O‘qituvchining kasbiy va shaxsiy fazilatlari tizimi.
O‘qituvchining kasbiy bilimlari darajasi.
Tayanch tushunchalar:qobiliyat, iqtidor, iste’dod, pedagogik qobiliyat, umumiy qobiliyat, maxsus qobiliyat, shaxsiy sifatlar, kasbiy sifatlar
Qobiliyatning psixologik tavsifi. Qobiliyat – odam psixikasining eng muhim hususiyatlaridan biri bo‘lib, bu xususiyatlarni xaddan tashqari keng to‘ldirish imkoni oqibatida qandaydir bir qobiliyatning nisbiy zaifligi, hattoki shunday bu qobiliyat bilan hammasidan ko‘ra bir-biri bilan chambarchas bog‘liq faoliyatning muvafaqqiyatli bajarish imkoni aslo yo‘q emas.
Qobiliyat bilimdan farq qiladi. Bilim – bu ilmiy mutolaalar natijasidir, qobiliyat esa insonning psixologik va fiziologik tuzilishiga xos bo‘lgan xususiyatdir. Qobiliyat bilim olish uchun zaruriy shartsharoit yaratadi, shu bilan birga, u ma’lum darajada bilim olish mahsulidir. Umumiy va maxsus bilimlarni o‘zlashtirish, shuningdek, kasbiy mahoratni egallash jarayonida qobiliyat mukammallashib va rivojlanib boradi.
Qobiliyatga yaqinroq turadigan tushunchalar ko‘nikma va malakalardir.
Ko‘nikmalar – o‘qituvchining kasbiy faoliyati jarayonida hosil qilingan tajriba va bilimlar asosida bajariladigan ishning mukammal usuli.
Malakalar – o‘qituvchining ongli faoliyatni bajarishi jarayonida hosil qilingan kasbiy intellektual faoliyatning avtomatlashgan komponentlari yig‘indisi.
Qobiliyatlar bilim, ko‘nikma va malakalarda aks etmaydi, balki ularni egallash dinamikasida namoyon bo‘ladi. Faoliyat uchun zarur bo‘lgan bilim va ko‘nikmalarni o‘zlashtirish jarayonida yuzaga chiqadigan farqlar qobiliyatlar to‘g‘risida mulohaza yuritish imkonini beradi.
Demak, shaxsniig faoliyatini muvaffaqiyatli amalga oshirish sharti hisoblangan, bilim ko‘nikma va malakalarni egallash dinamikasida yuzaga chiqadigan farqlarda namoyon bo‘ladigan individual psixologik xususiyati qobiliyatlar deyiladi. Ushbu xususiyatni aniqlash uchun ba’zi bir omillarni tahlil qilish maqsadga muvofik; a) shaxsning muayyan sifatlari yig‘indisi belgilangan vaqt oralig‘ida egallagan faoliyati talablariga javob bersa-unda mazkur faoliyatga nisbatan qobiliyati mavjuddir; b) inson shunday holatlarda faoliyat talabiga javob bera olmasa-psixologik sifatlar, ya’ni qobiliyatlar mavjud emasdir (juda zaifdir). Lekin xususiyatli shaxs ko‘nikma va malakalarni egallay olmaydi, degan ma’no anglatmaydi, biroq ularni egallash vaqti cho‘zilib ketadi, xolos.
Shunday qilib, qobiliyatlar individual psixologik xususiyatlar bo‘lishi bilan birga: a) ularni shaxslarning mavjud boshqa xusuiyatlariga, aqliy sifatlarga, xotira xislatlarga xarakter fazilatlariga, hisiy kechinmalariga va boshqalarga qarama-qarshi qo‘yish mumkin emas; b) shuningdek, qobiliyatlarni shaxsning mazkur xususiyatlari bilan qatorga qo‘yish, ularni ayniylashtirnsh ham nuqsonlarni keltirib chiqaradi. Shuni ta’kidlash joizki, mulohaza bildirilgan sifatlardan ba’zi biri yoki ularning yig‘indisi faoliyat talablariga javob bera olsa yoki ularning ta’sirida vujudga kelsa, u holda shaxsning mazkur individual xususiyatlarini qobiliyatlar deb atash imkoniyati tug‘iladi.
