“SOPOL SINIQLARI” DOSTONINING O‘ZBEK ADABIYOTIDA
TUTGAN O‘RNI
Salima JUMAYEVA,
Qarshi Davlat universiteti
Adabiyotshunoslik kafedrasi dotsenti,
filologiya fanlari nomzodi.
(O‘zbekiston)
Annotatsiya.
Maqolada shoir Ikrom Otamurodning “Sopol siniqlari”
dostonining o‘zbek adabiyotida tutgan o‘rni haqida so‘z yuritiladi.
Tayanch so‘z va iboralar:
she’riyat, shoir, lirika, davr nafasi, ijod,
ruhiyat, janr, doston.
Аннотация.
В статье речь идет о роли и месте поэмы Икрома
Отамурода “Обломки керамики” в узбекской литературе.
Ключевые словаи выражения:
поэзия, поэт, лирика, дух времени,
творчество, духовность, дух, жанр, поэма.
435
Annotation.
The article discusses the role of the poet Ikrom Otamurod's
epic “Ceramic fragments”in Uzbek literature.
Key words and expressions:
poetry, poet, lyric, spirit of the time,
creativity, psychology, genre, poem.
Ilmiy adabiyotlarda qayd etilishicha, “... san’at, shu jumladan, so‘z san’ati –
adabiyot ham kishilarning ongiga his orqali – yurak orqali ta’sir qiladi...
Yozuvchi o‘zi his qilmagan narsa tug‘risida yozsa, buni o‘qigan o‘quvchi ham
hech narsani his qilolmaydi. O‘quvchining qalbiga ta’sir qilmagan narsaning
adabiyotga hech tegishliligi yo‘q” [1;228]. Betakror badiiyatning bosh
manbalaridan biri sifatida ko‘zga tashlanuvchi tuyg‘ular teranligi shoir Ikrom
Otamurod ijodining o‘ziga xos xususiyatini belgilovchi omillardan hisoblanadi.
Uning “Sopol siniqlari” nomli dostoni falsafiy umumlashmalarga boyligi,
g‘oyaviy-badiiy yuksakligi bilan ajralib turadi.
Ta’kidlash joizki, doston voqealar emas, tuyg‘ular asosiga qurilgan.
Asarda shoir badiiy tasvir vositalardan mohirona foydalanish san’ati orqali
hayotdagi voqelikni falsafiy tasvirlashda o‘ziga xos individual izlanishni namoyon
etadi. Biz qahramonning falsafiy mushohadasida, xotiralarida, dardlarida
insoniyatning o‘rnini, yurtning boshiga tushgan kulfatlarini anglaymiz, eng
muhimi dunyo deb atalmish borliq voqea-hodisalaridan iztirobga tushgan kalb
tebranishlarini his qilamiz. Asarda shoir ramziy tasvirlarga keng o‘rin beradi va
o‘z navbatida bu tasvirlarga katta g‘oyaviy-badiiy vazifa yuklaydi. Voqelik Holat
va Rang deb nomlangan qismlar orqali tasvirlanadi. Holatlar, o‘z navbatida,
mumtoz adabiyotimiz sahifalaridan keng o‘rin olgan maqolat va hikoyat kabi
namunalarni yodga soladi.
Ma’lumki, maqolat nazariy yo‘nalishda bo‘lsa, hikoyatda o‘sha yo‘nalishlar
amaliyotda o‘z ifodasini topadi. Ikrom Otamurod o‘zining poetik imkoniyatlarini
ko‘proq dostonning Holat qismida hayot haqiqatini falsafiy-nazariy yo‘nalishda,
Rangda esa kechagi va bugungi hayot manzaralarini ruhiy chizgilar asosida ochib
berishda ko‘rsatadi. Holatda shoir quyidagicha yozadi:
...Odam bolasi
bir xil hayot tarzidan,
qachondirkim bo‘lmasin, zerikadi.
Zerikish –
boshqa shaklning istagi.
Ruhiyatda sodir bo‘lgan bu hodisa –
yangi xohishni,
qidiradi...
...Sog‘inib yashaydi
...notanish manzillarni...
