Jazolash-bu tarbiyalanuvchilarning xatti-harakati va faoliyatiga salbiy baho berishdir. Jazo ham o`quvchining va butun sinf manfaati uchun qo`llanadigan oxirgi tarbiya metodi. Jazo choralarini qo`llashda jismoniy jazo: urish, kaltaklash mumkin emas, bolani qo`rqitish, g’azablantirish ham yaxshi natija bermaydi, o`quvchi qo’rqqanidan yolg’on gapirishga o`rganadi, ikkiyuzlamachi bo`lib qoladi.
Maktablarda qo`llashi mumkin bo`lgan jazo choralariga quyidagilar kiradi:
Tanbeh berish eng yengil jazo chorasidir. O`qituvchi bolaga yuzma-yuz turib tanbeh beradi, buni kundaligiga yozib qo`yish mumkin.
Ogohlantirish-noma`qul xatti-harakatlarning oldini olish uchun qo`llaniladi.
Hayfsan berish-agar tanbeh va ogohlantirish kutilgan natijani bermasa, o`quvchi belgilangan intizomni buzaversa, o`quvchining aybi qay darajada va uning intizomni qanday sharoitda buzganini e`tiborga olib, unga hayfsan e`lon qilish mumkin.
Uyaltirish-qizartirish. Odamning eng nozik sezgilaridan biri uyat, or-nomus, sharm-hayodir. Odatda odamda izzat-nafs, odamiylik qancha kuchli bo`lsa, avvalo o`zini hurmat qilsa, unda or-nomus, uyat shunchalik kuchli bo`ladi. Bolalarni tarbiyalashda shu hislarni ehtiyotkorlik bilan o`stirish lozim, lekin hadeb uyaltiraverish va qizartiraverish yaramaydi. Bundan oqilona va o`z o`rnida foydalanish kerak, shundagina ijobiy natijaga umid qilish mumkin.
Jazo yaxshi o’ylab qo`llanishi lozim, qiziq ustida tinimsiz jazolash ham mumkin emas. Jazolar yakka harakterli, ya`ni bitta bo`lsin, o`quvchilarning aybiga mos, muvofiq bo`lsin, tez-tez qo`llanilmasin, jazolanuvchi ongida jazoni haqqoniy ekanligi aniq bo`lsin va ular o`z ayblarini sezsinlar. Jamoada muhokama qilish va jamoa tomonidan qo`llab-quvvatlangan jazo berilsa, uning ta`sir kuchi yana oshadi. Barcha hollarda ham jazo tarbiyalanuvchining jismoniy va ruhiy azob-uqubatlarga solmasligi, uni taxqirlamasligi, sha`nini bukmasligi kerak.
Xalq pedagogikasining tarbiya metodlari Xalq pedagogikasi chinakam o`zbekcha axloq, odob va tarbiyaning barcha qirralarini o`zida mujassamlashtirgan. Unda turli xil tarbiya metodlari va vositalaridan foydalaniladi, bu metod, vositalar nihoyatda rang-barang bo`lib, ko`p tomonlari bilan ilmiy pedagogikadan ustunlik qiladi. Chunki bu metodlar ilmiy pedagogikaning shakllanishida ham o`z ta`sirini o`tkazgan.
Xalq pedagogikasida qo`llanilgan juda xima-xil tarbiya metodlari quyidagi tarzda umumlashtirish mumkin.
1. Tushuntirish (o`rganish, odatlantirish, mashq qildirish).
2. Namuna (maslahat berish, uzr so`rash, yaxshiliklar haqida so`zlash, o`rnak bo`lish).
3. Nasihat berish, o`git (undash, ko`ndirish, iltimos qilish, yolvorish, tilak- istak bildirish, ma`qullash, raxmat aytish, duo qilish, oq yo`l tilash va hokazolar).
4. Qoralash va jazo (ta`qiqlash, ta`na, gina, tanbeh berish, majbur qilish, koyish, ayblash, uyaltirish, qo`rqitish, nafratlantirish, ont-qasam ichirish, urish, kaltaklash va hokazolar).
Agar sinchiklab qaralsa, yuqorida keltirilgan to`rt xil metod umum bir yaxlitlikni ifodalaydi. Oldin bolaga umumiy manzara tushuntiriladi. Bolalar narsa va hodisalarga tushunmaganlarida tarbiyachi namuna metodidan foydalanadi, yoshlarning mustaqil kuzatuvchanligiga e`tibor beriladi. Unda ham tushunmaganlar kattalarning nasihati, o`giti orqali narsa va hodisalarning mohiyatiga yetadigan bo`lishadi. Bordi-yu unda ham bolalar tushunishmasa, yoki tushunishni istashmasa, unda qoralash va jazolash metodlaridan foydalanishga to`g’ri kelgan. Lekin bu so`ngi chora ekanligini xalq yaxshi tushungan. Hozirgi zamon ilmiy pedagogikasi qoralash va jazoni so`nggi chora, aniqrog’i kam samara beradigan chora ekanligini isbotlagan.
Xalq pedagogikasining nodir namunalari, tarbiya metodlari va tarbiyaviy ta`sirlar muayyan vositalar orqali amalga oshirilgan. Mehmon kutish, mehmonga borish, turli mehnat jarayonlari, xasharlar, turli gurunglar (choyxona, to`y marosimlari) sayllar, turli nishonlashlar (tug’ilgan kunni nishonlash, yigitlar bazmi, qizlar bazmi), musobaqalar, turli marosim va boshqalar o`ziga xos tarbiya vositasi vazifasini bajargan.
Inson qalbiga bugun ekilgan yaxshilik urug’i oradan o`n yillar o`tgach unib chiqadi, buni ilmiy asoslab oldindan ko`ra bilish kerak.
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, yuqorida ta`riflab berilgan tarbiyaning umumiy metodlari o`quvchilarga pedagogik ta`sir ko`rsatish metodlarini hammasini qamrab olmaydi.
Pedagogika fani va amaliyoti har doim rivojlanib boradi, shuning uchun tarbiya jarayoni ham takomillashib boraveradi.
Tarbiyaning metodini muvaffaqiyatli qo`llanishiga, bu metod mazkur sinf jamoasining tarbiya tizimidan qanchalik o`rin olganiga, qo`llanilayotgan tarbiya vositalari qanchalik javob berishiga bog’liqdir.
Mustaqkamlash uchun savollar:
Tarbiya metodlari deb nimaga aytiladi? Tarbiya metodlari xaqida sharq - g’arb mutafakkirlari qanday fikrlarni bildirgan?
Ijtimoiy ongni va xulq - atvorni shakllantirish metodlarini qanday izohlaysiz?
Rag’batlantirish, jazolash metodlarining maqsad va vazifalari nimadan iborat?
O’z - o’zini tarbiyalash metodini qanday tushunasiz va u qanday tarkiblardan tashkil topadi?
Nega o’qituvchi tarbiya metodlarini bilishi shart? Siz uni qanday izohlaysiz?