Diniy tolerantlik va plyuralizm tushunchalarining mazmuni va mohiyati
Din fenomeni
Teizm tushunchasining mazmuni va mohiyati.
Teosofiya tushunchasi va uning din falsafasida tutgan o‘rni. Diniy falsafiy ta’limotlardan biri teosofiya bo‘lib, teosofiya yunon tilida theos – Xudo va sophia – donishmandlik, ya’ni xudoni bilish degan ma’noni bildiradi. Teosofiya ta’limotiga ko‘ra barcha tirik mavjudotlarning hayoti ularning tanasini boshqarib turuvchi ilohiy jon, ruhning faoliyati bilan bog‘liq bo‘lib, inson o‘zining yuksak zakovati yordamida aslida o‘zining ilohiy jon ekanligini anglab yetadi. Xudoning tabiati bilan inson jonining tabiati aslida bir xil bo‘lib, Xudo o‘zining quvvati bilan butun borliqda mavjud bo‘lgan eng kichik zarradan tortib eng katta tirik mavjudotning ichida alohida mavjud bo‘la oladigan, ayni paytda butun borliqni nazorat qilib boshqarib turadigan , cheksiz qudratga ega bo‘lgan Oliy Ruh sifatida e’tirof etiladi. Jon esa Xudo quvvatining ajralmas bo‘lagi hisoblangan ruh sifatida ko‘rib o‘tiladi. Borliq alohida ruhning mavjud emasligiga qarab tirik yoki o‘lik, jonli yoki jonsiz mavjudotlarga bo‘linadi. Teosofiya ilmiga asosan, Xudo – yagona mutlaq manba bo‘lib uning tabiati uch turli ko‘rinishda namoyon bo‘ladi. Bular - butun borliq Xudoning ichki va tashqi quvvatidan tashkil topgan bo‘lib, butun olam ana shu ikki quvvatdan tarkib topgan ikki olamga, ruhiy va moddiy olamga bo‘linadi, Xudoning ichki quvvati oliy ruhiy quvvat, tashqi quvvati esa quyi moddiy quvvat bo‘lib hisoblanadi, degan yondashuvlardan iboratdir. Ushbu ta’limotga asosan ruhiy quvvat moddiy quvvatdan ustun bo‘lib, uni boshqarib turadi. Ruhning o‘z xohishi bilan ruhiy olamda yoki moddiy olamda yashashi mumkinligi e’tirof etiladi. Ruhlarning moddiy olamni boshqarish faoliyati aralash quvvat, ya’ni ruhning moddiy hayoti bo‘lib hisoblanadi. Ruhning moddiy olamdagi, bir tanadan ikkinchi tanaga o‘tib rivojlanish faoliyati ruhning evolyusiyasi bo‘lib hisoblanadi. Inson tirik mavjudotlar ichida ong, tafakkurga ega mavjudot bo‘lganligi uchun u ruh va moddaning bir-biridan farqini anglab yetadi. Insonning boshqa tirik mavjudotlardan ajratib turuvchi yagona xislati o‘zining ruh ekanini anglab yetishi va hayotda ana shu ilmi asosida yashay olish qobiliyatiga egaligidir. Insoniyat jamiyati tarixiy taraqqiyotida vujudga kelgan turli diniy-falsafiy ta’limotlarda ruh va tananing bir-biriga munosabati va farqli jihatlari o‘z davridagi sharoitdan kelib chiqib o‘rganilgan. Natijada teosofiya rivojlantirilgan. Teosofiya mistik intuitsiya va vahiylar yordamida inson bevosita xudoni anglab yetishi mumkin deb hisoblaydi. Butun olamni qamrab oluvchi, barcha narsalarning ilohiy mohiyati haqidagi tasavvur teosofiyaning nazariy asosini tashkil etadi. Rus dinshunos faylasufi V.Solovyov teosofiyani ratsional ya’ni aqliy va empirik ya’ni tajribaviy bilimlarning mistika bilan sintezi deb hisoblaydi. Yuqorida ko‘rsatib o‘tilganidek, teosoflar jonning ko‘chib yurishini e’tirof etishgan. Ular umuminsoniy birodarlik, barcha dinlarga yo‘l qo‘yishlik, ijtimoiy-xayoliy g‘oyalarni ham targ‘ib qilib kelishgan. Ularning fikricha har bir dinda ilohiy mohiyat bo‘lib, barcha dinlar insonning ilohiy tuyg‘ularini rivojlantirishga xizmat qiladi. Dinlar tarixi va ta’limotini o‘rganish jarayonida dinlarning tarixiy tiplari, turli shakllari, yo‘nalishlari, mazhablari, ularning o‘ziga xos xususiyatlari, o‘zaro bog‘liqligi, dindorlar hayotida va jamiyatda tutgan o‘rni masalalariga to‘xtalib o‘tiladi. Dinshunoslikni o‘rganishda dinning ijtimoiy-falsafiy mohiyatiga, eng qadimgi diniy e’tiqod shakllari bo‘lgan totemizm, fetishizm, animizm, sehrgarlik (magiya, shaman) dinlarining o‘ziga xosligi, milliy davlat dinlariga, jahon dinlari bo‘lgan buddaviylik, xristianlik va islom dinining mazmun-mohiyati va ta’limotini ochib berishga asosiy e’tibor qaratiladi. Politeizm ya’ni ko‘pxudolik va monoteizm ya’ni birxudolik dinlarning o‘ziga xosligi, tarixiy taraqqiyotda rivojlanish xususiyatlari o‘rganiladi.Dinlar urug‘-qabila, milliy davlat va jahon dinlariga bo‘lib o‘rganiladi.
1. Insoniyat tarixida ilk diniy tasavvurlar ibtidoiy jamiyatda vujudga kelib, bu o‘sha davrda yashagan odamlarda ong-tafakkurning shakllanishi bilan bevosita bog‘liq edi. Insonda shakllangan dunyoqarashning ilk shakli mifologik dunyoqarash bo‘lib, ong-tafakkuri shakllanayotgan inson o‘zining tevarak atrofida sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarni tushunishga harakat qilar, lekin inson ongi ilmiy asosda voqea-hodisalarning mohiyatini tushuntirib bera olmas edi. Natijada inson o‘zining atrofidagi barcha narsalarni jonlantirib tasavvur qila boshladi. Natijada mifologiya ya’ni afsona-asotirlar vujudga keldi. Insonda ilk diniy e’tiqodning vujudga kelganini ko‘rsatuvchi belgilardan biri bu dafn marosimining paydo bo‘lishi bo‘lib, Surxondaryoning Teshiktosh g‘orida o‘rta paleolitning oxirlarida yashagan neandertal bola qabrining topilishi, uning ustiga arxar shoxlarining terib chiqilgani bu davr odamlarida yovuz ruhlardan qo‘rqish, animizmning, ulardan himoya qilish uchun arxar shoxlarining terilganligi totemizm va fetishizmning belgilaridir. Insondagi ilk diniy tasavvurlar axloqiy me’yorlarga ham asoslanib, ibtidoiy davrda ilk axloqiy me’yorlar “tabu”, - ta’qiqlar paydo bo‘lib, inson o‘zi uchun muqaddas hisoblangan hayvon, o‘simlik va turli narsalarga uni qo‘llay boshlagan. Dinning tarixiy shakllariga urug‘chilik tuzumi shakllanayotgan davrda paydo bo‘lgan totemizm, animizm, fetishizm, shamanizm, magiya (sehrgarlik) kabilar kiradi. Dinning tarixiy shakllari keyinchalik milliy davlat va jahon dinlari tarkibiga singib, o‘ziga xos bo‘lgan yondashuvlarni shakllantirgan. Shuning uchun urug‘-qabila dinlari, primitiv diniy tasavvurlar – totemistik, animistik, fetishistik tasavvurlarga asoslangan dinlardan iborat bo‘lsa, milliy davlat dinlari – ma’lum millatga xos bo‘lib, boshqa millat vakillarini o‘ziga qabul qilmaydigan dinlar bo‘lib hisoblanadi.
2. Milliy davlat dinlariga iudaizm (yahudiy millatiga xos), hinduizm, jaynizm, sikxizm (hindlarga xos), daosizm, konfutsiychilik (xitoy millatiga xos), sintoizm (yaponlarga xos) kabi dinlar kiradi. 3. Jahon dinlari – dunyoda eng ko‘p tarqalgan, kishilar o‘zining millati va irqidan qat’i nazar unga e’tiqod qilishlari mumkin bo‘lgan dinlar hisoblanib, jahon dinlariga buddaviylik, xristianlik va islom dinlari kiritiladi. Insoniyat tarixida din shakllari turli-tuman bo‘lgan. Ammo har qanday din muayyan tarixiy sharoit va ijtimoiy munosabatlarga muvofiq holda paydo bo‘lib rivojlangan, o‘zining ta’limoti va axloqiy me’yorlari tizimini ishlab chiqqan. Ibtidoiy jamiyatdagi dinning tarixiy shakllarida inson asosan tabiatni ilohiylashtirib unga sig‘ingan bo‘lsa, milliy va jahon dinlarida olamning uch bosqichdan iboratligi, jannat va do‘zax haqidagi tasavvurlar paydo bo‘ldi, ibodatxonalar, faqat dinga xizmat qiladigan rohiblar qatlami shakllantirildi. Diniy mafkura paydo bo‘lib, jamiyat hayotining barcha sohalari shu mafkura asosida boshqarila boshlandi. Qadimgi Turon va Eronda zardushtiylik dini keng tarqalib ezgu so‘z, ezgu fikr va ezgu amal g‘oyasi asosida jamiyatdagi axloqiy va ijtimoiy munosabatlar tartibga solingan bo‘lsa, Hindi-Xitoy mintaqasida Vedachilik, Buddaviylik, Jaynizm, Daosizm, Konfutsiylik kabi diniy ta’limotlar paydo bo‘ldi. Agar Buddizmda insonning axloqiy fazilatlari haqida so‘z yuritilib, inson to‘g‘ri qarash, to‘g‘ri jur’at, to‘g‘ri xatti-harakat, to‘g‘ri nutq va to‘g‘ri hayot tarziga chaqirilsa, Jaynizmda birovga zarar yetkazmaslik, muruvvat va rostgo‘ylik, halol yashash, so‘zda, fikrda va amalda o‘zini tiyish targ‘ib qilingan. Daosizm ta’limotida inson tabiat ko‘rsatgan yo‘ldan borishga, birovlarning ishiga aralashmaslikka da’vat etilsa, Konfutsiy tomonidan asosiy axloqiy qonun va qoidalar ishlab chiqiladi. Umuman milliy va jahon dinlarida politeizm, monoteizm, dunyoning uch bosqichdan iboratligi to‘g‘risidagi qarashlarning ishlab chiqilishi diniy ta’limotlardagi axloqiylik me’yorlarining takomillashishiga olib keldi. Insonning u dunyoda jannatga yoki do‘zaxga tushishi uning ezgu amallari, axloqliligi, boshqalarga ko‘rsatadigan yaxshiligi bilan belgilana boshladi. Inson diniy ta’limot doirasida halollik, poklik, adolat, insoniylikka da’vat qilinib, bu fazilatlar insonning u dunyodagi xayotini belgilashi e’tirof etildi va din doirasida axloq-odobning me’yorlari ishlab chiqildi.
Jahon dinlaridan Islom dinining paydo bo‘lishi, rivojlanishi va tarqalishi ko‘rib o‘tilganda, Islom dini insonparvar din sifatida o‘zining qadriyatlari, qonunlari va talablari, axloq-odob me’yorlari bilan ko‘pgina insonlarni o‘ziga jalb etib kelmoqda. Taqvodorlik diniy ta’limot doirasida yomonliklardan, gunoh ishlardan saqlanishni bildiradi. Yomon ishlardan saqlanib yaxshi ishlarni amalga oshirish insonning muqaddas burchidir. Odobli, axloqli, insoniy va ma’naviy kamolotga yetgan insonni tarbiyalash masalasiga Islom dinida katta e’tibor qaratilgandir. Islom dinida millatidan, elatidan, tanasining rangidan qat’iy nazar, inson insonligi uchun ulug‘lanadi. Islom barcha millatlarni birlashtirib, teng, do‘st, yoru birodar qilib, tinch-omon yashashlarini uqtirib kelgan. Islom tinchlik dinidir. Islom insonlar zimmasiga yer yuzida tinchlik ila yashash va yaratish vazifasini yuklaydi. Islom odamlar o‘rtasida adolatni saqlash zarurligini uqtiradi. Islom dinida e’tiqod erkinligi ochiq oydin e’lon qilingan bo‘lib, Qur’oni karimning Baqara surasi 256 oyatida “Dinda majburlashlik yo‘q”, degan so‘zlar bayon qilingan. Din tanlashda majburlash yo‘q, har kim o‘zi xohlagan dinga kirsin degan qoidada insonning aqli borligi, birov majbur qilmasdan har kim o‘zi xohlagan yo‘lni tanlab olishi bayon qilingan. Bugungi kunda islom dini xalqaro maydonda ham muhim ahamiyat kasb etib, bir qator islom tashkilotlari faoliyat olib bormoqda. 