1244 yil, 18 dekabrь, Konьya.
Taqdirga to'nkashning foydasi yo'q. Lekin
men, Rumiy bilan Shams kutubxonaga
berkinib olib, ertayu kech suhbatlashishayotgan
ilohiyotshunoslik, tarix va falsafaga oid
masalalarda ojizligimdan afsusdaman. Vaqti-
vaqti bilan ayol bo'lib tug'ilganim uchun isyon
ko'targim keladi. Qiz bolani odatda ovqat
pishirish, uy-joyni batartib saqlash, kir yuvish,
bola parvarishlari kabi ishlarga o'rgatishadi.
Ba'zi qizlarni esa sevish san'atiga ham
o'rgatishadi. Vassalom. Hech kim uni kitob
o'qishga yo'llamaydi.
Turmushimning birinchi yili men Rumiy
kutubxonasiga kirishning barcha
imkoniyatlaridan foydalanganman. U yerda
Rumiy juda yaxshi ko’rgan kitoblar orasida
o'tirar, ularning changi va mog'or isidan nafas
olar, ularda nima sir yashiringanini tushuna
olmas edim. Ko’pi rahmatli otasi Bahouddin
Valaddan meros bo'lib qolgan bu kitoblar
Rumiyning jonu dili ekanini bilardim. Eng
yaxshi ko'rgan kitobi «Maorif» edi, albatta.
- Menga bular evaziga bir g'aram tillo taklif
qilsalar ham, hech kimga aslo bermagan
bo'lardim, - der edi Rumiy. - Har biri -
ajdodlarimizdan qolgan bebaho meros. Menga
ular otamdan meros qolgan va men ularni o'z
o'g'illarimga qoldiraman.
Men kitoblar uning uchun qanchalar katta
qimmatga egaligini yaxshi tushunib etdim.
Turmushga chiqqanimning birinchi yili edi, bir
kuni kutubxonani changdan tozalashga jazm
qildim. Tokchalardagi hamma kitoblarni oldim
va jildlarini gulobga botirilgan duxoba latta
bilan artib chiqa boshladim. Bizning
tomonlarda Kebikek nomli bir kichkina jin
kitoblarning buzilishidan huzurlanadi, deb
hisoblashadi. Uni haydash uchun har bitta kitob
ichiga: «Qimirlama, Kebikek, bu kitobdan nari
ket!» deb yozib chiqish kerak deyishardi.
Erimning kitoblaridan nafaqat Kebikek, balki
men o'zim ham nari ketishim kerakligini u
vaqtda qayoqdan bilibman?
O'sha kuni men kutubxonaning barcha
kitoblaridan mahrum bo'lgandim. O'shanda ish
orasida G'azzoliyning «Ihyo ulumid-din»
kitobini o'qiyotgan edim, orqadan erimning
ovozi eshitilganidan keyingina, kutubxonada
juda uzoq qolib ketganimni tushundim.
- Kira, sen bu yerda nima qilayapsan?
Bu Rumiy edimi, har holda bu odam
Rumiyning ovozi edi, lekin ovoz o'zgarib
qolgan, tashqi ko'rinishi ham erimnikidan
ancha jiddiy edi. Sakkiz yillik nikohimiz
mobaynida u faqat bir marta, o'shanda menga
ovozini ko'targan edi.
- Changlarni artayapman, - shivirladim men.
- Tushundim, - dedi Rumiy, - lekin, iltimos,
hech qachon kitoblarimga tegma. Yaxshisi, sen
bu xonaga boshqa umuman kirmasang, sendan
minnatdor bo'lardim.
Shundan buyon men hatto uyda yolg'iz
qolganlarimda ham kutubxonadan uzoqroq
yurardim. Kitoblar dunyosi hech qachon
meniki bo'lmaganini va bo'lmasligini
tushungan, qabul qilgan edim.
Lekin uyimizda Shams Tabriziy paydo
bo'lgach va ular erim bilan kutubxonaga kirib
berkinib olishgach, ichimda norozilik
qaynayotganini sezdim. Men borligini avvallari
payqamay yurgan eski yaram ochilib, qonay
boshlagan edi.
Kimyo
1244 yil, 20 dekabrь, Konya.
