Tili, adabiyoti va folklori instituti, alisher navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi, urganch davlat universiteti



Yüklə 7,91 Mb.
Pdf görüntüsü
səhifə197/431
tarix15.09.2023
ölçüsü7,91 Mb.
#143696
1   ...   193   194   195   196   197   198   199   200   ...   431
Anjuman Boku (6)

 
 
SHE’RIYAT, MA’RIFAT VA KAMOLOT TALQINI 
Maqsud ASADOV, 
 filologiya fanlari doktori,
O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti 
va folklori instituti O‘zbek mumtoz 
adabiyoti tarixi bo‘limi boshlig‘i 
 
Annotatsiya: 
Mazkur maqolada ilohiy ishqni baland pardalarda kuylagan 
etuk shoir Yunus Emro she’riyatidagi ma’naviy kamolot timsollari, ularning 
g‘oyaviy-badiiy xususiyatlari va she’riy matn mazmun-mohiyatini ochishdagi 
o‘ziga xos o‘rni xususida bahs yuritilgan. 
Kalit so‘zlar:
Yunus Emro, she’riyat, timsol, komil inson, tasavvuf 


431 
Аннотация: 
В данной статье рассматриваются символы духовной 
зрелости в поэзии зрелого поэта Юнуса Эмро, воспевавшего в высоких 
занавесах божественную любовь, их идейно-художественные особенности и 
их уникальная роль в раскрытии содержания и сути поэтического текста. 
Ключевые слова: 
Юнус Эмро, поэзия, символ, совершенный человек, 
мистика. 
Abstract: 
This article discusses the symbols of spiritual maturity in the 
poetry of the mature poet Yunus Emro, who sang divine love in high curtains, their 
ideological-artistic features and their unique role in revealing the essence of the 
poetic text. 
Key words:
Yunus Emro, poetry, symbol, perfect man, mysticism 
Ma’lumki, tasavvuf, eng avvalo, ruhiy yuksaklik maqomi, komillik yo‘lidir. 
Bu yo‘lning barcha bosqichlarini bosib o‘tgan, ham diniy, ham dunyoviy bilimlarni 
mukammal egallagan, teran tafakkur, go‘zal qalb sohiblarigina irfoniy adabiyotda 
chinakam komil inson deb yuritilgan. Komil inson nazariyasining asoschilaridan 
biri Aziziddin Nasafiyga ko‘ra, quyidagi to‘rt tushuncha, ya’ni go‘zal so‘z, go‘zal 
amal, go‘zal axloq va ma’rifatga ega bo‘lgan har bir kishini kamolot sohibi deyish 
mumkin. Komillik insonning ma’naviy olami va atrofdagilar bilan o‘zaro 
munosabatlarida yorqin namoyon bo‘ladi. Shu ma’noda, o‘z ummati uchun ibrat va 
o‘rnak bo‘lgan chin komil inson Muhammad Mustafo (s.a.v)dir. Irfoniy adabiyotda 
kamolot darajasi Payg‘ambarimizga nisbatan belgilanadi. Yunus Emroning bir 
she’rida keltirilishicha, ishq yo‘lidagi solik barcha qusurlaridan poklanib, qalbu 
shuurida go‘zal ma’naviy hollar bo‘y ko‘rsatsa, ya’ni payg‘ambarimiz axloqi bilan 
axloqlansagina Haq diydoriga muyassar bo‘ladi:
Ul Muhammad xulqi kimda bo‘lmasa, 
Bilki, Haq diydorini hech ko‘rmagay. 
Ey Yunus, boq: voy ularning holiga, 
Kimniki evoh Olloh uyg‘otmagay. (5, 59) 
Nafs va nafsoniyat irfoniy adabiyotda alohida bir masaladirki, uni chetlab 
o‘tib, insoniy kamolot xususida bahs yuritib bo‘lmaydi. Ma’rifat quyoshining 
nurlaridan bahramand bo‘lishni istagan qalbda nafs ehtiyoji g‘alayon qilmasligi 
kerak. Chunki nafs o‘zni tanish, o‘zlikni anglash, Haq diydoriga vosil bo‘lish 
yo‘lidagi eng katta to‘siqdir. Nafsi bilan kurashda g‘olib bo‘lgan inson ruhoniy 
fazilatlarga, aksincha nafsining quliga aylangan kimsa hayvoniy sifatlarga ega 
bo‘lishi ma’rifiy adabiyotda u yoki bu timsollar vositasida ta’sirchan ifodalanadi. 
Shayton, dev, ajdaho, dajjol, raqib, ag‘yor, dushman, it, yuho, kofir kabi sifatlar 
ham ana shu – nafsning jirkanch va qing‘ir qiyofasini tasvirlash uchun qo‘llanadi. 
Yunus Emroga ko‘ra, ularni mag‘lub etish, nafsni zabun aylash ma’naviy kamolot 


