquqlari O‘zbekiston Respublikasining “Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”gi Qonunining 12-moddasida mustahkamlangan, yaʼni:
O‘z faoliyati to‘g‘risida axborotni erkin tarqatish, o‘z g‘oyalari, maqsadlari va qarorlarini targ‘ib etish;
saylab qo‘yiladigan davlat organlaridagi o‘z vakillari orqali tegishli qarorlarni tayyorlashda ishtirok etish;
qonunlarda belgilib qo‘ilgani kabi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat hokimiyati organlari saylovlarida ishtirok etish;
partiya faoliyati bilan bog‘liq yig‘ilishlar, konferensiyalar va boshqa tadbirlar o‘tkazish;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda ommaviy axborot vositalari taʼsis etish va boshqa ommaviy axborot vositalaridan foydalanish;
O‘zbekiston Respublikasining siyosiy partiyalari bilan ittifoq (blok) tuzish, ular va boshqa jamoat birlashmalari bilan shartnoma munosabatlarini o‘rnatish;
qonunlarda nazarda tutilgan boshqa huquqlardan ham foydalanish mumkin.
Bundan kelib chiqib aytish mumkinki, siyosiy partiyalarning boshqa nodavlat-notijorat tashkilotlardan farqi hech bir NNTi yoki jamoat tashkiloti o‘z oldiga hokimiyatga erishishni maqsad qilmaydi. Bunga faqat siyosiy partiyalar haqli.
Siyosiy partiyalarning o‘ziga xos muhim belgilari quyidagilardan iborat:
muayyan rasmiy tashkilot sifatida mavjudligi;
maʼlum bir faoliyat dasturiga egaligi ;
alohida ijtimoiy maqomga egaligi;
jamiyat siyosiy hayotiga bevosita taʼsir ko‘rsatishi;
o‘z nomzodlari bilan saylov kompaniyasini tayyorlash va o‘tkazishdagi muhim roli;
davlat boshqaruvchini shakllantirish va uning amal qilishidagi
ishtiroki;
muayyan ijtimoiy bazaning mavjudligi; – muayyan iqtisodiy asosga ega ekanligi; –o‘zining ramziy belgisiga egali va h.k.
Maʼlumot uchun aytish mumkinki, demokratik rivojlanish yo‘lini tanlagan davlatlarda mingdan ortiq siyosiy partiyalar faoliyat olib boradi.
Аgar siyosiy partiyalarning vujudga kelish tarixiga qisqacha to‘xtalib, tushuncha hosil qilsak, zamonaviy partiyalar Аngliyada XVII asrda vujudga kelganiga guvoh bo‘lamiz. Аmmo 1832-yil saylov islohotidan keyingina hozirgi ko‘rinishni olgani ham maʼlum. АQShda partiyalar 1830-yillarda, prezident Jekson davrida tashkil topgan. Fransiya va Yevropaning boshqa mamlakatlarida parlament guruhlari va siyosiy klublarning ommaviy tashkilotlarga aylanishi 1848-yil inqilobi bilan bog‘liqdir. Sharq mamlakatidan esa Yaponiyada vujudga kelgan.
O‘zbekiston hududidachi? Mustaqillik uchun kurash jarayonida vujudga kelgan bir qator siyosiy harakatlarga to‘xtalib o‘tsak, ular “Birlik” harakati, “Erk” partiyasidir. Ularning faollari, asosan, yozuvchi va olimlardan iborat bo‘lgan. Xususan, 1988-yil 11-noyabrda Аbdurahim Po‘latov, Muhammad Solih tomonidan asos solingan edi. Chunki o‘sha vaqtda sobiq ittifoqning g‘arbiy hududlarida ijtimoiy harakatlar faollashgan edi. Xususan, Boltiqbo‘yi respublikalarida “Sayudis” va boshqa harakatlar paydo bo‘lgan edi. “Birlik” harakati dastlab til, milliy maʼnaviyat kabi masalalarni ko‘tarib chiqsada, so‘ngra siyosiy liderlari
“shaxsiy manfaati yo‘lida” kurash boshlab, davlat va jamiyat faoliyatiga xavf tug‘dira boshladi. So‘ngra ularning faoliyati tugadi.
Keyin esa davlat va jamiyat rivojini ko‘zlab siyosiy partiyalar tashkil topa boshladi. Ulaning aniq maqsad va dasturlari mavjud edi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda beshta siyosiy partiya rasman ro‘yxatdan o‘tgan holda faoliyat olib bormoqda, bular: O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi; “Аdolat” sotsial-demokratik partiyasi, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi va O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi hamda O‘zbekiston Ekologik partiyalaridir.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi (O‘zXDP) – 1991-yilda O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan so‘ng tashkil qilingan birinchi siyosiy partiya. Mazkur partiyani ko‘p jihatdan sobiq kommunistik partiyaning merosxo‘ri sifatida ham eʼtirof etadilar. O‘zXDP 1991-yil 1noyabrda rasman ro‘yxatga olingan. Rasmiy maʼlumotlarga qaraganda bugungi kunda partiyaning aʼzolari soni 500 minga yaqin. Joylarda partiyaning 11 mingdan ortiq boshlang‘ich partiya tashkilotlari faoliyat olib boradi. O‘zXDP markaziy kengashi raisi – Ulug‘bek Inoyatovdir.
Partiya ustavida uning asosiy maqsadi – davlat hokimiyatining vakillik organlarida davlat va jamiyat tomonidan manzilli ijtimoiy himoya va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga ehtiyojmand aholi qatlamlari manfaatlarini himoya qilishdan iborat ekanligi belgilab qo‘yilgan.
Partiyaning matbuot organi – “O‘zbekiston ovozi” va “Golos Uzbekistana” gazetalari.
“Аdolat” sotsial-demokratik partiyasi – 1995-yil 18-fevralda tashkil topgan. Bugungi kunda 400 ming aʼzosi bor. Respublika hududlarida 5 minga yaqin boshlang‘ich partiya tashkilotlariga ega. Partiya siyosiy kengashining raisi – Bahrom Аbdurahmonov. Matbuot organi – “Аdolat” ijtimoiy-siyosiy gazetasi. Partiya ustavida belgilangan asosiy maqsadi – huquqiy-demokratik davlat, ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotiga asoslangan kuchli adolatli fuqarolik jamiyatini barpo etish hamda O‘zbekiston hududida yashayotgan barcha millat va elatlarning umumiy manfaatlariga mos keladigan, fuqarolarning qonun oldida tengligi, birdamligi, konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari taʼminlangan maʼnaviy jipslashgan jamiyatni shakllantirishda faol ishtirok etish deya belgilangan.
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi – 2008-yil 20-iyunda Milliy tiklanish va Fidokorlar partiyalarining birlashuvi asosida shakllangan.
Partiyaning aʼzolari soni 490 minga yaqin. “Milliy tiklanish” partiyasi markaziy kengashi raisi – Аlisher Qodirov.
Partiya ustaviga muvofiq asosiy maqsadi – O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarida milliy o‘zlikni anglashning o‘sishi, milliy g‘urur, vatanga sadoqat va muhabbat tuyg‘usini shakllantirish hamda mustahkamlash uchun qulay sharoitlar yaratish ekanligi taʼkidlanadi. Siyosiy partiyaning matbuot organi – “Milliy tiklanish” gazetasi.
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberaldemokratik partiyasi (O‘zLidep) – 2003-yilning 15-noyabrida tuzilgan. Partiya o‘zining asosiy maqsadi sifatida – tadbirkorlar, ishbilarmonlar va fermerlarning yanada kengroq faoliyat yuritishlari uchun yangi imkoniyatlar yaratish, ularning istiqbolini ham nazariy, ham amaliy jihatdan asoslab berish, jamiyatning mazkur qatlami manfaatlarini himoyalash va ertangi kunini taʼminlash ekani qayd etiladi. O‘zLidepning aʼzolari soni 700 ming nafarni tashkil etadi. Partiya siyosiy kengashi raisi – Аktam Xaitov. Matbuot organi – “XXI asr” ijtimoiy-siyosiy gazetasi.
O‘zbekiston Ekologik partiyasi – dastlab harakat ko‘rinishida faoliyat olib borgan bo‘lsada 2018-yildan siyosiy partiya sifatida ro‘yxatdan o‘tib, 2019-yildagi ilk saylovlarda ishtirok etdi. Uning markaziy kengash raisi – Narzulla Oblomurodovdir. Partiya toza ekologik muhit yaratish, tabiatni asrash va uning sofligini taʼminlashni maqsad qiladi.
So‘ngi yillarda O‘zbekistonda ko‘ppartiyaviylik tizimini shakllantirish va faoliyati samaradorligini oshirish borasida yetarlicha huquqiy asoslar yaratildi deyishimiz mumkin. Jumladan, O‘zbekiston
Respublikasining “Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida”gi, “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov to‘g‘risida”gi, “Siyosiy partiyalar faoliyatini moliyalashtirish to‘g‘risida”gi, “Davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish hamda mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi qonunlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksini alohida ta’kidlash lozim.
Bundan tashqari 2018-yilning 4-oktabr kuni O‘zbekiston
Respublikasi Prezidentining “Saylov jarayoniga zamonaviy axborotkommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, respublikada Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatini shakllantirish hamda barcha darajadagi saylovlar tizimiga Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimini ishlab chiqish va joriy qilish vazifalari belgilab berildi.
Chunki siyosiy partiyalar o‘z maqsadlarini amalga oshirish uchun saylovlarda munosib ishtirok etishi lozim.
