10.4.Raqobat bozorida taklif egri chizigʻi Qisqa muddatli oraliqda bozor taklifi firma taklif chiziqlari yigʻindisi orqali topilardi. Uzoq muddatli oraliqdagi taklifni firma takliflarini qoʻshish orqali aniqlab boʻlmaydi. Nima uchun deganda, uzoq muddatli oraliqda bozor narxining oʻzgarishiga koʻra firmalar bozorga kiradi yoki undan chiqadi. Bu oʻz navbatida firmalar taklif chiziqlarini qoʻshib boʻlmasligini koʻrsatadi (qaysi firmalar bozorda qolayotganligini biz bilmaymiz).
Uzoq muddatli oraliqdagi taklifni aniqlashda ishlab chiqarish hajmining kengayishini faqat resurslardan foydalanishning kengayishi hisobidan boʻladi, deb faraz qilinadi. Ixtiro va texnologiyaning ishlab chiqarishga ta’siri oʻzgarmas deb qabul qilinadi.
Uzoq muddatli oraliqdagi umumiy taklifning shakli tarmoqda ishlab chiqarish hajmi oʻsishining yoki kamayishining foydalaniladigan ishlab chiqarish omillari narxiga ta’siri darajasiga bogʻliqdir. Shuning uchun ham uch turdagi tarmoq xoʻjaligi qaraladi: xarajatlari oʻzgarmas, oʻsuvchi va kamayuvchi tarmoqlar.
Xarajatlari oʻzgarmas boʻlgan tarmoq.Tarmoqda ishlab chiqarish hajmining oʻsishi foydalaniladigan resurslarning narxiga ta’sir qilmasa, biz yuqorida koʻrdikki, tarmoqning kengayishi va qisqarishi muvozanat narx ga ta’sir qilmaydi. Biror sabab bilan (masalan, iste’molchi didining oʻzgarishi) talab oshganda mahsulot narxi oshadi va tipik firma musbat iqtisodiy foyda ola boshlaydi. Bu foyda boshqa firmalarni ushbu tarmoqqa kirib kelishiga sabab boʻladi. Boshqa firmalarning kirib kelishi taklifni oshiradi, natijada oshgan narx oʻzining oldingi muvozanat holati ga qaytadi. Bundan kelib chiqadiki, xarajatlari oʻzgarmas boʻlgan tarmoqning uzoq muddatli oraliqdagi taklif chizigʻi narx uzoq muddatli oʻrtacha ishlab chiqarish xarajatlarini minimumiga teng boʻlganda gorizontal chiziqdan iborat boʻladi (12.19-rasm).
Narx muvozanat narx R0 dan yuqori boʻlsa iqtisodiy foyda musbat boʻladi va bozorga yangi firmalar kirib qisqa muddatli taklifni oshiradi va bu narxni oldingi muvozanat holatiga qataradi. Oʻzgarmas xarajatga ega tarmoqning uzoq muddatli oʻrtacha xarajatlar chizigʻi gorizontal boʻladi.