Savol va topshiriqlar Nima uchun dastlab Grigoriy kalendari Yevropada keng tarqalmadi?
Grigoriy kalendarining umumevropa kalendari sifatida qabul qilinishining sabablari.
Birinchi bo‘lib Grigoriy kalendarini qaysi Osiyo davlati qabui qilgan?
10-mavzu: Umumjahon kalendarlari loyihalari Reja: O'n uch oylik kalendar loyihalari.
O'n ikki oylik kalendar loyihalari.
XIII asr oxirida Fransuz inqilobi kalendari;
Soat farqliklari.
Tayanch so’zlar: O'n uch oylik kalendar loyihalari,O'n ikki oylik kalendar loyihalari,Fransuz inqilobi kalendari,Soat farqliklari.
10.1.O'n uch oylik kalendar loyihalari. XX asrda abadiy kalendar yaratish tarafdorlari bugungi kunda dunyo kalendari hisoblangan Grigoriy kalendarining bir qator kamchiliklari mavjudligini ta'kidlashadi. Bular:
1. Bu kalendarda oylarning uzunligi bir xil emas. ular 28 bilan 31 sutka orasida o'zgarib turadi.
2. Kunlari har xil songa ega bo'lgan oylar tartibsiz joylashgan: ular goh navbat bilan keladi (mart - 31, aprel - 30, may - 31, iyun - 30, iyul -31, avgust -31, sentabr - 30, oktabr - 31, noyabr - 30, dekabr - 31), goh 31 kunlik ikkita oy (iyul - avgust, dekabr - yanvar) birin-ketin keladi.
3. Yilning birinchi yarmi ikkinchi yarmidan hamma vaqt qisqa (kabisa yilida 2 sutka, oddiy yilda 3 sutka).
4. Haftalarning kunlari ma'lum oyning bir sanasiga doimiy bog'liq emas. Chunki yetti kunlik hafta oy va yil bilan mos tushmaydi. Masalan, 2002-yil seshanbadan boshlangan bo'lsa, 2003-yil chorshanbadan boshlangan. Oylar ham turli kunlardan boshlanadi. Masalan, 2005-yilning birinchi oyi shanbadan, ikkinchi oyi seshanbadan, uchinchi oyi seshanba, to'rtinchi oyi esa jumadan boshlangan.
5. Haftalarning almashinishi oy davomiyligi bilan bog'liq emas. Shuning uchun ko'p vaqt haftaning bir qismi bir oy ichida, ikkinchi qismi ikkinchi boshqa oyda bo'ladi va bir sana qaysi kunga to'g'ri kelishini oldindan darrov (hisoblamasdan) aytish mumkin emas.
Bu kamchiliklardan tashqari, Grigoriy kalendarida yil boshi hech qanday astronomik hodisa yoki boshqa biror tabiiy hodisa bilan bog'liq emas. Yildan yilga o'zgarmaydigan doimiy, abadiy kalendarlar qo'llanilsa,yuqorida sanab o'tilgan kamchiliklarga duch kelmagan bo'lar edik. Keyingi bir yarim asr davomida bu masalani hal qilish, «abadiy kalendar» kiritish uchun butun dunyoda har xil loyihalar taklif etildi.
1834-yilda italiyalik M. Mastrofini taklif qilgan kalendar loyihasida bir yil 364 sutka, ya'ni 52 hafta bo'lib, bu yil 13 oy, har oy 28 sutkadan, ya'ni 4 haftadan iborat edi. Kalendar yilini tropik yilga moslash uchun 365 kunni dekabrning oxiriga joylashtirilib, uning haftalik nomi va sanasi yo'q edi. Kabisa yillarida esa xuddi shunday kunni iyun oyining oxirgi kuni bilan iyulning birinchi kuni o'rtasiga joylashtiriladi. M. Mastrofini loyihasi bo'yicha kalendar va yil o'zgarmas, doimiy bo’lar edi.
XVIII asrning 80-yillarida fransuz astronomi M.G. Armelin o'z loyihasini taklif qiladi. M. Armelin kalendari 1888-yilda fransuz astronomiya jamiyatining birinchi darajali mukofoti bilan taqdirlanadi. Bu loyihada yil 12 oydan, har kvartal 91 kun, ya'ni 13 haftadan iborat edi, har bir kvartal doim haftaning aniq bir xil kunidan boshlanar edi. Bundan 365 va kabisa yillarida 366 kun Mastrofini loyihasidagidek kiritiladi. Ammo bu ikkala loyiha ham qabul qilinmadi. XX asrning birinchi yillaridanoq kalendarni isloh qilish maqsadida loyihalar taklif qilindi.
