Tarbiyaviy ishlarni amalga oshirishda sinf rahbarining pedagogik-fayllar.org
II.Bob.Sinf rahbarining o’quvchilarda o’qishga qiziqishni oshirishda sinfdan va maktabdan tashqari tarbiyaviy ishlarni tashkil qilish
2.1. O`quvchilar bilim sifatini oshirish va sinfda intizomni mustahkamlash
O`quvchilarning bilish faolligini taraqqiy ettirishda sinf rahbarining vazifasi quyidagilardan iborat:
1. Bilimga qiziqish va muhabbat uyg`otish.
Bola bilimga qiziqmasdan turib, o`qishga intilmaydi, muvaffaqiyatli o`qiy olmaydi. Bolada o`z kuchiga va qobiliyatiga ishonch hosil etish, o`qishga jalb etish, ilk yutuqlari uchun rag`batlantirish ayniqsa ahamiyatlidir. Boladagi o`qishga qiziquvchanlik qiyinchiliklarni yengishga, faolligini oshirishga, ishonch uyg`otishga va mustaqilligi kamol topishiga olib keladi.
2. O`quv mehnatiga ongli munosabatda bo`lish va unga mas`uliyat bilan yondashish.
O`quv mehnatiga ongli munosabatda bo`lishlik ta`limning ijtimoiy, o`qishning shaxsiy ahamiyatini tushunish demakdir. Sinf rahbarlari o`quvchilarga ularning bosh vazifasi – o`qish ekanligini tushuntirishi kerak. O`qishga mas`uliyat hissi, faqat Vatan oldidagi burchgagina emas, keng ijtimoiy qamrovli – jamoa, o`qituvchilar, ota-onalar va o`z oldidagi mas`uliyat, ularning fikrlari, ma`qullashlarini eshitishga intilish, sinf, o`quv jamoasida munosib o`rinni egallashga ham tegishlidir.
3. O`quv madaniyatini oshirish.
O`zlashtirishning past bo`lishi aksariyat hollarda, o`quvni tizimli va rejali olib borish iqtidori va ko`nikmasining bolalarda shakllanmaganligidan kelib chiqadi.
Sinf rahbarining va fan o`qituvchilarining asosiy vazifasi har bir o`quvchining faoliyatini quyidagi shartlar asosiga qurish bilan bog`liq:
Faoliyatni reja asosiga qurish.
Qunt bilan ishlash.
Pala-partishlikka yo`l qo`ymaslik, saranjomlikka o`rganish.
Bilim sifatini oshirish.
Qiyinchiliklarni yengish.
O`quv mehnatida muayyan rejimga itoat etish.
Bu degani o`quv mehnatini o`quvchining dam olishi bilan to`g`ri almashtirib borilishidir.
7. O`qishda o`rtoqlarcha o`zaro yordam uyushtirish.
O`rtoqlarcha o`zaro yordam sinfda ulgurmovchilikning oldini oladi, sinf jipsligini oshiradi, jamoatchilik ruhining shakllanishiga olib keladi.
8. Sinf o`qituvchilari bilan hamkorlik.
Sinf rahbari ta`lim-tarbiyaviy ishlarni yakka o`zi emas, balki shu sinfda dars beruvchi boshqa o`qituvchilar bilan hamkorlikda olib boradi.
Endi bevosita ana shu ishlar mazmuni bilan tanyshib chiqamiz.
Sinf rahbari tarbiyaviy ishlarni amalga oshirish jarayonida o`qish nafaqat har kimning shaxsiy ishi, balki ijtimoiy ahamiyatga ega bo`lgan ish ekanligini o`quvchilarga tushuntirib boradi. Mustaqil davlatimiz, butun xalqimiz maktab dargohidan chuqur bilimli, hayotga har tomonlama tayyorlangan kishilarning yetishib chiqishini kutmoqda. Bular haqida sinf majlislarida, har bir o`quvchi bilan alohida yoki bir guruh o`quvchilar bilan o`tkaziladigan suhbatlarda, turli tarbiyaviy tadbirlarda sinf rahbari batafsil gapirib beradi. O`qish bu jiddiy mehnat ekanligini va bunga astoydil yondashish, katta mas`uliyat bilan qarash kerakligi bolalarga tushuntirib boriladi.