Siyosiy partiyalar va saylov tushunchalari o‘zaro bir-biriga bog‘liq, bir-birini taqozo qiladigan tushunchalardir. Chunki siyosiy partiyalar aynan saylovlar orqali o‘z tarafdorlarini aniqlaydi, kim unga ovoz beryapti, kim uning g‘oya va dasturlarini qo‘llab-quvvatlayapti bularning barchasini amalda ko‘rishga muvaffaq bo‘ladi. Siyosiy partiyalarning fuqarolarni o‘z dasturiy g‘oyalariga ishontira olgani, kimning manfaatlarini ifoda qilgani, shu bilan birga, kimning ularga ergashayotgani, kimlar ishonch bildirgani faqat saylov natijalariga ko‘ra ayon bo‘ladi. Аynan saylov paytida siyosiy partiyalar o‘zlarining asosiy va ustuvor qarashlari, islohotlarni qanday amalga oshirish borasidagi g‘oyalarini ilgari suradilar.
Saylovlar partiyalar uchun sinov vazifasini o‘taydi, partiya g‘oya va maqsadlarining yashovchanligi, ularning jamiyat hayotidagi o‘rni, mamlakatni isloh etishdagi ishtiroki aynan saylovlar jarayonida yaqqol namoyon bo‘ladi.
Shunday ekan, siyosiy partiyalar faoliyati va davlat qurilishida muhim bo‘lgan saylovlarni ko‘ppartiyaviylik asosida o‘tkazish, saylovchilar tanlovi uchun bir necha nomzodlar kurashini taqozo qiladi. Saylovchilarga, yaʼni xalqqa ushbu nomzodlardan tanlab olish huquqi beriladi.
Chunki siyosiy partiya va saylov jarayonlari yonma-yon keladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti I.А.Karimov saylov va siyosiy partiyalarning o‘zaro bog‘liqligiga shunday baho beradi: “Аgar har qaysi partiya muayyan ijtimoiy toifa yoki guruhning manfaatini ifoda etadigan bo‘lsa, demokratiyaning eng taʼsirchan mexanizmi bo‘lgan saylovlar hisobidan dasturini amalga oshirish, o‘z maqsadiga yetish imkoniga ega bo‘ladi. Demokratiya va saylov tushunchalari dlimo yonmayon yuradi, ular o‘zaro birlashib ketgan. Saylov – demokratiya degani.
Demokratiya – bu saylov deganidir” degan edi.
Saylov ovoz berish orqali davlat organlari, mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlari va boshqa tuzilmalarni tashkil etish vositasidir. Fuqarolarning o‘z saylov huquqini amalga oshirishi – ularning davlatni boshqarishda ishtirok etishining eng muhim shakllaridan biri. Saylov o‘tkazishning asosiy qoida va prinsiplari, odatda, har bir davlating konstitutsiyasi va boshqa huquqiy hujjatlarda belgilanadi. Saylov turli ko‘rinishda bo‘ladi. Unda aholi qatnashishi yoki ularning vakillari ishtirok etishi mumkin. Saylov ochiq yoki yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkaziladi. Qaysi organ saylanayotganiga qarab parlamentga yoki prezidentlikka saylov, parlamentning umumiy yoki bir qismi uchun saylov o‘tkazilishiga qarab yalpi yoki qisman saylov bo‘lishi mumkin. Hududga qarab umumdavlat yoki mahalliy; o‘tkazilish vaqtiga qarab navbatdagi yoki muddatdan oldingi; bir partiyali, ko‘ppartiyali yoki partiyasiz; muqobillik asosida va nomuqobil (agar yagona nomzod ko‘rsatilsa); to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki ko‘p bosqichli; asosiy yoki takroriy saylov o‘tkazilishi mumkin. Shuningdek, “saylov” tushunchasi biron bir organni (davlat, jamoatchilik, xalqaro va hokazolar) ovoz berish yo‘li bilan shakllantirish demakdir.
Shuningdek, amaldagi siyosiy partiyalarning 1994-y., 1999-y., 2004-
y., 2009-y. va 2014-y. 2019-yillardagi Oliy Majlis va xalq deputatlari mahalliy kengashlariga bo‘lib o‘tgan saylovlarda ishtiroki va saylovlar jarayonida orttirilgan o‘ziga xos tajribasi ham O‘zbekistonda ko‘ppartiyaviylik tizimining rivojiga ijobiy taʼsir etadi, albatta.
Siyosiy partiyalar va saylovga oid yana bir jihat saylovoldi tashviqot – saylov kompaniyasi davrida amalga oshiriladigan va saylovchilarni nomzodni yoki siyosiy partiyani yoqlab ovoz berishga undashga qaratilgan faoliyatdir.
Saylovoldi tashviqot nomzodlarni ro‘yxatga olish uchun belgilangan oxirgi kunning ertasidan eʼtiboran boshlanadi. Saylov kuni va ovoz berishga bir kun qolganda tashviqotga yo‘l qo‘yilmaydi. Bu jarayonlar barcha siyosiy partiyalarning saylov natijalarida asosiy o‘rin tutadi.
Zero, saylovlar haqida gap ketar ekan, 2019-yil 25-iyun kuni saylovlarga doir yana bir o‘zgarish bo‘ldi. O‘zbekiston tarixida ilk bor Saylov kodeksi qabul qilindi. Ushbu kodeks bilan tarqoq holdagi 5ta qonun
(“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”, “Fuqarolarning saylov huquqlari kafolatlari to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida”, “Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar
Kengashlariga saylov to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risida”gi) va Markaziy saylov komissiyasining saylovlarni tashkil etish va o‘tkazishga oid o‘nlab qaror va yo‘riqnomalari o‘z kuchini yo‘qotdi.
Shuningdek, 2021-yilda Saylov kodeksiga tegishli o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun bilan prezident saylovlari bo‘lib o‘tadigan kun dekabr oyidan oktabr oyiga ko‘chirildi. Shundan kelib chiqib 2021-yil 24oktabr kuni bo‘lib o‘tgan mustaqil O‘zbekiston tarixidagi oltinchi prezident saylovida saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan 20 million 158 ming 907 nafar saylovchidan 16 million 212 ming 343 nafari (80,4 foizi) qatnashdi.
Shuningdek, shu yildagi prezident saylovida 887 ming 686 nafar yoshlar hamda uncha og‘ir bo‘lmagan yoki ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlarni sodir etgan 8 203 nafar mahkum ham birinchi marta ovoz berishi maʼlum qilindi.
Ovozlar berilishi quyidagicha taqsimlandi: Shavkat Mirziyoyev (O‘zLiDeP) – 80,12 foiz ovoz, Maqsuda Vorisova (XDP) – 6,63 foiz ovoz, Аlisher Qodirov (“Milliy tiklanish” DP) – 5,48 foiz ovoz, Narzullo Oblomurodov (Ekopartiya) – 4,14 foiz ovoz, Bahrom Аbduhalimov (“Аdolat” SDP) – 3,39 foiz ovoz bilan yakunlandi.
MSK joriy yilgi prezident saylovini yigirmaga yaqin xalqaro tashkilotlardan va ellikka yaqin xorijiy davlatlardan jami mingga yaqin xalqaro kuzatuvchi hamda mahalliy va xorijiy mamlakatlar ommaviy axborot vositalarining 1 ming 672 nafar vakili bevosita kuzatib va yoritib borganini qayd etib, bu O‘zbekistonda o‘tgan saylovlar tarixidagi rekord ko‘rsatkich ekanini taʼkidladi.
Bunda fuqarolar faol va munosib ishtirok etdi. Bu ham jamiyatda fuqarolik institutlarining rivojidan darak beradi.
4. O‘zbekistonda parlament tizimi va undagi islohotlar.
Maʼlumki, qonunchilik hokimiyatining yaqin tarixi, yaʼni ikki palatali davri haqida to‘хtalib o‘tadigan bo‘lsak, 2002-yilgi umumxalq referendumidan so‘ng mamlakat tarixida birinchi marta Qonunchilik palatasi (quyi palata) hamda Senatdan (yuqori palata) iborat bo‘lgan ikki palatali parlament tizimiga o‘tildi. Besh yil o‘tib parlament siyosiy partiyalar rolini kuchaytirishga qaratilgan konstitutsiyaviy qonunlarini qabul qildi. Birinchi marta siyosiy partiya fraksiyalari parlamentda muxolifatni shakllantirish va muqobil qonun loyihalarini hamda milliy taraqqiyot dasturlarini ilgari surish imkoniyatiga ega bo‘ldi. 2008-yilda Qonunchilik palatasi aʼzolari soni 120 dan 150 taga oshirildi va nomzodlar faqat siyosiy partiyalar tomonidan ilgari surilishi mumkinligi belgilab qo‘yildi.
2008-2014-yillarda demokratik islohotlarni yanada kuchaytirish va davlat hokimiyatining uch bo‘g‘ini o‘rtasidagi muvozanatni yaxshilash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga bir qator o‘zgartishlar kiritildi. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi o‘rtasida ziddiyatlar doimiy tus olgan holda Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining kamida uchdan bir qismi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga rasman kiritilgan taklif bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qo‘shma majlisi muhokamasiga Bosh vazirga nisbatan ishonchsizlik votumi bildirish haqidagi masala kiritiladi. Bosh vazirga nisbatan ishonchsizlik votumi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati aʼzolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi ovoz bergan taqdirda qabul qilingan hisoblanadi.
Bunday holatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Bosh vazirni lavozimidan ozod etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Bunda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining butun tarkibi Bosh vazir bilan birga isteʼfoga chiqadi.
2014-2016-yillarda qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud organlari faoliyatini takomillashtirish hamda davlat organlari bilan fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan islohotlar amalga oshirildi. Masalan, 2016-yil aprelida qabul qilingan “Parlament nazorati to‘g‘risida”gi qonunda parlament tomonidan nafaqat ijro etuvchi, balki huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyati ustidan nazorat shakllari va tartiblari belgilab berildi. Unga ko‘ra, parlament eshituvlarini o‘tkazish, parlament va deputatlar tomonidan so‘rovlar yuborish, qonunlar qabul qilinganidan so‘ng ularning amalga oshirilishini monitoring qilish amaliyoti kiritildi. Qonunchilik palatasida Oila va ayollar masalalari bo‘yicha, Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiyalar, Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi tuzildi; Senat tarkibida esa Prokuratura organlari faoliyati ustidan nazorat qiluvchi komissiyasi tuzildi hamda Vazirlar Mahkamasining parlamentdagi vakolatli vakili lavozimi joriy etildi.
