Tashqi iqtisodiy aloqalar moddiy, moliyaviy va intellektual boyl
1.3. Fanning iqtisodiy fanlar tarkibidagi o’rni. Agrobiznes va iqtisodiy fanlar bilan aloqasi O’zbekiston iqtisodiyotini barqaror rivojlantirishning eng asosiy shartlaridan biri qishloq xo'jaligi ishlab chiqarishi taraqqiyoti ustivorligini ta'minlab, qishloqda mulkdorlar sinfini yaratish va ichki xo’jalik yuritish mexanizmlarini bozor iqtisodiyoti talablari asosida qayta qurishdir. Qishloq xo'jaligi va agrosanoat kompleksi mahsulotlari O’zbekiston eksport siyosatini rivojlantirishning strategik yo'nalishlari hisoblanadi.
Keyingi yillarda mamlakatimiz qishloq xo‘jaligini isloh qilish, xususan sohada davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, bozor munosabatlarini keng joriy qilish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi, qayta ishlovchi va sotuvchi subyektlar o‘rtasidagi munosabatlarning huquqiy asosini mustahkamlash, sohaga investitsiyalarni jalb qilish, resurstejamkor texnologiyalarni joriy etish hamda qishloq ho‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarni zamonaviy texnikalar bilan ta’minlash borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish, yer va suv munosabatlarini takomillashtirish, qulay agrobiznes muhitini va yuqori qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish, kooperatsiya munosabatlarini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash, sohaga bozor mexanizmlarini, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, shuningdek, ilm-fan yutuqlaridan samarali foydalanish maqsadida O’zbekiston Respublikasi Qishloq xo’jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo’ljallangan strategiyasi ishlab chiqildi.
So’nggi vaqtlarda tashqi siyosatimizda amalga oshirilgan ijobiy islohotlar natijasida chegaradosh va xorijiy davlatlar bilan o'zaro do'stlik aloqalari yanada mustahkamlandi, savdo-sotiq ishlari keng yo'lga qo’yilmoqda, qishloq xo'jaligi mahsulotlarini eksport qilish orqali aholi daromadlarini oshirishga jiddiy e'tibor qaratilmoqda. 2018 yilning o'zida mamlakatimiz birgina gilos eksport qiluvchi mamlakatlar reytingida to'rtinchi o'ringa chiqib oldi. Xitoy, Janubiy Koreya kabi mamlakatlarda O'zbekistonda yetishtirilgan mahsulotlarga talab ortdi. Bunday ijobiy ko'rsatkichlarni yanada yaxshilash tashqi iqtisodiy faoliyatni boshqarish va tashkil etishni takomillashtirishni talab etadi.
Qishloq xo’jaligi korxonalari uchun tashqi iqtisodiy faoliyat o’z strategik maqsadlarini hal etishning eng samarali usullarini tanlashda imkoniyatlarni kengaytirishni anglatadi.
Tashqi iqtisodiy munosabatlar - mamlakatlar va mintaqalar o'rtasidagi iqtisodiy aloqalar majmui, shuningdek, savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlikning shakllari, usullari va vositalari to’plamidir. Tashqi iqtisodiy munosabatlar mintaqaviy iqtisodiyotni rivojlantirishda muhim omil bo'lib, iqtisodiy o'sishga, ishlab chiqarishni jadallashtirishga, iste'mol va ishlab chiqarish bozorini boyitishga xizmat qiladi
Agrobiznesda tashqi iqtisodiy munosabatlar - bu qishloq xo’jaligi mahsulotlari va xizmatlarini ishlab chiqarish va ayirboshlash bilan bog'liq bo'lgan mamlakat tashqi iqtisodiy aloqalarining bir qismidir.
Tashqi iqtisodiy munosabatlar davlat va uning sub'ektlarining iqtisodiy tizimiga tashqi iqtisodiy faoliyat mexanizmi orqali amalga oshiriladigan ta'sir ko'rsatish vositasidir.
Agrobiznesda tashqi iqtisodiy faoliyat bu qishloq xo’jaligi mahsulotlari va xizmatlarini ishlab chiqarish va ayirboshlash bilan bog'liq bo'lgan tashqi iqtisodiy aloqalarini amalga oshirish jarayonidir.