«Bilim – takrorlash mevasidir», – degan edi Abu Rayhon Beruniy. Sinfda va uyda ko`p va jiddiy ishlaydigan bolalar, odatda o`qishda va mehnatda katta muvaffaqiyatlarga erishadilar. Har qanday muvaffaqiyatning zamirida tinimsiz mehnat yotadi. Bolalarni o`qishga mas`uliyat bilan qarash ruhida, ko`chirib olishga qarshi nafrat ruhida tarbiyalash kerak.
Sinf majlislarida vaqti-vaqti bilan mazkur masalalar butun mazmun-mohiyati bilan muhokama qilinishi, shu orqali o`quv mashg`ulotlariga loqaydlik bilan qaraydigan o`quvchilarga sezilarli ta`sir o`tkazish kerak.
Sinfning o`zlashtirish masalasi atrofida jamoatchilik fikrining shakllanishi, bu borada sinf devoriy gazetasi imkoniyatlaridan foydalanish yaxshi natijalar beradi.
O`quvchilarni bilimga bo`lgan qiziqishlarini oshirishda ularning nazariy bilimlarini mustaqil ravishda qo`llay bilishlarini hisobga olish ayniqsa muhimdir. Bu tajriba juda ko`p maktablarda muvaffaqiyatli qo`llanilib kelinmoqda. O`quvchilarga biror bir fan bo`yicha ko`rgazmali qurol yoki biror jihoz yasab kelish buyuriladi. Bunda «Agar tirishsang, bu sening qo`lingdan keladi» degan gapni uning qulog`iga quyish kerak. Buni o`quvchi nafaqat oddiy topshiriq, balki o`qituvchining ishonchi sifatida ham qabul qiladi. To`g`risini aytganda, bunday narsalarni yasash uchun o`quvchi yetarli nazariy bilimga ega bo`lishi kerak. O`quvchi topshiriqni puxta qilib bajarishi uchun u yoki bu fan asoslarini o`rganishga, o`z bilimini chuqurlashtirishga harakat qiladi, o`zi yasayotgan o`quv quroliga, ushbu fanga nihoyatda qiziqib qoladi. Shu bilan birgalikda har bir yasalgan narsa zamirida mehnat yotganligini his qiladi, sinf va maktab jihozlarini avaylashga o`rganadi.
Maktab o`quvchilarining bilimga qiziqishi ularning hayotiy ehtiyojlariga bevosita bog`liqdir. Maktab hovlisidagi bog`, tokzor, issiqxonada o`tkaziladigan amaliy jarayon – daraxtlarni butash, ularga payvand solish, tok kesish, daraxt o`tqazish, issiqxonalarda pomidor, sabzavotlar yetishtirish qoidalari o`quvchilarda katta qiziqish uyg`otadi. Bu hol ularni botanika, geometriya, jo`g`rofiya, mehnat fanlariga havas, ularni sevib o`rganishga rag`bat uyg`otadi. Axir, yuqoridagi fanlardan chuqur bilim va malaka hosil qilmay turib, mazkur ishlarning mohir ustalari bo`lib yetishish mumkinmi? Bolalarga ijtimoiy fanlarga qiziqishni orttirish uchun ularni turli madaniy-ma`rifiy tadbirlarga tortish ahamiyatlidir. Huddi shuningdek, fizika, ximiya, biologiya, tarix, mehnat, astronomiya, chet tili fanlari ham o`quvchilarda havas o`yg`otadigan juda katta hayotiy amaliy imkoniyatlarga egadir. Bilimga bo`lgan qiziqishni shakllantirish va o`stirishda sinflarni, o`quv xonalarini va maktab binosini jihozlash ham katta ahamiyat kasb etadi, o`quvchilarda turli qarashlar, did, dunyoqarashni shakllantiradi, estetik zavq uyg`otadi, tegishli ma`lum sohalarga havas uyg`otadi.