436
Har qandayin portlash,
avvalambor,
Odam bolasining ruhiyatida kechadi...
Yuragida tomir
otadi...
So‘ng,
keng maydonga ko‘chadi.[2.140].
Alohida olingan so‘z obrazga aylanmasligi mumkin. Professor B.
Sarimsoqovning qayd etishicha, “So‘zning o‘zi badiiy kontekstda boshqa so‘zlar
bilan munosabatga kirishib, badiiy obrazga aylanadi”. [3.39]. Ikrom Otamurod
o‘zining armonli va ogohli so‘zini dostonda o‘ziga xos tarzda bayon etadi. Vatan
tuyg‘usi
bilan yo‘g‘rilgan misralarda samimiylik, beg‘uborlik, ajib bir mayinlik va
ichki xorg‘inlik ufurib turadi. U vatan obrazini turfa ranglarda va o‘ziga xos
shaklda ifodalaydi. Shoir Vataniga ulug‘ bir qadriyat sifatida qaraydi, shu boisdan
ham Vataniga mehrini quruq tavsiflaru ta’riflar yo‘li bilan izhor etmaydi. Balki
unga keng miqyosda yondashadi, uning tarixi, boshidan kechirgan turfa
kechmishlarini alam va iztirob bilan, teran falsafiy ruh va falsafiy mushohadalar
talqinida bayon qiladi:
Zarang zamin. Ko‘hna Erqo‘rg‘on
jivir-jivir yomg‘ir savalar.
O‘mganini tufroqqa berg‘on –
cho‘kka tushgan tepalar... [2.141].
Anglashiladiki, dostonda Vatanga nihoyasiz mehr-muhabbat, fidoyilik
tuyg‘ulari bilan birga uzoq va yaqin o‘tmishda mamlakat boshiga tushgan savdolar,
uning ob’ektiv va sub’ektiv omillari, fojia va xiyonatlarning asl sababchilariga
nisbatan cheksiz nafrat, alam, nadomat, afsus ohanglari qorishib ketadi.
Badiiy adabiyot inson faoliyatining boshqa sohalaridagi kabi tafakkurning
mahsuli hisoblanadi. San’at asari faqat badiiy so‘z san’atiga oid manbalarni o‘z
ichiga olibgina qolmay, balki g‘oyaviy-estetik mazmun, dunyoqarash, falsafiy tu-
shunishni ham qamrab oladi. Ayni jihatlarda ijodkor uchun bilim – bu hayotiy ma-
terial, hayotni chuqur va har tomonlama o‘rganish bo‘lib, usiz san’at asari yaratib
bo‘lmaydi. Hayotni, tarixni bilish ijodkorda uning hissiyotlari orqali o‘tadi. [5.183]
Ijod jarayonida shoir botnida tug‘ilgan fikr va tasavvurlar uning jismiga turtki
berib, hayajonga soladi, qonida o‘t yoqib, ko‘ksida tipirchilab uyg‘onadi. Dostonda
bunga yaqqol misol bo‘la oladigan misralar talaygina:
Mog‘orlaydi. Zang bosar. Muzlar,
unutilar ko‘p yo‘laklari.
Tepalar qa’ridagi izlar –
xotira bo‘laklari. [2.141].
Loyga botib siniqqan kamon –
437
yurt ori deb to‘kilgan darddir.
Qo‘lda lochin tutgan pahlavon –
qadrin quchib yiqilgan marddir. [2.142].
Shoir o‘ziga xos obrazli vositalardan, ixcham o‘xshatish va ramzlardan,
mumtoz adabiyotimiz va xalq rivoyatlaridagi an’analardan foydalanib, Ruhiyat
kengliklariga nazar tashlaydi. Rangda yozadi:
Naysonlar hidin sezib
qaldirg‘ochlar aylanar,
Ruhimning sabrlari
naysonlarga boylanar.
Naysonlar o‘rim zulfi
to‘lg‘onadi dosh-dosh,... [2.156].
Yoki Holat qismida shunday deydi:
Ruhimda bo‘zlaydi bir sag‘ir –
makonga sig‘magan ingroq [2.156].
