f57b8ef60b984e2903eac44d540eb49b ADABIYOTSHUNOSLIKKA KIRISH FANIDAN O`QUV USLUBIY MAJMUA
IJROVIY LIRIKA (ruschadan kalka: “rolevaya lirika”) – lirikaning sub’ektiv shakllantirilishiga ko‘ra farqlanuvchi ko‘rinishlaridan biri, lirik kechinma o‘zga shaxs tilidan ifoda etiluvchi she’r. Ya’ni bunda shoir go‘yo o‘zga shaxsga evriladi, uning “roli”ni ijro qiladi, natijada I.l. qahramoni lirik kechinmaning yagona sub’ekti bo‘lib qoladi. I.l.ning ildizlari kurtak holida xalq og‘zaki ijodida (mas., kelin tilidan, etim tilidan, ho‘kiz tilidan), mumtoz she’riyatimizda kuzatilsa-da, uning keng ommalashishi XX asrga to‘g‘ri keladi. Jumladan, Cho‘lponning “Men va boshqalar” she’ri I.l.ning yangi o‘zbek she’riyatidagi ilk va sara namunalaridan biri sifatida ko‘rsatilishi mumkin. O‘tgan asrning 20 – 30-yillarida keng tarqalgan “Qo‘shchi qo‘shig‘i”, “Kolxozchi qiz qo‘shig‘i”, “Suvchi qo‘shig‘i” tarzida yaratilgan she’rlarning aksariyati I.l.ga mansub etilishi mumkin. She’rning bu ko‘rinishi 60-yillardan boshlab, ayniqsa, keng tarqaldi: “Hamza” (A.Oripov), “Abdulla Nabiyev” (Ye.Vohidov). 70 – 80-yillar she’riyatida yanada faollashgan I.l.ning asosiy qahramonlari tarixiy shaxslar bo‘lib qoldi: mavjudlikning mangu muammolari, millat va yurt taqdiri masalalari, jamiyatning joriy holati ularning ko‘zi bilan ko‘rildi va baholandi. X.Davronning “To‘marisning ko‘zlari” she’riy to‘plami, U.Azimning “Tushlaringizga kiradigan ko‘zlar” turkumi aksar shunday she’rlardan tarkib topgan bo‘lib, ular milliy o‘zlikni anglash jarayonida muhim ahamiyat kasb etdi.
IZDIVOJ (ar. ?????? – juftlashmoq, uylanish) – mumtoz adabiyotdagi she’riy san’atlardan biri, bayt misrasida ikki yoki undan ortiq so‘zning yonma-yon yoki bir-biriga yaqin holda ohangdosh (o‘zaro qofiyadosh) bo‘lib kelishi. Manbalarda I.ni tazmini muzdavaj deb ham ataydilar. Mas., Nodiraning:
Qilmag‘il zinhor izhor ehtiyoj,
Kim aziz elni qilur xor ehtiyoj, –
baytida “zinhor” va “izhor” so‘zlarining yonma-yon kelib o‘zaroohangdosh bo‘lishi I.ni yuzaga chiqarmoqda.
ILHOM (ar. ????? – edirmoq, ruhlantirmoq) – san’atkor ruhiyatida yuzaga keluvchi ijodiy-ruhiy holat, ijodiy faoliyatning yuksak zavq bilan, ko‘ngilli va engil kechishini ta’min etuvchi ko‘tarinki ishchan kayfiyat. Ijodkor kishilarda kuzatiluvchi mazkur holat odamlarga qadimdayoq ma’lum bo‘lganki, uni turlicha izohlashga harakat qilganlar. Jumladan, qadimgi yunonlar I. muzalar – ayol qiyofasidagi ilohiy mavjudotlar tomonidan beriladi deb hisoblaganlar, Sharqda ham I.ni g‘aybdan deyishga moyillik kuchli bo‘lgan: hozirda ham tez-tez tilga olinadigan “ilhom parisi” qabilidagi gaplar shuning izlaridir. Albatta, I. onlarini, uning yuzaga kelishini mantiqiy izchillikda tushuntirib berish qiyin. Biroq shunisi aniqqi, I. ijodiy qobiliyatga ega shaxsning ijodiy-ruhiy faoliyatidagi muayyan bir bosqich bo‘lib, ushbu onlarda bunga qadar pishib-yetilib kelgan jarayon tezlashadi; ijodkorning umumiy ruhiy quvvati ortadi: aqliy va hissiy mushohada tezligi oshadi, xotira maksimal jonlanadi, narsa-hodisalar orasidagi assosiativ aloqalarni ilg‘ay olish qobiliyati, nigoh o‘tkirligi, ta’sirchanlik kuchayadi, ijodiy tasavvur ko‘lami kengayadi. Ayni shu damlarda ijodiy jarayon ko‘ngilli, oson va mahsuldor kechadi – asar go‘yo “quyulib” keladi. Demak, I.ni g‘aybdan kelgan narsa sifatidagina emas, balki san’atkor ongiyu qalbida kechgan ijodiy-ruhiy jarayonning eng yuksak nuqtasi, tug‘ma imkoniyatlari o‘ta kuchaygan, bir nuqtaga yig‘ilgan holda estetik ob’ektga yo‘nalgan palla sifatida ham tushunish mumkin.