Ota-onam o'qimagan, omi odamlar edilar. Men
ularning og'ir mehnatlarini va erta qariganlarini
ko'rganman. Rumiy meni asrab olganida o'n
ikki yoshda edim. Ungacha men Taurus tog'lari
etagi vodiysida kichkina uyda yashardim, men
singlim bilan o'lgan aka-ukalarimiz va opa-
singillarimiz arvohlari bilan bir xonada
istiqomat qilardik. Oilamizda faqat men
arvohlarni ko'rar edim. Har safar bu haqida
aytganimda singlim qo'rqar, onam esa yig'lar
edi. Men ulardan qo'rqish kerakmasligini, ular
baxtiyor yurganlarini
tushuntirishga qancha urinmay, ular menga
ishonishmas edi. Oilamizdagilar meni
tushunishmas edi.
Bir kuni qishlogimiz yonidan darbadar daydi
o'tib qoldi. U juda holdan toyganini ko'rib,
otam uyimizga yotib qolishga taklif qildi.
Kechqurun hammamiz echki pishlog'i
qovurilayotgan o'choq yonida o'tirganimizda,
darbadar olis yurtlarda ko'rganlari haqida
g'aroyib qikoyalar aytdi. Ko'zlarimni yumib uni
tinglar ekanman, go'yo Arabiston sahrolarida
sayohat qilib yurardim. Shimoliy Afrikadagi
beduinlarning chaylalarini va O'rtayer dengizi
deb atalgan ulkan ko'm-ko'k dengizni ko'rdim.
Qirg'oq bo'ylab yurar ekanman, buramasimon
chig'anoq uchradi, uni olib cho'ntagimga
soldim. Men qirg'oq bo'ylab yana sayr
qilmoqchi edim, lekin chidab bo'lmas qo'lansa
is meni keskin to'xtatdi.
Ko'zimni ochganimda, yerda yotgan edim,
oilamizdagilar hammasi qo'rqib ketishgan,
atrofimda turar edilar. Onam bir qo'lini boshim
ostiga qo'ygan, ikkinchisida, burnim ostiga
tutish uchun yarimta piyoz ushlab turardi.
- Hushiga keldi! - qichqirdi singlim
xursandligidan va chapak chalib yubordi.
- Xudoga shukur, - dedi onam xo'rsinib va
yo'lovchiga o'girildi. - U bolaligidan g'ayb
olamni ko'radi. Hozir ham shunday bo'ldi.
Ertalab turib, yo'lovchi mehmondo'stligimiz
uchun bizga tashakkur bildirdi va xayrlashdi.
Lekin ketishdan oldin otamga dedi:
- Qizingiz Kimyo oddiy bola emas. U juda
xosiyatli, dekin agar bu qobiliyati e'tiborsiz
qolib ketsa, achinarli bo'ladi. Siz uni maktabga
yuborishingiz kerak.
-
Qiz bolani o’qitishning nima keragi bor? –
xitob qildi onam, - Kim eshitgan buni! U erga
tekkunicha men bilan qolib, gilam to'qiydi. U
yana mohir gilam to’quvchi.
Lekin yo'lovchi bo'sh kelmadi:
- Kun kelib, u buyuk olima bo'lishi mumkin.
Xudo unga ko'pgina qobiliyatlar ato etipti.
Sizningcha, Xudo sizlardan kamroq biladimi
buni? - so'radi u. - Agar yaqin orada maktab
bo'lmasa, uni ta'lim olish uchun biron
olimnikiga yuborishingiz ham mumkin.
Onam bosh chayqadi. Lekin otam u bilan bir
fikrda emasligini payqadim. Uning ilmga
bo'lgan muhabbatini bilganim uchun
yo'lovchiga:
- Biz olimlarni tanimaymiz. Ularni qayerdan
izlab topsak bo'ladi? - degan savoliga hayron
bo'lmadim.
Shunda yo'lovchi hayotimni o'zgartirgan
insonning nomini aytdi.
- Men Konyada bir ajoyib olim inson borligini
bilaman, - dedi u. - Ismi Jaloliddin Rumiy.
Kimyoga o'xshagan iqtidorli qizni jon deb
o'qitadi. Uni o'shanga olib boring, pushaymon
bo'lmaysiz.
U ketganidan keyin, onam qo'llarini osmonga
ko'tarib dedi:
- Men homiladorman. Yaqinda oilamizda yana
bitta xo'randa tug'iladi, menga yordamchi kerak
bo'ladi. Qiz bolaga kitob o'qishning nima
keragi bor? U faqat uy- ro'zg'or ishlarini
qilishni va bola boqishni o'rganishi kerak.