Ayni satrlardagi ichki dramatizm, samimiylik, tuyg‘ular tiniqligi, mazmun va
shakl mutanosibligi, tasvirdagi tabiiylik asarning g‘oyaviy-badiiy xususiyatini
ochiqlaydi. Zero, bu kabi tasvirlar ma’naviyati boy, ruhi tetik, qalbi uyg‘oq,
yuksak vatanparvarlik tuyg‘usi bilan yashaydigan shaxslarda ro‘y beradi. Dunyo
taraqqiyoti shu kabi insonlarning sa’y-harakati tufaylidir. Dostondagi lirik
qahramon ana shunday inson. U hayotdan ham, o‘zidan ham qoniqmaydi. Uning
tabiati, asta-sekin kitobxonga ham ko‘chadi. Rangda yana shunday satrlarni
o‘qiymiz:
Qo‘lda lochin tutgan pahlavon –
Qadrin quchib yiqilgan marddir.
Ko‘milgan imondir,ko‘milgan taqdir
tepalar...
Ko‘milgan Vatandir,
Ko‘milgan eldir –
tepalar... [2.142].
Ayni misralarda teran falsafiy mushohadalar, salmoqli poetik fikrlar bilan
jo‘shqin his-tuyg‘ular uyg‘unlashib ketgan. Unda yurtimiz boshidan kechirgan
yaqin tariximizdagi fojiali manzaralar tasviri aks ettirilgan. Zero, bunday asarlarda
badiiy tasvir orqali millat turmush tarzi va mustamlakachilik siyosati yuzaga
keltirgan ma’naviy-axloqiy qarashlar o‘z ifodasini topadi.
Darhaqiqat, mavjud totalitar tuzum ma’naviy qadriyatlarimizga – dinimiz,
tilimiz, iymonimizga daxl qilib, vatanparvarlik tuyg‘usidan judo qilgan edi. Bu
manzaralar dostonda Xotira orqali chiziladi. [5.16]. O‘z navbatida, Xotira bir-
438
biriga bog‘liq ikki vazifani bajaradi. Zero, o‘tmishsiz kelajak yo‘q. O‘tmish
xotiralarda tiklanadi:
Chok-chokidan yamalgan xayol,
Olachalpoq Xotira, ayo!
Tushlarida qilich sasi – dol,
to‘lg‘anar o‘, o‘, Qashqadayro! [2.141].
Asar bir qarashda unchalik “muhim bo‘lmagan” oddiy muammoning “o‘ta
jiddiy muhokamasiga” bag‘ishlangan. Xayolot dunyosiga g‘arq bo‘lgan lirik
qahramon osoyishta va chekka joy – yolg‘izlikdan qo‘nim topadi. “Ikki tavaqasi
o‘ksik va siniq xotira eshigiga umid ila” boqarkan, o‘zini yolg‘iz olamda yolg‘iz
sezadi. Rang qismida quyidagi misralarni o‘qiymiz:
Yolg‘iz olamda yolg‘izman,
Ruhim ostonasida turar
yolg‘izlik.
Ko‘rishar –
Umid ila Xotira eshigin
ikki tavaqasi.
O‘ksik va siniq ikki tavaqasi. [2.143]
deya lirik qahramon chuqur o‘yga toladi. Zero, Xotira qadr topgan
jamiyatdagina inson o‘zini, o‘zligini anglashi mumkin. Shuningdek, xotirlash
ongning fikrlash jarayonini ham belgilaydi. Chunki, fikrlovchi odamning o‘z olami
– o‘z dunyosi bo‘ladi, o‘zligini topadi. Ammo kishining Umidlari amalga
oshmasa, ko‘ngli o‘ksiydi. O‘ksigan ko‘ngil Xotiraga beriladi. Lekin u ham
xursand qilmaydi. Chunki qadriyatlar vayron qilingan:
Daraxtning tomiriga qurt doridi,
o‘zidan paydo bo‘lgan qurt... zirqiroq...
Zanam tanasi... shoxlari horidi...
barglari quroq...
Qancha bo‘hronlarga chidagan bardosh.
o‘, ming yillik daraxt,
azamat daraxt...
