f57b8ef60b984e2903eac44d540eb49b ADABIYOTSHUNOSLIKKA KIRISH FANIDAN O`QUV USLUBIY MAJMUA
KLASSISIZM (lot. classicus – namunali, mumtoz) – XVII asrdan XIX asr boshlariga qadar evropa san’atida kuzatilgan estetik hodisa, shu davr adabiy jarayonida etakchi mavqe tutgan adabiy yo‘nalish. Mutaxassislar K.ning paydo bo‘lishini 1515 yil – italyan yozuvchisi Trissinoning «Sofonisba» tragediyasi yaratilishidan boshlab belgilashadi. Trissino bu asarini antik tragediya namunalariga tayangan holda, syujet voqealarini antik Rim tarixchisi Tit Liviy asarlaridan olib, Arastu “Poyetika”sida qo‘yilgan talablarga rioya qilgan holda yaratgan edi. Xuddi shu narsa, antik adabiyotni etalon deb bilish, undagi obrazlar va poyetik shakllardan foydalanib va antik davrda ishlab chiqilgan qoidalarga amal qilgan holda ijod qilish talabi K.ning asosiy xususiyatlaridan biri sanaladi. K.ning nazariy asoslari Uyg‘onish davrining oxirlarida, xususan, L.Kastelvetro, Yu.S.Skaligerlarning poyetikaga oid risolalarida paydo bo‘la boshlagan edi.
KOMEDIYA (yun. komos – quvnoq marosim, ode – qo‘shiq) – dramatik turning uchta asosiy janridan biri, antik davrdayoq janr sifatida shakllangan. K. dramatik turning komiklikka asoslangan janri bo‘lib, unda harakterlar, holat va voqealar kulgili tarzda, komiklikka yo‘g‘rilgan holda taqdim etiladi. Antik zamonlardan to klassisizm davriga qadar K.da tragediyaning ziddi ko‘rilgan (tragediya fojiali yakun topadi – K. baxtli; tragediya favqulodda kuchli shaxslar – K. da quyi tabaqa kishilari; tragediya tarixiy voqeaga asoslanadi – K.da to‘qima va h.), adabiyotshunoslikka oid risolalarda tragediyaga yuksak, K.ga esa tuban janr sifatida qaralgan. Mazkur hol XVIII asrgacha, ma’rifatchilik adabiyotida oraliq janr sifatida drama paydo bo‘lgunga qadar davom etgan. Keyingi ikki asr davomida K. muttasil rivojlandi, turfa janr xususiyatlarini kasb etib, imkoniyatlari kengaydi.
K.ning asosida yotuvchi ijobiy kuch – kulgi, u jamiyat hayotida, kishilar fe’l-atvorida mavjud kamchiliklar, idealga nomuvofiq jihatlarga qaratilgan bo‘ladi. K.ning markazida komik harakterlar turadi. Odatda, komik harakter deganda, o‘zida idealga tamoman zid illatlarni jamlovchi yoki ulardan ayrimlarini namoyon etuvchi personajlar nazarda tutiladi. Bu o‘rinda asosiy shartlardan biri shuki, komik personaj o‘zining mavjud holatini idrok etmaydi, o‘ziga real baho berishga ojiz. Aksincha, u o‘zini bor holiga nisbatan tamoman teskari baholashga moyil: g‘irt tentak bo‘lgani holda o‘zini aqlli sanaydi, ma’nan tuban bo‘lgani holda o‘zini pokdomon biladi – o‘zini o‘zgalarga shunday sifatlarda taqdim etishga chiranadi. Mas., Uyg‘unning “Parvona”sidagi O‘tkuriy ma’nan tuban, axloqan buzuq, oddiy mahmadanayu firibgar bo‘lgani holda o‘zini aqlli, so‘zamol, uddaburon, yashashni biladigan va h. fazilatlar egasi deb hisoblaydi, shunday ko‘rinishga urinadi. Xuddi shu narsa – harakterning mohiyati bilan mavjudligi orasidagi nomutanosiblik komiklikni, harakter komikligini yuzaga chiqaradi. K. holat komikligi asosiga ham quriladi. Mas., S.Ahmadning “Kelinlar qo‘zg‘oloni”, “Kuyov” asarlarida holat komikligi ustuvor mavqega ega. Aslida, bu xil farqlashda shartlilik bor, chunki K.da harakter komikligi bilan holat komikligi uyg‘unlashib keladi, ular bir-birini to‘ldiradi, biri ikkinchisini namoyon etadi.