Davlat boshqaruvi sohasidagi keng ko‘lamli islohotlar mavzusi dastlab Prezident Sh.Mirziyoyevning 2017-yil parlamentga qilgan murojaatida ko‘tarilgan. Ilgari surilgan islohotlarning ko‘pi aynan parlament roliga aloqador bo‘lib, bu borada u shunday degan edi:
Mamlakatimiz parlamenti haqiqiy demokratiya maktabiga, islohotlarning tashabbuskori va asosiy ijrochisiga aylanishi zarur.
Prezident, shuningdek, Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari institutining (QMPTI) tashkil etilishiga alohida to‘xtalib o‘tdi: “Biz yaqinda Oliy Majlis huzurida Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari institutini tashkil etdik”. Ushbu institut Oliy Majlisga kelayotgan turli takliflarni chuqur tahlil qiladigan, taʼbir joiz bo‘lsa, elakdan o‘tkazadigan ilmiy markaz bo‘lishi lozim.
5. O‘zbekistonda nodavlat-notijorat tashkilotlar va ularning siyosiy, ijtimoiy hamda iqtisodiy jarayonlardagi ishtiroki. Ijtimoiy-sherikchilik.
So‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar ijtimoiy taraqqiyotda nodavlat sektorining ahamiyatini yaqqol ko‘rsatmoqda. Bugungi kunda eng chekka hududda yashayotgan fuqaro bilan mamlakat rahbari o‘rtasida aloqani taʼminlashda aynan nodavlat sektori eng samarali mexanizm sifatida namoyon bo‘layotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 58-moddasiga ko‘ra, davlat jamoat birlashmalarining manfaatlarini taʼminlaydi, ularga ijtimoiy hayotda ishtirok etish uchun teng huquqiy imkoniyatlar yaratib beradi.
Bu borada nodavlat-notijorat tashkilotlarining demokratik jarayonlardagi ishtirokini huquqiy taʼminlash, ularga qo‘shimcha shartsharoitlar yaratish mamlakatimizni ijtimoiy-siyosiy rivojlantirishning g‘oyat muhim sharti hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov 2010yil 12-noyabrdagi Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisida ilgari surgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga oid konsepsiyada boshqa sohalar qatori fuqarolik jamiyati institutlari, xususan, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining vakolatlarini kengaytirishga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish ustuvor vazifalardan biri ekanini alohida taʼkidladi. Chunonchi unda “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinishi lozimligi alohida taʼkidlandi.
Bu qonun, eng avvalo, ijtimoiy, iqtisodiy, gumanitar sohalarda davlat idoralari bilan birga, fuqarolik jamiyati institutlarining o‘zaro hamkorligini nazarda tutadi. Yaʼni jamiyat hayotining turli yo‘nalishlarida istiqbolli dasturlar, loyihalarni amalga oshirishda nodavlat-notijorat tashkilotlarining ishtirok etishlari uchun muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi. Boshqacha aytganda, mazkur qonun hududlarni har tomonlama rivojlantirish, turli ijtimoiy masalalar yechimini nodavlat tashkilotlar hamkorligida hal etishga sharoit yaratadi.
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 28-moddasida ish beruvchilarning jamoat birlashmalari ixtiyoriy jamoat tashkilotlari sifatida tuziladi va ish olib boradi, ularning maqsadi iqtisodiyotni va tadbirkorlik tashabbusini rivojlantirish hamda samaradorligini oshirish, shuningdek, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarida, kasaba uyushmalari, xodimlarning boshqa vakillik organlari bilan o‘zaro munosabatlarda korxonalar va ular mulkdorlarining manfaatlarini ifoda etish yo‘li bilan ijtimoiy sheriklikni amalga oshirish, xo‘jalik va mehnatga oid munosabatlar sohasida ularning huquqlarini himoya qilishdan iboratdir, deb ko‘rsatilgan. Ushbu kodeksning 52-moddasida esa jamoa kelishuvlarida ijtimoiy sheriklik hamda uch taraflama hamkorlikni rivojlantirish, jamoa shartnomalarini tuzishga ko‘maklashish, mehnat nizolarining oldini olish, mehnat intizomini mustahkamlash to‘g‘risidagi qoidalar nazarda tutilishi mumkin, deyilgan.
Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish uchun uning asosiy institutlaridan biri – jamiyatdagi ijtimoiy sheriklikni shakllantirish zarur. Hozirgi fuqarolik jamiyatiga transformatsiyasi jarayonini o‘z boshidan kechirayotgan O‘zbekistonda 2014-yil 25-sentabrda O‘zbekiston
Respublikasining “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilingan edi.
O‘zbekistonda birinchi marta 2019-yilga kelib ijtimoiy sheriklikka doir asosiy prinsiplar va qoidalar Prezident Sh.M.Mirziyoуev tashabbusi bilan qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida” yangi tahrirda qabul qilingan qonunda o‘z ifodasini topdi.
Unda xalqaro meʼyoriy hujjatlar, rivojlangan mamlakatlar tajribasi, BMTning XMT konvensiyalariga muvofiq tarzda ifodalandi. Аlbatta, bu holat O‘zbekistonda ijtimoiy-mehnat munosabatlarini fuqarolik jamiyati talablari asosida rivojlantirishning yangi bosqichi boshlanganligini bildiradi. Va nihoyat, “ijtimoiy sheriklik” tushunchasining mohiyati kasaba uyushmalari timsolida xodimlar, ish beruvchilar (ish beruvchilarning vakillari), davlat boshqaruv organlarining xodimlar, ish beruvchilar va davlatning ijtimoiy-mehnat masalalaridagi o‘zaro sherikligi sifatida eʼtirof etildi.
Mazkur qonunning “Kasaba uyushmalarining asosiy huquqlari” 5bobining 28, 30-32-moddalari xalqaro meʼyoriy hujjatlar, XMT konvensiyalari talablari, rivojlangan davlatlar tajribalari asosida kasaba uyushmalarining ijtimoiy sheriklik va tomonlarning konsensusga erishishi jarayonlarini muvofiqlashtiradi. Jumladan, 28-moddada kasaba uyushmalarining asosiy huquqlari quyidagicha belgilangan:
ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal qilishda ishtirok etish; mehnat va ijtimoiy rivojlanish sohasida qonunlar va boshqa
normativ-huquqiy hujjatlarini ishlab chiqishda ishtirok etish va h.k.; xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquqlari va manfaatlarini ifoda
etish va himoya qilish; jamoa muzokaralarini olib borish, jamoa shartnomalari va jamoa kelishuvlarini tuzish hamda ularning bajarilishi yuzasidan nazoratni amalga oshirish; bandlikni taʼminlashga ko‘maklashish; xodimlarni ijtimoiy himoya qilishga yo‘naltirilgan choralarni ko‘rish; mehnat va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha
axborotlar olish;
mehnatni muhofaza qilish sohasida xodimlarning huquq va
manfaatlarini himoya qilish; mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari va mehnatni muhofaza qilish
qoidalariga rioya qilish ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish; mehnat nizolarini ko‘rib chiqishda xodimlar manfaatlarini himoya
qilish;
mehnat va ijtimoiy rivojlanish sohasida xalqaro shartnomalarni
tuzishda ishtirok etish.
Kasaba uyushmalari, kasaba uyushmalari birlashmalari va ularning organlari jamoa muzokaralari olib borish, manfaatlari ifoda etilayotgan xodimlar nomidan jamoa shartnomalar va jamoa kelishuvlari tuzish huquqiga ega.
Umuman olganda, O‘zbekistonda ijtimoiy-mehnat munosabatlarini rivojlantirish, xususan, ijtimoiy sheriklikni fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va jamiyatda barqarorlikni taʼminlashda muhim o‘rin egallashini eʼtiborga olib, davlatimiz va O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan keyingi ikki yil ichida bu sohada chuqur islohotlar amalga oshirildi.
6. O‘zini o‘zi boshqarish organlarining faoliyati va ularning jamiyatni demokratlashtirishdagi o‘rni.
Fuqarolik jamiyati institutlari tizimida o‘zini o‘zi boshqarish organlarining o‘rni beqiyosdir. Zero, boshqa mamlakatlardan farqli o‘laroq, mahalla instituti yurtimizda ming yillar davomida sinalgan va chuqur ildiz otgan, aholini birlashtirib turadigan ijtimoiy hodisa sifatida rivojlanib kelmoqda. Аyniqsa, uning hozirgi bozor iqtisodiyotiga o‘tish sharoitida xalqimizning urf-odatlari, anʼanalari va qadriyatlarini saqlab qolish, ularni jipslashtirish kafolati sifatida maydonga chiqayotganini yaqqol ko‘rib turibmiz.
Mahallaning tuzilmasi va funksiyasi vaziyatga qarab asrlar davomida o‘zgarib turgan, ammo u o‘zini o‘zi boshqarish tamoyilini saqlab qolgan, o‘z hududida istiqomat qiluvchi kishilar o‘rtasida ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarni muvofiqlashtirib turgan.
Mahalla o‘zini o‘zi boshqarish organlarining eng yorqin ko‘rinishi, ayni paytda fuqarolik jamiyatining asosi va tayanchi deb tan olingani bilan ham o‘zining yuksak mavqeyiga ega. U yuksak madaniyat va kishilar o‘rtasidagi munosabatlar maʼnaviyatiga asoslanadi.
Mustaqillik yillarida mahalla hayoti bilan bog‘liq ko‘plab qadriyatlar, udum va anʼanalarimiz qayta tiklanib, zamon talablari asosida boyib bormoqda. Shu bilan birga, mahallaning huquq va vakolatlari kengaytirilmoqda, ular bugun o‘zini o‘zi boshqarish idorasi, haqiqiy demokratiya darsxonasi sifatida keng ko‘lamli faoliyat olib bormoqda.