432 
bilan bo‘ladi. Unga erishishning yo‘llari juda ko‘p. Shoir shulardan birini – 
darveshlik, deydi. Mumtoz adabiyotda darvesh Ollohdan boshqa bir kimsaga 
ehtiyoji bo‘lmagan, ko‘nglini bu dunyoning turfa istaklaridan to‘la poklagan, ruhiy 
olami yaxshilik va ezgulikka limmo-lim to‘lgan, jo‘mard va muruvvatli siymodir. 
Professor N.Komilovning yozishicha, “darveshlar hirqa kiyib yursalar-da, o‘zlari 
ilmli, zavqi baland, hozirjavob, mard kishilardir. Ya’ni darvesh kabi tanti, tabiati 
toza, oliyjanob inson boshqa topilmaydi” (2, 162). Shu sababdan bo‘lsa kerak, 
turkman xalqining ulug‘ shoiri Maxtumquli bir she’rida: “Darvesh ko‘rsang, borib 
olqish olaqol, Undan yaxshi banda yo‘qdir Xudoyga” deydi (3, 153). 
Maxtumqulining bu fikrlari Yunus Emro qarashlarining tadriji, desak sira xato 
bo‘lmaydi. Yunus Emro darveshlik holi, maqomi, darajasini ulug‘lar ekan, 
she’rlarida keskin ruh, o‘tkir nigoh, qat’iy hukm ifodasi yaqqol seziladi. Masalan: 
Darveshlarning yo‘liga
Sidq bilan kelgan kelsin. 
Haqdan o‘zga har neni 
Ko‘nglidan surgan kelsin. (5, 126) 
“Darveshlik degani o‘z-o‘zini ko‘z-ko‘z qilish uchun hirqa kiyish emas” 
deydi shoir. Yunus Emro she’rlarida darveshlik fazilatlarini yoritgan bir qator, 
jumladan, quyidagi ifodalar qo‘llangan: “har nafasda ko‘kka boquvchi”, “ko‘ngil 
jomiga halollik sharobini quygan”, “tuganmas xazina”, “ko‘zi ochiq”, “kecha-
kunduz uyg‘oq”, “qulog‘i sog‘lom, ya’ni Haqdan eshitar dars”, “ishq shamini 
yoqqan”, “parvona”. Yunus Emro she’rlarida darveshlar ana shu go‘zal sifatlari 
tufayli Ollohning do‘stlari deya ulug‘langan: 
Darveshlar Haqning do‘sti, 
Jonlari Haqning masti. 
Shu tariqa, dunyo va nafs istaklaridan o‘zini poklagan solik fano maqomiga 
yuksaladi. Fano Haq yo‘liga kirgan talab sohibining moddiy ehtiyojlardan butkul 
uzilib, ma’naviy holga, ruhoniyatga evrilishidir. Yunus Emro she’rlarida fano, 
faqir, darvesh timsollari bir-biriga bog‘liq bo‘lib, biri ikkinchisini to‘ldirib keladi. 
Tasavvufda faqrlik maqomi – fano maqomi bilan teppa-tengdir. Ya’ni faqirlik 
Haqqa muhtojlik demakdir. Bu Yunus Emroning lirik qahramoni – qalbi ma’rifat 
yog‘dusi ila nurlangan etuk ustoz, ma’naviy rahnamo tilidan shunday bayon 
qilinadi: “o‘n sakkiz ming olamdan murod sensan”, “bu yolg‘on dunyodan, 
uningo‘tkinchi istaklaridan voz kech”, O‘zingni, o‘zligingni izla, ma’naviy 
olamingga boq, qalbingni tingla. Fano olamiga kir. Shunda qalbing ishqdan, visol 
lazzatidan farog‘at topadi”. Ya’ni: 
O‘n sakiz ming olam murodi sensen, 
Bu g‘aflat bas, sanga sandandir endi. 
Kel endi o‘zingni o‘zingdin izla, 