Bugungi kunda turli fanlar bo`yicha qiziqarli adabiyotlar nashr qilinmoqda: «Mashhur kishilar hayotidan», «Qiziqarli matematika», «Qiziqarli botanika», «Qiziqarli jo`g`rofiya», «O`simliklar hayoti», «Bizni o`rab turgan olam», «Tariximizga bir nazar» va hokazo ilmiy-ommabop turkumdagi bu kitoblar o`quvchilar qo`liga berilsa, ular hayotida albatta burilish yasashi turgan gap. Kitobdan ham yaqinroq do`st, undan ham qudratliroq tarbiya vositasi bormi o`zi?
O`quv jarayonida fanlar bo`yicha o`zaro bog`lanishga katta e`tibor berish kerak. Bundan o`qituvchiyu o`quvchi ham yutadi. Bunga bir necha misollar keltirish mumkin. Fizika darsida masalalar yechish asnosida matematika formulalaridan foydalaniladi. Matematika darslarida fizik kattaliklar va o`lchov birliklari qo`llaniladi. Bulardan tashqari ikkala fan birgalikda o`rganadigan mavzular bo`ladiki, ularda ikkala fan o`qituvchisi ham bir darsda o`z sohalari bo`yicha tushuncha bersalar nur ustiga nur bo`ladi. Adabiyot-tarix, mehnat-botanika, tarix-jo`g`rofiya juftliklari faoliyatida ham bunday imkoniyatlar cheksizdir. Bolaning muayyan bir fanga qiziqishiga suyanib turib, unda boshqa fanlarga ham ongli ravishda yondashish va fan asoslarini o`rganishga havas uyg`otish mumkin bo`ladi.
O`quvchilarni bilish faolligini takomillashtirish uchun to`garak, fakultativ mashg`ulotlari jarayonida kengroq foydalanish lozim. Sinf rahbari o`z o`quvchilarining qiziqishi, moyilligi, uy sharoiti haqida ma`lumotlar bilan fan o`qituvchilarini tanishtiradi, bolaga qanday munosabatda bo`lish kerakligi haqida maslahatlar beradi. Hatto, shunday ham bo`ladiki, biror fandan o`zlashtirmayotgan o`quvchi bilan sinf rahbarining o`zi bevosita ish olib boradi. «Ikkalamiz bu topshiriqni bajarmasdan qo`ymaymiz», deb dalda beradi shogirdiga. Kerak bo`lganda, a`lochi o`quvchilarni yoki ushbu fan o`qituvchisini ham ko`makka chaqiradi. Bundan o`quvchini ko`ngli tog`dek ko`tariladi, yolg`iz emas ekanligini tushunadi, topshiriqni o`zlashtirishga harakat, havas uyg`onadi.
Bolalarda o`quv mehnatiga javobgarlik va mas`ullik hissini tarbiyalash juda muhimdir. Mas`ullikni sezmagan o`quvchi pala-partish o`qiydi. Mas`ullik kishini sergak torttiradi, o`quv faoliyatiga alohida javobgarlik hissi bilan qarashga undaydi
Ma`lumki, ongli intizom va mas`uliyat hissini sezish maktabda olib boriladigan tarbiyaviy ishlar tizimining samarasi hisoblanadi.
Bolalarning intizomli bo`lishida sinf rahbarining xizmati katta. U darsda va darsdan tashqari vaqtlarda turli tarbiyaviy usullardan foydalanib, bolalarda intizomni tarbiyalab boradi, sinfda aniq rejim va ichki tartib o`rnatishga kirishadi; jihozlash, tozalik va tartibni joriy etib boradi.
Bu ishlarni sinf rahbari bir o`zi emas, balki o`qituvchilar, sinf jamoasi, faollari va ota-onalar bilan hamkorlikda amalga oshiradi.
