Ta’sis hujjatlari
Ta’sis hujjatlarini tayyorlash korxonani tashkil etish va keyingi faoliyat yuritish jarayonidagi muhim bosqichlaridan biri hisoblanadi. Ta’sis hujjatlari faoliyat yurituvchi korxonalarning huquq va majburiyatlarini hamda sharoitlarini ifodalaydi.
Korxonalar faoliyatini tartibga soluvchi qonun hujjatlarida ikki xil ta’sis hujjatlari belgilab berilgan:
korxona Nizomi; ta’sis shartnomasi.
Amaliyotda korxona faqat Nizom yoki faqat ta’sis shartnomasi asosida, shuningdek, bir vaqtning o’zida Nizom va ta’sis shartnomasiga asosan faoliyat yuritish hollari mavjud.
Shuni qayd qilib o’tish kerakki, korxonaning (huquqiy shaxsning) ta’sis shartnomasi kelishuv asosida tuziladi, Nizom esa muassis (muassislar) tomonidan tasdiqlanadi. Bitta ta’sischi tomonidan tuzilgan huquqiy shaxs shu ta’sischi tomonidan tasdiqlangan Nizom asosida faoliyat yuritadi.
Korxona Nizomi asosiy ta’sis hujjati bo’lib, unda korxonaning tashkiliy- huquqiy shakli, nomi va manzilgohi, Nizom jamg’armasining miqdori, daromadlarining tarkibi va taqsimlanish tartibi hamda korxona fondlarini tashkil qilish tartibi, korxonani tugatish va qayta tashkil qilish tartibi ko’rsatilishi shart. Boshqacha qilib aytganda, korxona Nizomi uning huquqiy maqomini, huquq va majburiyatilarini belgilab beradi.
Nizomda shuningdek, korxona faoliyat ko’rsatuvchi soha va tarmoq, atrof- muhit va odamlar sog’lig’ini muhofaza qilish kafolati, boshqaruv shakli, hisobga olish va hisobot tizimi ham aks ettirilishi lozim.
Korxona to’g’ri va to’liq tayyorlangan Nizom asosida mahalliy hokimiyat organlarida ro’yxatga olinadi, keyin esa o’z muhriga ega bo’lish va bankda hisob raqami ochish huquqini qo’lga kiritadi. O’z muhri va hisob raqamiga ega bo’lmagan korxona, huquqiy shaxs hisoblanmaydi va mustaqil korxonalar qatoriga kiritilmaydi.
Ta’sis shartnomasi korxonaning tashkil qilinishi va yakka tarzda yoki hamkorlikdagi faoliyatning boshlanishini tavsiflovchi hujjatdir. U shuningdek, tashkil etilayotgan korxonaning Nizomini to’ldiruvchi hujjat ham hisoblanadi. Ta’sis shartnomasida korxonani tashkil qilish tartibi, daromad va xarajatlarni qatnashchilar o’rtasida taqsimlash shartlari, korxona tashkilotchilari (muassislar) tarkibidan chiqish shartlari belgilab qo’yiladi.
Ta’sis shartnomasi asosida ko’pincha kichik korxonalar, xo’jalik o’rtoqliklari va shu kabi sub’ektlar faoliyat yuritadi. Masalan, o’rtoqlik yoki korxonaning ta’sis shartnomasida boshqaruv faqat barcha ishtirokchilarning roziligi bilangina emas, balki qaror ko’pchilik ovoz bilan qabul qilinishi mumkinligi ham belgilab qo’yilishi
mumkin. Biroq ta’sis shartnomasida ishtirokchilar ovozini aniqlashning boshqa tartibi ham ko’rsatib o’tilishi mumkin. To’liq o’rtoqchilik korxonalarining daromad va xarajatlari agar shartnomada boshqa tartib ko’rsatilmagan bo’lsa, ishtirokchilar o’rtasida ularning umumiy kapitaldagi ulushiga mos ravishda taqsimlanadi.
Korxona mulkini shakllantirish va undan foydalanish Nizom va Ta’sis shartnomasining muhim qismi hisoblanadi. “Korxonalar to’g’risida” gi qonunga asosan quyidagilar korxona mulkini shakllantirishning manbalari hisoblanadi:
muassislarning pul va moddiy ko’rinishdagi badallari;
mahsulot (ish, xizmat) sotishdan va boshqa turdagi faoliyatdan olingan daromadlar;
qimmatbaho qog’ozlardan olingan daromadlar;
banklar va boshqa kreditorlardan olingan kreditlar;
byudjetdan olinuvchi mablag’lar (dotatsiya), kapital qo’yilmalar;
korxona, tashkilot va fuqarolarning beg’araz va xayriya badallari, shuningdek, almashish, meros va sovg’a tariqasida olinuvchi mulk;
qonun bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Davlat korxonalarning mulkiy huquqlarini kafolatlaydi. Davlatning korxonalar mulkini (asosiy fondlar, aylanma mablag’lar va hokazo) tortib olishiga yo’l qo’yilmaydi, qonunchilikda ko’zda tutilgan hollar bundan mustasno.
Dostları ilə paylaş: |