Biz qobiliyatni shaxsni tabiiy imkoniyatlari deb tushunishimiz mumkin emas, chunki, qobiliyatni biz “har bir insonning o‘ziga xos psixologik hususiyatlari” deb aniqlashtirdik, shuning uchun bu har qanday shaxsda mavjud bo‘lgan tabiiy xususiyat deb xulosa chiqarish aslo mumkin emas. Tabiiy bo‘lib faqat anatomo-fiziologik hususiyatlar, ya’ni qobiliyatning rivoji asosida yotgan iste’dod bo‘lishi mumkin, qobiliyatning o‘zi ham doimiy rivojlanish natijasida paydo bo‘ladi.
Ta’kidlash lozimki, qobiliyat o‘zining mavjudligi bilan dinamik tushunchadir. Qobiliyat faqat harakatda, faqat rivojlanishda paydo bo‘ladi. Psixologik jihatdan qobiliyat haqida, o‘zining rivojlanishdan oldin mavjud bo‘lganligidek hamda qobiliyat o‘zining to‘la rivojiga etib, o‘zining rivojlanishi to‘xtashi haqida so‘zlash aslo mumkin emas. Chunki qobiliyat doimiy rivojlanishda bo‘lishi kerak.
Qobiliyat faqat rivojlanishda mavjud deb, biz bu rivojlanishni u yoki boshqa amaliy yoki nazariy faoliyat jarayonida amalga oshishini nazardan chetda qoldirishimiz mumkin emas, albatta. Bundan xulosa qilinadiki, qobiliyat aniq faoliyatdan tashqarida paydo bo‘lmaydi. Faqat uni psixologik tahlil yo‘li bilan biz ularni bir-biridan ajrata olamiz. Qobiliyatni aniq faoliyat boshlanishidan oldin mavjud va faqat uning yakunida qo‘llaniladi, degan xulosaga kelish aslo mumkin emas. Go‘dakda absolyut eshitish qobiliyati, tovush balandligini bilish dunyoga kelishidan oldin mavjud bo‘lmaydi. Ungacha faqatgina anatomo-fiziologik haqiqatdek iste’dod nishonasi mavjud bo‘lgan. Gap qobiliyat faoliyatda namoyon bo‘lishida emas, balki ularning shu faoliyatda yaratilishidadir.
Qobiliyatning rivojlanishi, umuman har qanday rivojlanish ham bir tekisda kechmaydi: uning harakat kuchi ziddiyatlikning kurashidir, shuning uchun rivojlanishning turli bosqichida qobiliyat va qiziqishlar o‘rtasida ziddiyatlar bo‘lishi mumkin. Lekin bo‘lishi mumkin bo‘lgan bunday ziddiyatlarni tan olish, qiziqishlarning paydo bo‘lishi va rivojlanishi qobiliyatdan mustaqil yoki aksincha, qobiliyat – qiziqishlardan paydo bo‘lib qolmaydi.
Qobiliyatlar sifatida ro‘yobga chiqadigan psixik xislatlar majmuasining tuzilishi yaqqol va alohida faoliyat talabi bilan bel- gilanganligi tufayli har qaysi turdagi faoliyatlar uchun o‘ziga hos tarzda qo‘yilishi turgan gap. Buning uchun ayrim misollarni tahlil qilib o‘tamiz:
matematik qobiliyat: matematik materiallarni umumlashtirish, mulohaza yuritish jarayonini qisqartirish, matematik ish - amallarni kamaytirish, masalani idrok qilish bilan natijasi o‘rtasida aloqa o‘rnatish, to‘g‘ri va teskari fikr yuritishdan o‘tishlik, masala echishda fikr yuritishning epchilligi kabilar;
adabiy qobiliyat; nafosat hislarining yuksak taraqqiyot darajasi, xotirada yorqin ko‘rgazmali obrazlarning jonliligi, «til zehni», behisob xayolot, ruhiyatga qiziquvchanlik, o‘zi ifodalashga intiluvchanlik va boshqalar. Ajratib ko‘rsatilgan qobiliyatlar tarkibidan ko‘rinib turibdiki, matematik va adabiy qobiliyatlar o‘zaro bir-biriga o‘xshamagan talablari bilan tafovutga egadir. Bundan shunday xulosa chiqarish mumkinki, pedagogik, musiqaviy, texnik, konstruktorlik, tibbiy qobiliyatlar va shunga o‘xshash qobiliyatlar tuzilishi maxsus xususiyatga ega bo‘lib, kasbiy ahamiyat kasb etishi mumkin.