Sinfda intizomni saqlash va joriy qilish faqat sinf rahbarining ishi deb tushunuvchilar ham uchrab turadi. Bu mutlaqo noto`g`ri fikr. Intizom uchun butun sinf, pedagogik jamoa mas`uldir. Intizomni tarbiyalash juda qiyin va murakkab tarbiyaviy jarayondir. Shunisi ham borki, ko`p vaqt qilingan mehnatni bir paytni o`zidayoq yo`qqa chiqarish mumkin. Masalan, sinf rahbari va ayrim fan o`qituvchilari darslarida bolalar jim, intizomli o`tirishadi, darslarni berilib tinglashadi, o`quv yumushlari bilan band bo`lishadi; ba`zi o`qituvchilarning darslarida buning aksi: bolalar qiy-chuv qilishadi, bir-biriga qog`oz otishadi, partaning ostiga kirib yashirinishadi, natijada o`qituvchi tajanglashadi, o`quvchilar bilan ixtilofga boradi. Bunday ayanchli manzara har bir maktab hayotida uchrab turishi tabiiy.
Nega shunday bo`ladi? Bu holatda o`sha fan o`qituvchisining o`zi aybdordir. Negaki u dastlabki mashg`ulotlaridayoq o`z «siri»ni bolalarga oldirib qo`ygan. Uta ko`ngilchan, so`zlari, harakatlari ta`sirsiz, bo`shang, muloyim, bolalarni o`ziga jalb qilolmaydi, tashkilotchilik qobiliyatiga ega emas.
Xo`sh natija nima bo`ladi? O`qituvchi o`z kayfiyatini buzadi, jismonan charchaydi, o`quvchilarni uradi, dars maqsadiga erishish u yoqda tursin, darsni to`liq o`tolmaydi, bundan ham yomoni o`quvchilar intizomini buzadi, sinfda tarqoqlikni, boshboshdoqlikni vujudga keltiradi. Mana, sizga birgina bo`shang o`qituvchining keltirgan ziyoni.
O`quvchilarda intizomni tarbiyalamasdan turib, ularni maktabga, atrof-muhitga, kishilarga, darslarga to`g`ri munosabatda bo`lishga, uy vazifalarini bajarishga, saranjomlikka o`rgatish qiyin. Ongli intizomni tarbiyalash – maktabning` asosiy vazifasi hisoblanadi.
Sinf rahbarlari huddi shunday holatlarga o`z e`tiborlarini qaratishyaari lozim. Butun sinf o`qituvchilari oldiga yagona pedagogik talablarni, qattiqqo`llikni, sinfda intizomni saqlash, o`quvchilarga bo`lgan talabchanlikni oshirishni alohida vazifa qilib qo`yish lozim.
Sharqning faylasuf shoiri Shayx Sa`diy:
Agarda muallim bo`lsa beozor,
Bolalar sinfni qilishar bozor,
deb bejiz aytmagan.
Yana shuni ham aytish kerakki, intizom deganda bolalarning partada qimirlamay o`tirishini emas, balki ongli intizomni tushunish kerak. Ko`pgina o`qituvchilar o`zicha intizom o`rnatmoqchi bo`ladilar. Sinfga qosh-qovog`idan qor yog`dirib kiradilar, dag`-dag`a qilib bolalarni siquvga oladilar, gah desa qo`lga qo`nadigan qilmoqchi bo`ladilar. Bu bilan mutlaqo kelishib bo`lmaydi. Zo`ravonlik asosiga qurilgan tartib yaxshilikka olib bormaydi. Bu murg`aqk qalblarga adovat urug`ini sochadi, ularni sovuqqon, qo`rqoq, jur`atsiz, yolg`onchi, ozurda qilib qo`yadi.
Darslardagi tartib-intizomni saqlashning eng yaxshi usuli o`quvchilar ishonchini qozonishdir. Darsni qizg`in, ijodiy, ko`rgazmali qurollar yordamida, ular havasini va hayratini uyg`otish, lol qoldirish, dars o`tilgach birorta ham o`quvchini «beish» qoldirmaslik – har biriga o`ziga xos amaliy topshiriqlar berish ayni muddaodir.
Intizomli bo`lish nafaqat maktabda, balki o`quvchining kelgusi hayotida ham asqotishi turgan gap. Chunki, inson hayotining chigal va murakkab so`qmoqlarida ham tartib-intizom muhim ahamiyatga ega.