...quruq suvara...
elga berolmayin dosh –
yuragimga yiqildi karaxt.[2.145-146].
Ayni holatda daraxt bizga ma’lum bo‘lgan tabiatning mahsuli emas. U –
timsol. Vatan timsoli. Qurtlar ham tabiiy qurt emas. U – qalbida insoniylik g‘ururi,
Vatan, millat tuyg‘usi yo‘q, hamiyatsiz, xoin shaxslar. Shular tufayli asrlar
davomida qancha tashqi bo‘hronlarga, qum to‘zonlari-yu taloto‘p jang-jadallarga
439
bardosh bergan Vatan – ichki dushman – “qurt”larga dosh berolmay quladi. Bu hol
shoirga azob beradi:
U bitta ko‘za oldi.
Kasbining tufrog‘idan yasalgan ko‘za.
Labi uchgan.
Dastasi singan.
Hayron bo‘ldi kulol.
Butunlari turibdi, axir,
Yana har xillari...
Nega tanladi siniq ko‘zani?!
Dong qotdi. [2.150].
Kulolni dong qotirgan holatdan kitobxon ham hayratda qoladi va bu hayronlik
sababini anglashga intiladi. Asardagi siniq ko‘za – siniq qalbning ramzi.
Chunonchi, insonning qalbi katta yo‘qotishdan sinadi. Lirik qahramon ham shu
holga tushgan:
Siniq ko‘zani bag‘riga bosdi avaylab.
siniq ko‘nglu kushoyish topganday bo‘ldi.
Siniq ko‘za...
Siniq kangul...
Do‘ppaygan qabr...
Nimjon nihol...
Kangulning armoniga to‘ldirib,
ko‘zining chashmiga to‘ldirib,
qayg‘usini qayg‘usiga to‘ldirib,
to‘ldirib,
to‘ldirib,
to‘ldirib,
ko‘mdi... siniq ko‘zani...
...tufrog‘ini tufrog‘iga qo‘shdi... [2.151-152].
Bu o‘rinda lirik qahramon siniq ko‘zani ko‘mgani yo‘q, balki, siniq qalbini
ko‘mdi. Shu tarzda o‘z mahbubi bilan abadiy bo‘lish ishorasini bildirdi. Nimjon
nihol esa o‘zi. Keyingi misralarda lirik qahramon yanada yorqinroq bo‘y ko‘rsatadi.
Satlarda so‘zlarning ma’no-mohiyatiga, ifodalanayotgan fikrga mos tanlanishi
misradan misraga, banddan-bandga ulanib, o‘ziga xos butunlikni hosil qiladi:
...tufrog‘ini tufrog‘iga qo‘shdi...
Asarda falsafiy mazmun ancha chuqur. Dostonning lirik qahramoni davrning
butun jarohatlarini elkasida ko‘targan inson. Uning o‘y-fikri, kechinmalarida,
xotiralarida tiriklik falsafasi va o‘zlikni anglash haqiqatini his qila boramiz. Holatda
shoir yozadi:
440
Haq – o‘zingni anglash,
o‘zingni sezish,
qachondir yuzma-yuz keluvchi darig‘,
Qachondir kanglungga qayrilish,
qachondir qaytish yolg‘izlik sari. [2.154].
Xulosa qilib aytganda, Ikrom Otamurodning “Sopol siniqlari” dostoni o‘zbek
adabiyotida alohida o‘rin tutadi. Dostonda shoir armonli va ogohli so‘zini o‘ziga
xos tarzda bayon etadi. Xalqimiz tarixi va hayot haqiqatini sinchkovlik bilan
kuzatish, tahlil etish natijasida yaratilgan mazkur asar teran mazmunli badiiy
umumlashmalarga, chuqur falsafiy xulosalarga boy. Doston uzoq va yaqin o‘tmish
tariximizni tasvirlash orqali zamondoshlarimiz ongida vatanparvarlik va yurtga
bo‘lgan fidoyilikni, inson qalbi kechinmalarini falsafiy ohangda tasvirlashi bilan
ahamiyatlidir.
Dostları ilə paylaş: |