433 
O‘zingga boq, bil, asli kimsan endi?... 
Fano bo‘lkim, visol zavqin totarsan, 
Bu so‘zim tush bo‘lsa, qil ta’bir endi... (5, 183) 
Shoir she’rlarida may, sharob, qadah, jom, mayxona, majlis, ahli bazm, ahli 
ishq, rind, soqiy kabilar ham insoniy kamolot martabalarini yuzaga chiqargan, Haq 
yo‘liga kirgan solikning tariqatdagi manzillari, turli hol va kayfiyatini jonli tarzda 
ifoda etgan badiiy timsollardir. Irfoniy adabiyotda may ma’naviy kamolotning 
yuksak bosqichi bo‘lsa, qadah pirning saboqlari, undan olingan irfoniy huzur, 
oshiqning ma’rifatdan yorishgan qalbi va ilohiy fayzni tamsil etadi. Sajjodiyning 
yozishicha, “orif kishilar ilohiy sharobni qadahdan ichib, tavhiddan sarxush 
bo‘ladilar” (4, 280). Qadah g‘ayb olamidan xabardor chin oshiqning zehniki, u 
Haq ma’rifatini anglatadi, g‘ayb sirlarini oshkor qiladi (1, 2121). Bu haqda Yunus 
Emro mana nima deydi: 
Ul do‘st menga kelsin demish, 
Sundum qadah, olsin demish. 
Oldim qadah, ichdim sharob, 
Endi ko‘nglim o‘lmas mening. 
Shoir she’rlarida komil inson timsollaridan eng ko‘p qo‘llangani bu soqiydir. 
Mumtoz adabiyotda soqiy, ya’ni may quyib tutuvchi kishi, qalbi ishq va 
go‘zalliklarga to‘la, ilohiy haqiqatlarni teran anglagan, olam hodisalariga ko‘ngil 
ko‘zi ila boqqan, ma’rifat sohibidir. Tasavvufda soqiy deganda Olloh, Muhammad 
alayhissalom, murshid va komil inson ham anglashiladi. Yunus Emro she’rlarida 
soqiy yuqoridagi barcha mazmunlarni ifoda etgan: 
Bir soqiydan sharob ichdik, Arshdan yuksak mayxonasi, 
Ul soqiyning mastlarimiz, jonlar uning paymonasi. 
Bir majliski, majlisimiz, unda jigar kabob o‘lur, 
Bir shamdirki unda yonar, oy va quyosh parvonasi. (5, 106) 
Mayxona zavq va ilohiy ma’rifat to‘la komil insonning ruhiy olamini 
anglatsa, majlis Haq oshiqlarining ma’rifiy suhbatlarini, shuningdek ilohiy olamni 
ham tamsil etadi (4, 92).
Umuman, Yunus Emro she’rlarida insoniy kamolot martabalarini ifoda etgan 
timsol va tushunchalar nihoyat darajada ko‘p va xilma-xildir. Biz ularning 
ayrimlarigagina e’tibor qaratdik, xolos. Tekshirishlarimizdan ma’lum bo‘ldiki, 
shoir ijodida komil inson bilan bog‘liq badiiy ifodalar muayyan bir tizim bo‘lib 
keladi. Ular vositasida Sharq mumtoz adabiyotida ma’naviy-axloqiy olami poklik 
buloqlaridan suv ichgan, qalbi ilohiy ma’rifat taftidan nurlangan, borlig‘i himmat 
va fidoyilik, haqiqat va rostgo‘ylik, sabot va matonat kabi etuk fazilatlarga sohib 
bo‘lgan ulug‘vor siymo – haqiqiy komil insonning jonli qiyofasini ko‘z oldimizda 
gavdalantiramiz. Yunus Emro ijodida ma’naviy kamolot yo‘liga kirgan, bu 


434 
yo‘ldagi zahmatu mashaqqatlarga sira yon bermagan, ruhiyat maqomlarini bir-bir 
bosib o‘tgan kishilar solik, murid, so‘fiy, pir, murshid, piri mug‘on, soqiy, faqir, 
oshiq, orif, ishq ahli, himmat ahli, ma’rifat ahli, sohibkamol kabi qator timsollar 
bilan yuritilgan. Aslida, Yunus Emro she’rlaridagi irfoniy tushuncha va timsollarni 
bir erga to‘plab, “Komil inson timsollari lug‘ati”ni yaratish ham mumkin. 
Foydalanilgan adabiyotlar
1. Доктор Ҳасан Анварий. Фарҳанги бузруки сухан.Иборат аз 7 жилд. Жилди 
3. – Теҳрон, 1381 ҳ. – 13548 б.
2. Комилов Н. Тасаввуф. – Тошкент: Мавороуннаҳр – Ўзбекистон, 2009. – 
324 б. 
3. Махтумқули. – Тошкент: Фан, 2007. – Б. 298 б..
4. Сажжодий Жаъфар Саййид. Фарҳанги мусталиҳоти урафои мутасаввифа ва 
шуаро. – Теҳрон, 1332 ҳ. – 10624 б. 
5. Юнус Эмро. Шеърлар. – Тошкент: Фан, 2001. – 342 б..
6. Исабек Б. Яссавий ҳикматлари луғати. – Тошкент: Академнашр, 2022. – 
230 б. 
7. Жабборов Н. Маоний аҳлининг соҳибқирони. – Тошкент: Адабиёт, 2021. – 
258 б. 
8. Ҳаққул И. Навоийга қайтиш. 4-китоб. – Тошкннт: Тафаккур, 2020. – 192 б. 
9. Ҳожиаҳмедов А. Шеърий санъатлар ва мумтоз қофия. – Тошкент: Шарқ, 
1998. – 160 б. 

Yüklə 7,91 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   193   194   195   196   197   198   199   200   ...   431




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin