Darsning maqsadi: Multimediyali elektron darslik yaratish imkoniyatlarni hosil qilish va ko’nikmalarini shakllantirish.
Elektron darslik – kompyuter texnologiyalariga asoslangan o’qitish metodlaridan
foydalanishga mo’ljallangan o’qitish vositasi bo’lib, undan mustaqil ta‘lim olishda va o’quv materiallarini har tomonlama samarali o’zlashtirishda foydalanish mumkin. Elektron darslikda fanning o’quv materiallari talabaga interaktiv usullar bilan, psixologik va pedagogik jihatlar, zamonaviy axborot texnologiyalari, audio va video animatsiyalar imkoniyatlaridan o’rinli foydalaniladi.
Elektron darsliklar quyidagi qismlardan iborat bo’lishi zarur: 1. O’rgatuvchi qism – gipertekstga asoslangan va statik, dinamik rasmlardan iborat.
2. Mashq qildiruvchi qism – xatolarni ko’rsatib beruvchi va to’g’ri xulosaga olib keluvchi.
3. Nazorat qiluvchi – testlar orqali nazorat qiluvchi tizim asosida shakllanadi.
Axborotning elektron eltuvchisi– axborotni raqamli shaklda saqlash va uzatishning maxsus qurilmasi (CD/DVD-disk, Flash Disk va boshqalar).
Elektron darslik bo’limi – an‘anaviy darslikning boblariga o’xshash o’quv fanining har xil sohasi.
Elektron darslik moduli – an‘anaviy darslikning mavzulari yoki paragraflariga o’xshash, o’quv fanining bo’limlarini tashkil etuvchisi.
Virtual ustaxonalar va laboratoriya stendlari – ustaxona jihozlari va laboratoriya
stendlarining kompyuter-imitatsiya modeli.
Elektron darsliklar quyidagi asosiy xossalari bilan ajralib turadi:
• ta‘limni va o’quv mashg’ulotlarini yuqori sifatli darajada olib borilishini ta‘minlashi;
• mustaqil ta‘lim olish va egallangan bilimlarni mustaqil baholash imkoniyatining berilishi;
• ma‘ruza va amaliy mashg’ulotlarning uyg’unligi;
• axborot-ta‘lim resurslarini rivojlantirish va tezkor yangilab borish imkoniyatining
mavjudligi;
• matn, shuningdek, boshqa axborot materiallarini maxsus navigatsiya (gipermatn) va
illyustratsiya (multimedia vositalari, rasmlar, diagrammalar va jadvallar) orqali taqdim
etilishi.