III BOB AMIR TEMUR DAVLATINING TASHQI SIYOSATI 3.1 Osiyo davlatlari bilan olib borilgan tashqi siyosat Buyuk Amir Temur mohir sarkarda sifatida qattiq intizomga bo‘ysungan qo‘shin tuzdi. Ular o‘nlik, yuzlik, minglik, tumanlik asosida boshqarildi. Harbiy yurishlar vaqtida «oddiy askarlardan har 18 kishi o‘zi bilan birga bir chodir, xar biri ikki ot, bir kamon, bir sadoq o‘q, bir qilich, arra, bigiz, bir qop, bolta, o‘nta igna va bir charm xalta olishlari shart». qilib qo‘yilgan. Sohibqiron uchun har bir askar jang qilish uslublarini yaxshi bilishi farz hisoblangan. U o‘z qo‘shiniga katta e’tibor berib, ular nizomni qat’iy bajarishi, jangda ayovsiz va dovyurak bo‘lishi, dushmanga yumshoq muomalali va adolatli bo‘lishi lozim deb hisoblagan. Ibn Arabshohning yozishicha, Temur askarlari ichida taqvodor, saxovatli, xudojuy kishilar ko‘p bo‘lgan. Ular bechoralarga xayru-ehson ko‘rsatish, boshiga og‘ir tashvish tushganda yordam qo‘lini cho‘zish, asirlarga yumshoq muomalada bo‘lish va ularni ozod etishga odatlanganlar. Amir Temur armiyasida Amir Xo‘ja Sayfiddin, Amir Sulaymon Xash, Amir Oqbug‘a, Amir Soribug‘a, Amir Birandiq, Shayx Ali Bahodir, Temur Tosh, Baratxo‘ja, Amir Dovud Barlos, Amir Muayyad, Arlot kabi qo‘mondonlar xizmat qilganlar. Ayrim yurishlarda Amir Temurning o‘g‘illari va nabiralari ham qo‘shinga qumondonlik qilganlar. 1380-1382 yillarda Amir Temur Xuroson yerlarini bo‘ysundirib, Hirot, Astrobod, Domg‘on, Seiston va Mazandaronlarni qo‘lga kiritgan edi. Amir Temur birinchi yirik yurishlarini Eron, Armaniston, Gurjiston va Iroqqa qaratdi. Eronning janubi-Isfaxonda hukmronlik qilib turgan muzaffariylar sulolasi, Iroq va Ozarbayjonda hukmronlik qilib turgan Elxoniylar Amir Temurga taslim bo‘ldilar. Armaniston va Gurjiston ham eg‘allandi. 1398 yili mayida Afg‘oniston va Hindistonga yurish boshlandi. Avgust oyida Qobul, 15 dekabrda esa Dehli eg‘allandi. Amir Temur Misr va Suriya sultoni Barsuqning vafoti to‘g‘risidagi xabarni eshiitgach,1399 yil oktyabrida Misr sari yo‘l oldi. Barsuq o‘rnida taxtga o‘tirgan yosh sulton Faraj Sohibqiron qo‘shinlariga bas kelolmadi. 1402 yilda Suriya va Misr ham egallandi. Bu paytda Turkiya sultoni Boyazid butun Yevropaga xavf solayotgan edi. Uning qo‘shini chaqmoqdek harakat qilib, o‘lkan g‘alabalarni qo‘lga kirita boshlagan edi. Shu bois ham Boyazidga «yildirim» (chaqmoq) laqabi berilgan edi. U 1396 yilda Yevropaning 100 ming kishilik armiyasi ustidan g‘alabaga erishadi. Jangda Yevropa ritsarlarining eng saralari halok bo‘ladi. Shu tufayli ham Yevropa davlatlari turklarga bas keladigan qudratli kuch deb, faqat Amir Temurni tanlagan edilar. Shu bois bu davlatlar Amir Temur davlati bilan harbiy, siyosiy va savdo munosabatlarini o‘rnatishga intilib, muntazam ravishda o‘z elchilarini yuborib turdilar. 1401 yilda Qorabog‘da turgan Amir Temur huzuriga Kastiliya qiroli Genrix III ning elchilari Payo de Satamayor va Don Ernon Sancheslar tashrif buyurdilar. Konstantinopol regenti Ionning elchilari Frensis va Aleksandrlar Boyazidga qarshi birgalikda kurashish taklifi bilan keladilar. Fransiya qiroli Karl VI ham shu taklif bilan murojaat qiladi. Venetsiya hukmdori esa Amir Temurga bu ishda flot bilan yordam berishga va’da qiladi.Amir Temur bu qistovlar va va’dalarga e’tibor bermagan holda Boyazidga do‘stona maktub yo‘llab, o‘zining raqibi Qora Yusufni qaytarib yuborishni so‘raydi. Ammo Boyaziddan haqoratomuz javob oladi. Aynan mana shu haqorat ikki o‘rtada urush