Moliyaviy mexanizm – moliyaviy munosabatlarni tashkil etishning
davlat tomonidan o‘rnatilgan shakllari, turlari va metodlari tizimi. Davlat
tomonidan tartibga solishning darajasiga bog‘liq ravishda ikkiga bo‘linadi:
direktiv moliyaviy mexanizm va tartibga soluvchi moliyaviy mexanizm.
Direktiv moliyaviy mexanizm davlat bevosita ishtirok etadigan munosabatlar
(soliqlar, davlat krediti, byudjet jarayoni va boshqalar) bilan bog‘langan.
Tartibga soluvchi moliyaviy mexanizm esa, davlatning manfaatlariga
to‘g‘rida-to‘g‘ri ta’sir etmaydigan moliyaviy munosabatlardan (masalan,
korxona ichki-xo‘jalik faoliyatini tashkil etish) foydalanishning asosiy
yo‘nalishlarini belgilab (aniqlab) beradi.
Moddiy xarajatlar – xom-ashyo va asosiy materiallar, yordamchi
materiallar, yoqilg‘i, energiya va boshqa xarajatlardan iborat. Moddiy
resurslarning qiymati ularni sotib olish bahosi (qo‘shilgan qiymat solig‘isiz),
ta’minot va tashqi iqtisodiy tashkilotlarga to‘lanadigan ustamalar, komission
mukofotlar boj to‘lovlari, tovarlar birjasining xizmat qiymatlari, tashish,
saqlash va etkazib berish haqlarining yig‘indisidan tashkil topadi.
Mehnat haqi xarajatlari – asosiy ishlab chiqarish xodimlarining ish
haqi mukofotlari, rag‘batlantiruvchi va tiklovchi (qoplovchi) to‘lanmalar,
natural haq sifatida beriladigan mahsulotlarning qiymati, tuzilgan
shartnomalar bo‘yicha xodimlarga beriladigan mehnat haqi va boshqa
to‘lanmalarni o‘z ichiga oladi.
Meros – qonun yoki vasiyatga muvofiq merosxo‘rlik asosida qabul
qilinadigan mulk.
Merosxo‘rlar – qonunga muvofiq ikki toifaga bo‘linadi: 1) birincha
darajali (navbatdagi) merosxo‘rlar – vafot etgan shaxsning bolalari, xotini
(eri), ota-onasi, vafot etgandan so‘ng tug‘ilgan farzand; 2) ikkinchi darajali
(navbatdagi) merosxo‘rlar – vafot etgan shaxsning aka-ukalari, opa-
singillari, ota yoki ona tomonidan bobosi va momosi. Ikkinchi darajali
(navbatdagi) merosxo‘rlar qonun bo‘yicha birinchi darajali (navbatdagi)
merosxo‘rlar bo‘lmaganda, ular tomonidan meros qabul qilinmaganda yoki
vasiyatchi tomonidan ular meros qabul qilish huquqidan mahrum etilganda
merosni qabul qilishga chaqiriladilar.