1245 yil, 5 may, Konya.
Butun qish bo'yi shoxlari yerga egilgan katta
daraxtlar bugun yam-yashil yaproq yozdi,
Shams Tabriziy esa hamon biznikida
yashayapti. Shu vaqt ichida, kuzatishimcha,
erim boshqa odamga aylandi, kun sayin
mendan va butun oiladan tobora uzoqlashib
bordi. Avvaliga men ular tez orada bir-
birlarining jonlariga tegsalar kerak, deb
o'ylagan edim, lekin bundan darak ham yo'q
edi. Hatto badtar yaqinlashganday edilar. Ular
yo jim o'tirishar, yo tinimsiz gaplashar, goho
kulishar edilar va bu kulgu menga og'ir botar
edi: chunki ular bir-birlaridan sira zerikmagan
edilar. Shams bilan suhbatlardan keyin
erimning hech kim bilan ishi bo'lmas va xuddi
allanimadan kayf qilgan kabi o'z xayolot
olamiga kirib ketardi.
Rumiy bilan Shamsni uchinchi odamga joy
qoldirmaydigan bir nima birlashtirib turardi.
Ular bir vaqtda bir-birlariga bosh silkitar,
tabassum qilar, qovoq solar, bir-birlariga uzoq
qarab qolardilar. Hatto kayfiyatlari ham bir-
birlariga bog'liq edi- Ba'zan hech nima yemay,
gaplashmay sukut saqlab o’tirishardi; ba'zan
esa nimadandir telbalarcha kulishardi. Men
Rumiyni taniy olmay qolgandim. Sakkiz yildan
buyon menga er bo'lib kelayotgan, bolalarini
o'z tuqqan bolalarimday katta qilib kelayotgan
kishim menga begona bo'lib qolgan edi. Faqat
yonimda uxlab yotganidagina, u bilan
yaqinligimni his etaman. Keyingi paytlarda
ko'p tunlarni uyqusiz, uning nafasiga quloq
solib va tanasining iliqligini his etib o'tkazdim.
Yuragining bir tekis urishi meni tinchlantiradi
va Rumiyning hamon erim ekanini eslatib
turadi.
Men hamisha o'zimga-o'zim bu abadiy davom
eta olmaydi-ku, deyman. Bir kunmas bir kun
Shams ketadigan vaqt keladi. Axir u darbadar
darvish-ku! Va Rumiy men bilan qoladi. U
Konyaga va o'z shogirdlariga tegishli. Men
hech nima qilmasligim kerak, faqat kutishim
kerak. Ammo chidash qiyin bo'layapti, kundan-
kun tobora qiyinlashib borayapti. Juda
qiynalgan vaqtimda o'tgan kunlarni - hech
qanday kelishmovchiliklarga qaramasdan
Rumiy yonimda bo'lgan paytlarni - eslayman.
- Kira - nasroniy. Hatto islomga kirgan bo'lsa
ham, hech qachon bizday bo'lmaydi, - bizning
nikohimiz haqida eshitgach shivirlashar edi
odamlar. - Shunday taniqli islom ulamosi
g'ayridinga uylanmasligi kerak edi.
Lekin Rumiy bu g'iybatlarga e'tibor bermas
edi. Nikohdan avval ham, keyin ham. Va men
undan hamisha minnatdor edim.
Onado'li aholisi turli din va irqlarga taalluqli.
Shunga qaramay biz hammamiz bir xil taom
yeymiz, bir xil kuylaymiz; bid'atlarimiz ham,
kechasi ko'radigan tushlarimiz ham birday.
Nima uchun biz birga bo'la olmas ekanmiz?
Men musulmoncha ismli nasoro bolalarni va
nasoro ayollar emizgan musulmon bolalarni
ko'rganman. Bizning dunyomizning o'zi
shunday. Hamon nasorolik bilan islom orasida
chegara bo'lsa, bu ikkala tomon
ilohiyotshunoslari hisoblaganlaridan ancha
qayishqoq bo'lishi kerak emasmi.
Odamlar, meni katta olimning xotini bo'lganim
uchun barcha ulamolar haqida yaxshi fikrda
bo'lishim kerak, deb o'ylashadi. Ammo,
to'g'risini aytsam, unday emas. Shak-shubhasiz,
ulamolar ko'p narsalarni biladilar, lekin gap
e'tiqod haqida ketganida ularning ilmlari juda
zo'rmi? Boz ustiga, ular aytishga ham odam
qiynaladigan so'zlarni ishlatib gapirishadi.
Musulmon ulamolari Uchlikka bo'lgan
nasorolik e'tiqodni inkor etishadi, nasorolar esa
faqat Qur'onni eng buyuk deb hisoblanishiga
qarshi chiqishadi. Ular xuddi bir-birlarini
eshitmaydiganday gapirishadi. Ammo mendan
so'rasangiz, bu buyuklardan ko'ra, oddiy nasoro
bilan oddiy musulmon orasida umumiyat
ko'proq.
Nasorolikni qabul qilishda musulmon uchun
eng qiyini - Uchlikni tan olish deyishadi.
Musulmonlikni qabul qilishda esa nasoro
uchun eng qiyini - Uchlikdan voz kechish.
Qur'onda Iso (a.s.) o'zini Xudo o'ziga Kitob
bergan va O'z payg'ambari qilgan Xudoning
quli deydi. Men bunga qiyinchiliksiz
ishonganman. Lekin Bibi Maryamni inkor etish
qiyinroq kechadi. Inchunin, Iso Xristos
onasining mehrli ko'zlariga otashin termulgim
kelaverishini hech kimga, hatto Rumiyga ham
aytmayman. O'z nigohi bilan u meni hamisha
yupatadi.
To'g'risini aytsam, Shams Tabriziyning
biznikida joylashib olishidan shunchalar xijolat
tortdim va xafa bo'ldimki, Bibi Maryamning
yupatishiga har qachongidan ham zor bo'ldim.
Men Unga duo bilan murojaat qilishga
shunchalar tashna bo'ldimki, hatto isitmam
ko'tarilar darajaga yetdi. Gohida esa o'z yangi
e'tiqodimga xiyonat qilayotganimdan uyalib
ketardim.
Hech kim bularni taxmin ham qila olmas edi.
Hatto, mening deyarli barcha ishlarim va
fikrlarimni biladigan Sofiya ham. U meni
tushunmagan bo'lardi. Afsuski, bular haqida
erimga ayta olmas edim, lekin bu haqida unga
qanday aytishni ham bilmas edim. U shundoq
ham mendan juda uzoqlashib ketdi, badtar
bo'lishidan qo'rqaman. Rumiy mening butun
borlig'im edi. Endi esa begonalashib ketdi.
Hech qachon bir inson bilan bir uyda yashab,
bir to'shakda uxlab va lekin uning o'zing bilan
birga emasligini his etib yashash mumkin, deb
o'ylamagan edim.
Dostları ilə paylaş: |