Rus olimi I.P.Pavlov o‘z ta’limotida “badiiy”, “fikrlovchi”, “o‘rta” tiplarga ajratilgan shaxslarning ana shu uchta tipdan bittasiga taalluqli ekanligini tavsiflab beradi. Muallif ushbu tipologiyani yaratishda oliy nerv faoliyatining birinchi va ikkinchi signal sistemasidan iboratligi to‘g‘risidagi ta’limotiga asoslanadi. Birinchi signallar sistemasi obrazlar emotsiyalardan va ikkinchi sigiallar sistemasi esa obrazlar haqida so‘zlar orqali signal berishdan iboratdir. Ikkinchi signallar sistemasi I. P. Pavlov tomonidan “signallarning signali” deb nomlangan edi. Ushbu tipologiyani osonroq qilib quyidagicha tushuntirish mumkin:
shaxs psixik faoliyatida birinchi signallar sistemasining signallari nisbatan ustunlik qilsa, bu inson “badiiy” tipga taalluqlidir;
mabodo “signallarning signali” nisbatan ustuvor bo‘lsa-bu shaxs “fikrlovchi tipga” munosibdir;
agarda har ikkala signallar aralashib ketgan bo‘lsa (birortasining ustunligi sezilmasa) - bu inson “o‘rta tipga” mansub odamdir.
Tipologiyaning o‘ziga xos tomonlari qisqacha ifodalanganda yoki tavsif qilinganida quyidagilar namoyon bo‘ladi:
“Badiiy tip” uchun bevosita u taasurotlar, jonli tasavvur, yorqin idrok, his-tuyg‘ular (emotsiyalar) natijasida vujudga keladigan obrazlarning yorqinliga xosdir.
“Fikrlovchi tip” uchun mavhumlarning, mantiqiy tizilmalarning, nazariy mulohazalarning, metodologik muammolarning ustunligi muvofiqdir.
Govard Gardner qobiliyatlarni intellektlar to‘plami deb atadi va uning ettita jihatini ajratib ko‘rsatdi. Biz intellektning ushbu jihatlaridan oltitasini o‘qituvchi pedagogik mahoratini takomillashtirish nuqtai nazaridan tahlil qilishimiz mumkin. Psixolog olim Olga Matveeva ushbu jihatlarni psixologik texnologiya bilan kuchaytirib modifikatsiyalaydi va o‘qituvchining kasbiy faoliyatida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlab, quyidagi qobiliyatlarni ko‘rsatib o‘tadi:
Muloqot qilish (kommunikativ) qobiliyati. O‘qituvchi o‘quvchilar bilan dars va darsdan tashqari jarayonlarda, sinfda ijobiy ruhiy iqlim yarata oladi.
Voqealarni oldindan ko‘ra olish qobiliyati: Ushbu qobiliyat turi har bir o‘qituvchining sergakligida, o‘quvchilarning ruhiyatini, ichki dunyosini ko‘ra olishida namoyon bo‘ladi. Shunda o‘qituvchi kim nimaga qodir ekanligini oldindan bashorat qila oladi.
Eshitish va his qilish qobiliyati. Bunday qobiliyatga ega bo‘lgan insonlar musiqani sevishadi, ohangni yaxshi his qilishadi, deklamatsiya asosida proza va poeziyani yaxshi o‘qishadi, eshitgan narsasini xotirada saqlaydi, ayniqsa, she’r va qo‘shiqlarni sevib tinglaydi.
Kinestetik (teri-muskul) qobiliyat. O‘qituvchining o‘z hatti harakatlarini muvofiqlashtirish qobiliyati, harakat ohangini his qilgan holda yo‘naltiradi, vaqtni harakat sur’ati bilan his qiladi, o‘zi uchun maishiy qulayliklarni yarata oladi, hayot marhamatlaridan rohatlanishni biladi.
Mantiqiy qobiliyat. Falsafiy mulohazalar yuritishni, raqamlarni, matematikani, murakkab masalalarni hal qilishni sevadi, sababiyat va oqibat natijalarini tushunish malakasiga ega, voqelikda asosiylikni ikkinchi darajalisidan ajrata oladi;
Shaxsning ichki qobiliyati. O‘z-o‘zini mukammal bilishi, tushunishi va his qilish qobiliyati, erkin shaxsda ichki qobiliyat mukammal rivojlanadi, irodasi mustahkam, qat’iyatli, har qanday vaziyatda o‘z fikr-mulohazasini erkin bayon eta oladi.
Yaqqol qobiliyatlar tuzilishini tashkil qiluvchi shaxsning xislatlari, fazilatlari orasida ma’lum turkumi yetakchilik, ustuvorlik qilsa, ayrimlari yordamchilik vazifasini bajaradi. Ma’lumki, pedagogik qobiliyatlar tuzilishida yetakchi xislatlar sifatida pedagogik odob (takt), bolalarni sevish, o‘quvchilar jamoasini tashkil qilish va uni boshqarish, kuzatuvchanlik, talabchanlik, bilimlarga chanqoqlik, bilimlarni uzatishga o‘quvchanlik va shunga o‘xshashlar tan olinadi. O‘qituvchilik qobiliyatining yordamchi (ko‘shimcha) fazilatlariga quyidagilar kiradi: artistlik, nutqiy qobiliyat, diqqatni taqsimlash, akademik qobiliyatlar va hokazo. Pedagogik qobiliyatlarning yetakchi (asosiy) va yordamchi (qo‘shimcha) tarkiblari, jabhalari ta’lim jarayoni muvaffaqiyatini ta’minlaydigan birlikni (birikuvni) yuzaga keltiradi hamda o‘qituvchi shaxsi bilan bog‘liq bo‘lgan hamkorlik, individual faoliyatini tashkillashtiradi. Qobiliyatlardan muayyan darajada umumiy va torroq ma’noda maxsus sifatlarni ajratish orqali ma’lum turkum tizimini yuzaga keltirish mumkin. Bundan kelib chiqqan holda qobiliyatlarni umumiy va maxsus qobiliyatlar guruhiga ajratish maqsadga muvofiq. Umumiy qobiliyatlar (sifatlar) maxsus qobiliyatlarga (sifatlarga) zid tarzda talqin qilish mumkin emas. Shaxsning umumiy qobiliyatlari hosil qiluvchi omillar yaqqol psixologik hodisa yoki voqelikdir. Maxsus qobiliyatlar ko‘lam jihatdan torrok bo‘lishiga qaramay, chuqurroq mohiyatni o‘zlarida mujasamlashtiradi.
Pedagogik qobiliyat va uning tuzilishi. Pedagogik qobiliyat – bu qobiliyat turlaridan biri bo‘lib, kishining pedagogik faoliyatga yaroqliligini va shu faoliyat bilan muvaffaqiyatli shug`ullana olishini aniqlab beradi.
Pedagogik psixologiyada o‘qituvchilik faoliyatida pedagogik qobiliyatlarning tutgan o‘rnini ilmiy izohlab berishga oid samarali tadqiqotlar olib borilgan.