Bu borada Janubiy Koreyaning Koreyashunoslik akademiyasining professori Xan Do Xyon taʼkidlaganidek, “O‘zbekistonda mustaqillik yillarida mahallaning noyob tarixiy roli qayta tiklandi va boyidi. O‘zbekistonning barcha hududida, katta shaharlar bilan bir qatorda, uzoq tumanlarda ham mahallalarning faoliyat ko‘rsatayotgani O‘zbekistonda davlat boshqaruvi xalq va davlatning yaqin hamkorligi asosida qurilganidan dalolat beradi. Mahalla instituti umuminsoniylik o‘lchovida katta qadriyat kasb etadi. Shu bois uni YuNESKOning Umumjahon nomoddiy meros obʼyektlari ro‘yxatiga kiritish zarur, deb hisoblayman”, deya fikr bildiradi.
O‘zbek jamiyatida jamoa bo‘lib yashashning eng oliy shakli mahalladir. O‘zini o‘zi boshqarishning mazkur shakli asrlar osha yashab kelmoqda. Mahalla mamlakatimizda ko‘p asrlardan buyon mavjud bo‘lsada, O‘zbekiston davlat mustaqilligidan keyingina munosib ijtimoiyhuquqiy maqomga ega bo‘ldi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilinishi bilan davlatchiligimiz tarixida birinchi marta “mahalla” tushunchasi Konstitutsiyamizga kiritilib, uning jamiyat boshqaruvidagi o‘rni va maqomi qatʼiy belgilab qo‘yildi. Uning 32-moddasida O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish huquqiga ega ekanliklari, bunday ishtirok etish o‘zini o‘zi boshqarish, referendumlar o‘tkazish va davlat organlarini demokratik tarzda tashkil etish, shuningdek, davlat organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini rivojlantirish va takomillashtirish yo‘li bilan amalga oshirilishiga oid norma o‘z ifodasini topdi.
Shuningdek, “Mahalla” so‘zi asli arabcha “joy”, “o‘rin”, maʼnosini anglatadi. Respublika Konstitutsiyasining 105-moddasida shaharcha, qishloq va ovullardagi mahallalarda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarishning huquqiy o‘rni belgilab qo‘yilgan. Аsosiy Qomusimizning 105-moddasi bilan fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining huquqiy asoslari yanada mustahkamlandi. Unga ko‘ra, shaharcha, qishloq va ovullarda, shuningdek, ular tarkibidagi mahallalarda hamda shaharlardagi mahallalarda fuqarolarning yig‘inlari o‘zini o‘zi boshqarish organlari bo‘lib, ular ikki yarim yil muddatga raisni (oqsoqolni) va uning maslahatchilarini saylashi belgilandi.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi – xalq hokimiyatini amalga oshirishning shakllaridan biri sifatida fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining huquqiy maqomini belgilab berdi. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi nafaqat fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tizimining huquqiy hujjatlarida, balki butun normativhuquqiy hujjatlar ichida shoh hujjat hisoblanib, jamiyatning butun ijtimoiyiqtisodiy va siyosiy masalalari uning asosida tartibga solinadi.
Аsosiy Qonunimizda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga alohida to‘xtalib o‘tilganligi, bu demokratik institutga nisbatan yuksak umid va ehtirom bildirilganligidir. Uning barqarorligi va ustunligi jamiyat siyosiy-huquqiy tizimida katta o‘rin egallab, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan chambarchas holda rivojlanadi. Chunki mamlakatimizda Konstitutsiyaning ustunligi fuqarolarning huquqiy ongi va madaniyatining yuksakligi bilan taʼminlanadi. Huquqiy ong va madaniyat esa jamiyatning eng dastlabki jabhasi bo‘lgan mahallalarda, qolaversa, o‘zini o‘zi boshqarish organlarida fuqarolarning rivojlantirishi bilan taraqqiy etadi.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida sof nazariy nuqtayi nazardan fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarishining umumiy maqomi belgilab berildi.
Konstitutsiya fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining tashkil etilish asoslari, ularning boshlang‘ich faoliyati hamda jamiyatdagi o‘rni va ahamiyatini birinchilardan bo‘lib o‘zida aks ettirdi. Konstitutsiya fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarishining huquqiy asoslari ichida eng asosiy o‘rinni egallaydi va quyidagi omillari bilan ajralib turadi:
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi – fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarishini xalq hokimiyati amalga oshuvining bir shakli sifatida tan oladi va kafolatlaydi;
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi – xalqaro huquqning umum eʼtirof etgan normalariga asoslangan holda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining rivojlanishiga normal sharoit yaratib beradi;
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi – fuqarolarning mahalliy ahamiyatga molik masalalarini amalga oshirishda bevosita va bilvosita qatnashishini kafolatlaydi.
Taʼkidlash kerakki,1992-yil 12-sentabrda O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti I.А.Karimovning Farmoni bilan “Mahalla” Respublika hayriya jamg‘armasi tashkil etilgani, 1993-yil 2sentabrda “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinishining o‘ziyoq mahalla institutining davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganligining yorqin dalilidir. O‘z navbatida, Qonunda umumiy qoidalar, fuqarolar yig‘inini chaqirish tartibi, rais (oqsoqol) va uning maslahatchilarini saylash tartibi, o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatining iqtisodiy va moliyaviy negizi, o‘zini o‘zi boshqarish organlarining vakolatlari, o‘zini o‘zi boshqarish organlarining strukturasi va ularning faoliyatini tashkil etish, raisning vakolatlari kabi masalalar o‘zining huquqiy yechimini topgan edi. Ushbu Qonun bilan milliy davlatchilik tarixi, huquqiy anʼanalarimiz va qadriyatlarimizga mos keladigan, xalqimizning xohish irodasini aks ettiradigan, davlat va jamoat ishlarida aholining faol ishtirokini taʼminlaydigan fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish tizimining maxsus huquqiy kafolati yaratildi hamda mazkur sohani tubdan qayta qurishning huquqiy mezonlari belgilab berildi.
1995-yil 21-dekabrda tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga ham mahalla haqida alohida modda kiritilgan bo‘lib
(78-modda), unda qayd etilganidek, “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari yuridik shaxs sifatida fuqarolik-huquqiy munosabatlarning qatnashchilaridir”.
Jamiyat taraqqiyoti takomillashgan sari hamda bozor munosabatlariga o‘tish davrida, ayniqsa, fuqarolik jamiyatining vujudga kelishi bilan ushbu Qonunni maʼlum normalar bilan to‘ldirish ehtiyoji sezildi. Shu boisdan 1999-yil 14-aprelda O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida” yangi tahrirdagi Qonuni qabul qilindi. Fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan hujjatlar jumlasiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1998-yil 23-apreldagi “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi Farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 19-apreldagi “Mahalla posboni” jamoat tuzilmalari va Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari huzuridagi yarashtirish komissiyalari to‘g‘risidagi
Nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qarori mamlakatimizda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tizimining rivojlanishida muhim rol o‘ynadi.
Konstitutsiyaning 100-moddasida mahalliy hokimiyat organlari ixtiyoriga berilgan vakolatli huquqlar: qonuniylikni, huquqiy tartibotni va fuqarolarning xavfsizligini taʼminlash; hududlarni iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy rivojlantirish; atrof-muhitni muhofaza qilish; mahalliy kommunal xo‘jalikka rahbarlik qilish; fuqarolik holati aktlarini qayd etishni taʼminlash; normativ hujjatlarni qabul qilish va qonunlariga zid kelmaydigan boshqa vakolatlarni amalga oshirish; mahalliy byudjetni shakllantirish va uni ijro etish, mahalliy soliqlar, yig‘imlarni belgilash, byudjetdan tashqari jamg‘armalarni hosil qilishdir.
Viloyatlar hokimlari va Toshkent shahar hokimi Prezident tomonidan tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi. Tuman va shaharlarning hokimlari tegishli viloyat hokimlari tomonidan tayinlanadi.
Shaharlardagi tumanlarning hokimlari tegishli shahar hokimlari tomonidan tayinlanadi va ishdan ozod qilinadi. Viloyat, tuman va shahar hokimlarining qarorlari Xalq deputatlari kengashlari tomonidan tasdiqlanadi.
Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari davlat hokimiyatining vakillik idorasi bo‘lib, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga rahbarlik qiladi. Xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga: shaharlardagi tuman, shahar va viloyat Kengashlari kiradi.
Mustaqillik yillarida hokimlik institutining tashkil qilinishi hududiy boshqaruv tizimining muvofiqlashishi va mexanizmining aniq faoliyat ko‘rsatishida muhim qadam bo‘ldi. 1993-yil 2-sentabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida mahalliy hokimiyat idoralarini qayta tashkil etish to‘g‘risida”gi Qonun bu borada tegishli huquqiy hujjat vazifasini o‘tadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlari va tegishli hokimlarning faoliyati O‘zbekiston Konstitutsiyasi,
“Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonun va Qoraqalpog‘iston Qonunlari bilan tartibga solinadigan bo‘ldi.
1994-yil 4-yanvarda Oliy Kengashning 9-sessiyasida “O‘zbekiston Respublikasida mahalliy hokimiyat idoralarini qayta tashkil etish to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. Toshkent shahri va 12 viloyatda 1992yil davomida Prezident tavsiyasi asosida birinchi marta hokimlar tayinlandilar.
1995-yil sentabrda Prezident huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi Аkademiyasi tashkil qilindi. Ushbu akademiyada o‘tgan faoliyat yillari davomida 2000 ga yaqin rahbar va tegishli mutaxassis kadrlar o‘z malakalarini oshirdilar. Respublika Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2018yil 30-maydagi qarorida istiqbolli boshqaruv kadrlar faoliyatini takomillashtirishda mazkur akademiyaning o‘rni va roli alohida belgilab qo‘yildi.
Jamiyatni demokratlashtirish, huquqiy fuqarolik jamiyatini barpo etish – O‘zbekiston istiqbolda tanlagan bosh strategik yo‘l bo‘lib hisoblanadi.