K. satirik yoki yumoristik ruhda bo‘lishi mumkin, har ikki holda ham u g‘oyaviy-hissiy inkor qiladi: satirik ruhdagi komediya qalamga olingan harakter yoki holatni to‘la inkor qilsa, yumoristik ruhdagi komediya harakter yoki holatdagi ayrim jihatlarni qisman inkor qiladi. Mas., A.Qahhorning “Tobutdan tovush”, “Og‘riq tishlar” K.lari satirik ruhdagi asarlar sanalsa, e.Vohidovning “Oltin devor” asarida yumoristik ruh ustuvorlik qiladi. K.dagi kulgini jo‘n tushunmaslik lozim, chunki chinakam komiklik ijtimoiy ahamiyatga molik kulgini taqozo etadi, bunday kulgi kishini o‘ylatadi, kuldirib kuydiradi, yig‘latadi. Shu ma’noda, har qanday kulgili sahna asarini K. sanash xato bo‘lur edi. Chinakam komizm bilan yo‘g‘rilgan dramatik turning bu janrini ko‘proq tashqi sahna effektlari orqali kuldirishga qaratilgan fars, quvnoq kulgi qo‘zg‘atuvchi vodevil yoki xalq sayillarida ijro etiluvchi qiziqchi-masharaboz tomoshalaridan farqlash kerak.
MIF (yun. mythos – rivoyat, hikoya, masal) – xalq og‘zaki ijodining eng qadim davrlarida paydo bo‘lgan, voqelik (olam) haqidagi tasavvurlarni konkret obrazlar vositasida aks ettiruvchi rivoyaviy asarlar. M. rivoyaviy asarlar (olam va odam haqidagi hikoyalar) bo‘lsa-da, ularni tom ma’noda so‘z san’ati hodisasi deb bo‘lmaydi. M.lar qadimgi odamlar uchun tafakkur shakli, ular M. vositasida olam sir-sinoatlari (olamning yoki insonning yaratilishi, quyosh chiqishi va botishi, shamol esishi va momaguldurak sababi va h.)ni bilishga intilganlar, M.larda ularning olam haqidagi bilimlari o‘z ifodasini topgan. M.larda yaratilgan obrazlar (ma’budlar, turli maxluqlar va h.) ular uchun ijodiy tasavvur mahsuli emas, aksincha, asl haqiqatdir. Deylik, qadimgi yunonlar chaqmoq chaqishini Zevsning, dengizdagi dahshatli dovullarni Poseydonning g‘azablangani bilan izohlaganlar, inson taqdiridagi turfa evrilishlarda ilohlarning aralashuvini ko‘rganlar. Keyincha, mifologiyadan ijtimoiy ongning din, fan, san’at, adabiyot, siyosat kabi sohalari ajralib chiqqanidan so‘ng, M.lar ularning tarkibiga singib ketadi. Buni adabiyot misolida ko‘radigan bo‘lsak, qadimgi M.lar antik adabiyotda o‘zining ikkinchi umrini yashay boshlaganiga amin bo‘lish mumkin. Zero antik adabiyotdagi ko‘plab asarlarga mifologik syujetlar asos bo‘lgani, ularda mifologik unsurlardan keng foydalanilgani buning yorqin dalilidir.