Alovuddin
1247 yil, may, Konya.
Men biron marta ham bu to'yga qarshi e'tiroz
bildirmadim. Lekin Kimyo Shamsning xotiniga
aylanadigan kuni shunday og'riq bilan
uyg'ondimki, bunaqasi sira bo'lmagan. Nafasim
xuddi suvda cho'kib ketayotgan odamning
nafasiday qisilib, havo qattiq yetishmayotgan
bir alfozda to'shakda o'tirib qoldim. Nihoyat,
birozdan keyin, odatdagiday nafas
olaboshladim-u, endi otamga o'g'il bo'la
olmasligimni angladim.
Onam-ku yo'q edi - endi otam yo'q bo'ldi.
Akam ham. Kimyo ham yo'q bo'ldi. Yorug'
dunyoda bir o'zim qoldim. Bir kechada
o'g'ilning otasiga bo'lgan hurmatidan saqlanib
qolgan bir tutami ham yo'q bo'ldi-qoldi. Kimyo
uning tug'ishgan qiziday edi. U Kimyoni
yaxshi ko'radi deb o'ylardim. Lekin endi u
faqat Shams Tabriziyni yaxshi ko'rishi ma'lum
bo'ldi. Qanday qilib u Kimyoni shu odamga
berdi-ya? Shamsdan yaxshi er chiqmasligi
hammaga ma'lum-ku! Bu haqida o'ylagan
sarim, Shamsni Kimyoga uylantirish shunchaki
bu odamning xavfsizligini ta'minlash uchun
bo'lganini tushunayapman, shuni deb otam
Kimyoning baxtini — mening ham baxtimni
qurbon qildi.
Bugungi muhim hodisaga tayyorlanish
jarayonini kuzatar ekanman, kun bo'yi
o'zimdan bu fikrlarni haydashga harakat
qildim. Mana uy yaraqlatib tozalab chiqildi,
yovuz kuchlarni haydash uchun kelin-kuyov
yotoqxonasiga atirgul suvi purkaldi. Asosiy
yovuz kuch-chi? Shamsni qachon haydashar
ekan?
Kechga yaqin bu tantanani kuzatishga boshqa
toqatim qolmadi. Menga azob berayotgan bu
ishlarda boshqa qatnashmaslik uchun uydan
chiqayotganimda akam to'xtatdi.
- To'xta, Alovuddin! Qayoqqa ketayapsan? -
dedi u baland, jarangdor ovozda.
- Hozircha Irshodnikiga, - dedim orqamga ham
qaramasdan.
- Jinnimisan? To'y nima bo'ladi? Otam bilsa,
qattiqxafa bo'ladi! Yuragi eziladi!
Men ichimda g'azab to'lqinlari qanday
ko'tarilayotganini his etardim.
- Uning o'zi birovlarning yuragini ezsa
maylimi?
- Kimni aytayapsan?
- Tushunmayapsizmi? Otamiz Shamsning
ko'nglini olish uchun va u yana ketib
qolmasligi uchun bu to'yni qilayapti. Kimyoni
unga kumush idishga solib, ikki qo'llab hadya
etayapti.
Akamning qattiq jahli chiqdi, lablarini mahkam
qimtib oldi.
- Nima demoqchiligingni tushundim, lekin sen
nohaqsan. Seningcha, Kimyoni majburlab
uzatishayaptimi, lekin uning o'zi Shamsga
tegishni istadi-ku!
-Go’yo unda o’z ixtiyori bordek, - e'tiroz etdim
men.
- Yo Xudoyim-ey! Tushunsang-chi! - xitob
qildi akam
xuddi Xudodan madad so'rayotganday ikki
qo'lini osmonga ko'tarib. - U Shamsni yaxshi
ko'radi.
- Bo'lishi mumkin emas.
Ovozim bo'g'ilib qoldi.
- Uka, - dedi keyin Sulton Valad, -
hissiyotlaring ongingni xiralashtirishiga yo'l
qo'yma. Sen rashk qilayapsan. Lekin hatto
rashk ham foyda berishi va oliy maqsadga
xizmat qilishi mumkin. Xatto ishonchsizlik
ham ishonchga aylanishi mumkin. Qoidalardan
biri shunday. O'ttiz beshinchi qoida shunday
deydi: «Bu dunyoda yakdillik ham, to'g'rilik
ham olg'a yurishimizga yordam bermaydi,
qarama-qarshiliklar yordam beradi. Har
birimizda butun koinot qarama-qarshiliklari
mavjud. Shunga ko'ra har bir e'diqodli
odamning ichida e'tiqodsiz odami ham bor.
E'tiqodsiz odam ham o'z ichida e'tiqodli odam
borligini ertami-kechmi topadi. Insoni komil,
ya'ni mukammal inson bo'lish yo'lida e'tiqod
asta-sekinlik bilan sodir bo'ladigan jarayon va
u o'z qarama-qarshisini - e'tiqodsizlikni taqozo
etadi».
Bu gaplar mening sabr kosamni toshirib
yuborgan so'nggi tomchi bo'ldi.
- Sizlarning so'fiyona gaplaringiz jonimga
tegib ketdi! Sizga quloq solishim shartmi? O'zi
hammasiga siz aybdorsiz! Shamsni Damashqda
qoldirib kelsangiz yaxshi bo'lardi va hech nima
bo'lmas edi. Nimaga uni qaytarib keldingiz?
Agar biron yomon ish sodir bo'lsa va bu bo'ladi
ham, aybdori siz bo'lasiz.
Akam qo'rqib, tilini tishlab qoldi, o'shanda men
hayotimda birinchi marta akam mendan ham,
mening qo’limdan kelishi mumkin bo'lgan
ishdan ham qo'rqayotganini tushundim.
Irshodni uyiga yo'l olayotib, tanishlarni ham,
notanishlarni ham uchratib qolmaslik uchun
ataylab tor va aylanma, sassiq ko'chalarni
tanladim, chunki ko'zlarimdagi yoshni to'xtata
olmas edim. Boshimda faqat bir fikr aylanardi:
Shams bilan Kimyoning bir to'shakda...
Men haddimdan oshayotganimni bilardim.
Kimdir hal qiluvchi qadam qo'yishi kerak edi.
Kimyo
Dostları ilə paylaş: |