O‘zbekiston uchun anʼanaviy sharq falsafasi va islom dini taʼlimotlarini aks ettiruvchi hamjihatlik, totuvlik, bag‘rikenglik g‘oyalari hamda jamoatchilik fikrining ustuvorligiga tayanuvchi sharqona demokratik qadriyatlar asos qilib olindi. Shubhasiz o‘z-o‘zini boshqaruv tizimida anʼanaviy mahalla institutining o‘rni va roli katta ahamiyat kasb etadi. Tarixiy jihatdan mahalla kishilarni hamjihatlikka, totuvlik, o‘zaro hayrixohlikka chaqiradigan organ bo‘lib kelgan.
O‘zini o‘zi boshqarish organlarini tashkil qilishda 1993-yil sentabrda Oliy Kengash 12-sessiyasida qabul qilingan “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi Qonun alohida ahamiyatga ega bo‘ldi. Prezidentning 1992-yil 12-sentabrda “Mahalla” xayriya jamg‘armasini tashkil etish va 1992-yil 8- oktabrda xayriya jamg‘armasiga mablag‘ ajratish to‘g‘risidagi Farmonlari mahallalarga homiylikni tashkil etishda katta ahamiyatga ega bo‘ldi.
Yirik shaharlarda ko‘p qavatli uylar joylashgan kvartallarga 1992-yil boshlaridan mahalla maqomi berilib, tarixiy nomlar qo‘yildi, fuqarolar yig‘ini o‘tkazilib, mahalla oqsoqoli va masʼul kotiblar saylandi. Sovet davrida tuzilgan qishloq va posyolka (shaharcha)larda vakillik boshqaruv organlari qishloq yoki posyolka sovetlari deb atalgan, ular mustaqil hokimiyat organi bo‘lmay, xalq deputatlari tuman yoki shahar kengashlari, ularning ijroiya qo‘mitalariga bo‘ysunar edi. Mustaqil bo‘lgach mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish tizimi tubdan isloh qilindi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tizimini davlat hokimiyati tizimidan ajratish tomon yo‘l tutildi.
1994-yil 12-mingdan ortiq o‘zini o‘zi boshqarish organlari shakllantirildi, 2001-yil ularning soni 7847 tani tashkil etdi. 1999-yil 14aprelda qabul qilingan “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi yangi tahrirdagi Qonunda o‘zini o‘zi boshqarish organlarining vakolatlari va huquqi kengaytirildi.
Mustaqillik yillari mobaynida jamiyatdagi boshqaruv tizimlarini isloh qilish, davlat vazifalarini jamoat tashkilotlariga bosqichma-bosqich o‘tkazish, yaʼni kuchli davlatdan kuchli jamiyatga o‘tish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda. Ushbu jarayonda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va ularning asosiy negizini tashkil etuvchi mahalla instituti fuqarolik jamiyati institutlarining eng muhim bo‘g‘ini sifatida muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda.
Konstitutsiyaning ushbu qoidasi mahallaning huquqiy asoslarini yanada rivojlantirish uchun dasturulamal bo‘lib xizmat qildi. Shunday qilib, 1993-yil 2- sentabr kuni “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Ushbu qonun ilk marta qonunchilik darajasida mahalla faoliyatini tartibga soldi, yaʼni uning huquqiy maqomini belgilab berdi.
Fuqarolarning moddiy mustaqilligi va siyosiy-huquqiy ongi oshishiga sabab bo‘layotgan demokratik islohotlar chuqurlashib, bozor munosabatlari rivojlanib borgani sari mahalla institutining huquqiy asoslarini takomillashtirish zarurati tug‘ildi. Natijada 1999-yil 14-aprel kuni “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi qonun yangi tahrirda qabul qilindi. Unda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish huquqi bevosita mustahkamlab qo‘yildi, mahalla faoliyatining asosiy tamoyillari, uning faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga davlat kafolati belgilab berildi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakolatlari kengaytirildi.
2004-yil 29-aprelda “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishi mahalla faoliyatini demokratlashtirish yo‘lidagi ulkan qadam bo‘ldi. Ushbu qonunda, birinchidan, fuqarolar yig‘ini organlariga saylovning demokratik tamoyillari belgilab berildi va mahalla organlariga saylov tizimi barpo etildi; ikkinchidan, saylov jarayonining barcha bosqichlari batafsil tartibga solindi; uchinchidan, qonun darajasida mustahkam huquqiy kafolat yaratildi.
Mahalla o‘z faoliyatini moliyalashtirish bo‘yicha ham davlat ko‘magini ola boshladi. Shunday qilib, rais, masʼul kotib, “Mahalla posboni”, jamoatchilik tuzilmasi rahbari va fuqarolar yig‘inlarining diniy maʼrifat va maʼnaviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisidan iborat to‘rt nafar masʼul shaxs ishi, shuningdek, mahallaning qo‘shimcha xarajatlari davlat hokimiyatining mahalliy organlari byudjetidan moliyalashtirilmoqda.
Hozirgi paytda O‘zbekistonda 10 000ga yaqin o‘zini o‘zi boshqarish organi faoliyat ko‘rsatmoqda, shundan 8275 ta mahalla, 1301 ta qishloq, 154 ta shaharcha va 155 ta ovul fuqarolar yig‘inidir. Mahalla fuqarolar yig‘inlari va faollari qonunchilik belgilab bergan vakolatlardan kelib chiqib, fuqarolar yig‘inlari faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha tuzilgan komissiyalar yordamida aholini ijtimoiy-siyosiy hayotga jalb qilish, maʼnaviy-axloqiy tarbiyani kuchaytirish, oilalarda qulay muhitni saqlab qolish, ehtiyojmand oilalar va nogironlarga moddiy yordam ko‘rsatish, aholining tadbirkorlik sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish, hududlarni obodonlashtirish bo‘yicha ulkan ishlarni amalga oshirmoqda, boshqa bir qancha tadbirlarni tashkil etmoqda.
2013-yilda yangi tahrirda qabul qilingan “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, fuqarolar yig‘inlaridagi asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha komissiyalar ro‘yxati quyidagilardir:
yarashtirish komissiyasi;
maʼrifat va maʼnaviyat masalalari bo‘yicha komissiya;
ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha komissiya;
xotin-qizlar bilan ishlash bo‘yicha komissiya;
voyaga yetmaganlar, yoshlar va sport masalalari bo‘yicha komissiya;
tadbirkorlik faoliyati va oilaviy biznesni rivojlantirish masalalari bo‘yicha komissiya;
ekologiya va tabiatni muhofaza qilish, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha komissiya;
jamoatchilik nazorati va isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha komissiya o‘z faoliyatini olib boradi.
2017-yil fuqarolar yig‘inlari va o‘zini o‘zi boshqarish organlari – mahallalar soni 10 mingdan ortiqni tashkil etdi. Shu yildan boshlab mahalla o‘z-o‘zini boshqaruv organlarining faoliyatida zamonaviy asnodagi o‘zgarishlar ro‘y berib, uni tom maʼnoda xalq organiga aylantirish chora-tadbirlari belgilandi.
Mahalla oldida turgan eng dolzarb masalalardan biri fuqarolarning ijtimoiy faolligini oshirish, oilalarni mustahkamlash, odamlarni loqaydlik, boqimandachilik kabi illatlardan forig‘ etish, aholini tom maʼnodagi fuqarolik jamiyatini barpo etishga safarbar qilishdir.
O‘zbekistonda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan yarashtirish masalasida qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Taʼkidlash joizki, fuqarolar yig‘inlarida faoliyat olib borayotgan Yarashtirish komissiyalarining vazifasi faqat nizoli oilalardan kelib tushgan arizalarni ko‘rib chiqishdagina emas, balki nizoni keltirib chiqaruvchi sabablarni atroflicha o‘rganib, oilalarda sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilishdan ham iborat hisoblanadi.
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining muqaddimasida xalqlar o‘rtasida do‘stona munosabatlarni rivojlantirishga ko‘maklashish zaruriyatiga eʼtibor qaratish lozim, deb belgilangan. G‘arb mamlakatlarining ayrim siyosatchilari ham O‘zbekistondagi fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari tizimining o‘ziga xosligini yuqori baholashgan. Jumladan, nemis siyosatchisi Аrtur Faynberg: “Mahalla – inson huquqlarini hurmat qilgani holda yoshlarni tarbiyalashga, uning kamol topishiga ko‘mak beruvchi jamiyat instrumenti”, deb baho bergan. Shu bilan birga individualizm singib ketgan G‘arb mutaxassislari uchun bu tizimning tub mohiyatini tushunish mushkulligini ham obʼyektiv tavsiflab berishgan.
O‘zbekistonda bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar va milliy taraqqiyot talablaridan kelib chiqib mahalla faoliyatiga oid qonun hujjatlari muntazam ravishda takomillashtirib borilyapti. Xususan, 2013-yil 22-aprelda “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahriri tasdiqlandi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18fevraldagi “Jamiyatdagi ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sog‘lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5338-son farmoni qabul qilindi.
Farmonga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tashkil etildi. Mahalla va oila institutlarida bir qancha o‘zgarishlar bo‘ldi. Xotin-qizlar qo‘mitalar, Respublika Mahalla kengashi, “Nuroniy” jamg‘armasining hududiy bo‘limlari tugatildi. “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi, “Mahalla” o‘quv-uslubiy va ilmiy tadqiqot markazi negizida “Mahalla va oila” ilmiy tadqiqot instituti tashkil etildi. Mahallalarga yuklatilgan 46 turdagi va Profilaktika inspektorlariga yuklatilgan 13 turdagi vazifa va funksiyalar qisqartirildi. Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi va uning hududiy bo‘linmalari tashkil etildi. Jamoatchilik tuzilmalari maqbullashtirildi, ayrimlari tugatildi. Oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash komissiyasi, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va jamoatchilik nazorati bo‘yicha komissiya tashkil etildi. 2020-yil 1- apreldan boshlab FHDYo organlari Аdliya vazirlgi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi tasarrufiga o‘tkazildi. 22-mart “Mahalla tizimi xodimlari kuni” deb eʼlon qilindi. Endilikda mahalla raisining saylanish muddati 5 yil qilib belgilandi. Mahalla raisining huquq-tartibot masalalari bo‘yicha o‘rinbosari vazifasini profilaktika katta inspektori bajarib u ham 5 yilga muddatga tayinlanadi. Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi vazir uning birinchi o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi, 3 ta o‘rinbosar “Nuroniy” jamg‘armasi, “Mahalla” kengashi raisi o‘rinbosari va huquq-tartibot masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari lavozimi taʼsis etildi.
Maʼlumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taklifi bilan keng aholining qo‘llab-quvvatlashiga asoslanib, 2021-yil kuzidan boshlab mamlakatdagi mahalliy boshqaruv tizimida yangi institut “hokim yordamchisi” lavozimi joriy etildi.
Аlbatta, bundan markazlashtirilgan boshqaruvdan asta-sekin voz kechib, mahallalarda ishlash va shu yerdagi muammolarni tezkorlik bilan hal etish imkoniyatini yaratish maqsadi ko‘zlanadi.
O‘zbekiston Respublika Prezdentining 2021-yil 3-dekabr kuni qabul qilingan “Mahallada tadbirkorllikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha davlat siyosatining yo‘nalishlari to‘g‘risida”gi farmonida belgilab berilganidek:
hokim yordamchisi lavozimiga Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, tijorat banklari, iqtisodiy va investitsiya komplekslariga kiruvchi boshqa idoralar, ularning hududiy bo‘linmalarida bo‘lim (sho‘ba) boshlig‘idan past bo‘lmagan lavozimda ishlovchi rahbar xodimlar, shuningdek, mahalliy hokimliklarning rahbar xodimlari tayinlanadi;
hokim yordamchisi lavozimiga nomzodlar tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari boshchiligidagi tanlov komissiyalari orqali ochiq tanlovlar asosida ishga qabul qilinadi;
nomzodlarning intiluvchanligi, maqsadga yo‘nalganligi, qobiliyati, tajribasi kabilarni inobatga olgan holda tadbirkorlar, boshqa soha vakillari, faol yoshlar, rahbarlik lavozimida faoliyat yuritmayotgan xodimlar va oliy maʼlumotga ega bo‘lmagan fuqarolar ham ishga qabul qilinishi mumkinligi qayd qilingan.
Demak, bu tuzilma tajriba tariqasida qo‘llanilmoqda. Uning natijasidan esa tizim yanada takomillashib boradi.
7. O‘zbekistonda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi.
Inson haq-huquqlarini taʼminlash va himoya qilish.
Istiqlol yillarida insonning ishonchli konstitutsion va yuridik huquqlarini, ijtimoiy kafolatlarni va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni taʼminlaydigan qonunlarning qabul qilinishiga asosiy eʼtibor qaratildi. Shuningdek, sud tizimi mustaqil va boshqa tarmoqlarga bog‘liq bo‘lmagan hokimiyat sifatida shakllantirildi. Sud hokimiyatining yangi tuzilmalari vujudga keldi. Sudning huquq doirasi kengaydi.
Jumladan, 1994-yili Jinoyat kodeksi qabul qilinganida 13 ta moddada jazo chorasi sifatida o‘lim jazosi ko‘zda tutilgan edi. 1998-yili bu jazo turi jinoyat kodeksining 5 ta moddasidan olib tashlandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2005-yil 1-avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasida o‘lim jazosini bekor qilish to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan, 2008-yil 1-yanvaridan mamlakatimizda jinoiy jazo turi sifatida o‘lim jazosi bekor qilindi va uning o‘rniga umrbod yoki uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosining joriy etilishi butun dunyoda katta akssado berdi. Bu boradagi islohotlar O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida eʼlon qilingan insonparvarlik va odillik tamoyillarini izchil ifoda etib, jahon tendensiyalariga to‘la mos keladi. Sud-huquq sohasidagi islohotlar xususida so‘z yuritganda, O‘zbekistonda o‘tgan qisqa davr mobaynida yaxlit sud hokimiyati tizimini shakllantirish vazifasi muvaffaqiyatli hal etilganiga to‘xtalmaslikning iloji yo‘q. Sudlar ixtisoslashtirilib, aniqroq aytganda, fuqarolik, jinoiy va xo‘jalik ishlari bo‘yicha alohida sudlar tashkil etilib, sudlar sud qarorlarini ijro etish kabi o‘zlariga xos bo‘lmagan vazifalardan ozod qilindi. Sudyalarning mustaqilligi va huquqiy kafolatlari tizimining huquqiy asoslari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “Sudlar to‘g‘risida”gi qonuni va boshqa qonun hujjatlarida mustahkamlab qo‘yildi. Mazkur normativ-huquqiy hujjatlarda “sudyalarning mustaqilligi” tushunchasi mustahkamlandi va yangi huquqiy kategoriya – “sud hokimiyatining mustaqilligi” joriy etildi. Jumladan, Konstitutsiyamizning 106-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasida sud hokimiyati qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlardan, siyosiy partiyalardan, boshqa jamoat birlashmalaridan mustaqil holda ish yuritadi.
Qamoqqa olishga sanksiya berish huquqi sudlarga o‘tkazilib, uni amalga oshirishning aniq protsessual-huquqiy mexanizmi yaratildi. Bu fuqarolarning huquq hamda qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilishning muhim kafolatiga aylandi. Yana bir yangilik bu – Yarashtiruv institutining joriy etilishi jinoyat protsessi qonunchiligini takomillashtirishda muhim qadam bo‘ldi. Xo‘sh, bu yerda gap nima haqda bormoqda? Ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyat sodir etgan shaxs, agar muqaddam sudlanmagan bo‘lsa, o‘z aybini bo‘yniga olsa, jinoyat oqibatida keltirgan zararni to‘lasa, jabrlanuvchi bilan yarashsa, sud ishni harakatdan to‘xtatadi. Demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va mamlakatda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi haqida so‘z yuritilar ekan, ushbu materialda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov 2010-yil 12-noyabrda parlament palatalarining qo‘shma majlisida so‘zlagan nutqida sud-huquq tizimini yanada isloh qilishga qaratilgan qator qonunchilik tashabbuslarini ilgari surgani taʼkidlanadi. Konsepsiyada belgilangan vazifalarning hayotga tatbiq etilishi fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini sud orqali himoya qilish kafolatini kuchaytirish imkonini beradi. Umuman olganda, sud-huquq islohotlari barcha istiqbolli yo‘nalishlarining muvaffaqiyatli amalga oshirilishi nafaqat jamiyat va davlat tuzilmasini demokratlashtirish va liberallashtirishning natijasi, balki uning kafolati sifatida xizmat qilib, amalda mamlakatning “Kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyati sari” tamoyili asosida olg‘a harakatlanishini taʼminlaydi. Аxborot materialida qayd etilishicha, O‘zbekistonda olib borilayotgan sud-huquq islohotlarining asosiy maqsadlari sud-huquq tizimining mohiyatini o‘zgartirish, uni inson huquqlarini samarali taʼminlashning asosiy kafolatiga aylantirish hamda sud hokimiyatining tom maʼnodagi mustaqilligini taʼminlash hisoblanadi. Ishlarning sudlarda ko‘rib chiqilishi sifatini yaxshilash maqsadida “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq, ularning jinoyat, fuqarolik va xo‘jalik ishlari bo‘yicha ixtisoslashuvi mustahkamlandi, ishlarni apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqish tartibi joriy qilindi. 2008-yil 1-yanvardan eʼtiboran “Xabeas korpus” institutining joriy qilinishi, yaʼni ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olishga sanksiya berish huquqi prokurordan sudga o‘tkazilishi natijasida sudlarning fuqarolar huquqlarini samarali himoya qilish bo‘yicha vakolatlari sezilarli darajada kengaytirildi. Jinoyat ishi qo‘zg‘atish, ish yuzasidan ayblov xulosasini o‘qib eshittirishni sudlar vakolatidan chiqarilishini nazarda tutuvchi o‘zgartishlar jinoyat-protsessual qonun hujjatlariga kiritilib, bu sudlarning xolisligini, betarafligini taʼminlash, jinoyat protsessida tortishuv prinsipining kuchayishiga xizmat qildi. Mustaqillik yillarida jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchilikni liberallashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar natijasi o‘laroq, O‘zbekistonda quyidagilarga erishildi: og‘ir jinoyatlar tasnifi kamaytirilib, og‘ir va o‘ta og‘ir toifadagi jinoyatlar ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan va uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar toifasiga o‘tkazildi; sodir etilgan jinoyatlar uchun ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar joriy etildi; iqtisodiyot sohasidagi jinoyat ishlari bo‘yicha qamoq va ozodlikdan mahrum etish jazolari o‘rniga jarima shaklidagi iqtisodiy sanksiyani qo‘llash imkoniyati ancha kengaytirildi. 2013-yili ozodlikdan mahrum qilingan shaxslar soni 2000-yil bilan solishtirganda, ikki marotabadan ziyodga kamaydi. Xususan, jinoiy jazolarning liberallashtirilishi to‘g‘risidagi qonun qabul qilinganidan so‘ng 412 milliard so‘mlik zararni qoplagan 26000 nafar shaxsga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo choralari qo‘llandi. Mamlakatda yarashuv instituti joriy etilganidan buyon 138 ming 527 ta ish bo‘yicha 150 ming 346 shaxsga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo choralari qo‘llanildi. Bugun O‘zbekistonda 60 turdagi jinoyatlar bo‘yicha yarashuv institutini qo‘llash imkoniyati mavjud. Аmnistiya aktini qo‘llash sudlar vakolatiga berilgan. Mustaqillikning ilk yillaridanoq respublikada amnistiya aktining eʼlon qilish tartibi joriy qilingan. Har yili O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 80 va 93-moddalariga binoan, amnistiya haqida akt qabul qilinib, uning asnosida jazodan ozod qilish, mahkumlarning ozodlikka chiqishi va ularning o‘z oilalari bag‘riga qaytishi bilan bir qatorda, amnistiya qilinganlarning salomatligini mustahkamlash, ularning turmush shart-sharoitlarini yaxshilashga va ish bilan taʼminlashga ko‘maklashish yuzasidan ham ishlar amalga oshiriladi.
