Ikkinchidan, bugungi global taraqqiyot migratsion jarayonlarni kuchayishiga ham olib kelmoqda. Natijada, dunyo davlatlari tobora ko‘pmillatli xarakter kasb etib bormoqda. Mazkur tendensiya, o‘z navbatida, jamiyatdagi ijtimoiy munosabatlar tizimi murakkablashuviga, milliy munosabatlarda yangidan yangi muammolarning yuzaga chiqishiga olib kelmoqda. Shuningdek, muayyan mamlakatlarda chet elliklarning haddan tashqari ko‘payib ketishiga qarshi titul millatlarda o‘z ustunligini saqlab qolish uchun favqulodda choralar qo‘llash da’vatlari, millatchilik kayfiyatlarini kuchayishi kuzatilmoqda. Ya’ni, global etnik munosabatlar tizimidagi uyg‘unlashuv «bir xil odatlar, umumiy prinsiplar bo‘yicha yashash, umumiy qadriyatlarga asoslanish, bir xil an’analarga va axloq normalariga bo‘ysunish, qoidalarni birxillashtirishga intilish» muayyan millatlarning milliy turmush tarzi, milliy ma’naviyatlarining yemirilishiga olib kelmoqda. Ushbu vaziyatda milliy o‘zlikni saqlash instinkti, ko‘p hollarda, milliy mahdudlikka, o‘zga qadriyatlar tizimini yoppasiga, ko‘r-ko‘rona inkor etilishiga yoki milliy nigilizm kuchayishiga ham sabab bo‘lmoqda.