XX asrda olimlar abadiy kalendarlarni tuzishga kirishadi. Astronom va matematik olimlar D. Eri, K. Gauss, X. Seller, V. Yakobstal, R. Arragolar mazkur muammo yuzasidan ish olib boradi. XX asrning 40-yillarida Moskvada abadiy kalendarni tuzish yuzasidan bir necha loyihalar tuziladi. Shunga ko'ra 1929-yilda besh kunlik haftaga, 1931-yilda 6 kunlik haftaga o'tiladi. 1940-yilda esa yana yetti kunlik hafta qabul qilinadi (dushanba va seshanba yana joriy qilinadi).
1923-yili Millatlar Ligasida kalendar islohoti Xalqaro qo'mitasi tashkil qilindi. O'z davrida bu qo'mita bir necha yuz xil loyihalarni ko'rib chiqdi. Bu sohada Hindistonda bir necha ishlar amalga oshirilgan. Chunki Hindistonda juda ko'p turdagi kalendarlar va eralar mavjud edi. Kalendarni isloh qilish sohasida 1953-yil may oyida Iqtisodiy va Ijtimoiy Kengashga norasmiy tashkilot sifatida kiritilgan Dunyo kalendari Xalqaro Assosatsiyasi bu masala ustida yangi dunyo kalendarini tashviqot qilish borasida bir qator ishlar olib bordi. 1954-yil 28-iyulda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqtisodiy va Ijtimoiy Kengashi o'zining 18-sessiyasida yangi dunyo kalendari loyihasi muhokama qilib, uni BMTning Bosh Assambleyasida ko'rib chiqishni taklif qildi. Mazkur kengashda so'zga chiqqan Rim papasi Ioann XXIII shunday deydi: «Agar kalendarniisloh qilish dunyo xalqlarining iqtisodiy-ijtimoiy hayotida katta ahamiyat kasb etsa, katolik cherkovi bunga to'sqinlik qiimaydi».
1963-yil 4-dekabrda Ikkinchi Vatikan sobori (2057 ta ovoz rozi va 4 ta ovoz qarshiligi bilan) quyidagilarni ma'lum qiladi:
1. Sobor pasxa kunini Grigoriy kalendari bo'yicha boshqa yakshanba kuniga qo'yishga qarshi emas.
2. Sobor fuqarolar jamiyatiga abadiy kalendarning joriy qilinisbiga qarshi emas.
Faqat xristian cherkovi 7 kunlik haftani saqlab qolish sharti bilan kalendarni o'zgartirishga rozi bo’ladi.
Kalendar masalasi 1956-yilning may oyida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqtisodiy va Ijtimoiy kengashining 21-sessiyasida yana muhokama qilindi, ammo bu masala yana hal etilmadi.
Shuni aytib o'tish kerakki, taklif qilinayotgan loyihalar kalendarning ichki tuzilishiga o'zgartirish kiritmaydi. Ularda faqat yilning bir xil kvartal va oylarga bo'linishi va hafta kunlariga moslashishnigina o'z ichiga oladi. Bu loyihalarni tuzilishi bo'yicha ikkita guruhga bo'lish mumkin: 1) 13 oylik kalendar loyihalari; 2) 12 oylik kalendar loyihalari.
XX asrda o'n uch oylik kalendar loyihasini ko'p olimlar ma'qullashdi. Bu loyiha bo'yicha kalendar yili bir xil 28 kunli 13 ta oydan, har bir oy 4 haftadan iborat bo'ladi. Har bir oy yakshanbadan boshlanib, shanba bilan tugaydi. Haftada ikki kun dam olish kuni bo'lganligidan, bir oyda 20 ish kuni va 8 ta dam olish kuni bor. 28 kunli 13 oydan iborat kalendar yili 364 sutka bo'ladi. Kalendar yilini tropik yilga to'g'rilash uchun har yili bir sutka, kabisa yillarida esa ikki sutka qo'shiladi va bu kunlar xalqaro bayram hisoblanadi. Qo'shimcha kunlarning nomlari (hafta hisobida) ham, sanasi ham bo'lmaydi. Ularning birinchisi dekabrning oxirgi kuni bilan yanvarning birinchi kuni orasiga joylashtirib, «tinchlik va xalqlar do'stligi kuni» deb ataldi. Ikkinchisi esa har to'rt yilda bir marta, yozda, iyunning oxirgi kuni va iyulning birinchi kuni orasiga joylashtirilib, u «kabisa yili kuni»deb nomlandi. O'n uch oylik kalendarning qulayliklari shundaki, unda hamma oylardagi kunlarning soni bir xil, haftalar ikkita oyga tushib bo'linib qolmaydi. Har bir oyda ish kuni va dam olish kunlarining soni bir xil.