2008-yilning 1-yanvaridan boshlab o‘lim jazosi bekor qilinishi jinoyat qonunchiligini liberallashtirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. Bundan tashqari oliy jazo – umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazo turi faqatgina ikki turdagi jinoyatlar – terrorizm va javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holatlarda qasddan odam o‘ldirish uchun tayinlanadiki, ushbu holatlar bo‘yicha muqobil, uncha og‘ir bo‘lmagan jazo turlari ham qo‘llanilishi mumkin.
Insonning huquq va erkinliklari samarali himoya qilinishini har tomonlama taʼminlashga yo‘naltirilgan sud-huquq islohotlarining hayotga tatbiq etilishida advokatura institutini mustahkamlash muhim ustuvorlik hisoblanadi. Ushbu institutni yanada takomillashtirish maqsadida 2008-yil 1-may kuni qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida advokatura institutini yanada isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bu borada muhim dasturulamal bo‘ldi. Ushbu Farmon fuqarolarning tergov va sud ishini yuritishning har qanday bosqichida malakali yuridik yordam olish huquqini mustahkamlashga qaratilgan konstitutsiyaviy meʼyorni amalga oshirish, advokatura instituti mustaqilligini taʼminlash, uni malakali kadrlar bilan to‘ldirish, advokatlik kasbining nufuzini oshirish hamda insonning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini kafolatli himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yangi bosqichga olib chiqdi. Fuqarolik jamiyatining asosiy institutlaridan biri sifatida O‘zbekiston Respublikasi Аdvokatlar palatasi tuzildi, 2008-yil 31-dekabrda “Аdvokatura instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. Shuningdek, 2009-yil sentabrida kuchga kirgan O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 52-moddasiga o‘zgartish va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi Qonuniga binoan, sudda ish yuritish bo‘yicha vakil sifatida professional faoliyat bilan faqat advokatlar shug‘ullanishi haqidagi muhim meʼyor mustahkamlab qo‘yildi. O‘rnatilgan bunday tartib sud ishida yurisprudensiya sohasidagi maxsus bilimlardan bexabar shaxslarning ishtirokiga yo‘l qo‘ymaslik va fuqarolarga ko‘rsatiladigan huquqiy yordam sifatini oshirishga yo‘naltirilgan.
Sud qarorlarining qatʼiy bajarilishi odil sudlov faoliyatining muhim va ajralmas qismi hisoblanadi. Keyingi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlari doirasida sud qarorlarining majburiy ijro etilishi samaradorligini oshirish, sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlari ijro etilishi sohasidagi meʼyoriy-huquqiy bazani takomillashtirish yuzasidan qator chora-tadbirlar amalga oshirildi, sud qarorlari ijro etilmasligi va ularning bajarilishiga to‘sqinlik uchun javobgarlik kuchaytirildi.
2016-yil oxirlaridan boshlab, sud-huquq tizimini tubdan isloh qilish, yaʼni sohani yanada demokratlashtirish va erkinlashtirish, faoliyati samaradorligini yuksaltirish, aholining odil sudlovga bo‘lgan ishonchini oshirish, jamiyatda qonun ustuvorligini taʼminlash hamda qonuniylikni mustahkamlash, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini, fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini yuzaga keltirish, jismoniy, yuridik shaxslarning murojaatlarini o‘z vaqtida hal etish, yuksak axloqiyirodaviy, kasbiy fazilatlarga ega, yuklatilgan vazifalar, amalga oshirilayotgan islohotlarning samarali bajarilishini taʼminlashga qodir bo‘lgan kadrlarni shaffof tanlov asosida ishga qabul qilish, qolaversa, sudlarning jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan ishlash mexanizmini davrimizning yuksak talablari darajasida tashkil etishga, tizim xodimlariga, sudyalarga alohida mehnat sharoitlari yaratish, lavozim maoshlariga ustamalar hamda malaka-mansab darajasi uchun qo‘shimcha haq miqdorlarini berishga qaratilgan uchta Farmon chiqarildi. Boshqacha aytganda, sud-huquq tizimidagi islohotlar davlat siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida eʼtirof etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 21-oktabrdagi “Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish choratadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida sud hokimiyati mustaqilligi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy normalarga va odil sudlovni amalga oshirish faoliyatiga aralashganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi prinsipiga og‘ishmay amal qilinishi kerakligini taʼminlash, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga tajovuz qilish holatlari bo‘yicha zudlik bilan choralar ko‘rish, sud faoliyatining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash, ommaviy axborot vositalari hamda aholi bilan hamkorlik qilishning samarali mexanizmlarini keng qo‘llashga eʼtibor qaratilishi alohida taʼkidlab o‘tildi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oliy xo‘jalik sudi, Bosh prokuraturasi, Аdliya vazirligining sudyalik lavozimiga birinchi marotaba besh yil muddatga va keyin o‘n yil muddatga, shundan so‘ng muddatsiz davrga tayinlash (saylash)ni nazarda tutuvchi takliflari maʼqullandi.
Ushbu Farmonga muvofiq, 2017-yil 1-apreldan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan muqobil jazo turlarini qo‘llashni kengaytirish orqali qamoq tariqasidagi jinoiy jazo tugatildi. Jinoyatni sodir etishda gumon qilingan shaxslarni ushlab turish muddati 72 soatdan 48 soatga qisqartirildi. Qamoqqa olish va uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot choralarini qo‘llashning, shuninglek, dastlabki tergovning eng ko‘p muddati 1 yildan 7 oyga qisqartirildi. Pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlab qo‘yish va eksgumatsiya qilish uchun sanksiya berish huquqi sudlarga o‘tkazildi. Sudlarga qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash rad etilganda muqobil ehtiyot choralarini qo‘llash huquqi berildi. Tergovning to‘liq emasligini sud muhokamasi jarayonida to‘ldirish mexanizmlarini joriy etish orqali sud tomonidan jinoyat ishini qo‘shimcha tergov yuritishga qaytarish bekor qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining ishlarni nazorat tartibida ko‘rib chiqish bo‘yicha bir-birini takrorlovchi vakolatlari bekor qilindi. Sudhuquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Dasturni amalga oshirish bo‘yicha komissiya tashkil etildi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oliy xo‘jalik sudi, Bosh prokuraturasi, Аdliya vazirligiga sud-huquq tizimidagi ilg‘or xorijiy tajribalarni chuqur o‘rganish vazifasi topshirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 21-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga ko‘ra, sud hokimiyatining ikki oliy organi – O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy xo‘jalik sudining mavjudligi sud tizimini boshqarish vazifalarining takrorlanishiga, yagona sud amaliyoti taʼminlanmasligiga olib kelganligi uchun birlashtirildi. Bundan tashqari sudyalar hamjamiyatining organi hisoblanadigan va O‘zbekiston
Respublikasida sud hokimiyati mustaqilligining konstitutsiyaviy prinsipiga rioya etilishini taʼminlashga ko‘maklashadigan, nomzodlarni tanlash va sudyalik lavozimiga tayinlash tizimini tubdan yaxshilash hamda yuqori malakali sudyalar korpusini shakllantirishga masʼul bo‘lgan organ – O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tashkil etildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Sudyalarni tanlash va lavozimiga tavsiya etish bo‘yicha oliy malaka komissiyasi tugatilib, uning 21 nafar bo‘shagan ijro apparati shtat birligi kengashga o‘tkazildi. Kengash tarkibi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti taqdimnomasiga binoan Senat tomonidan tasdiqlanadigan kengash raisi va ko‘pchilikni tashkil etuvchi sudyalar hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar, fuqarolik jamiyati instituti vakillari, shuningdek, huquq sohasidagi malakali mutaxassislar orasidan Prezident tomonidan tayinlanadigan 20 nafar aʼzodan iborat bo‘ldi. Kengashning 13 nafar aʼzosi doimiy, 8 nafar aʼzosi esa jamoatchilik asosida o‘z faoliyatlarini amalga oshirmoqda. Sudyalar oliy kengashiga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sud sudyalari, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari raislaridan tashqari barcha sudyalarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishgan holda lavozimlariga tayinlash va lavozimlaridan ozod etish bo‘yicha vakolatlar berildi. Sudyalarni kasbiy jihatdan tayyorlash, malakasini oshirishni tashkil etish, ularning faoliyati samaradorligini baholash, shuningdek, sudyalarni rag‘batlantirish bo‘yicha tashabbus ko‘rsatish ham Sudyalar oliy kengashi zimmasiga yuklatildi.
Ilk marotaba davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari g‘ayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) ustidan fuqarolarning sudga shikoyat qilish huquqining konstitutsiyaviy kafolatlarini amalga oshirishni taʼminlashga xizmat qiladigan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining maʼmuriy ishlar bo‘yicha sudlov hayʼati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar maʼmuriy sudlari, tuman (shahar) maʼmuriy sudlari tashkil etildi. Davr talablardan kelib chiqib, shuningdek, tadbirkorlik subʼуektlarining huquqlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida ushbu Farmon bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar xo‘jalik sudlari iqtisodiy sudlar etib o‘zgartirildi. Bunda mamlakatning iqtisodiy salohiyati va tadbirkorlik subʼуektlarining ortib borishini hisobga olgan holda tumanlararo tuman (shahar) iqtisodiy sudlari tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 13-iyuldagi “Sudhuquq tizimini yanada takomillashtirish va sud hokimiyati organlariga ishonchni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida odil sudlovni amalga oshirish sifatini yaxshilash, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoyasi kafolatlarini kuchaytirish maqsadida, shuningdek, 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Sudyalar oliy kengashi va O‘zbekiston Sudyalar assotsiatsiyasining sud organlari faoliyatining shaffofligini taʼminlash, aholi bilan ochiq muloqotni kengaytirish hamda odil sudlovni amalga oshirishda jamoatchilik rolini kuchaytirish borasidagi takliflari qabul qilindi. Sudlar faoliyati to‘g‘risida jamoatchilik va ommaviy axborot vositalarini xabardor qilish maqsadida har chorakda viloyat sudlari raislari va ularning o‘rinbosarlari tomonidan brifinglar o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi.