Onam o'zining meni uyda olib qolish istagini
sal boshqacharoq ifodalasa yaxshi bo'lardi.
Agar u meni sog'inib qolishini, shuning uchun
meni boshqa oilaga qisqa muddatga bo'lsa ham
yuborishni istamasligini aytsa edi, men qolgan
bo'lardim. Lekin u bunday demadi. Nima
bo'lganida ham, otam yo'lovchining gapi asosli
ekaniga shubha qilmadi, men ham ikki kundan
keyin uning tarafiga o'tdim.
Tez orada biz otam bilan Konyaga yo'l oldik.
Biz Rumiyni u ta'lim berayotgan Madrasa
eshigi oldida kutib turishimizga to'g'ri keldi. U
kelganda esa tortinganimdan, hatto yuziga
qarashga ham jur'at eta olmadim. Buning
o'rniga qo'llariga qaradim. Rumiyning qo'llari
uzun, nozik, barmoqlari harakatchan, olimning
qo'llaridan ko’ra ko'proq hunarmandning
qo'llariga o'xshardi. Otam meni sekin u
tomoniga itardi.
- Mening qizim iqtidorli. O'zim o'qimagan, omi
odamman, xotinim ham hech qachon
o'qimagan, lekin aytishlaricha, siz bu yerda eng
o'qimishli odam ekansiz. Balki siz qizimni
o'qitishni istarsiz?
Rumiyga qaramay turib ham, uning hayron
bo'lmaganini tushundim. U bunday
iltimoslarga ko'nikib qolgan bo'lsa kerak.
Rumiy otam bilan gaplashgunlaricha, men
Madrasa hovlisi yaqiniga keldim va u yerda bir
nechta o'g'il bolalar yurganini ko'rdim. Bitta
ham qiz bola yo'q edi.
Orqaga qaytayotganimda nariroqda turgan
yosh ayolga e'tibor berdim. Men unga qo'l
silkitgan edim, u avval sarosimalikka tushib,
qotib qoldi, lekin birozdan keyin o'zini tutib
oldi va u ham qo'lini silkitdi.
- Qizgina, nahotki meni ko'rayotgan bo'lsang? -
so'radi u.
Men boshimni silkitdim, ayol tabassum qilib,
chapak chalib yubordi:
- Qanday ajoyib! Axir meni hech kim hech
qachon ko'ra olmagan edi.
Biz birgalashib, Rumiy va otam turgan joyga
bordik. Ayol to'g'ri aytgan ekan - erkaklar uni
payqashmadi.
- Kimyo, beri kel, - chaqirdi meni Rumiy. -
Otangning aytishlaricha, sen o'qishni istar
ekansan. Ayt-chi, kitoblarda seni hammadan
ko'p qiziqtiradigan narsa nima?
Men go'yo falaj bo'lib qolganday edim, lom-
mim ham deya olmadim.
- Beri kel, bolam, - dedi hafsalasi pir bo'lgan
otam.
Otam mendan faxrlanishlarini istagani uchun
to'g'ri javob bergim kelardi, lekin nima
deyishni bila olmasdim va faqat chuqur
xo'rsinib qo'ydim.
Agar o'sha yosh ayol bo'lmaganida, biz otam
bilan ikki qo'limizni burnimizga tiqib
qishlog'imizga qaytib ketishimiz mumkin edi.
U meni qo'limdan tutdi va: «To'g'risini aytaver.
Hammasi yaxshi bo'ladi, men va'da beraman»
dedi.
Men o'zimni xotirjamroq his etdim, Rumiyga
o'girilib qarab dedim:
- Ustoz, siz bilan Qur'onni o'rganish men uchun
katta sharaf. Men qiyinchilikdan qo'rqmayman.
Rumiyning yuzi yorishib ketdi.
- Juda soz, - dedi u va qandaydir noxush narsa
esiga tushib qolganday jim bo'lib qoldi. - Lekin
sen qiz bolasan. Juda qunt bilan o'qigan
taqdiringda ham, baribir turmushga chiqasan
va farzand ko'rasan. O'qiganlaring befoyda
ketadi.
Men nima deb javob berishni bilmasdim, hatto
o'zimni aybdordek his etardim. Otam ham xafa
bo'lib ketdi va boshini quyi soldi. Yosh ayol
yana menga yordamga keldi:
- Sen unga xotiningiz hamisha qiz farzand
ko'rishni istagan va agar meni qiz qilib asrab
olsangiz, xursand bo'ladi, deb ayt.
