1. Erkin saylovlar fuqarolik jamiyatining asosiy belgisi
Saylov xalq hokimiyatchiligining timsoli bo‘lib, eng avvalo o‘zida jamiyat a’zolarining, qolaversa saylovchi – fuqaro manfaatini ifoda etadi. Kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyati sari amalga oshirilayotgan islohotlarda saylovlarning o‘rni beqiyosdir. O‘zbekiston mustaqil taraqqiyot yo‘lining hozirgi bosqichida davlat hokimiyatining vakillik organlarini erkin, qonuniy va adolatli saylovlar asosida shakllantirilishi demokratik jarayonlar va yangilanishlarning ijtimoiy hayotda oliy qadriyat sifatida ifoda etilayotganligining yorqin namunasidir .
Erkin saylovlarni o‘tkazish jarayonida qonuniylik, tenglik kabi bir qator umumiy huquqiy tamoyillarga og‘ishmasdan amal qilinishi ularni muvaffaqiyatli amalga oshirishga va fuqarolik jamiyatini shakllantirishga xizmat qiladi. Birinchi Prezidentimiz I.A.Karimovning e’tiroficha, «demokratiya va saylov tushunchalari doimo yonma-yon yuradi, ular o‘zaro birlashib ketgan. Saylov – demokratiya degani. Demokratiya – bu saylov degani». Darhaqiqat, saylovsiz demokratiyani, demokratiyasiz saylovni tasavvur qilish qiyin. Demokratiya saylov asosida, erkin fikr mushtarakligida, siyosiy plyuralizm mavjudligida namoyon bo‘ladi.
Saylovlar kishilik jamiyatining bir necha asrlik tarixiy rivojlanish mahsuli bo‘lib, davlat va jamiyatning takomillashgan modellarini shakllantirish maqsadida paydo bo‘lgan institutdir. Hozirgi davrga kelib, dunyoning aksariyat mamalakatlarida davlat hokimiyati va o‘z-o‘zini boshqarish organlarini shakllantirish bilan bog‘liq bo‘lgan demokratik saylovlar siyosiy tizimining ajralmas tarkibiy qismiga aylanib bo‘ldi. Turli mamlakatlardagi huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatining rivojlanish darajasini ularda o‘tkaziladigan saylovlarga, saylovlardagi aholining ishtirokiga, saylovlarning saviyasiga ko‘ra belgilanadi . Bundan tashqari mamlakatdagi tinchlik, barqarorlik xukm surishi va shaxs, jamiyat, davlat xavfsizligining ta’minlanishidemokratik saylov tamoyillari-ning qay darajada ro‘yobga chiqi-shiga ham bevosita bog‘liqdir.
Erkin saylov huquqining amalga oshirilishi, erkin hamda chinakamiga ifoda etiladigan xalq irodasi hokimiyat va har qanday hukumat qonuniyligining asosi ekanligi va har bir shaxsning o‘z davlatini boshqarishda bevosita yoki o‘z vakillari orqali qatnashish huquqi ko‘pgina xalqaro hujjatlarda alohida ta’kidlangan. Fuqarolarning bevosita saylov jarayonida, o‘zlari erkin saylaydigan vakillari orqali mamlakatni boshqarishda qatnashish huquqining amalga oshirilishi uchun yaratilgan imkoniyatga qarab, u yoki bu davlat qay darajada demokratik tamoyillar asosida yashayotganligiga baho berish mumkin.
O‘zbekiston xalqi demokratik taraqqiyoti huquqiy davlat qurish orqali fuqarolik jamiyatini barpo qlishni ko‘zlaydi. Bu xususda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti shunday degan edi: “Biz uchun fuqarolik jamiyati – ijtimoiy makon. Bu makonda qonun ustuvor bo‘lib, u insonning o‘z-o‘zini kamol toptirishga monelik qilmaydi, aksincha yordam beradi. Shaxs manfaatlari, uning huquq va erkinliklarini to‘la darajada ro‘yobga chiqishiga ko‘maklashadi. Ayni vaqtda, boshqa odamlarning huquq va erkinliklari kamsitilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Ya’ni erkinlik va qonunga bo‘ysunish bir vaqtning o‘zida amal qiladi” . Buning uchun, eng avvalo, kishilarning siyosiy faolligini yuksak darajaga ko‘tarishga alohida e’tibor qaratish talab etiladi. Fuqarolarning siyosiy-ijtimoiy jihatdan yetukligi uning davlat hayotida faol ishtirok etishi bilan belgilanishi shubhasiz.
Demokratiyaning ushbu eng muhim tamoyilini hayotga tatbiq etish, fuqarolarning saylov huquqini, o‘z xohish-irodasini erkin ifodalash, o‘z qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarish va himoya qilish huquqini ta’minlash uchun haqiqiy shart-sharoit, huquqiy asos yaratib berilishi lozim. O‘zbekistonda bularning barchasi yaratilgan. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida”gi, “Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida saylovlarga doir umume’tirof etilgan demokratik xalqaro tamoyil va qoidalar mustahkamlab qo‘yilgan.