O’qituvchining o’qitish jarayonini nazorat qilib borishi, o’quvchilar bilimini tekshirishi va baholashi o’qitish jarayonining majburiy elementidir. Tekshirish bilimlarni mustahkamlash va aniqlashtirishga xizmat qiladi, chunki uzoq vaqt tekshirishsiz qolgan bilimlar oson unutiladi. Bilimlarni takrorlash yangilarini o’rganish uchun tayanchdir. Tabiatshunoslik darslarida o’tilgan materialni takrorlash va umumlashtirish yangi mavzuni o’rganish jarayonida va uni o’rganishdan keyin, shuningdek, har bir chorak hamda yil oxirida o’tkaziladi. Takrorlashning turli uslublari mavjud. Hammadan avval bu: -ko’rilgan diafilmlar yoki kinofilmlar, suratlar, kontur xaritalar bo’yicha suhbat vaqtida, o’quvchilar tomonidan tajribalar o’tkazilayotganida; - masalalar yechish va mashqlar bajarilayotganida; -qiziqarli savollarga javob berilayotganda bilimlarni umumiy yoki individual tekshirishdir. Takrorlash turlaridan biri o’quvchilar bilimini og’zaki hisobga olishdir, u har bir darsda butun sinfni umumiy so’rash yoki ayrim o’quvchilardan individual so’rash ko’rinishida o’tkaziladi. Umumiy so’rashning qimmati shundaki, bunda javob berishga ko’proq sondagi o’quvchilarni jalb qilish va sinf e‘tiborini ushlab turish imkoniyati bo’ladi. Biroq ayrim savollarga olingan javoblar har bir o’quvchi bilimlarining chuqurligini aniqlashga imkon bermaydi va ularga o’z fikrlarini ravon hikoya tarzida bayon qilish ko’nikmalarini rivojlantirishga halaqit beradi. Shuning uchun ham individual so’rash, ya‘ni ayrim o’quvchining ravon hikoyasi so’rashning asosiy turi hisoblanadi. So’rash jarayonida o’qituvchi o’quvchilarning bilimlari naqadar aniqligi va fahmlab olinganligini, ularning o’rganilayotgan jonsiz tabiat ob‘ektlari, o’simlik va hayvonlar to’g’risidagi tasavvur va tushunchalarini qanchalik to’g’ri ekanligini aniqlash kerak bo’ladi. Shunga ko’ra materialni faqat og’zaki bayon qilinishi bilan qanoatlanib qolmaslik kerak. Talab qilish kerakki, o’quvchilar javoblarida kuzatish natijalaridan foydalansinlar, o’z hikoyalarini o’qituvchi materialni tushuntirishda foydalangan jadval, model va boshqa o’quv qurollarini ko’rsatish bilan birga olib borsinlar. Alohida o’quvchidan so’rashning butun sinf bilimlarini mustahkamlashga yordam berishi munosabati bilan sinf e‘tiborini har bir javobga qaratilishiga erishish kerak. Sinf e‘tiborini faollashtirish uchun savolni butun sinfga berish, keyin tayinli o’quvchini javobga chiqarish lozim. Bu barcha o’quvchilar diqqatlarini to’plashga va materialni xotirada tiklashga majbur qiladi. Bundan tashqari javob beruvchi o’quvchi yo’l qo’ygan xato va noaniqlikni tuzatish, uning javobini to’ldirish va qo’shimcha savollar berish uchun butun sinfga javobni kuzatib borishni taklif qilish kerak. O’qituvchi javob berayotgan o’quvchiga e‘tibor berish bilan birga butun sinfni o’z nazorati ostida ushlab turmog’i lozim. O’quvchilar e‘tiborini bo’shashganligini o’z vaqtida payqash va uni tiklash usullarini topish, chekinish harakatlarini o’z vaqtida payqash va bartaraf qilish g’oyat muhimdir. Bilimlarni yozma tekshirish. Tekshirishning bu turi savollarga yozma javob berish