1. Islom olamida eng yirik va nufuzli, rasmiy, 57 ta davlat a’zo bo‘lgan xalqaro islom tashkiloti Islom hamkorlik tashkiloti (IHT)dir. IHT 1969 yilning 25 sentabrida Marokashning poytaxti Robotda o‘tkazilgan islom davlatlari birinchi yig‘ilishida ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy sohalarda islom hamkorligini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan. Bu tashkilotning asosiy maqsadi musulmon birdamligini mustahkamlashga ko‘maklashish, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ilmiy sohalarda hamkorlik qilish, barcha musulmonlarni o‘z qadriyatlari, mustaqilligi va milliy huquqlarini ta’minlash uchun qo‘llab-quvvatlash, muqaddas joylarni muxofaza qilish, adolatlik asosida xalqaro tinchlik va barqarorlikka ko‘maklashish, tashkilotga a’zo mamlakatlar va o‘zga mamlakatlar o‘rtasida hamkorlik va o‘zaro anglashuvni rag‘batlantirishdan iboratdir. 2. Xalqaro islom tashkilotlaridan biri Islom olami uyushmasidir. Islom olami uyushmasi – dunyoning turli mamlakatlarining yirik musulmon arboblarini birlashtirgan halqaro islom tashkilotidir. U 1962 yilda tashkil etilgan, qarorgohi Makkada bo‘lib, Riyoz, Jidda va Madina shaharlarida ham bo‘limlari mavjud. Tashkilotning maqsadi Islom ta’limotini butun dunyoga tarqatishdir. Tashkilot keng miqyosdagi xayriya, insonparvarlik faoliyatini olib boradi. Saudiya Arabistoni hukumati IOUdan islom dinining muqaddasligi va sofligini dunyoga tanitish hamda obro‘sini oshirishda foydalanishga harakat qiladi. 3. Diniy ta’lim sohasida faoliyat olib borayotgan ilm-fan muassasalaridan biri “al-Azhar” majmuasi bo‘lib, Misrning poytaxti Qohirada joylashgan “al-Azhar” majmuasi dunyodagi eng qadimiy ta’lim va ilm-fan muassasalaridan biri hisoblanadi. Bugungi kunda “al-Azhar” majmuasi islom qonunchiligi va arab tili bo‘yicha turli arab va islom mamlakatlari uchun mutaxassislar tayyorlab kelmoqda. “Al-Azhar” ko‘proq universitet sifatida butun jahonga tanilgan bo‘lsada, uning tarkibiga universitetdan tashqari, o‘rta va maxsus maktablar, ilmiy markazlar, masjidlar ham kiradi. Bugungi kunda “al-Azhar” majmuasi islom dini masalalari bo‘yicha dunyodagi yetakchi markaz hisoblanadi. Hozirda “al-Azhar” majmuasining faoliyati nafaqat arab dunyosi, balki butun musulmon olamida madaniy, ilmiy va ma’naviy uyg‘onish manbai bo‘lib xizmat qilmoqda.“Al-Azhar” majmuasi tinchlik va sahovat dini bo‘lgan islomni mustahkamlash, uning insoniylik g‘oyalarini targ‘ib qilishda faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. 4. Bugungi kunda faoliyat olib borayotgan diniy tashkilotlardan biri Xalqaro islom fiqhi akademiyasidir. Xalqaro islom fiqhi akademiyasi Islom hamkorlik tashkiloti qoshidagi muassasa bo‘lib, ushbu akademiya 1981 yilda Makka shahrida bo‘lib o‘tgan musulmon mamlakatlari rahbarlari oliy kengashida tuzilgan. Ushbu akademiyaning tashkil etilishidan maqsad zamonaviy hayot muammolarini o‘rganish, ular haqida faol va asl ijtihod qilib islomiy ilmiy merosga asoslangan va islomiy fikr taraqqiyotidan kelib chiqqan yechimlarni taqdim qilishdir. in, dinshunoslik, din falsafasi, teologiya, teosofiya, xudojo‘ylik tushunchalarining mohiyati