Yirik psixolog S.L.Rubinshteyn ta’kidlab o‘tganidek, pedagogik jarayon o‘qituvchi-tarbiyachining faoliyati tariqasida rivojlanuvchi bola shaxsini shakllantiradi, bu esa pedagogning o‘quvchi faoliyatiga naqadar rahbarlik qilishiga yoki aksincha, unga ehtiyoj sezmasligiga bog`liq. Bola shaxsining rivojlanishida o‘qituvchining roli benihoya muhimdir, chunki u ta’lim va tarbiya jarayonining tashkilotchisi vazifasini bajaradi. Shu bois, hozirgi sharoitda o‘qituvchining tashkilotchilik qobiliyatiga nisbatan yuksak talab qo‘yiladi, shuning uchun ijtimoiy-tarixiy tajribalarning boyligi ehtiyojlar ko‘lamining ortishiga bevosita bog`liq.
XX asrning 70-80-yillarda o‘qituvchining xarakter-xislatlari, pedagogik qobiliyatlari, unda tarbiyachilik mahoratini tarkib toptirish shartlari chuqur o‘rganildi. Jumladan, rus olimasi N.V.Kuzmina o‘qituvchilik faoliyatida pedagogik qobiliyatlarning o‘rni va ularni tarkib toptirishga oid qator ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borgan. U o‘z tadqiqotlarida pedagogik qobiliyatlarni gnostik (bilishga oid), proyektiv (oldindan rejalashtirishga qaratilgan), konstruktiv, tashkiliy va kommunikativ turlarga ajratib, ularning har biriga chuqur psixologik ta’rif beradi. N.V.Kuzmina pedagogik qobiliyatning muhim alomatlari qatoriga kuzatuvchanlikni ham kiritadi, o‘qituvchining bu hislati o‘quvchining ichki kechinmalari, his-tuyg`ulari kabi omillarni aniqlashga xizmat qiladi.
Tadqiqotchi A.I.Shcherbakov fikriga ko‘ra, pedagogik faoliyat – bu o‘qituvchi oldiga jiddiy talablar qo‘yadigan murakkab psixologik aktdir. Pedagogik faoliyat o‘qituvchini chuqur va puxta bilimga, pedagogik qobiliyatga, mustahkam xarakterga, yuksak ma’naviyatga ega bo‘lishini taqozo qiladi.
A.I.Shcherbakov o‘qituvchi shaxsi 6 ta kasbiy-tarkibiy qismdan iborat ekanligini ta’kidlaydi:
1) yuksak saviyadagi bilim va madaniyat;
2) yo‘nalishning aniq ifodalanganligi;
3) yuksak axloqiy hislarning mavjudligi;
4) yuqori darajada yuzaga keluvchi faollik va barqaror mustaqillik;
5) qat’iy va silliq xarakter;
6) pedagogik qobiliyatlar.
Yirik olim F.N.Gonobolin pedagogik qobiliyatlarni quyidagi turlarga ajratishni taklif etadi:
1) didaktik qobiliyatlar; 2) akademik qobiliyatlar; 3) pertseptiv qobiliyatlar; 4) nutq qobiliyatlari; 5) tashkilotchilik qobiliyati; 6) avtoritar qobiliyatlar; 7) kommunikativ qobiliyatlar; 8) pedagogik xayolot; 9) diqqatni taqsimlay olish qobiliyati.
F.N.Gonobolin pedagogik qobiliyatlarni tarkib toptirish bosqichlari, xususiyatlari va xosalari to‘g`risida mukammal ma’lumotlar beradi. Ta’lim va tarbiya jarayonini takomillashtirishda pedagogik qobiliyatlarning roli tajriba materiallariga asoslanib sharhlab beriladi.
Kasbiy-pedagogik faoliyatning muvafaqqiyatli amalga oshishi ko‘p jihatdan pedagogning maxsus pedagogik qobiliyatlarni egallaganligiga bog‘liq: T.I.Gavakov pedagogik qobiliyatlarni quyidagi tarzda guruhlashtirishni taklif etadi: obyekt(ta’lim oluvchilar)ni his eta olish; kommunikativ (kishilar bilan aloqa o‘rnatish, samimiylik, muloqotchanlik); pertseptiv (kasbiy etuklik, empatiya, pedagogik intuitsiya); shaxs dinamizmi (irodaviy ta’sir ko‘rsatish va mantiqiy ishontirish qobiliyati); emotsional barqarorlik (o‘z-o‘zini boshqara olish qobiliyati); kreativ (ijodiy ishga qobiliyatlilik).