Men shuni aytganimda, Rumiy kulib yubordi:
- Tushunarli, sizlar menikiga boribsizlar va
xotinim bilan gaplashibsizlar. Lekin, rosti
shuki, Kira mening ustozlik ishimga hech
aralashmaydi.
Yosh ayol astagina g'amgin bosh chayqadi va
qulog'imga pichirladi:
- Sen unga ikkinchi xotini Kira bilan emas, ikki
o'g'lining onasi Gavhar bilan gaplashganingni
ayt.
- Men Gavhar bilan gaplashdim, - dedim ismini
aniq talaffuz qilib. - O'g'illaringizning onasi
bilan
Rumiyning rangi oqarib ketdi.
- Qizaloq, Gavhar vafot etgan, - dedi u sovuq
ohangda. - Mening marxum xotinim haqida sen
nima bilasan? Bu ishing yaxshi emas.
Shunda otam gapimizga aralashdi:
- Ustoz, u sira yomon xayol qilmaydi,
ishoning. Kimyo hazillashadigan qiz emas. U
hamisha kattalarni izzat qiladi.
Men to'g'risini aytish kerakligini tushundim:
- Sizning marxum xotiningiz shu yerda. U
qo'limdan ushlab turipti va menga dalda
berayapti. Uning ko'zlari och jigarrang,
yoqimli sepkillari bor, uzun sariq ko'ylak
kiygan...
Yosh ayol oyog'idagi shippakni
ko'rsatayotganini ko'rib, jim bo'lib qoldim.
- U men sizga oyog'iga kiygan shippak haqida
gapirishim kerakligini aytayapti. Shippak to'q
qovoqrang ipakdan tikilgan va mayda qizil gul
bilan bejalgan. Juda chiroyli.
- Bu shippaklarni men unga Damashqdan olib
kelgan edim, - dedi Rumiy va ko'zlariga yosh
qalqidi. - U bu shippagini yaxshi ko'rardi.
Shunday degach, ustoz jim bo'lib qoldi va
soqolini taray boshladi. Yuz ifodasi jiddiy va
voqelikdan chetlashgan edi. Yana gapira
boshlaganida esa ovozi mu-loyimlashgan va
g'amginlikdan asar ham qolmagan edi.
- Nima uchun qizingizda xislat bor, deganlarini
endi tushundim, - dedi Rumiy otamga. -
Yuringlar menikiga. Dasturxon ustida kelajak
haqida suhbatlashamiz. U ajoyib o'quvchim
bo'ladi. U ko'pchilik o'g'il bolalardan yaxshi
bo'ladi.
Keyin Rumiy menga qarab:
- Sen bu haqida Gavharga aytasanmi? - dedi.
- Ustoz, bunga hojat yo'q. U hozir eshitib
turipti. Lekin u endi ketishim kerak deyapti.
Yana u sizni hamisha mehr bilan kuzatib
yurishini aytayapti.
Rumiy yoqimli tabassum qildi. Otam ham
jilmaydi. Hammamiz birgalikda yengil tortdik.
Shu damda men Rumiy bilan uchrashuvimiz
uzoqqa boruvchi oqibatlarga olib borishini
tushundim. Onam bilam munosabatlarimiz
bunchalik yaqin bo'lmagan edi, buning o'rniga
Xudo menga ikki ota - o'z otamni va qabul
qilib olgan otamni bergan edi.
Shu tariqa sakkiz yil oldin men - tortinchoq,
ilmga chanqoq qizaloq - Rumiylar uyiga kelib
qolganman.
Kira yaxshi va mehrli, hatto o'z onamdan ham
mehribon bo'ldi, Rumiyning ikki o'g'li ham
meni yaxshi qabul qilishdi, ayniqsa, katta
o'g'illari, u keyinchalik mening akamday bo'lib
qoldi.
Yo'lovchi haqli bo'lib chiqdi: otam va
singlimni qanchalik sog'inmay, bir daqiqa
bo'lsa ham Konyaga kelganimdan,
Rumiylarnikida yashab qolganimdan
afsuslanmadim. Bu uyda men juda ko'p baxtli
kunlarni boshdan kechirdim.
Keyin Shams Tabriziy paydo bo'ldi. Uning
kelishi bu yerdagi hamma narsani o'zgartirib
yubordi.
Dostları ilə paylaş: |