filologiya fanlari doktori (O’zbekiston) Sharq mumtoz she’riyati Oybek poetik mahoratining shakllanishida,
uslubidagi o‘ziga xos xususiyatlarning namoyon bo‘lishida muhim ijodiy ta’sir
manbai bo‘lib xizmat qildi. Oybek “Tarjimai hol”ida “Maktabdagi yillarimda
Sharq klassikasi bilan tanishdim. Hirotlik buyuk Navoiy va ajoyib lirik,
ozarbayjon adabiyotining buyuk siymolaridan bo‘lgan Fuzuliyga benihoya
ko‘ngil qo‘ydim. Menga she’riyatda ilk saboqni shular berdilar” [1, 283], deya
e’tirof etadi. Buyuk iste’dod sohiblari ijod sarchashmalaridan muttasil
bahramand bo‘lishlik betakror she’riy ifodalarda, tasviriy vositalarda falsafiy
ma’nodorlikka erishish sirlarida, fikriy teranlikni ta’minlashda zohir bo‘ladi.
She’r ohangdorligini, tasvir jozibadorligini, obrazli ifoda shiradorligini
yuzaga keltirish, fikrni har jihatdan dalillash orqali yorqin manzara va
qiyofalar yaratish borasidagi Oybek mahoratida Fuzuliy zakosining ham ta’siri
bor. Uning o‘tli satrlari, nozik tuyg‘ularga boy haroratli she’riyati Oybek
shuuriga bolaligidan singgan, beg‘ubor kechinmalari bag‘riga muhrlanib
qolgan edi. Bu hakda u quyidagilarni yozadi: “Karomat opam - o‘n ikki, o‘n
uch yoshlarda, qaddi kelishgan, istarasi issiq juda ko‘rkli qiz. G‘azallarni
yoqimli ovoziga chiroyli ohang berib, ravon o‘qiydi. Erinibgina o‘rnidan
turadi-da, tokchadan Mashrabni, Fuzuliyni oladi, joylashib o‘tiradi va
ko‘zlarini so‘zib, zavq-maroq bilan berilib o‘qiy boshlaydi...” [2, 69]; “...Men
ayvonning chetida chiviq yo‘nganimcha opamning o‘qishiga jim quloq solib
o‘tiraman. Sevaman Fuzuliyni” [3,70]. Oybekning ana shy tarzda shuurida
uyg‘ongan Fuzuliyga cheksiz muhabbati keyinchalik ijodiy ta’sirlanishning
hosilasi bo‘lgan go‘zal satrlarni yaratilishiga asos bo‘ldi.
Ushbu ijodiy ta’sirlanish Oybekning portret chizgilari va obrazlari
talqinida ham o‘z samaralarini ko‘rsatdi. So‘zlarni satrlarga quyma tarzda
joylay bilish, ifoda ravonligi, musiqiyligi, tilining shiradorligi kabi
xususiyatlar Fuzuliy she’riyatiga xos jihatlardandir. Obrazli ifoda va tasvir
ta’sirchanligida, turli she’riy san’atlardan mohirlik bilan foydalanishida ham
ko‘rinadi. Muhammad Fuzuliy