Maxsus qobiliyatlar ham o‘qituvchining o‘rgatuvchilik, ham tarbiyaviy ishiga taaaluqlidir. O‘qituvchining o‘qitish, o‘qish va o‘rgatishga doir qobiliyatlariga quyidagilarni kiritish mumkin: o‘rganiladiganlarini ko‘ra olish va his eta olish qobiliyati; o‘quv materialini mustaqil tanlay olish, ta’limning samarali metodlari va maqbul vositalarini aniqlay olish; o‘quv materialini tushunarli bayon eta olish, uning barcha ta’lim oluvchilar uchun tushunarli bo‘lishini ta’minlash; ta’lim oluvchilarning individualligini hisobga olish bilan bog‘liqlikda o‘qitish jarayonini tashkil eta olish qobiliyati; o‘quv jarayonida pedagogik texnologiyalardan foydalana olish qobiliyati; ta’lim oluvchilarning har tomonlama rivojlanishini tashkil etish qobiliyati; o‘zining pedagogik mahoratini takomillashtirish qobiliyati; o‘zining shaxsiy tajribasini boshqalarga uzatish qobiliyati; mustaqil ta’lim olish va o‘z-o‘zini rivojlantirishga qobiliyatlilik.
Tarbiyaviy ishni tashkil etish bilan bog‘liq pedagogik qobiliyatlar quyidagilarda yorqin namoyon bo‘ladi: boshqa kishilarning ichki his-tuyg‘ularini to‘g‘ri baholay olish, boshqalar haqida qayg‘ura olish qobiliyati (empatiyaga qobiliyatlilik); taqlid uchun namuna bo‘lishga qobiliyatlilik; tarbiyaviy jarayonda individual o‘ziga xosliklarini hisobga olishga qobiliyatlilik; rag‘bat va o‘zaro bir-birini tushunish, muloqotni zarur uslubini tanlay olishga qobiliyatlilik; o‘ziga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, tarbiyalanuvchilar orasida obro‘ga ega bo‘lish qobiliyati.
Pedagog olim I.P.Podlasiy pedagogik qobiliyatning tuzilishini quyidagi tarzda aniqlashtirgan:
tashkilotchilik – ta’lim oluvchilarni jipslashtirish, ularning faoliyatini rejalashtirish, jamoaviy ishga jalb etish, yakunlarini chiqarish;
diagnostik –o‘quv materialini tanlay olish, o‘quv materialini tushunarli, aniq, obrazli, ishonchli va tizimli bayon eta olish;
o‘quvchilarning bilishga qiziqishlari va intellektini rivojlantirishni rag‘batlash, o‘quv-biluv faolligini oshirish hamda tanqidiy fikrlashni rivojlantirish va ijodkorlikka qobiliyatlilik;
pertseptiv – ta’lim oluvchilarning ichki olamiga ta’sir ko‘rsatish; ularning emotsional holatini xolis baholash, psixikasidagi o‘ziga xosliklarni aniqlay olish ko‘nikmasi;
kommunikativ – ta’lim oluvchilar va jamoa bilan pedagogik maqsadga qaratilgan munosabatni o‘rnata olish ko‘nikmasi;
suggestiv (suggestiya - ishontirish) – o‘quvchilarga emotsional ta’sir ko‘rsatish;
tadqiqotchilikka doir – pedagogik jarayon va vaziyatlarni anglash hamda obyektiv baholay olish ko‘nikmasi;
ilmiy-bilishga doir – tanlangan ixtisoslikka doir belgilangan hajmdagi ilmiy bilimlarni egallay olish qobiliyati;
gnostik – obyekt, jarayonni va o‘z faoliyati natijalarini tadqiq etish hamda olingan natijalar asosida uni korrektsiyalay olish qobiliyati.