Umumxalq saylovlari orqali davlat hokimiyat vakillik organlarini shakllantirish demokratik huquqiy davlatning eng muhim belgisidir. Demokratik davlatlarda saylovlar muhim ahamiyatga ega ekanligi shundaki, ular mamlakat parlamenti qanday siyosiy kuchlardan tashkil topishini aniqlab beradi. Saylovlar mamlakat aholisining kayfiyati va kimni afzal bilishini namoyon etuvchi ko‘rsatkich sifatida ham katta ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezident Islom Karimov Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisidagi ma’ruzasida ta’kidlaganidek, «ilk bor ikki palatali parlamentga bo‘lib o‘tgan saylovlar O‘zbekistonning yangi tarixida alohida, g‘oyat muhim o‘rin egalladi» . Zero, demokratiyaning eng ta’sirchan mexanizmi ham saylovlardir. Demokratiya va saylov tushunchalari doimo yonma-yon yuradi, ular o‘zaro birlashib ketgan. Aslida ham, saylov – demokratiya degani, demokratiya – bu saylov, demakdir. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining birinchi yig‘ilishida davlatimiz rahbari uqtirganidek, deputat degan yuksak ishonchga sazovor har qaysi inson avvalo o‘zi uchun ovoz bergan odamlar haqida o‘ylashi ham demokratiyaning yana bir belgi-alomati hisoblanadi .
Prezidentimiz e’tirof etganidek, «Fuqarolarimiz saylovlarga mamlakatimiz hayotidagi eng muhim, jamiyatimizning barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatiga, demakki, har bir saylovchi taqdiriga ta’sir ko‘rsatadigan siyosiy voqea sifatida yondashdilar .
O‘zbekiston Respublikasida demokratik huquqiy davlatni barpo etish va fuqarolik jamiyati asoslarini shakllantirishga qaratilgan izchil islohotlar o‘tkazib kelinmoqda. Bu islohotlar davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarini qamrab olgan. Xususan, davlat qurilishi va boshqaruvi, xalq hokimiyatchiligini ta’minlash, davlat hokimiyati organlari faoliyatida demokratik prinsiplarni mustahkamlash sohasida muayyan yutuqlarni qo‘lga kiritdik. Biroq, hali oldimizda konstitutsiyaviy tuzumni yanada mustahkamlash, fuqarolar tinchligi va milliy totuvligini ta’minlash, demokratiya va ijtimoiy adolatni o‘rnatish kabi, shuningdek mafkuralar va fikrlarning xilma-xilligiga asoslangan siyosiy institutlarni yanada rivojlantirish orqali insonparvar demokratik huquqiy davlat barpo etishdek ulkan vazifalar turibdi.
Birinchi Prezidentimiz I. A. Karimov bu borada qilingan ishlarni sarhisob qilib, “mamlakatimizni 1991-2000 yillar davomida isloh qilish va yangilash borasida qo‘lga kiritilgan natijalar milliy davlatchilikni shakllantirish va respublikamizni barqaror rivojlantirishda mustahkam zamin bo‘ldi. Tarixan qisqa vaqt ichida sovet davridagi eski ma’muriy-buyruqbozlik tizimiga barham berilib, milliy davlatchilikni shakllantirishning puxta huquqiy asoslari yaratildi, davlat hokimiyatining qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati tarmoqlari tashkil etilgani, ijtimoiy va fuqarolik institutlari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, iqtisodiyotni erkin bozor munosabatlariga o‘tkazish jarayoni amalga oshirilgani”ni alohida ta’kidladi .
Zotan, o‘zining tashkil etilishi, tuzilishi jihatidan va faoliyatida xalqning irodasiga tayangan, barcha umume’tirof etilgan inson va fuqarolarning huquq va erkinliklariga ta’minlashga intilgan davlat deganda tom ma’nodagi demokratik davlat tushiniladi. Bunda, demokratik davlat fuqarolarning erkinligi va hurfikrliligiga asoslangan fuqarolik jamiyati demokratiyasining muhim ajralmas qismidir. Mazkur davlatning legitimliligi asosini esa xalq suvereniteti tashkil etadi. O‘z navbatida, xalq suverenitetining amalda namoyon bo‘lishining asosini saylovlar orqali tashkil etilgan davlat hokimiyati ifoda etadi.
Har qanday davlatning demokratik davlat, deb e’lon qilishning o‘zi kifoya emas, muhimi, uning tashkil etilishi va faoliyatini tegishli huquqiy institutlar, huquqiy kafolatlar bilan ta’minlashdan iboratdir. Bunday, konstitutsiyaviy-huquqiy institutlarning negizini saylov huquqi instituti tashkil etadi.
