Soliq elementlari – davlatning qonun aktlari asosida aniqlangan
soliqlarning tuzilishi (qurilishi) prinsiplari va ularni undirishni tashkil qilish,
soliqlarning ijtimoiy-iqtisodiy mohiyatini o‘zida aks ettiradi. Soliqlarning
elementlari tarkibiga quyidagilar kiradi: 1) soliq subyekti (soliq to‘lovchi); 2)
soliqni o‘zida tashuvchi (namoyon etuvchi); 3) soliq obyekti; 4) soliq
manbai; 5) soliqqa tortish birligi; 6) soliq stavkasi (soliqqa tortish normasi,
me’yori); 7) soliq imtiyozlari; 8) soliq okladi. Soliq qonunchiligi nuqtayi
nazaridan yuqorida sanab o‘tilganlardan tashqari soliqning muhim
elementlari qatoriga yana quyidagilarni kiritish mumkin: 1) soliq masshtabi;
2) soliqqa tortish bazasini (asosini, negizini) hisobga olish usuli; 3) soliq
davri; 4) soliqni hisoblash tartibi; 5) hisobot davri; 6) soliqni to‘lash
muddatlari; 7) soliqni to‘lash usuli va tartibi.
Soliq kvotasi – soliqqa tortishning ma’lum birligidan olinadigan
soliqning miqdori, hajmi, o‘lchami.
Soliqqa tortish – qonuniy ravishda o‘rnatilgan soliq undirish (olish)
tartibi. Iqtisodiyotni tartibga solish soliqqa tortishning asosiy funksiyasidir.
Soliq siyosatining richaglari yordamida davlat xo‘jalik konyunkturasining
xolatiga ta’sir ko‘rsatadi va iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantiradi. Soliqqa
tortishning boshqa bir funksiyasi pul mablag‘larini qayta taqsimlashdir.
Soliqqa tortishning bir-biridan farq qiluvchi digressiv, progressiv,
proportsional va regressiv turlari mavjud.
Soliqqa tortish manbai - soliqlarni to‘lash uchun foydalaniladigan
rezerv, odatda, soliq to‘lovchining daromadi va kapitali. Eng umumiy
shaklda soliqqa tortish manbai bo‘lib soliqqa tortish obyektidan qat’iy nazar
ijtimoiy takror ishlab chiqarish asosiy qatnashchilarining va davlatning
birlamchi pul daromadlarini shakllantiruvchi yalpi ijtimoiy (ichki) mahsulot
hisoblanadi.