Muskullar haqida umumiy ma’lumotlar. Odamlar organizmida 600 ga yaqin skelet muskullari sanaladi. Muskullar tizimi odamlar tanasining kattagina qismini tashkil etadi. Agarda yangi tug’ilgan bolalarning umumiy og’irligini 23 % ni muskullar tizimi tashkil etsa, 8 yoshda –27 %, 17-18 yoshga borib esa 43-44 % gacha yetadi, muskullari yaxshi rivojlangan sportchilarda esa 50 % gacha yetishi mumkin.
Ayrim muskullar guruhi bir xilda o’smaydi. Emadigan bolalarda asosan qorin muskullari rivojlansa, keyinchalik chaynash muskullari rivojlanadi. Bir yoshning oxiriga kelib bolaning siljishi, emaklashi va yurishining boshlanishi tufayli sezilarli darajada yelka va qo’l-oyoqlar muskullari o’sadi. Tananing butun o’sish davrida muskullar massasi 35 martaga ortadi. Jinsiy yetilish davrida (12-16 yosh) naysimon suyaklarning uzayishi bilan bir qatorda muskullarning naylari ham jadal uzayadi. Bu paytlarda muskullar uzunlashadi va ingichkalashadi, natijada o’smir bolalar uzun oyoqli va uzun qo’lli bo’lib ko’rinadi. 15-18 yoshda muskullarning eniga o’sishi davom etadi, odatda muskullarning rivojlanishi 25-30 yoshgacha davom etadi.
Bolalarning muskullari voyaga yetgan odamlar muskullariga qaraganda ancha rangsiz, yumshoq va anchagina elastik bo’ladi.
35-rasm. Muskullarning tuzulishi. A –ko’ndalang kesilgan muskullar;
1- muskul tolalarning tutami; 2-alohida muskul tolalari;
B –skelet muskullarining umumiy ko’rinishi; 1-qorincha; 2-pay;
Muskullarning tuzilishi. Muskullarda o’rta qism-qorincha va zich biriktiruvchi to’qimalardan hosil bo’lgan paylar farqlanadi. Paylar yordamida muskullar suyaklarga birikadi, lekin ayrim muskullar turli organlarga (ko’z olmasi) teriga (yuz va bo’yin muskullari va boshqalar) birikadi. Yangi tug’ilgan bolalarning paylari kuchsiz rivojlangan. Faqat 12-14 yoshga kelib voyaga yetgan odamlarga xos bo’lgan muskul-payli nisbatlar paydo bo’ladi.
Har bir muskul katta miqdordagi ko’ndalang targ’il muskul tolalaridan iborat bo’ladi. Bu tolalar parallel holda joylashgan bo’lib o’sha bir-biri bilan bo’sh biriktiruvchi to’qima bilan tutashgan bo’lib bog’lar hosil qiladi. Barcha muskullar tashqi tomondan yupqa biriktiruvchi po’stloq-fassiya bilan qoplangan bo’ladi. Muskul tolalari sarkoplazmadan tashkil topgan bo’lib ular bo’ylab qisqarish xususiyatiga ega bo’lgan iplar-miofibrillar hamda mitoxondriylar va hujayraning boshqa organoidlari joylashgan.
Muskullar qon tomirlariga boy bo’ladi, tomirlar orqali qon ularga to’yimli moddalarni va kislorodni olib keladi va almashinuv mahsulotlarini olib ketadi. Muskullarda yana limfa tomirlari ham mavjud.
Muskullarda nerv uchlari-retseptorlar joylashgan bo’lib, ular muskullarning qisqarish va cho’zilish darajalarini qabul qiladi.
Muskullarning shakli va o’lchami ular bajaradigan ishlarga bog’liq. Uzun, keng, kalta va aylana muskullar farqlanadi. Uzun muskullar qo’l va oyoqlarda, kalta- muskullar qayerda harakatlanish tor doirada bajarilsa (masalan umurtqalar orasida) o’sha joylarda joylashadi. Keng-muskullar gavdada va tananing bo’shliqlari devorlarida (masalan qorin, yelka, ko’krak muskullari) joylashsa, aylana-muskullar tana teshiklari atrofida joylashib qisqargan paytda ularni toraytiradi. Bunday muskullar sfinkterlar deb ataladi.
Funksiyasi bo’yicha ham muskullar – bukuvchilar, yozuvchilarga ya’ni olib keluvchi va olib ketuvchi muskullar hamda ichga va tashqariga aylanuvchi muskullarga bo’linadi.