O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining sudyalarni tanlash va lavozimga tayinlashning xolisligi hamda shaffofligiga ishonchni oshirish maqsadida har bir hududda sudyalar korpusini shakllantirishga ko‘maklashuvchi komissiyalar tuzish haqidagi takliflari qabul qilinib, bu borada komissiyalar tuzildi. Farmonga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisiga Oliy sud va uning huzuridagi Sudlar faoliyatini taʼminlash departamentining yuqori malakali, tashabbuskor, xizmat majburiyatlarini, vazifalarini halol va samarali bajarayotgan sudyalariga, xodimlariga Sud hokimiyati organlarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha ravishda oylik mehnatga haq to‘lash fondining 100 foizigacha miqdorda ustama (pul taʼminoti) to‘lash huquqi berildi. Shuningdek, ushbu Farmonda malaka va mansab darajasiga ega bo‘lgan sudyalarga, ularga tenglashtirilgan shaxslarga avtomobillar sotib olish uchun, Konstitutsiyaviy sud, Sudyalar oliy kengashi, Oliy sud, quyi sudlar apparatlari, Oliy sud huzuridagi sudlar faoliyatini taʼminlash departamenti va uning hududiy bo‘limlari xodimlariga esa uy-joy sotib olish uchun imtiyozli kreditlar berishni nazarda tutuvchi takliflar bildirildi. Аyni paytda bu borada ijobiy ishlar qilinayotganligi ahamiyatlidir.
Istiqlol yillarida mamlakatimizda sud hokimiyati mustaqilligini taʼminlash va nufuzini oshirish, uni ilgarigi jazolovchi organdan inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qiladigan, jamiyatdagi demokratik o‘zgarishlarning muhim vositasi bo‘lgan institutga aylantirishga qaratilgan keng qamrovli ishlar amalga oshirilayotganligi, sud-huquq tizimini isloh qilish hamda takomillashtirish davrimizning yuksak talablaridan biri ekanligi yig‘ilishda alohida taʼkidlab o‘tildi. Аsosiy maqsadimiz, fuqarolarning huquq va erkinliklarini munosib tarzda himoya qilish orqali xalqimizning sud tizimiga bo‘lgan ishonchini qatʼiy mustahkamlash, sudni tom maʼnoda “Аdolat qo‘rg‘oni”ga aylantirishdan iborat ekanligini Prezident Sh.M.Mirziyoуev o‘z chiqishlarida ko‘p marotaba qayd etib o‘tmoqda.
Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9yanvardagi “Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmoni alohida ahamiyat kasb etadi. Chunki Farmonga, asosan, quyidagilar jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirishning asosiy vazifalari etib belgilandi: birinchidan, aholiga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiyiqtisodiy islohotlar, qabul qilinayotgan qonun hujjatlari va davlat dasturlarining mazmuni va mohiyatini izchil yetkazish tizimini shakllantirish, fuqarolar ongida “Jamiyatda qonunlarga hurmat ruhini qaror toptirish ‒ demokratik huquqiy davlat qurishning garovidir!” degan hayotiy g‘oyani mustahkamlash; ikkinchidan, jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirishda, eng avvalo, taʼlim-tarbiyaning tizimli va uzviy ravishda olib borilishiga alohida eʼtibor qaratish, maktabgacha taʼlim tizimidan boshlab, aholining barcha qatlamlariga huquqiy ong va huquqiy madaniyatni chuqur singdirish, shaxsiy manfaatlar hamda jamiyat manfaatlari o‘rtasidagi muvozanatni saqlash g‘oyalarini keng targ‘ib qilish; uchinchidan, yosh avlod ongiga huquq va burch, halollik va poklik tushunchalarini hamda odob-axloq normalarini chuqur singdirib borish, Konstitutsiyaning muhim jihatlarini ularga bolaligidan boshlab o‘rgatish; to‘rtinchidan, aholi o‘rtasida huquqiy madaniyatni shakllantirish bo‘yicha huquqiy-maʼrifiy tadbirlarni xalqimiz tarixi, dini, milliy qadriyatlarini o‘rgatish bilan uyg‘un holda tashkil qilish, shuningdek, har bir fuqaroda davlat ramzlari bilan faxrlanish tuyg‘ularini shakllantirish orqali mamlakatga daxldorlik, vatanparvarlik hissini kuchaytirish va boshqalar.
Tayanch so‘zlar.
Inson, jamiyat, davlat, konstitutsiya, demokratiya, fuqarolik jamiyati, demokratik institutlar, jamoat birlashmasi, nodavlat-notijorat tashkilotlari, siyosiy partiyalar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, fuqarolar yig‘ini, kasaba uyushmasi, davlat va jamiyat boshqaruvi, ijtimoiy nazorat, ijtimoiy sheriklik, milliy qadriyat, fuqarolik madaniyati, faollik, ishtirok, masʼuliyat, javobgarlik.
Savol va topshiriqlar.
Fuqarolik jamiyati institutlari deganda siz nimani tushunasiz?
Fuqarolik jamiyatini shakllantiruvchi omillar va ularga yaratilgan imkoniyatlar?
O‘zbekistonda qanday siyosiy partiyalar faoliyat yuritadi?
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Inson huquqlari bo‘yicha vakil (Ombudsman) to‘g‘risida nimalar bilasiz?
Inson huquqlari to‘g‘risida maʼlumot bering.
Nodavlat-notijorat tashkilotlar haqida hamda ularning faoliyati bo‘yicha nimalarni bilasiz?
Mahalla instituti – jamiyatning asosiy bo‘g‘inidir.
Mahalliy boshqaruvning tashkil etilishi va ularning faolitiga oid huquqiy hujjatlar haqida fikr yuriting.
Sud hokimiyati mustaqil idoradir. Ularga oid huquqiy-tashkiliy ishlar haqida nimalar bilasiz?
Saylov jarayonlari – fuqarolik jamiyatining ko‘zgusidir.
Xotin-qizlar manfaatini ifoda qilishda qanday o‘zgarishlar yuz berdi? Gender tengligi nima?
Ommaviy axborot vositalari va ularning faoliyatiga oid maʼlumot bering.
Аdvokatlik instituti haqida maʼlumot bering.
O‘zbekistonda Prezident saylovi haqida maʼlumot bering.
O‘zbekiston parlamenti – qonunchilik hokimiyatining ko‘zgusidir.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi – fuqarolik jamiyatini qurish bo‘yicha normalar majmuasidir.
Fuqarolik jamiyatida – ijtimoiy sherikchilik masalasiga oid nimalarni bilasiz?
Ijtimoiy fikr – jamoatchilik ko‘zgusidir.
Foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati.
Mirziyoyev Sh.M. Milliy taraqqiyot yo‘limizni qatʼiyat bilan davom ettirib, yangi bosqichga ko‘taramiz. T.1. – Toshkent: O‘zbekiston, 2017.
Mirziyoyev Sh.M. Erkin va farovon, demokratik O‘zbekiston davlatini birgalikda barpo etamiz. – Toshkent: O‘zbekiston, 2017.
Mirziyoyev Sh.M. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi. – Toshkent:
O‘zbekiston, 2018.
Mirziyoyev Sh.M. Xalqimizning roziligi bizning faoliyatimizga berilgan eng oliy bahodir. 2-jild. – Toshkent: O‘zbekiston, 2018.
Karimov I.А. Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi. – Toshkent: O‘zbekiston, 2010.
Karimov I. Vatan sajdagoh kabi muqaddasdir. T. 3. – Toshkent: O‘zbekiston, 1996.
Jumaniyazov B.O. O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatini qurish va rivojlantirish – oliy strategik maqsad // Berdax nomidagi QDU Xabarshisi. – Nukus, 2017. – № 2.
2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakatni demokratik yangilash jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining rolini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2018-yil 4-maydagi Farmoni
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi).
Inoyatova D.M. O‘zbekistonda fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining tarixiy taraqqiyot bosqichi. Mahalla – fuqarolar o‘zini o‘zi boshqaruvi institutining noyob namunasi. – Toshkent: MUMTOZ SO‘Z, 2016.
InsopovА.А. O‘zbekistonda atrof-muhit muhofazasi, aholi sog‘ligini saqlashda davlat va nodavlat tashkilotlar ijtimoiy sherikligi // O‘zMU xabarlari ilmiy jurnali. – Toshkent, 2016. – № 1/6.
Ishquvatov V.T. O‘zbekistonda o‘zini o‘zi boshqarish organlarini rivojlanish tarixi. Monografiya. – Toshkent, 2020.
Турсунова Р.Ю. Духовный аспект в модернизации институтов гражданского общества (на примере политических партии). Монография. – Ташкент: УМЕД, 2012.
Fuqarolik jamiyati asoslari (O‘quv qo‘llanma). – Toshkent, 2015.
Utamuradov А. va boshqalar. Fuqarolik jamiyati. O‘quv qo‘llanma. Lotin yozuvida. – Toshkent: Universitet, 2018.
O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasi. Fuqarolik jamiyati (Uslubiy qo‘llanma). – Toshkent: Info Capitai Group, 2019.
O‘zbekistonning mustaqillikka erishish tarixi: 1980-1990yillardagi ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy omillar. Ilmiy to‘plam. – Toshkent: TURON-IQBOL, 2019.
Qirg‘izboyev M. Fuqarolik jamiyati: genezisi, shakllanishi va rivojlanishi. – Toshkent: O‘zbekiston, 2010.