Asfaltbeton qoplamalarni qurish Asfaltbeton qirqilgan tosh (shag`al), qum, mineral kukun va organik yopishqoq moddalarning belgilangan nisbatdagi aralashmasidan tashkil topgan bo`lib, u ma`lum bir texnologiya asosida tayyorlanadi.
Asfaltbeton aralashmalar o`z tasnifi bo`yicha jipslanadigan va quyiladigan turlariga bo`linadi. Ulardan birinchisining hajmini 2,5-5 % g`ovaklardan iborat bo`lganligi uchun u, albatta g`ildirak bilan jipslashtiriladi. Quyiluvchi aralashma tarkibida saqich mikdori ko`p bo`lganligi va katta haroratda qizdirilganligi uchun bikr asfaltbetonni hosil qiladi. Shuning uchun ham bu aralashma moslama yordamida yotqazilganda mustaxkam qatlam hosil qiladi.
48-rasm. Qoplama ashyolariga ko`chma aralashtirgich yordamida ishlov beruvchi qurilmaning texnologik tasviri.
Jipslanadigan aralashma ishlatiladigan saqichlarining yopishqoqligi va haroratiga qarab issiq, iliq va sovuq turlarga bo`linadi. Mineral moddalarning kattaligiga qarab esa katta donali (40 mm.gacha), o`rta donali (20 mm.gacha), mayda donali (15 mm.gacha) va qumli (5 mm.gacha) bo`lishi mumkin. Issiq va iliq aralashmalarda yuqoridagi barcha moddalar ishlatiladi, sovuq va issiq quyiluvchi aralashmalarda faqat mayda donali moddalar ishlatiladi.
Issiq va iliq jipslanadigan aralashmalar yuqori qatlam qoplamalar uchun bikr, pastki qatlam qoplamalar uchun mineral kukunlar qo`shmasdan g`ovak qilib tayyorlanadi. Bikr asfalt betonlar mineral moddalar tarkibi bo`yicha quyidagi turlarga bulinadi:
Issiq va iliq asfaltbeton aralashmalar tarkibida: A-50-65 % qirqilgan toshlar; B-35-50 % qirqilgan tosh yoki shag`allar; V-25-35 % qirqilgan tosh yoki shag`allar; G – eng kamida 33 % donachalarining o`lchami 1,25-5 mm bo`lgan maydalangan qumlar, D-eng kamida 14 % donachalarining o`lchami 1,25-5 mm bo`lgan tabiiy qumlar bo`ladi.
Sovuq asfaltbeton aralashmalar tarkibida: B-35-50 % qirqilgan tosh yoki shag`al; V-20-35 % qirqilgan tosh yoki shag`al; D-o`lchami 1,25-5 mm bo`lgan eng kamida 33 % maydalangan va 15 % tabiiy qumlar bo`ladi.
Issiq asfaltbeton aralashmalar yopishqoq saqichlarni aralashtirish bilan tayyorlanadi va eng kamida 120 0S haroratda bostiriladi. Uning shakllanishi zichlashtirilgan qatlam sovigandan keyin tugallanadi. Iliq aralashmalar suyuq saqichlarni aralashtirish bilan tayyorlanadi va eng kamida 70-80 0S haroratda bostiriladi. Sovuq aralashmalar ham suyuq saqich aralashtirib tayyorlanadi va tashqi muxit haroratida bostiriladi. Qoplama sekinlik bilan 40 kecha kunduz davomida shakllanib boradi.
Asfaltbeton aralashmalari asfaltbeton zavodlari (ABZ)da tayyorlanadi. ABZ-larda asfaltbeton aralashmalarining texnologik jarayoni qum, mineral kukun, qirqilgan toshlarni quritish, qizdirish va tanlash, saqichni ishchi haroratigacha qizdirish, laboratoriya ko`rsatmasi bo`yicha hamma moddalar qismini tanlash va ularni aralashtirishdan iborat bo`ladi (49-rasm).
ABZ-ning texnologik jihozlariga 49-rasmda ifodalangan bir necha aralashtirgich qurilmalari kiradi. Asfaltbeton aralashmasini tayyorlash uchun sovuq xoldagi qirqilgan tosh va qum omborxonadan ta`minlash idishiga yuklagich yoki to`xtovsiz uzatgich (konveyr) yordamida solinadi. Uni tagidagi ikkinchi to`xtovsiz uzatgich qum, tosh aralashmasini elevatorga beradi. U yerda aralashmaning nami ketkazilib ishchi haroratigacha qizdiriladi. Quritish jarayonida ajrab chiqqan changlar maxsus chang yutgich yordamida to`planadi. Chang zarrachalari mineral kukun sifatida ABZ-da ishlatilishi yoki tashqariga chiqarib tashlanishi mumkin.
Qizdirilgan qum va qirqilgan tosh quritish idishlaridan zanjirli yuklagich (elevator) yordamida saralash qurilmasiga uzatiladi. U yerda o`lchamlari bo`yicha saralanib tegishli bo`lim idishiga tushiriladi. Bu yerda laboratoriya ko`rsatmasiga asosan qum va qirqilgan tosh o`lchamlari bo`yicha bo`laklarga bo`linadi. Undan keyin qisimlagich (dozator) maxsulotlarni kerakli hajmda bo`lib olib aralashtirgichga beradi. Aralashtirgichga mineral kukun boshqa qurilmadan alohida qismlagich orqali kelib qo`shiladi.
Dostları ilə paylaş: |