yoki yozma topshiriq bajarish tarzida o’tkaziladi. Yozma ishlar uchun o’rganilgan ob‘ektlarni sanab berish bilan bog’liq bo’lgan: -tabiat hodisalari, landshaftlarning ayrim elementlari va odamlarning xo’jalik faoliyatlari o’rtasidagi aloqa yoki o’zaro bog’liqlikni ochib beruvchi; -bolalarning tabiatshunoslik tushunchalarini bilib olganliklarini aniqlovchi; -tabiatdagi kuzatish va natijalarni ta‘riflashni mo’ljallagan, tabiiy ob‘ekt yoki jarayonlarni rasmlar chizish yordamida tasvirlash; tabiat ob‘ektlarini tanib olish bilan bog’liq bo’lgan savollar taklif qilinadi. Misol tariqasida “Dala o’simliklari” mavzusi (3-sinf) bo’yicha tekshirish ishi uchun savollar keltiramiz: 1. Paxta mevasi nima deb ataladi? 2. G’allaning poyasi nima deb ataladi? 3. Poliz o’simliklarining qaysilarini bilasiz? 4. Uzum qanday ko’paytiriladi? 5. Yirtqich qushlar qanday foyda keltiradi? Yozma ish uchun tezis tipidagi dasturlashtirilgan topshiriqlar, test, raqamli diktantlar, dasturlashtirilgan kartochkalardan foydalanilishi mumkin. Bilim, uquv va ko’nikmalarni baholash. O’quvchilarning og’zaki javoblari ularning bilimlarini aks ettiradi va o’qituvchi tomonidan har bir o’quvchining qanday o’zlashtirayotganligini, u o’quv materialini qanchalik egallaganligini ko’rsatuvchi baholar bilan qadrlanadi. Shuning bilan birga ular ma‘lum darajada o’qitishning sifatini ham aniqlaydi, chunki o’quvchilar bilimi uning asosiy o’lchovidir. Bilimlarni baholash intensivligini oshirish uchun bir necha o’quvchilardan bir vaqtda so’rash uslubini qo’llash mumkin. Masalan, bir o’quvchi sinf oldida o’qituvchiga javob beradi, 2-3 o’quvchi doskada rasmlar chizadi, bir necha o’quvchi didaktik dasturlashtirilgan test va kartochkalar bilan ishlaydi. O’quvchilar bilimini baholashda materialni ular qanchalik aniq va ravon tushunganliklari, javobning aniqligi va to’liqligi, shuningdek, uning shakli, ya‘ni bilimni bayon qilishning izchilligi va to’g’riligi hisobga olinadi. Tabiatshunoslik bo’yicha o’quvchilar bilimlarini baholashning o’lchovlarini sinflar bo’yicha keltiramiz: 1- sinf. Birinchi sinf yakunida o’qitishning oxiriga kelib, bolalar yil fasllarining xarakterli belgilarini; bir nechta buta o’t o’simliklarining, yaqin atrofdagi bir nechta hayvonlarning nomlarini bilishlari va ularni taniy olishlari; tabiatda o’zini tutish qoidalarini bilishlari va bajarishlari kerak Birinchi sinfda baho qo’yilmaydi, ammo muvaffaqiyatli javoblar rag’batlantiriladi. 2- sinf. Ikkinchi sinfda “5” bahosi yil fasllarining ayrim belgilarini bilganlarga; 3-4 daraxt, buta, o’t o’simliklari va xona o’simliklarini, shuningdek, qushlar va hasharotlarning 3-4 ta turini bilgan va farqiga bora olganlarga qo’yiladi. Bolalar, shuningdek, tabiatda muntazam kuzatishlar olib borgan va ularni “Kuzatishlar kundaligi”da qayd qila olgan bo’lishlari; xona o’simliklarini to’g’ri sug’ora olishlari, ularni parvarish qilishni bilishlari; shaxsiy gigiyena qoidalarini, kun va ovqatlanish rejimini bilishlari hamda bajarishlari kerak. “4” baho ham “5” baho kabi o’lchovlar bo’yicha qo’yiladi, ammo javobda ba‘zi noaniqliklarga yo’l qo’yilgan bo’ladi.