Sovchilik va sovchi odobi. Xorijlik mehmon bilan suhbat.
Mehmon: sizlarda uylanish yigit va qizning muhabbati asosida emas, qandaydir sovchilar vositasida amalga oshirilar ekan. Shu rostmi?
Javob: rostlikka rost, lekin sovchilik muhabbatni inkor qilmaydi, aksincha muhabbatni maqsadga erishtiradi yoki yo'q muhabbatni borga aylantiradi, muhabbat yaratadi. Biz unga sovchilikning mohiyatini tushuntirib berdik. Ikki yosh bir-biriga sevgi izhor qilib, turmush qurmoqchi bo'ldi deylik. Shu yoshda ularda hali hayot tajribalari kam, hissiyot aqldan ustunlik qiladi. Ota-ona, umuman kattalar bilan maslahatlashadilar, qiz tarafining tag-taxtini, ota-onasini, uy joyini, qizning xulq-atvorini sovchilar vositasida so'rab, surishtiradilar. Ayni vaqtda qiz taraf ham shunday ish tutadi va bir fikrga kelinadi yoki yigit o'ziga munosib qiz topa olmadi, lekin uylanishi kerak. Evropada bunday holda "Tanishuv klublari", reklamalar qo'l keladi, bizda esa sovchilik shaklida ish bitkaziladi. Sovchilar vositasida uchrashgan yigit-qiz ma'lum vaqt bir-birlarini sinaydilar, ular o'rtasida muhabbat rishtalari paydo bo'lsa, unashtirilib to'y bo'ladi.
Xorijlik mehmon o'ylab qoladi.
Evropaga nisbatan sizlarda oilada ajralishning kamligi ham balki shundandir, degan xulosaga keldim dedi u.
Shaharlarda yigitning onasi amma yoki xolasi bilan mo'ljaldagi qiz xonadoniga tashrif buyurib "mehmonga keldik" bahoniasi bilan qizni ko'radilar. Ayni paytda uy-joy, hovlining tozaligi, saranjomligi dasturxon qanday bezatilishi uy, egalarining mehmon do'stligiga razm soladilar.
Qizning onasi bilan suhbatlashib "Onasini ko'ru, qizini ol" maqoliga rioya qiladilar. Sharqona odobga ko'ra, yigitning onasi o'z o'g'li haqida gapirishi, maqtashi odobdan sanalmaydi. Yanabir nozik jihati, sovchilar ham, qiz tomon ham bir-birining sha'niga tegadigan so'z qilmaydi, deylik qiz tomonga kuyov tomon
ma'qul bo'lmadi. Shunda ham ochiqdan ochiq yo'q deyilmaydi. "Qizimiz hali yosh", "o'qishi bitsin" kabi so'zlar aytiladi.
Sovchilar ikkirichi yoki uchinchi borishida ma'qul kelsa, rozilik beriladi, sovchilar keltirgan dasturxon ochilib noni sindiriladi, so'ng "oq kiydi" marosimi o'tkaziladi, bunda rozilik belgisi qilib oqlik beriladi. Shu marosimda ko'pincha fotiha to'yi kuni, taxminan to'y kuni belgilanadi. Fotiha to'yi bo'lajak kelin uyida o'tkaziladi. Kuyov tomon dasturxonlar olib borishadi, yaxshilab mehmon qilingach esa, qaytishlarida esa sаrpоberiladi. To'y oldi marosimlari: bo'lajak kelin sarpolarini tiktirish bilan band bo'lganda onasi "paxta solar" qiladi. Ya'ni opa-singillari qo'shni ayollar bilan ko'rpa-ko'rpachalar bichilib, paxta solib qaviladi.
"Uy ko'rar" kelinning yaqinlari kuyovnikiga borib deraza eshik va uy ko'rib kelib, pardalar tikishadi. Sovet davrida nikoh o'qitish man etilgani uchun bu marosim xufya ijro etilgan. Endilikda davlat idoralarida qayd etilgach, shu yaqin oradagi masjidda yoki qizning uyida o'qitiladigan bo'ldi. Imom ikki yoshga er-xotinlik burchi va huquqlarini oilaning muqaddasligini tushuntirgach, kuyov va kelinning roziligini olgach "xutbai nikoh" o'qiydi. To'y kuni: qadimgi o'zbekchilik udumiga ko'ra nikoh to'yi tantanalari kuyovnikida o'tkaziladi. To'y oqshomi kuyov jo'ralari bilan o'yin kulgu bilan kelinnikiga keladi va u yerda to'y tantanalari davom etadi, ziyofat oxirida kuyovga sarpolar chiqadi. So'ngra kelin uchun hayajonli damlar boshlanadi. Uning yaqinlari yig'ilishib uzatib borishga tayyorlanadilar. Kelinga oq libosini kiydirib otasi, onasi, buvasi, tog'a amaki kabi qarindoshlari bilan xayrlashgani olib chiqishadi. Bu ham 'ko'pchilik ayollarning qalbini hayajonga solib, ko'ziga yosh chiqaradigan marosim.