bo‘lishiga sabab bo‘ladi.3 1402 yilning iyulida Anqara yaqinidagi jangda Amir Temur 200 ming kishilik qo‘shin bilan Boyazid va uning qo‘shinlari ustidan g‘alaba qozonadi. Boyazid esa asirga olinadi. Amir Temurning beg‘araz jahongir ekanligini yana shu joyda ko‘rish mumkin-ki, u to‘liq g‘alabaga erishgan bo‘lsa ham, Turkiyani o‘z davlatiga qo‘shib olmasdan, Boyazid o‘rniga uning o‘g‘lini sulton qilib qo‘yadi. Amir Temur Anqara yonidagi g‘alaba tufayli «Yevropa xalaskori» nomini oldi. U Yevropani vayronlik va zulmdan saqlab qoldi. Bu g‘alaba Amir Temur qo‘shinlarining juda katta va buyuk g‘alabalaridan biri bo‘lib, u Temur harbiy nazariyasi, taktikalarining beqiyos tantanasi bo‘ldi. Samarqand va Yevropa mamlakatlari o‘rtasida diplomatik va savdo aloqalarining o‘rnatilishi va kengayishi ham ana shu davrdan boshlandi. Amir Temur o‘sha davrda muhim mavqega ega bo‘lgan Xitoyni ham bo‘ysindirishni birdan-bir maqsad qilib qo‘yib, ana shunga puxta tayyorgarlik ko‘ra boshladi. Bir necha yilgi puxta tayyorgarlikdan so‘ng 1404 yilda o‘z maqsadini amalga oshirish uchun 200 ming jangavor qo‘shin bilan Xitoy tomon yurish boshladi. Ana shu tariqa Amir Temur o‘zining uch yillik (1386-1388), besh yillik (1392-1398), yetti yillik (1399-1405) yurishlari davomida Ozarbayjonda jaloyirlar, Sabzavorda sarbadorlar davlatini, Hirotda kurdlar davlatini tugatib, Eron va Xurosonni, Hindiston, Suriya va Misr yerlarini egallaydi. Ammo u 1405 yilning 18 fevralida jangavor yurish chog‘ida O‘tror shahrida kasallanib vafot etdi. Shu tariqa Sohibqironning buyuk Xitoyni qo‘lga kiritish rejasi amalga oshmay qoldi. Jahongir Amir Temur o‘z faoliyati davomida ko‘p janglar qildi va bu janglar natijasida Qora, Egay va O‘rta Yer dengizlaridan to Hindistonning sharqi, Mo‘g‘uliston, Xitoygacha, Urol tog‘lari, Moskva ostonalari va Dnepr bo‘ylarigacha bo‘lgan hududni zabt etdi. Amir Temur o‘z harbiy yurishlari natijasida 27 mamlakatni o‘ziga bo‘ysundirdi. Shu tariqa Amir Temur buyuk saltanatga asos solib, feodal tarqoqliklarga, tinimsiz davom etayotgan urush, janjallarga barham berdi va nihoyat shu saltanatda osoyishtalik o‘rnatdi.Amir Temurning mustaqil markazlashgan davlat harbiy doktorina-sining ishlab chiqqanligi uning buyuk sarkardaligidan dalolatdir. Buyuk sarkardaning harbiy san’ati sirlarini, uning harbiy saboqlarini mustaqil O‘zbekistonimizda va hatto boshqa yirik mamlakatlarda o‘rganilishi fikrimizning isbotidir. XIV asrning oxirida Yevropa davlatlari juda tang ahvolga tushib qoldi. Usmoniy turklar davlatining hujumi xavfiga yetarli tarzda javob qaytara olmasligini bilgan Yevropa qirollari va Rim papasi yordam koʻzini Sharqqa, Amir Temurga qaratdilar. Uning shaxsiga va hukmronligiga qiziqish ortib bordi. Qirollar va Rim papasi Amir Temur bilan yozishmalar olib bora boshladilar. Sohibqiron huzuriga elchilar va sayohatchilar yuborilib, uning eʼtiborini jalb qilishga harakat kuchaydi. Amir Temur huzurida boʻlgan va u bilan muloqot qilgan elchilar, uning harbiy yurishlari guvohi boʻlgan sayyoh va savdogarlarning Amir Temur haqidagi kitoblari yevropaliklarda katta qiziqish uygʻotdi. Shu tarzda XV asrdan boshlab Temur va uning davlati haqida Yevropada bir necha tarixiy manbalar yaratildi. Ularning orasida elchi va monax Ioann Grinlo, savdogarlar Paole Zane, Beltramus de Mignanelli va Emmanuil Pilotti, ispan elchisi Rui Gonzales de Klavixo, asirga tushgan nemis askari Yoxannes Shiltberger xotiralari muhim ahamiyat kasb etadi.