Ana shu nuqtai nazardan qaraganda, yuqorida ko‘rsatilgan maqsadlarga erishishda saylovlar bir vaqtning o‘zida ikkita yirik vazifani yechishga xizmat qiladi: Birinchidan, saylovlar demokratiyani amalga oshirishning bevosita shakli bo‘lib, fuqarolarni uyushgan holda o‘zlari yashab turgan davlat va jamiyatni boshqarish jarayonlariga safarbar etadi. Haqiqatdan ham “xalq hokimiyatining bevosita oliy ifodasini erkin saylovlar tashkil etadi”.
Bunda fuqarolar har qanday jarayonning ishtirokchisi bo‘lganidek, saylov jarayonida ishtirok etib o‘ziga siyosiy tajriba orttiradilar. Ular, avvalambor, o‘zlarining siyosiy ongini charxlab, siyosiy-huquqiy madaniyatini oshiradi va bu jarayonda ishtirok etishning tashkiliy-huquqiy jihatlarini takomillashtirib boradilar. Shuningdek, fuqarolar uyushqoqlik, hamjihatlik bilan, o‘z harakatlarini kelishuv asosida namoyon qilishlarida siyosiy tajriba va ko‘nikmalarini orttirib boradilar.
Demokratik davlatning muhim belgilaridan birini vakillik demokratiyasi tashkil etadi. Vakillik demokratiyasi fuqarolarning manfaatlarini birlashtirib, qonunlar va qarorlar qabul qilishga mutloq huquq berilgan saylanadigan muassasalar orqali xalq hokimiyatini amalga oshirishidir. Bundan kelib chiqadiki, tom ma’nodagi vakillik demokratiyasining amalga oshirilishi saylov jarayonining demokratik tamoyillarga amal qilishligi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqdir. Bundan xulosa qilish mumkinki, demokratiya va saylovlar bir-biri bilan uzviy bog‘liq tushunchalardir.
Bu borada O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti I.A.Karimov shunday ta’kidlaydi: “Demokratiya va saylov tushunchalari doimo yonma-yon yuradi, ular o‘zaro birlashib ketgan. Saylov – demokratiya degani. Demokratiya – bu saylov degani” . Mazkur g‘oyalarning mazmun-mohiyati negizida saylovlarning davlat hokimiyati organlarini shakllantirishga aloqadorlik darajasi yotadi. Davlat hokimiyati organlari ikkita uslubda shakllantiriladi: saylovlar yo‘li bilan va tayinlash yo‘li bilan. O‘zbekistonda ijro hokimiyati va sud organlarining oliy mansablariga tayinlashlar saylanadigan organlar tomonidan amalga oshirilib kelinmoqda.
Saylovlar, referendum kabi, xalq irodasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyon etilishining qonunlashtirilgan shaklidir. Saylovlar orqali fuqarolar davlat hokimiyati organlarining shakllanishida ishtirok etadilar va bu bilan davlat boshqaruvidagi o‘zining konstitutsiyaviy huquqini amalga oshiradilar.
Fuqarolik jamiyati bilan saylovlarning aloqadorligi asosan shu bilan belgilanadiki, fuqarolik jamiyati, fuqarolarning fikrlari va manfaatlarining xilma-xilligiga asoslangan holda, tashkil etiladi, davlat organlari fuqarolarning ishtiroki bilan adolatli saylovlar asosida tashkil etilmaydigan bo‘lsa, fuqarolarning ixtiyoriy ravishda qonunga itoat etishini ta’minlashga, o‘tkir ijtimoiy qarama-qarshiliklardan qochib-qutilishga imkoniyat bo‘lmaydi, Demokratik saylovlar – hokimiyat masalasining kuch bilan hal etilishini tamoman inkor etadi. Bu borada Birinchi Prezidentimiz I.A.Karimov, “Demokratiya sharoitlarida esa davlat ijtimoiy qarama-qarshiliklarni zo‘rlik va bostirish yo‘li bilan emas, balki ijtimoiy kelishuv, xalq ta’biri bilan aytganda, murosai-madora bilan bartaraf etish vositasiga aylanadi” deb ta’kidlaydilar.
Saylovlar bevosita jamiyatning siyosiy tizimini aks ettiradi va o‘z tomonidan unga ta’sir ko‘rsatadi. Ularning tashkil etilishi va ovoz berishning yakunlarini aniqlash tartibiga tegishli barcha jarayonlar siyosiy partiyalar bilan yaqindan bog‘liqdir. Respublikamiz Prezidenti ta’kidlaganidek: “Aynan saylov paytida partiyalar o‘zining asosiy va ustuvor fikr-qarashlarini, hayotni qanday yaxshilash, islohotlarni qanday amalga oshirish, O‘zbekiston deb atalmish mustaqil davlatning ertangi hayotini qanday barpo etish borasidagi g‘oyalarini ilgari suradi” . Saylovlar fuqarolarga hokimiyat uchun kurashayotgan siyosiy partiyalarning dasturlarini haqiqiy mazmun-mohiyatini anglashga imkoniyat beradi. Faqatgina saylovlar orqali xalqning ko‘pchiligining irodasi aniqlanadi, uning asosida esa demokratik hokimiyat yaratiladi.
Dostları ilə paylaş: |